Jinoyat protsessida o‘z manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar. himoyachilar va vakillar (2/2)
Ikkinchi Bo‘Lim
55-modda. Jabrlanuvchining huquq va majburiyatlari
Jabrlanuvchi: ko‘rsatuv berish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; o‘z ona tilidan va tarjimon xizmatidan foydalanish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; surishtiruvchi yoki tergovchining ruxsati bilan tergov harakatlarida ishtirok etish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; qonunda nazarda tutilgan hollarda yarashuv to‘g‘risida ariza berish hamda sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda va yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha, birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; shaxsan o‘zi yoki vakili orqali sudda ayblovni quvvatlash; sud majlisining bayonnomasi bilan tanishish va u haqda o‘z mulohazalarini bildirish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Jabrlanuvchi: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; haqqoniy ko‘rsatuvlar berishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning talabi bo‘yicha dalillar taqdim qilishi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
55-modda. Jabrlanuvchining huquq va majburiyatlari (davomi)
Jabrlanuvchi uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan taqdirda ushbu Kodeksning 261 — 264-moddalarida nazarda tutilgan tartibda majburiy olib kelinishi mumkin.
Jabrlanuvchi ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganlik uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladi.
Jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ushbu moddada ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlarni dastlabki tergov organlari yoki sud tomonidan marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradilar.
56-modda. Fuqaroviy da’vogar
Jinoyat, xuddi shuningdek aqli noraso shaxsning jamoat uchun xavfli qilmishi shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo‘lsa, ular fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etiladi. Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Voyaga yetmaganlarning, shuningdek muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish uchun fuqaroviy da’vo ularning qonuniy vakillari va prokuror tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
57-modda. Fuqaroviy da’vogarning huquq va majburiyatlari
Fuqaroviy da’vogar: fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atish va uni quvvatlash; dalillar taqdim qilish; qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha tushuntirishlar berish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruvchidan, tergovchidan, prokurordan yoki suddan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish haqida iltimos qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyatlar berish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyat qilish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyatlar, protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy da’vogar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo‘lgan dalillar taqdim etishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
57-modda. Fuqaroviy da’vogarning huquq va majburiyatlari (davomi)
Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan shaxs ayni vaqtda jabrlanuvchining barcha huquqlaridan foydalanadi va uning majburiyatlarini bajaradi.
58-modda. Fuqaroviy javobgar
Ayblanuvchi tomonidan yoki ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan aqli noraso shaxs tomonidan yetkazilgan zarar uchun qonunga ko‘ra mulkiy javobgar shaxs, korxona, muassasa yoki tashkilot ishda fuqaroviy javobgar sifatida ishtirok etish uchun jalb qilinishi mumkin. Fuqaroviy javobgar sifatida jalb qilish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
59-modda. Fuqaroviy javobgarning huquq va majburiyatlari
Fuqaroviy javobgar: ayblov va fuqaroviy da’voning mazmunini bilish; da’voga e’tiroz bildirish; tushuntirish berish; o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun vakil olish; dalillar taqdim qilish; iltimosnoma berish va rad qilish; surishtiruv yoki dastlabki tergov tamom bo‘lganidan so‘ng ishning barcha materiallari bilan tanishish va undan zarur ma’lumotlarni yozib olish, materiallar va hujjatlardan texnika vositalari yordamida o‘z hisobidan ko‘chirma nusxalar olish yoki ulardagi ma’lumotlarni o‘zga shaklda qayd etish; sud tomonidan ish bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazilayotganda hamda birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudining majlislarida ishtirok etish; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar keltirish; sud hukmi va ajrimining fuqaroviy da’voga tegishli qismi ustidan shikoyatlar berish; ish bo‘yicha keltirilgan shikoyat va protestlardan xabardor bo‘lish va ularga nisbatan e’tirozlar bildirish huquqiga egadir.
Fuqaroviy javobgar: surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi va ularning talablariga asosan fuqaroviy da’voga tegishli bo‘lgan dalillar taqdim qilishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
60-modda. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining qonuniy vakillari
Qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb e’tirof etilgan ishtirokchiga vasiylik yoki homiylik qiluvchi muassasalar va tashkilotlarning vakillari qatnashishlari mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining qonuniy vakili ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan birga, jabrlanuvchining qonuniy vakili esa jabrlanuvchi bilan birga, shuningdek uning o‘rnida ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, ishda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki o‘zi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari o‘zaro mos kelmagan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishda ishtirok etish uchun xuddi o‘sha qaror yoxud ajrim bilan advokatni jalb etish choralari ko‘riladi.
61-modda. Qonuniy vakilning huquq va majburiyatlari
Qonuniy vakil: o‘zi vakillik qilayotgan shaxsning surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga chaqirilganligidan xabardor bo‘lish; o‘zi vakillik qilayotgan qamoqdagi shaxs bilan xoli uchrashish; o‘zi vakillik qilayotgan shaxs ushbu Kodeksga muvofiq ega bo‘lgan protsessual huquqlarni amalga oshirish huquqiga ega.
Qonuniy vakil: o‘zi vakillik qilayotgan shaxsga nisbatan o‘tkaziladigan protsessual harakatlarda ishtirok etishi; surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning va sudning chaqiruvlariga binoan hozir bo‘lishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar orqali to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Qonuniy vakil guvoh sifatida so‘roq qilinishi, shuningdek himoyachi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi mumkin. Bunday hollarda qonuniy vakil yuqorida aytib o‘tilgan protsess ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘ladi.
62-modda. Jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning va fuqaroviy javobgarning vakillari
Jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakillari tariqasida advokatlar, vakil sifatida ishtirok etishga maxsus ruxsatnomalari bo‘lgan shaxslar, surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga ko‘ra ishda qatnashishga ruxsat berilgan yaqin qarindoshlar va boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
Vakilning ishda ishtirok etishi uchun uning jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar yoki fuqaroviy javobgar bilan tuzgan topshiriq shartnomasi asos bo‘ladi. Yuridik shaxsning vakili sifatida uning rahbari ishtirok etishi uchun alohida vakolatnoma kerak emas. Rahbar tomonidan berilgan ishonch qog‘ozi bo‘yicha yuridik shaxslarning vakillari sifatida uning shtatdagi xodimlariga va advokatlarga ruxsat etiladi.
Jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning yoki fuqaroviy javobgarning vakili ishda o‘zi vakillik qilayotgan shaxs bilan birga, shuningdek uning o‘rnida ham ishtirok etadi. Jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgar ish yuritishning istalgan vaqtida vakildan voz kechishga yoki boshqa shaxsni vakil qilib olishga haqlidir.
63-modda. Vakilning huquq va majburiyatlari
Jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili tegishincha jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar ega bo‘lgan protsessual huquqlardan foydalanadi. Vakil ish yuritishning istalgan vaqtida o‘z majburiyatlarini bajarishni davom ettirishdan voz kechishga haqlidir.
Vakil: o‘zi vakillik qilayotgan shaxslarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi; ularning ishonchini suiiste’mol qilmasligi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; haqiqatni aniqlashga dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va qonunga xilof boshqa harakatlar bilan to‘sqinlik qilmasligi; ishning tergovi va sud majlisi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
64-modda. Protsess ishtirokchilarining huquqlarini tushuntirib berish va bu huquqlarni amalga oshirishni ta’minlash majburiyati
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, shuningdek jabrlanuvchiga, fuqaroviy da’vogarga, fuqaroviy javobgarga va ularning vakillariga berilgan huquqlarini tushuntirib berishi va bu huquqlarni amalga oshirish imkoniyatlarini ta’minlashi shart. Shu bilan birga protsess ishtirokchilariga yuklangan majburiyatlar va ularni bajarmaslik oqibatlari tushuntirilishi lozim.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jabrlanuvchi sudda ayblovni qanday quvvatlashi mumkin?
- Shaxsan o‘zi yoki vakili orqali
- Faqat sudning ruxsati bilan guvoh sifatida
- Faqat prokuror orqali
- Faqat himoyachi orqali
To‘g‘ri javob: Shaxsan o‘zi yoki vakili orqali. 55-moddaga ko‘ra jabrlanuvchi shaxsan o‘zi yoki vakili orqali sudda ayblovni quvvatlash huquqiga ega.
Jabrlanuvchi uzrsiz sababga ko‘ra chaqiruvga kelmasa, Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra nima qilinishi mumkin?
- Ish yuritish to‘xtatiladi
- Jabrlanuvchi maqomi bekor qilinadi
- Majburiy olib kelinishi mumkin
- Ish uning ishtirokisiz yopiladi
To‘g‘ri javob: Majburiy olib kelinishi mumkin. 55-moddaga ko‘ra uzrsiz sababga ko‘ra kelmagan jabrlanuvchi 261–264-moddalarda nazarda tutilgan tartibda majburiy olib kelinishi mumkin.
Jabrlanuvchi qaysi harakati uchun qonunda belgilangan tarzda javobgar bo‘ladi?
- Dalillar taqdim qilgani va ayblovni quvvatlagani uchun, shuningdek iltimos bildirgani uchun
- Shikoyat berganligi va iltimosnoma taqdim etganligi uchun, shuningdek ishda ishtirok etgani uchun
- Ko‘rsatuv berishdan bosh tortganligi va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganligi uchun
- Vakil olganligi va tarjimon xizmatidan foydalanganligi uchun, shuningdek tanishgani uchun
To‘g‘ri javob: Ko‘rsatuv berishdan bosh tortganligi va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganligi uchun. 55-moddaga ko‘ra jabrlanuvchi ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganlik uchun javobgar bo‘ladi.
Jinoyat natijasida Sardor vafot etdi. Uning akasi Jahongir ishda marhumning jabrlanuvchi sifatidagi huquqlarini amalga oshirmoqchi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Marhumning huquqlarini faqat prokuror amalga oshiradi, qarindoshlar buni dastlabki tergov organi e’tirofi bilan ham qila olmaydi
- Jabrlanuvchi vafot etgani uchun uning huquqlari butunlay bekor bo‘ladi va ularni hech kim amalga oshira olmaydi, ishda ishtirok etish tugatiladi
- Jahongir hech qanday e’tirofsiz o‘z-o‘zidan huquqlarni amalga oshiradi, chunki u marhumning aka-ukasi hisoblanadi, qaror shart emas
- Jahongir huquqlarni amalga oshirishi mumkin, agar dastlabki tergov organi yoki sud uni marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Jahongir huquqlarni amalga oshirishi mumkin, agar dastlabki tergov organi yoki sud uni marhumning qonuniy vakili deb e’tirof etgan bo‘lsa. 55-moddaga ko‘ra marhumning huquqlarini uning qonuniy vakili deb e’tirof etilgan yaqin qarindoshlari yoki boshqa shaxslar amalga oshiradi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, qaysi shaxslar fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etiladi?
- Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan, shu sababli ishda jinoiy javobgarlikka jalb qilingan va hukm qilingan shaxslar
- Jinoyat shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo‘lgan shaxslar
- Jinoyat natijasida faqat ma’naviy zarar ko‘rgan, mulkiy zarar ko‘rmagan shaxslar hamda ularning qarindoshlari
- Ish bo‘yicha guvoh sifatida chaqirilgan va jinoyat haqida ma’lumotlarga ega bo‘lgan shaxslar, shuningdek ekspertlar
To‘g‘ri javob: Jinoyat shaxsga, korxonaga, muassasaga yoki tashkilotga mulkiy zarar yetkazgan deb hisoblash uchun dalillar bo‘lgan shaxslar. 56-moddaga ko‘ra mulkiy zarar yetkazilgan shaxs, korxona, muassasa yoki tashkilot fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etiladi.
Fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etish haqida sud qanday protsessual hujjat chiqaradi?
- Hukm
- Ajrim
- Qaror
- Bayonnoma
To‘g‘ri javob: Ajrim. 56-moddaga ko‘ra surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi.
Voyaga yetmaganlarning manfaatlarini himoya qilish uchun fuqaroviy da’vo kim tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin?
- Ularning qonuniy vakillari va prokuror
- Faqat tergovchi yoki surishtiruvchi
- Faqat jamoat ayblovchisi yoki sudya
- Faqat sud o‘z tashabbusi bilan yoki advokat
To‘g‘ri javob: Ularning qonuniy vakillari va prokuror. 56-moddaga ko‘ra voyaga yetmaganlar uchun fuqaroviy da’voni ularning qonuniy vakillari va prokuror qo‘zg‘atishi mumkin.
Fuqaroviy da’vogar quyidagi iltimoslardan qaysi birini qilishga haqli?
- Ayblanuvchini jazodan ozod qilish haqida
- Sudyani chetlashtirish haqida hukm chiqarish to‘g‘risida
- Da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish haqida
- Ayblovni rad etish haqida
To‘g‘ri javob: Da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish haqida. 57-moddaga ko‘ra fuqaroviy da’vogar surishtiruvchidan, tergovchidan, prokurordan yoki suddan da’voni ta’minlash choralarini ko‘rishni iltimos qilishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash