XotirAI logotipiXotirAI
📜 9-sinf · Jahon tarixi · 30-mavzu

G‘arb mamlakatlarining Eron va Afg‘onistonni egallash uchun urinishlari

1800–1870-YILLARDA OSIYO VA AFRIKA MAMLAKATLARI

30-MAVZU. G‘ARB MAMLAKATLARINING ERON VA AFG‘ONISTONNI EGALLASH UCHUN URINISHLARI

Siz bilib olasiz: – Eronda ingliz–fransuz raqobatini; – rus–eron urushlarini; – Bobiylar qo‘zg‘oloni. Amir Nizom islohotlarini; – Afg‘onistonda Zamonshohning taxtdan ag‘darilishi va hokimiyat uchun kurashlarning boshlanishini;

Yodda tuting: 1935-yilga qadar Eron Yevropada “Fors davlati” deb atalgan.

Yodda tuting: Birinchi rus-eron urushi Britaniya va Rossiyta imperiyalari o‘rtasida tarixda “Katta o‘yin” deb nom olgann Osiyo va Kavkazorti uchun raqobatni boshlab bergan.

Eronda ingliz–fransuz raqobati. XIX asrning dastlabki yillaridan Eron Angliya va Fransiyaning siyosiy hamda iqtisodiy manfaatlari obyektiga aylandi. 1801-yili Angliya va Eron o‘rtasida siyosiy va savdo shartnomasi imzolanib, unga binoan, ayrim Angliya tovarlari boj solig‘idan ozod qilindi, uning fuqarolari esa Eron portlarida erkin joylashish huquqini oldilar. Imzolangan shartnoma faqat Fransiyaga emas, Rossiyaga ham qarshi qaratilgan edi. Eronning fikricha, uning Kavkaz ortini qo‘shib olish yo‘lidagi urinishiga faqat Rossiya to‘siq bo‘layotgan edi. Ayniqsa, 1801-yili Sharqiy Gruziya Rossiyaga qo‘shib olinganidan so‘ng, bu fikr tarafdorlari soni yanada ko‘paydi.

30-MAVZU. G‘ARB MAMLAKATLARINING ERON VA AFG‘ONISTONNI EGALLASH UCHUN URINISHLARI

1807-yili Fransiya bilan Rossiya o‘rtasida Tilzit sulhi imzolangandan so‘ng Eron bilan Angliya yanada yaqinlashdi. 1809-yil fransuz vakolatxonasi Erondan chiqarib yuborildi. Shu yilning mart oyida Buyuk Britaniya vakili bilan shoh hukumati o‘rtasida “Dastlabki kelishuv” deb atalgan shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, Eron Angliyaga dushman bo‘lgan boshqa davlatlar, jumladan, Fransiya bilan munosabatni uzdi, mamlakatga ingliz harbiy instruktorlarini kiritdi va Fors qo‘ltig‘ida ingliz harbiy kemalarining turishiga ruxsat berdi. Britaniya tomoni har yili Eronga 160 ming tuman yordam puli berish majburiyatini oldi.

30-MAVZU. G‘ARB MAMLAKATLARINING ERON VA AFG‘ONISTONNI EGALLASH UCHUN URINISHLARI

Rus–eron urushlari. Eron shohi Fotih Ali rus podshosi Aleksandr I dan o‘z qo‘shinlarini Gruziya va Kavkazortining boshqa hududlaridan olib chiqib ketish talabini qo‘yganda, Birinchi rus–eron urushi (1804–1813) boshlandi. Eron tomonining bir qator mag‘lubiyatlaridan keyin 1813-yil oktyabrda Guliston shartnomasi imzolanib, unga ko‘ra, Eron Gruziya, Dog‘iston va Ozarbayjonning katta qismiga bo‘lgan

Rus–eron urushi

Yodda tuting: 1795–1925-yillarda

Eronda kelib chiqishi turkiy bo‘lgan qojarlar sulolasi hukmronlik qilgan.

da’vosidan voz kechdi. Kaspiy dengizida harbiy flotga ega bo‘lish faqat Rossiyaning huquqi qilib belgilandi, rus va eron savdogarlari bir-birlarining hududida erkin savdo qilish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Guliston shartnomasi Angliyaning Kaspiy dengizining janubiy qismida o‘z nazoratini o‘rnatishga bo‘lgan intilishini yo‘qqa chiqardi. Biroq 1814-yili noyabrda yangi ingliz–eron shartnomasi imzolandi. Unga binoan, shoh Buyuk Britaniyaga dushman bo‘lgan barcha Yevropa davlatlari bilan imzolangan kelishuv va shartnomalarni bekor qilishni va yana bir qancha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Bu shartnoma shohning tashqi siyosatini Angliyaga qaram qilib qo‘ydi va uni Rossiya bilan yangi urushga chorladi. Shoh saroyida o‘ch olish kayfiyati kuchaydi.

Rus–eron urushi

Shu tariqa 1826-yil iyulda ikkinchi rus–eron urushi boshlandi. Urushning dastlabki davrida bir qator hududlarni boy bergan ruslar, keyingi janglarda eronliklar armiyasini tor-mor qildi, Araks daryosidan o‘tib, Tabriz va boshqa bir qator Eron shaharlarini egalladi. 1828-yili Tabriz–Tehron yo‘lida joylashgan Turkmanchoy qishlog‘ida tinchlik shartnomasi imzolandi.

Bu shartnomaga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi chegara, asosan, Araks daryosi bo‘ylab belgilandi. Faqat Gruziya va Shimoliy Ozarbayjon emas, Sharqiy Armaniston – Yerevan va Naxichevan xonliklari, Ordubad okrugi ham Rossiyaga o‘tib ketdi. Rossiya savdogarlari Eronda imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Rus–eron urushi

Rus–eron urushlari, birinchi navbatda, chor hukumatining bosqinchilik maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan edi. Urush, shu bilan birga, Kavkaz xalqlari uchun ma’lum yengilliklar, birinchi navbatda, tinchlik ham olib keldi.

Hirot muammosi va chet el kapitalining Eronga kirib kelishi. Rus–eron urushlari davrida Xuroson hududida mahalliy xonlarning doimiy qo‘zg‘olonlari bo‘lib, Hirotdan yordam olib turadilar. Taxtga Muhammad shoh kelishi bilan Hirot masalasi yanada keskinlashdi.

1837-yili Muhammad shoh Hirotga yurish boshladi. Ammo bunga Angliya norozilik bildirib, Eron bilan diplomatik munosabatlarini to‘xtatdi. London tomonidan doimiy bosim va tahdid natijasida shoh Muhammad Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Rus–eron urushi

Shundan so‘ng 1841-yili Angliya va Eron o‘rtasida diplomatik munosabatlar tiklandi. Fransiya, Avstriya va boshqa bir qator Yevropa mamlakatlari ham savdo imtiyozlariga ega bo‘ldi. 1856-yili AQSH ham Eron bilan “do‘stlik va savdo” to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.

Sana G‘olib davlat Shartnoma Natija

1804– 1813-yillar Rossiya Guliston

Rossiya o‘z qaramog‘iga Eronning shimolidagi bir qator xonliklarni qabul qiladi.

1826– 1828-yillar Rossiya Turkmanchay

Rossiyaga Erivan va Naxichevan xonliklari qo‘shib olindi, Guliston shartnomasiga binoan Rossiya tarkibiga o‘tgan hududlar tan olindi.

Yodda tuting:

Said Ali Muhammad 1844-yilda o‘zini Bob deb e’lon qildi. “Bob” so‘zi “darvoza” ma’nosini bildiradi va Bobning fikricha, Mahdiy shu darvozadan kirib, odamlarga o‘z inoyatini beradi. Bu ta’limotga ko‘ra, hamma odamlar qonun oldida teng bo‘lishi, xorijliklar Erondan quvib chiqarilishi, ularning mol-mulki bobiylarga taqsimlanishi kerak bo‘lgan.

Shartnomalar imzolangandan keyin chet davlatlarning, birinchi navbatda, Angliya va Rossiyaning Erondagi pozitsiyalari yanada mustahkamlandi. Endi Eron chet el sanoat tovarlari uchun bozorga ham aylandi.

Bobiylar qo‘zg‘oloni. Amir Nizom islohotlari. 1840-yillarning oxirlarida Eronda hukumatga qarshi xalq isyoni boshlanib, uning boshida shia diniy mazhabining bobiy tariqati vakillari turardi. Qo‘zg‘olonga Said Ali Muhammad ismli shaxs rahbarlik qildi. Bobiylar rivoyatga ko‘ra 1000 yil avval yo‘qolgan 12-imom – Mahdiyning Yer yuzida adolat o‘rnatish uchun yaqinda tashrif buyurishi g‘oyasini targ‘ib qilar edilar.

Yodda tuting:

Dastlab bobiylar keng xalq ommasini emas, shohni, saroy ahlini va viloyatlar imomlarini o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qildilar. Ammo hukumat bobiylarning dasturini qabul qilmadi va ularni ta’qib qila boshladi. Shunda bobiylar mavjud tuzumdan norozi bo‘lgan keng xalq ommasi orasida tashviqotlarini faollashtirdilar.

1848-yil sentyabrda Muhammadshoh vafot etdi. Shu vaqt Mozandaron atrofidagi qishloqlardan dehqonlar va hunarmandlar ham kelib bobiylarga qo‘shildi. Qo‘zg‘olonchilar sakkiz oy shoh qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatdilar, faqat holdan toygandan so‘ng qarshilikni to‘xtatdilar.

Mozandarondagi qo‘zg‘olon bostirilgandan so‘ng bobiylar harakati susaymadi, aksincha, yanada kengroq yoyildi. 1850-yili mayda dehqonlar va hunarmandlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Zenjon bobiylari qo‘zg‘olon ko‘tardi. Ular shoh hokimiyatiga qarshi chiqib, yerga nisbatan bo‘lgan xususiy mulkchilikni yo‘q qilish, insonning shaxsiy erkinligini e’lon qilish talabini qo‘yishdi. Qo‘zg‘olonchilar shoh qo‘shinlari tomonidan shafqatsiz o‘qqa tutildi. Bobiylar harakatining keng yoyilishidan xavfsiragan shohning buyrug‘iga ko‘ra, bobiylar yetakchisi Ali Muhammad otib tashlandi.

Yodda tuting:

Ayni paytda hukmron doiralarning bir qismi bobiylar qo‘zg‘oloniga mamlakatdagi ijtimoiy ziddiyatlar sabab bo‘layotganligini tushunib, ba’zi islohotlar o‘tkazishga jazm qildilar. Shohning birinchi vaziri Amir Nizom markaziy hokimiyatni mustahkamlashga va chet elliklar ta’sirini kamaytirishga harakat qildi. Ammo Amir Nizomning islohotchilik faoliyati o‘z imtiyozlaridan ajralishni istamagan feodallarning keskin qarshiligiga uchradi. Natijada Amir Nizom xonning g‘azabiga uchradi va Koshonga surgun qilinib, 1852-yili xonning buyrug‘i bilan o‘ldirildi.

Amiri Nizom islohotlarining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi Eronda feodal tartiblarning saqlanib qolishiga olib keldi va mamlakatning chet elliklar tomonidan bo‘ysundirilish jarayonini yengillashtirdi.

Afg‘onistondagi ingliz lageri

Xarita bilan ishlashga doir topshiriq: Xaritadan

Afg‘onistonning poytaxti – Kobul, shuningdek, Hirot, Qandahor shaharlarini va u bilan chegaradosh davlatlarni toping.

XIX asrning ikkinchi yarmi Yevropa davlatlarining, birinchi navbatda, Angliya va Rossiyaning Eronda faol mustamlakachilik ekspansiyasi davri bo‘ldi. Hokimiyatda turgan qojarlar sulolasi vakillari o‘z xalqining talabidan ko‘ra chet davlatlarning talabini bajarishni afzal ko‘rdi. Eronni qaram qilishning usullari sifatida chet el kapitali turli xil konsessiyalar (yer, kon va shu kabilardan foydalanish haqida davlat bilan ayrim kapitalist yoki firma o‘rtasida tuzilgan shartnoma) olish va Tehronga pul qarz berishdan keng foydalandi. Oqibatda Eron G‘arb mamlakatlari va Rossiyaning yarimmustamlakasiga aylantirildi.

Afg‘onistondagi ingliz lageri

Afg‘onistonda Zamonshohning taxtdan ag‘darilishi va hokimiyat uchun kurashlarning boshlanishi. XX asr 70-yillaridan hozirgi kungacha jahondagi kuchli davlatlar geosiyosiy manfaatlari va harbiy harakatlarining markazida bo‘lib kelayotgan Afg‘onistonda yuz berayotgan voqealar bu davlatning XIX asrdagi tarixi bilan chambarchas bog‘liq.

1801-yili Zamonshoh tomonidan qatl qilingan Payindi xonning o‘g‘li Fathxon Zamonshohning isyonchi ukalaridan biri Mahmud bilan birlashib, avval Qandahorni, keyin Kobulni egalladi. Zamonshoh taxtdan tushirildi, ko‘zlari ko‘r qilinib, zindonga tashlandi.

Zamonshoh davridagi nisbatan barqarorlik shoh hokimiyati uchun uzoq davom etgan o‘zaro urushlar davri bilan almashdi. Shu davrda inglizlar Afg‘onistonga kirish uchun dastlabki urinishni amalga oshirdilar. Bu urinishda hali faqat diplomatik vositalargina qo‘llanildi.

Afg‘onistondagi ingliz lageri

Mahmudshoh taxtni egallagandan so‘ng buyuk vazir lavozimini egallagan Fathxon afg‘on zodagonlarining o‘zboshimchaligiga chek qo‘yish, o‘zaro feodal urushlarni to‘xtatish, shoh xazinasiga undiriladigan soliq tushumlarini tartibga keltirish uchun kurashdi. Bu ishda unga yosh, harakatchan ukasi Do‘st Muhammad sardor katta yordam berdi. U isyonchi xonlar va dehqonlar qo‘zg‘olonlarini shafqatsizlik bilan bostirdi.

O‘ylab ko‘ring:

Birinchi ingliz– afg‘on urushida inglizlarning qo‘zg‘olonchilar safini pora berib bo‘lib tashlashga urinishlari amalga oshmadi. Ular Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘lishdi. 16 000 kishilik ingliz qo‘shinidan juda kam odam qochib qutuldi.

Savollar: Sizning fikringizcha, buning sababi nimada?

Do‘st Muhammad

Birinchi ingliz–afg‘on urushi (1838–1842). Inglizlar Afg‘onistonga bostirib kirish uchun sadozoiylar sulolasidan bo‘lgan, taxtdan ag‘darilib, inglizlar tomonga qochib ketgan Shuja al-Mulkdan foydalandilar. Hindistonda 6 ming kishilik sipohiylar qo‘shini yig‘ilib, ingliz zobitlari boshchiligida Afg‘onistonga yurish boshlandi. Inglizlar 1839-yili poytaxtga deyarli jangsiz kirib keldi. Do‘st Muhammad Hindikush tomonga chekinib, Qunduz xonligidagi o‘zbeklar yordamida inglizlarga qarshi urushni davom ettirdi. Do‘st Muhammad Kobulni qamal qiladi. Ammo shu payt Do‘st Muhammadning o‘zi inglizlarga asir tushadi va oilasi bilan Hindistonga jo‘natiladi. Ammo bu bilan urush tugamaydi. Bir nechta qo‘zg‘olonlardan so‘ng inglizlar Afg‘onistonni tark etadi va Do‘st Muhammad Kobulga qaytib keladi. 1838–1842-yillardagi urush shu tariqa yakun topdi. Taxtni qayta egallagan Do‘st Muhammad mamlakatni mustahkamladi. U 1863-yili vafot etdi. Uning hokimiyatga kelgan o‘g‘li Sherali xon otasining siyosatini davom ettirdi.

Ingliz armiyasining mag‘lub bo‘lgan so‘nggi askari

Madaniyat. XIX asrda Erondagi iqtisodiy va siyosiy inqiroz bilan bir paytda kuchli madaniy almashinuv jarayoni yuz berdi, u Yevropa va Sharq san’ati va madaniyatining noodatiy aralashuviga olib keldi.

Eron tasviriy san’atida sal oldinroq boshlangan G‘arb standartlari va modasiga taqlid qilish bu davrda yanada kuchaydi. Hukmdorlar san’atni davlat nazoratiga oldi, saroyning yangi san’at qoidalari shakllanib, u eski an’analarni takrorlash va G‘arb tasviriy san’ati qoidalariga taqlid qilganligi bilan xarakterlanadi.

Eron she’riyati, asosan, so‘z san’atining nazokati va go‘zalligini saqlab qoldi, an’analarni davom ettirdi.

Ingliz armiyasining mag‘lub bo‘lgan so‘nggi askari

Arxitektura va naqqoshlik san’atida ham Yevropa san’atining ta’siri sezilib turadi. Yangi shakl va badiiy usullar Sharq va G‘arb madaniyatlari asosida uyg‘unlashdi.

XIX asrda Eron kuchli milliy armiyaga, markaziy davlat apparatiga va ya-gona soliq tizimiga ega emasdi. Eron Rossiya va Angliyaning mintaqadagi bosqinchilik intilishlariga qarshilik qila olmadi. Mamlakat ichkarisidagi islohotlarga diniy mutaassiblik va unga asoslangan davlat tuzumi, ijtimoiy institutlarning kam taraqqiy etganligi xalaqit berayotgan edi. Natijada Eron kuchli davlatlarning yarimmustamlakasiga aylantirildi.

Afg‘oniston esa Buyuk Britaniyaning bir necha bor urinishlariga qaramasdan, o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. Ammo ajablanarlisi shundaki, o‘z mustaqilligini saqlab qolgan, kuchli davlatlarning ta’siri o‘ta cheklangan Afg‘oniston taraqqiyotda hammadan ortda qolib ketdi. U XIX asr oxirida ham qabila-urug‘chilik munosabatlari va natural xo‘jalik saqlanib qolgan kamdan kam mamlakatlardan biri edi.

Ingliz armiyasining mag‘lub bo‘lgan so‘nggi askari

Savollar: Savol va topshiriqlar 1. XX asr boshlaridagi Rossiya – Eron urushlarining sababi nimada?
Savollar: 2. Bobiylar kimlar? Ularning ta’limoti haqida so‘zlab bering.

3. Eronning yarimmustamlaka davlatga aylanishiga misollar keltiring.

Savollar: 4. Qanday omillar Bobiylar qo‘zg‘olonini yuzaga keltirdi?
Savollar: 5. Afg‘onistonning buyuk vaziri Fathxon qanday islohotlarni amalga oshirmoqchi bo‘ldi?
Savollar: 6. O‘ylab ko‘ring, Angliyaning Afg‘onistonga bo‘lgan qiziqishi sabablari nimada bo‘lishi mumkin?

Internet bilan ishlashga doir topshiriq:

Eron va Afg‘oniston tarixidagi o‘xshash va farqli jihatlarni aniqlang. Daftaringizda T-texnologiyasi asosida tahlil qiling.

Muhim sanalar

Bilimingizni sinang

Eron Yevropada qaysi yilga qadar Fors davlati deb atalgan?
  1. 1925-yilga
  2. 1935-yilga
  3. 1921-yilga
  4. 1945-yilga

To‘g‘ri javob: 1935-yilga. 1935-yilga qadar Eron Yevropada Fors davlati deb atalgan.

Birinchi rus–eron urushi Britaniya va Rossiya imperiyalari o‘rtasida Osiyo va Kavkazorti uchun boshlangan raqobatni tarixda qanday nom bilan mashhur qildi?
  1. Katta yo‘l
  2. Katta o‘yin
  3. Sharq masalasi
  4. Buyuk shatranj

To‘g‘ri javob: Katta o‘yin. Britaniya va Rossiya raqobati tarixda Katta o‘yin nomini olgan.

Angliya va Eron o‘rtasida ayrim Angliya tovarlari boj solig‘idan ozod qilingan siyosiy va savdo shartnomasi qaysi yili imzolangan?
  1. 1821-yili
  2. 1795-yili
  3. 1805-yili
  4. 1801-yili

To‘g‘ri javob: 1801-yili. 1801-yili Angliya va Eron o‘rtasidagi shartnomaga binoan ayrim Angliya tovarlari boj solig‘idan ozod qilindi.

Sharqiy Gruziya qaysi yili Rossiyaga qo‘shib olinganidan so‘ng Eronda Rossiya Kavkaz ortini qo‘shib olishga to‘siq degan fikr tarafdorlari ko‘paydi?
  1. 1808-yili
  2. 1795-yili
  3. 1801-yili
  4. 1815-yili

To‘g‘ri javob: 1801-yili. Sharqiy Gruziya 1801-yili Rossiyaga qo‘shib olingan.

1935-yilga qadar Eron Yevropada qanday nom bilan atalgan?
  1. Fors davlati
  2. Eron imperiyasi
  3. Qojarlar mamlakati
  4. Turon shohligi

To‘g‘ri javob: Fors davlati. 1935-yilga qadar Eron Yevropada “Fors davlati” deb atalgan.

Angliya va Eron o‘rtasida siyosiy va savdo shartnomasi qaysi yili imzolangan?
  1. 1789-yili
  2. 1801-yili
  3. 1813-yili
  4. 1828-yili

To‘g‘ri javob: 1801-yili. Shartnoma 1801-yili imzolangan.

Shartnomalarni ularning natijalari bilan moslashtiring. Shartnomalar: A. Guliston shartnomasi; B. Turkmanchoy shartnomasi; C. 1801-yilgi Angliya–Eron shartnomasi; D. 1809-yilgi “Dastlabki kelishuv”. Natijalar: 1. Erivan va Naxichevan xonliklarining Rossiyaga o‘tishi; 2. Angliyaning Eronga har yili 160 ming tuman yordam puli berishi; 3. Kaspiy dengizida harbiy flotga ega bo‘lishning faqat Rossiya huquqi bo‘lishi; 4. Ayrim ingliz tovarlarining boj solig‘idan ozod qilinishi.
  1. A–3, B–1, C–4, D–2
  2. A–1, B–3, C–4, D–2
  3. A–3, B–1, C–2, D–4
  4. A–3, B–4, C–1, D–2

To‘g‘ri javob: A–3, B–1, C–4, D–2. Guliston shartnomasi Kaspiyda flot huquqini Rossiyaga bergan, Turkmanchoy Erivan va Naxichevanni Rossiyaga o‘tkazgan, 1801-yilgi shartnoma ingliz tovarlarini boj solig‘idan ozod qilgan, 1809-yilgi kelishuv esa Angliyaga yillik yordam puli majburiyatini yuklagan.

Fransiya bilan Rossiya o‘rtasida Tilzit sulhi qaysi yili imzolangan?
  1. 1805-yili
  2. 1807-yili
  3. 1809-yili
  4. 1812-yili

To‘g‘ri javob: 1807-yili. Tilzit sulhi 1807-yili Fransiya va Rossiya o‘rtasida imzolangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUsmoniylar imperiyasi inqiroz va islohotlar davridaKeyingi →Afrika: qul savdosi va mustamlakachilikning kuchayishi