Sudlar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruv organlarining xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorligining tartibi to‘g‘risidagi asosiy qoidalar
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
592-modda. Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish zarur bo‘lganda sud, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi mazkur harakatlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan bajarilishi to‘g‘risida so‘rov kiritadi.
O‘zarolik prinsipi so‘rov kiritilayotganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ayrim protsessual harakatlarni bajarishda xorijiy davlatning vakolatli organiga huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi yozma majburiyati bilan tasdiqlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rov:
umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan amalga oshiriladigan jinoyat ishlarini yuritish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi orqali;
sudning qarori yoki prokurorning roziligi (sanksiyasi) talab qilinmaydigan protsessual harakatlar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati orqali;
qolgan hollarda — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi orqali yuboriladi.
Zarur hollarda, ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan organlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan aloqa bog‘laydi.
593-modda. Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risidagi so‘rovning mazmuni va shakli
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovda quyidagilar bo‘lishi kerak:
- 1) so‘rov yuborayotgan organning nomi;
- 2) so‘rov yuborilayotgan organning nomi va joylashgan yeri;
- 3) jinoyat ishining nomlanishi va so‘rovning xususiyati;
- 4) o‘ziga nisbatan so‘rov yuborilayotgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan uning tug‘ilgan sanasi va joyi, fuqaroligi, mashg‘uloti turi, yashash joyi yoki turgan joyi haqidagi ma’lumotlar, uning protsessual maqomi, yuridik shaxs uchun esa uning nomi, yuridik manzili va joylashgan yeri;
- 5) aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar bayoni, shuningdek so‘ralayotgan hujjatlar, ashyoviy, yozma, raqamli va boshqa dalillar ro‘yxati;
- 6) sodir etilgan jinoyatning haqiqiy holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, uning tavsifi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qilmish jinoyat deb e’tirof etilishiga asos bo‘ladigan tegishli moddasi matni;
- 7) agar jinoyat natijasida zarar yetkazilgan bo‘lsa, uning miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovda uni ijro etish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ham bo‘lishi mumkin.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rov uni yuborayotgan mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rov va unga ilova qilinayotgan hujjatlar so‘rovni yuborayotgan organning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi hamda ular yuborilayotgan xorijiy davlatning rasmiy tiliga yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boshqa tilga tarjima qilinadi.
594-modda. Xorijiy davlat hududida olingan dalillarning yuridik kuchi
Xorijiy davlat hududida jinoyat ishi bo‘yicha protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etish davomida uning vakolatli organlari tomonidan olingan yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi so‘rovga ilova qilinib, O‘zbekiston Respublikasiga yuborilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan va topshirilgan dalillar ushbu Kodeks talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida olingan dalillar singari yuridik kuchga ega bo‘ladi.
595-modda. Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni O‘zbekiston Respublikasi hududida ijro etish
Sud, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi xorijiy davlatning tegishli vakolatli organidan kelib tushgan, o‘zlariga belgilangan tartibda topshirilgan protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida ijro etadi.
Agar protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rov kelib tushgan organ uni ijro etishga vakolatli bo‘lmasa, u so‘rovni vakolatli organga yuboradi va bu haqda so‘rov tashabbuskorini yozma ravishda xabardor qiladi.
Bevosita sudga, prokurorga, tergov organiga, surishtiruv organiga protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risida kelib tushgan so‘rov ushbu Kodeks 592-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli organlar bilan kelishilgan holdagina ijro etilishi mumkin.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etishda ushbu Kodeks normalari qo‘llaniladi. Xorijiy davlat vakolatli organining iltimosi bo‘yicha, agar bu O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmasa, xorijiy davlatning protsessual qonunchiligi normalari qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda yoki o‘zarolik prinsipi asosida, protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etishda xorijiy davlat vakolatli organining vakillari ushbu Kodeks 592-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli organlar ruxsati bilan hozir bo‘lishi mumkin.
595-modda. Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni O‘zbekiston Respublikasi hududida ijro etish (davomi)
Agar protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etish mumkin bo‘lmasa, u holda olingan hujjatlar so‘rovni ijro etishga to‘sqinlik qilgan sabablar ko‘rsatilib, so‘rovni olgan organ orqali, zarur bo‘lganda esa diplomatik yo‘llar orqali xorijiy davlatning so‘rovni yuborgan vakolatli organiga qaytarib yuboriladi.
Agar so‘rov O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lsa yoki uning ijrosi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetiga yoxud xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, u ijro etilmasdan qaytarib yuboriladi.
596-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni, fuqaroviy da’vogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini chaqirish
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari O‘zbekiston Respublikasi hududida protsessual harakatlarni bajarish uchun jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxs tomonidan chaqirilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni chaqirish to‘g‘risidagi so‘rov ushbu Kodeksning 592-moddasida belgilangan tartibda yuboriladi. Shaxslarni chaqirishda protsessual majburlov choralarini qo‘llash tahdidi bo‘lmasligi kerak.
Chaqiruv bo‘yicha kelgan, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini kesib o‘tguniga qadar sodir etilgan qilmishlar uchun yoki chiqarilgan hukmlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoxud shaxsiy erkinlikning boshqacha cheklanishlariga duchor etilishi mumkin emas. Agar chaqiruv bo‘yicha kelgan shaxs uning hozir bo‘lishi chaqirtirgan mansabdor shaxsga boshqa kerak bo‘lmay qolgan paytdan e’tiboran o‘n besh sutkalik uzluksiz muddat o‘tguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etish imkoniyatiga ega bo‘la turib, shu hududda qolishda davom etsa yoki jo‘nab ketganidan keyin O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelsa, mazkur immunitetning amal qilishi tugaydi.
Xorijiy davlat hududida qamoqda saqlanayotgan shaxs, basharti bu shaxs ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarni chaqirish to‘g‘risidagi so‘rovda nazarda tutilgan protsessual harakatlar bajarilishi uchun xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha o‘tkazilgan bo‘lsa, ushbu moddada belgilangan tartibda chaqiriladi. Bunday shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘ladigan butun davrida qamoqda saqlanaveradi. Uni qamoqda saqlashga xorijiy davlat vakolatli organining tegishli qarori asos bo‘ladi. Mazkur shaxs so‘rovga berilgan javobda ko‘rsatilgan muddatlarda tegishli xorijiy davlat hududiga qaytarilishi kerak.
596-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgan guvohni, jabrlanuvchini, ekspertni, fuqaroviy da’vogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini chaqirish (davomi)
Shaxsni o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida yoki o‘zarolik prinsipi asosida belgilanadi.
597-modda. Jinoyat ishi materiallarini xorijiy davlatning vakolatli organiga yuborish
Chet el fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyat sodir etgan, keyinchalik uning hududidan chiqib ketgan hamda protsessual harakatlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida uning ishtirokida bajarishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, tergov qilinayotgan jinoyat ishining barcha materiallari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga topshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur materiallarni xorijiy davlatning vakolatli organiga tergov qilish uchun yuborish to‘g‘risidagi masalani hal qiladi.
Jinoyat ishi materiallariga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi ariza, shuningdek dalillar ilova qilinadi. Ishdagi har bir hujjat mazkur jinoyat ishini yuritayotgan organning gerbli muhri bilan tasdiqlangan va yuborilayotgan xorijiy davlatning rasmiy tiliga yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boshqa tilga tarjima qilingan bo‘lishi kerak.
598-modda. Jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi so‘rovni O‘zbekiston Respublikasi hududida ijro etish
Xorijiy davlat vakolatli organining xorijiy davlat hududida jinoyat sodir etgan va O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosini jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi so‘rovi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunday hollarda jinoyat ishini yuritish ushbu Kodeksda belgilangan tartibda olib boriladi. Jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilgan organ qarorning ko‘chirma nusxasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabul qilingan qaror haqida xorijiy davlatning so‘rovni yuborgan vakolatli organini yozma ravishda xabardor qiladi. Mazkur organning iltimosiga ko‘ra jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qarorning ko‘chirma nusxasi ham yuborilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 592-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risidagi so‘rovning mazmuni va shakli
- Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv materiallarini yoki jinoyat ishini surishtiruvchi, tergovchi tomonidan prokurorga yuborish tartibi
- Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish
- Sudning ajrimi
To‘g‘ri javob: Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish. 592-modda: Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish» qaysi moddada belgilangan?
- 593-modda
- 591-modda
- 592-modda
- 587-modda
To‘g‘ri javob: 592-modda. 592-modda: Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish to‘g‘risida so‘rov yuborish.
Protsessual harakatlarni xorijiy davlat hududida bajarish zarur bo‘lganda sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi so‘rovni qaysi asosda kiritadi?
- Faqat xorijiy davlat elchisining og‘zaki iltimosiga ko‘ra va o‘zarolik prinsipisiz
- Faqat Prezident farmoniga asosan, xalqaro shartnomalar va o‘zarolik prinsipisiz
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida
- Faqat jabrlanuvchining iltimosiga ko‘ra, xalqaro shartnomalar va o‘zarolik prinsipisiz
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida. 592-moddaga ko‘ra, so‘rov xalqaro shartnomalarga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida kiritiladi.
Umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan amalga oshiriladigan jinoyat ishlarini yuritish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rov qaysi organ orqali yuboriladi?
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi orqali
- Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari orqali
- Bosh prokuratura va uning bo‘linmalari orqali
- Adliya vazirligi va uning bo‘linmalari orqali
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi orqali. 592-moddaga ko‘ra, umumiy yurisdiksiya sudlari bo‘yicha so‘rov Oliy sud orqali yuboriladi.
Sudning qarori yoki prokurorning roziligi (sanksiyasi) talab qilinmaydigan protsessual harakatlar bo‘yicha so‘rov qaysi organlar orqali yuboriladi?
- Faqat Oliy sud orqali, boshqa organlar orqali emas
- Faqat Bosh prokuratura orqali, boshqa organlar orqali emas
- Faqat Tashqi ishlar vazirligi orqali, boshqa organlar orqali emas
- Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati orqali
To‘g‘ri javob: Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati orqali. 592-moddaga ko‘ra, bunday harakatlar bo‘yicha so‘rov IIV va DXX orqali yuboriladi.
Surishtiruv bosqichida tergovchi xorijiy davlatda prokuror sanksiyasi talab qilinadigan protsessual harakatni bajarishni so‘ramoqchi. So‘rov qaysi organ orqali yuboriladi?
- Oliy sud orqali
- Bosh prokuratura orqali
- Ichki ishlar vazirligi orqali
- Davlat xavfsizlik xizmati orqali
To‘g‘ri javob: Bosh prokuratura orqali. 592-moddaga ko‘ra, qolgan hollarda so‘rov Bosh prokuratura orqali yuboriladi.
So‘rov kiritilayotganda o‘zarolik prinsipi nima bilan tasdiqlanadi?
- Xorijiy davlat elchisining imzosi bilan hamda uning vakolatli organining rasmiy ma’lumotnomasi asosida
- Oliy sud, IIV, DXX yoki Bosh prokuraturaning huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi yozma majburiyati bilan
- Jabrlanuvchining roziligi bilan hamda ayblanuvchining yozma kafolati va sudning rasmiy ruxsatnomasi orqali
- Faqat og‘zaki kelishuv bilan, ya’ni tomonlarning bevosita telefon yoki elektron muloqoti orqali
To‘g‘ri javob: Oliy sud, IIV, DXX yoki Bosh prokuraturaning huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi yozma majburiyati bilan. 592-moddaga ko‘ra, o‘zarolik prinsipi yozma majburiyat bilan tasdiqlanadi.
Protsessual harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi so‘rovda quyidagilardan qaysi biri bo‘lishi kerak?
- Tergovchining shaxsiy ish haqi to‘g‘risida ma’lumot va uning lavozim darajasi hamda unvonlari
- Jabrlanuvchining oilaviy fotosurati va uning yaqin qarindoshlari to‘g‘risida shaxsiy ma’lumotlar
- Sudyaning shaxsiy fikri hamda uning ish yuzasidan bildirgan xulosalari va tavsiyalari
- Jinoyat kodeksining qilmish jinoyat deb e’tirof etilishiga asos bo‘ladigan tegishli moddasi matni
To‘g‘ri javob: Jinoyat kodeksining qilmish jinoyat deb e’tirof etilishiga asos bo‘ladigan tegishli moddasi matni. 593-moddaning 6-bandiga ko‘ra, so‘rovda JK ning tegishli moddasi matni bo‘lishi kerak.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash