Jazo tayinlash (1/2)
To‘Rtinchi Bo‘Lim
54-modda. Jazo tayinlashning umumiy asoslari
Jinoyat sodir etishda qonunda belgilangan tartibda aybli deb topilgan shaxs jazoga tortiladi. Sud ushbu Kodeks Maxsus qismining jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan moddasida belgilangan doirada Umumiy qismning qoidalariga muvofiq jazo tayinlaydi.
Sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsini hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga oladi.
55-modda. Jazoni yengillashtiruvchi holatlar
Quyidagi holatlar jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topiladi:
- a) aybni bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilish, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish yoki jinoyatni ochish uchun faol yordam berish;
- b) yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish;
- v) og‘ir shaxsiy, oilaviy sharoitlar oqibatida yoki boshqa mushkul ahvolda jinoyat sodir etish;
- g) majburlash yoki moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoxud boshqa jihatdan qaramlik sababli jinoyat sodir etish;
- d) jabrlanuvchining zo‘rlik, og‘ir haqorat yoki boshqacha g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish;
- e) zaruriy mudofaaning, oxirgi zaruratning asosli chegarasidan chetga chiqib jinoyat sodir etish, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxsni ushlashda, kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan asosli tavakkalchilikda zarar yetkazish;
- j) voyaga yetmaganning jinoyat sodir etishi;
- z) homilador ayolning jinoyat sodir etishi;
- i) jabrlanuvchining g‘ayriqonuniy yoki axloqqa zid xulq-atvori ta’siri ostida jinoyat sodir etish.
Jazo tayinlashda sud ushbu moddada nazarda tutilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin.
Yengillashtiruvchi holat ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi.
56-modda. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar
Quyidagi holatlarda jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topiladi:
- a) homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan;
- b) yosh bola, qariya yoki ojiz ahvoldagi shaxsga nisbatan;
- v) xizmat vazifasi yoki fuqarolik burchini bajarganligi munosabati bilan shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga nisbatan;
- g) aybdorga moddiy tomondan, xizmat jihatidan yoki boshqa jihatdan qaram shaxsga nisbatan;
- d) o‘ta shafqatsizlik bilan;
- e) ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda;
- j) yosh bola yoki ruhiy holatining buzilganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsdan foydalangan holda;
- z) jinoyat natijasida og‘ir oqibatlarning kelib chiqqanligi;
- i) umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida;
- k) g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda;
- l) irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida;
- m) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirgan holda yoki uyushgan guruh yoxud jinoiy uyushma tomonidan;
- n) ilgari ham qasddan jinoyat sodir etgan shaxsning takroran yoki qasddan yangi jinoyat sodir etishi;
- o) mastlik holatida yoki giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoxud ularning analoglari yoki shaxsning aql-idrokiga ta’sir qiluvchi boshqa moddalar ta’siri ostida jinoyat sodir etish.
Sud sodir etilgan jinoyatning xususiyatini e’tiborga olib, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topmasligi ham mumkin.
56-modda. Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar (davomi)
Sud jazo tayinlashda ushbu moddada nazarda tutilmagan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topishi mumkin emas.
Ushbu holatlar Kodeks Maxsus qismining moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, jazo tayinlashda hisobga olinmaydi.
57-modda. Yengilroq jazo tayinlash
Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, alohida hollarda ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin.
Sud shu asoslarni e’tiborga olib, ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida qo‘llanilishi shart deb ko‘rsatilgan qo‘shimcha jazoni tayinlamasligi ham mumkin.
Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, ya’ni aybdorning shaxsi, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topilishi mumkin.
57¹-modda. Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganida jazo tayinlash
Ushbu Kodeks 55-moddasi birinchi qismining “a” va “b” bandlarida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lgan va ushbu Kodeks 56-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda jazo muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning uchdan ikki qismidan oshmasligi kerak. Mazkur qoida javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi) va terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.
57²-modda. Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo tayinlash
Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida (qismida) nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi kerak.
Bilimingizni sinang
Jinoyat kodeksi — 54-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tamom bo‘lmagan va ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo tayinlash
- Jazo tayinlashning umumiy asoslari
- Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganida jazo tayinlash
- Intizomiy qismga jo‘natish
To‘g‘ri javob: Jazo tayinlashning umumiy asoslari. 54-modda: Jazo tayinlashning umumiy asoslari.
Jinoyat kodeksi: «Jazo tayinlashning umumiy asoslari» qaysi moddada belgilangan?
- 49-modda
- 57¹-modda
- 54-modda
- 58-modda
To‘g‘ri javob: 54-modda. 54-modda: Jazo tayinlashning umumiy asoslari.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, sud jazo tayinlashda qaysi doirada va qaysi qoidalarga muvofiq ish ko‘radi?
- Umumiy qismda belgilangan doirada, Maxsus qismning qoidalariga muvofiq
- Maxsus qismning tegishli moddasida belgilangan doirada, Umumiy qismning qoidalariga muvofiq
- Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan doirada, sudyaning ichki ishonchiga muvofiq
- Prokuror taklif qilgan doirada, jabrlanuvchining xohishiga muvofiq
To‘g‘ri javob: Maxsus qismning tegishli moddasida belgilangan doirada, Umumiy qismning qoidalariga muvofiq. 54-moddaga ko‘ra sud Maxsus qism moddasida belgilangan doirada Umumiy qism qoidalariga muvofiq jazo tayinlaydi.
Jinoyat kodeksiga muvofiq, sud jazo tayinlashda quyidagilardan qaysi birini hisobga olishi shart?
- Sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hamda aybdorning shaxsini
- Jinoyat sodir etgan shaxsning mol-mulki miqdorini va jabrlanuvchining shaxsiy roziligini
- Ish ko‘rilayotgan sud binosining joylashuvini hamda sudyalarning ish yuklamasi hajmini
- Jinoyat haqidagi xabarning ommaviy axborot vositalarida yoritilish darajasini va jamoatchilik fikrini
To‘g‘ri javob: Sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini hamda aybdorning shaxsini. 54-modda ikkinchi qismi sudning hisobga oladigan holatlarini sanaydi: xususiyat, xavflilik darajasi, sabab, zarar, aybdorning shaxsi, yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar.
Jinoyat kodeksi — 55-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jazoni yengillashtiruvchi holatlar
- Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash
- Jazo tayinlashning umumiy asoslari
- Yengilroq jazo tayinlash
To‘g‘ri javob: Jazoni yengillashtiruvchi holatlar. 55-modda: Jazoni yengillashtiruvchi holatlar.
Jinoyat kodeksi: «Jazoni yengillashtiruvchi holatlar» qaysi moddada belgilangan?
- 55-modda
- 59-modda
- 54-modda
- 57-modda
To‘g‘ri javob: 55-modda. 55-modda: Jazoni yengillashtiruvchi holatlar.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, quyidagi holatlardan qaysi biri jazoni yengillashtiruvchi holat hisoblanadi?
- Yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish
- Qilmish ko‘pchilik uchun xavfli bo‘lgan usulda sodir etilishi
- Qilmish g‘arazli niyatda sodir etilishi
- Qilmish mastlik holatida sodir etilishi
To‘g‘ri javob: Yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish. 55-moddaning “b” bandiga ko‘ra yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda bartaraf qilish yengillashtiruvchi holat; qolganlari 56-moddadagi og‘irlashtiruvchi holatlar.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, jazoni og‘irlashtiruvchi holat Maxsus qism moddasida jinoyat tarkibining zaruriy belgisi sifatida nazarda tutilgan bo‘lsa, nima bo‘ladi?
- U jazoni ikki barobar og‘irlashtiradi
- Sud uni faqat qo‘shimcha jazo tayinlashda hisobga oladi
- U jazo tayinlashda hisobga olinmaydi
- Sud uni yengillashtiruvchi holat deb topadi
To‘g‘ri javob: U jazo tayinlashda hisobga olinmaydi. Holat jinoyat tarkibining zaruriy belgisi bo‘lsa, takroran hisobga olinmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash