XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 599–607-m.

Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish (1/3)

To‘Qqizinchi Bo‘Lim

599-modda. Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborish

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda hamda tartibda yoki o‘zarolik prinsipi asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organiga xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborishi mumkin.

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risida o‘zarolik prinsipi asosida so‘rov yuborish, agar so‘rov yuborilishiga sabab bo‘lgan qilmish har ikkala davlat qonunchiligiga muvofiq jinoiy jazolanadigan qilmish bo‘lsa va shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berilgan taqdirda — uni sodir etganlik uchun bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo yoki og‘irroq jazo nazarda tutilganda yoxud shaxs hukmni ijro etish uchun ushlab berilgan taqdirda — u olti oydan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga yoki og‘irroq jazoga hukm qilinganida amalga oshiriladi.

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni yuborish zaruriyati yuzaga kelganda hamda buning uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan asoslar va shartlar mavjud bo‘lganda, barcha zarur materiallar mazkur so‘rovni yuborish haqidagi masalani hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etiladi.

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovda quyidagilar bo‘lishi kerak:

599-modda. Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborish (davomi)

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga shaxsni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi qarorning va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi sud ajrimining tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari ilova qilinishi kerak. Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni hukmni ijro etish uchun ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga qonuniy kuchga kirgan hukmning tasdiqlangan ko‘chirma nusxasi va jazoning o‘talmagan muddati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ilova qilinishi kerak.

600-modda. O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilgan shaxsning jinoiy javobgarligi doirasi

O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlat tomonidan ushlab berilgan shaxs o‘zi ushlab berilguniga qadar sodir etgan va ushlab berilishiga sabab bo‘lmagan jinoyati uchun uni ushlab bergan davlatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, jazolanishi, shuningdek uchinchi bir davlatga topshirilishi mumkin emas. Quyidagi hollarda xorijiy davlatning roziligi talab qilinmaydi, agar:

u ushlab bergan shaxs jinoyat ishi tugatilgan kundan e’tiboran, hukm qilingan taqdirda esa jazo o‘talgan yoki har qanday qonuniy asosga ko‘ra jazodan ozod qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etmagan bo‘lsa. Ushlab berilgan shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan vaqt bu muddatga qo‘shib hisoblanmaydi;

u ushlab bergan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etgan, ammo keyin ixtiyoriy ravishda O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan bo‘lsa.

Xorijiy davlat tomonidan ushlab berilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilgan organ uning ko‘chirma nusxasini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organini u tomonidan ushlab berilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini yuritish natijalari haqida yozma ravishda xabardor qiladi. Mazkur organning iltimosiga ko‘ra jinoyat ishi bo‘yicha uzil-kesil qarorning ko‘chirma nusxasi ham yuborilishi mumkin.

601-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etish

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq yoki o‘zarolik prinsipi asosida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

O‘zarolik prinsipi O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni yuborgan xorijiy davlat vakolatli organining shunga o‘xshash vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organining so‘roviga binoan shaxsni ushlab berish amalga oshirilishi haqidagi yozma va’dasi bilan tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish quyidagi hollarda amalga oshirilishi mumkin:

agar shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berilayotganida sodir etilgan qilmish uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni yoki og‘irroq jazoni nazarda tutsa;

agar o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborilgan shaxs olti oydan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga yoki og‘irroq jazoga hukm qilingan bo‘lsa;

so‘rovni yuborgan xorijiy davlat o‘ziga nisbatan so‘rov yuborilgan shaxsning faqat so‘rovda ko‘rsatilgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortilishini hamda sud muhokamasi tugaganidan va jazoni o‘taganidan keyin mazkur davlat hududini erkin tark eta olishini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining roziligisiz uchinchi davlatga chiqarib yuborilmasligini, topshirilmasligini yoxud ushlab berilmasligini, xuddi shuningdek qiynoqlarga, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi muomalaga duchor etilmasligini va unga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanilmasligini kafolatlasa.

601-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovni ijro etish (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari tomonidan qabul qilinadi. Ayni bir shaxsni ushlab berish to‘g‘risida bir necha davlatning so‘rovi mavjud bo‘lganda, shaxsni qaysi davlatga ushlab berish kerakligi to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori qabul qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabul qilingan qaror to‘g‘risida o‘ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxsni yigirma to‘rt soat ichida yozma ravishda xabardor qiladi va unga mazkur qaror ustidan ushbu Kodeksning 602-moddasiga muvofiq shikoyat qilish huquqini tushuntiradi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga nisbatan qaror qabul qilingan shaxs yozma ravishda xabardor etilgan paytdan e’tiboran o‘n sutka o‘tishi bilan kuchga kiradi. Qabul qilingan qaror ustidan shikoyat qilingan taqdirda, shaxsni ushlab berish sudning ajrimi qonuniy kuchga kirguniga qadar amalga oshirilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish muddati o‘tgach yoki sudning ajrimi qonuniy kuchga kirganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qabul qilingan qarorni, sudning ajrimini ijro etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.

602-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning o‘rinbosarining O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qarori ustidan so‘ralayotgan shaxs qamoqda saqlanayotgan joydagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyat, Toshkent shahar sudiga mazkur shaxs yoxud uning himoyachisi tomonidan xabarnoma olingan paytdan e’tiboran o‘n sutka ichida shikoyat qilinishi mumkin.

So‘ralayotgan shaxs qamoqda saqlanayotgan joyning ma’muriyati shikoyatni olishi bilan uni darhol sudga yuboradi va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini yozma ravishda xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabarnoma olingan kundan e’tiboran uch sutkadan kechiktirmay sudga O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qarorning qonuniyligi va asosliligini tasdiqlovchi materiallarni yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning o‘rinbosarining O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qarori ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqish shikoyat sud tomonidan olingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida uch nafar sudyadan iborat tarkibda, ochiq sud majlisida prokuror, o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan shaxs va, agar ishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, uning himoyachisi ishtirokida amalga oshiriladi.

Sud majlisi boshlanishida raislik qiluvchi qaysi shikoyat ko‘rib chiqilishini e’lon qiladi, hozir bo‘lgan protsess ishtirokchilariga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Arizachi va (yoki) uning himoyachisi shikoyatni asoslab beradi, shundan so‘ng so‘z prokurorga beriladi.

602-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish (davomi)

Sud muhokamasi davomida sud shikoyat bergan shaxsning aybliligi masalasini muhokama qilmay, ustidan shikoyat berilgan qarorning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiqligini tekshirish bilan cheklanadi.

Shikoyatni ko‘rib chiqish natijasida sud quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:

shikoyatni qanoatlantirishsiz qoldirish to‘g‘risida;

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish haqida.

Sudning ajrimi apellyatsiya shikoyati berish yoki protesti bildirish muddati tugashi bilan qonuniy kuchga kiradi.

Sudning ajrimi o‘qib eshittirilganidan keyin darhol prokurorga, shuningdek o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan shaxsga va, agar ishda ishtirok etgan bo‘lsa, uning himoyachisiga yuboriladi.

Sudning ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida apellyatsiya tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat berilishi yoki protest bildirilishi mumkin.

Apellyatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali berilib, sud uni materiallar bilan birgalikda uch sutka ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga yuborishi va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini yozma ravishda xabardor qilishi shart.

Apellyatsiya shikoyati, protesti kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n sutkadan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

602-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish (davomi)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:

sud ajrimini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini, protestini esa qanoatlantirishsiz qoldirish to‘g‘risida;

sudning ajrimini bekor qilish to‘g‘risida.

Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi va darhol ijro etilishi kerak. Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi prokurorga ijroni tashkil etish uchun, o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan shaxsga va, agar ishda ishtirok etgan bo‘lsa, uning himoyachisiga ma’lumot uchun yuboriladi.

603-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni xorijiy davlatga ushlab berishni rad etish

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni xorijiy davlatga ushlab berishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi, agar:

o‘ziga nisbatan so‘rov kelib tushgan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lsa;

so‘rov yuborilishiga sabab bo‘lgan jinoyat O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga qarshi uning hududidan tashqarida sodir etilgan bo‘lsa;

so‘ralayotgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududida ayni o‘sha qilmish uchun qonuniy kuchga kirgan hukm yoki sudning ajrimi (qarori) yoxud vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi yoki uni tugatish to‘g‘risidagi bekor qilinmagan qarori mavjud bo‘lsa;

so‘rov yuborilishiga asos bo‘lgan qilmish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ko‘ra jinoyat bo‘lmasa;

O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atish mumkin bo‘lmasa yoki tugatilishi lozim bo‘lsa yoxud muddati o‘tib ketganligi tufayli yoki boshqa qonuniy asosga ko‘ra hukmni ijro etish mumkin bo‘lmasa;

so‘ralayotgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasida ayni o‘sha qilmish uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;

o‘ziga nisbatan so‘rov kelib tushgan shaxsga uni so‘rayotgan davlatda irqi, diniy e’tiqodi, fuqaroligi, millati, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi yoki siyosiy e’tiqodiga ko‘ra ta’qib etilishi mumkinligi sababli O‘zbekiston Respublikasida boshpana berilgan bo‘lsa.

603-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni xorijiy davlatga ushlab berishni rad etish (davomi)

So‘ralayotgan shaxsga nisbatan uning yo‘qligida chiqarilgan hukmni ijro etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish, agar hukm qilingan shaxs o‘zining himoyaga bo‘lgan huquqini ta’minlash uchun yetarlicha imkoniyatga ega bo‘lmagan deb hisoblashga asoslar bo‘lsa, rad etilishi mumkin. Agar so‘rovni yuborgan xorijiy davlat hukm qilingan shaxsga uning ishtirokida takroriy sud muhokamasi o‘tkazilishiga bo‘lgan huquqni kafolatlasa, ushlab berish amalga oshiriladi.

Agar O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish amalga oshirilmasa, bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organini rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda xabardor qiladi.

604-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berishni kechiktirish va vaqtincha ushlab berish

O‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida so‘rov kelib tushgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida boshqa jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilayotgan yoki jazoni o‘tayotgan bo‘lsa, uni ushlab berish jinoyat ishi tugatilguniga, hukm ijro etilguniga yoki har qanday qonuniy asosga ko‘ra jazodan ozod qilinguniga qadar kechiktirilishi mumkin.

Agar jazoni o‘tayotgan shaxsni ushlab berishni kechiktirish jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketishiga sabab bo‘lishi yoki jinoyatni tergov qilishga zarar yetkazishi mumkin bo‘lsa, so‘ralayotgan shaxs, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari tomonidan belgilangan shartlarga rioya etish majburiyati mavjud bo‘lgan taqdirda, vaqtincha ushlab berilishi mumkin.

Vaqtincha ushlab berilgan shaxs jinoyat ishi bo‘yicha qaysi protsessual harakatlar bajarilishi uchun ushlab berilgan bo‘lsa, o‘sha protsessual harakatlar bajarilganidan keyin, biroq shaxs topshirilgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay qaytarib berilishi kerak. Har ikkala davlat vakolatli organlarining o‘zaro ahdlashuviga ko‘ra bu muddat shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyat uchun hukm qilingan yoki qonunga muvofiq hukm qilinishi mumkin bo‘lgan jazo muddatidan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

605-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish uchun ushlab turish va qamoqqa olish

O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risida xorijiy davlatning vakolatli organidan tegishli tarzda rasmiylashtirilgan so‘rov olinganda va mazkur shaxsni ushlab berish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, ushbu shaxs ushlab turilishi va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin.

Xorijiy davlat vakolatli organining iltimosnomasiga binoan shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov olinguniga qadar ham ushlab turilishi mumkin. Iltimosnomada qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorga yoki qonuniy kuchga kirgan hukmga havola va mazkur so‘rov qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi ko‘rsatilishi kerak. Shaxsni qamoqqa olish to‘g‘risidagi iltimosnoma ushbu so‘rov yuborilguniga qadar pochta, telegraf, teleks, faks yoki boshqa aloqa vositalari orqali yetkazilishi mumkin.

Shaxs, agar u boshqa davlat hududida uni ushlab berishga sabab bo‘ladigan jinoyat sodir etgan deb gumon qilish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan iltimosnomasiz ham yetmish ikki soatgacha ushlab turilishi mumkin.

Shaxs ushlanganidan keyin ichki ishlar organlarining yoki boshqa surishtiruv organlarining xodimlari olingan materiallarni prokurorga taqdim etadi, u materiallarni o‘rganib chiqadi va ushlab turilgan shaxsning qidiruv e’lon qilingan shaxs ekanligi to‘g‘risida yetarli asoslar mavjud bo‘lgan, shuningdek ushbu Kodeksning 603-moddasida bayon qilingan asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi va uni sudga yuboradi.

605-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish uchun ushlab turish va qamoqqa olish (davomi)

Prokurorning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi, uning sudya tomonidan ko‘rib chiqilishi, ajrim chiqarilishi, shuningdek sudyaning ajrimi ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish ushbu Kodeksning 241 va 243-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Shaxs qamoqqa olinganligi to‘g‘risida prokuror O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni qamoqqa olish haqida iltimosnoma yoki ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborgan yoxud yuborishi mumkin bo‘lgan xorijiy davlatning vakolatli organini darhol yozma ravishda xabardor qiladi.

O‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risidagi masala ko‘rilayotgan shaxsni qamoqda saqlab turish muddati ko‘pi bilan uch oyni tashkil etadi. Mazkur muddat ushlab beriladigan shaxsning topshirilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek xorijiy davlatning vakolatli organidan O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar talab qilingan hollarda ushbu Kodeksning 245-moddasi ikkinchi qismida va 247-moddasida nazarda tutilgan tartibda uzaytirilishi mumkin.

Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi yoki qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalari talablariga rioya etilganligini hisobga oladi.

606-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxsni ozod qilish

Ushlab berishni ta’minlash uchun ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxs prokurorning qarori asosida darhol ozod qilinishi kerak, agar:

ushbu Kodeks 605-moddasining uchinchi qismiga muvofiq ushlab turilgan shaxsni qamoqqa olish to‘g‘risidagi iltimosnoma u ushlangan paytdan e’tiboran uch sutka ichida kelib tushmagan bo‘lsa;

xorijiy davlat vakolatli organining uni ozod qilish zarurligi to‘g‘risidagi xabarnomasi kelib tushgan bo‘lsa;

qamoqqa olingan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rov va unga ilova qilinadigan hujjatlar xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan qirq sutka ichida taqdim etilmagan bo‘lsa;

xorijiy davlatning vakolatli organidan qamoqqa olingan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga qo‘shimcha ravishda so‘ralgan ma’lumotlar bir oy ichida, xorijiy davlat vakolatli organining iltimosi kelib tushgan taqdirda esa ikki oy ichida kelib tushmagan bo‘lsa;

unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash yoki qamoqda saqlash muddatini uzaytirish sud tomonidan rad etilgan bo‘lsa;

uni ushlab berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa;

uni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa;

o‘ziga nisbatan ushlab berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan shaxs uni topshirish uchun belgilangan kundan e’tiboran o‘n besh sutka ichida xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan qabul qilib olinmagan bo‘lsa, agar bunday topshirish sanasi ko‘chirilmagan bo‘lsa.

606-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida ushlab turilgan yoki qamoqqa olingan shaxsni ozod qilish (davomi)

Prokuror qabul qilingan qaror haqida qamoqqa olish to‘g‘risida ajrim chiqargan sudni yozma ravishda xabardor qiladi.

Shaxsni ushlab berish maqsadida takroran ushlab turish va qamoqqa olishga O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risida yangi so‘rov olinganidan keyin yo‘l qo‘yiladi, ushbu modda birinchi qismining yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

607-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan ushlab beriladigan shaxsni topshirish

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushlab beriladigan shaxsni topshirish joyi, sanasi va vaqti haqida xorijiy davlatning vakolatli organini yozma ravishda xabardor qiladi. Agar mazkur shaxs topshirish uchun belgilangan kundan e’tiboran o‘n besh sutka ichida qabul qilib olinmasa, u qamoqdan ozod qilinadi.

Xorijiy davlatning vakolatli organi ushlab berilishi lozim bo‘lgan shaxsni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli qabul qilib olishi mumkin bo‘lmay qolgan va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini yozma ravishda xabardor qilgan taqdirda, topshirish sanasi ko‘chirilishi mumkin. Agar O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi ushlab berilishi lozim bo‘lgan shaxsni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli topshirishi mumkin bo‘lmay qolsa, topshirish sanasi o‘sha tartibda ko‘chirilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

O‘zarolik asosida xorijdagi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berish so‘ralganda, qilmish uchun ozodlikdan mahrum qilish eng kamida qancha muddatga nazarda tutilishi kerak?
  1. bir yildan
  2. olti oydan
  3. ikki yildan
  4. uch yildan

To‘g‘ri javob: bir yildan. Jinoiy javobgarlikka tortish uchun so‘rovda qilmish kamida bir yillik ozodlikdan mahrum qilish yoki og‘irroq jazo nazarda tutishi kerak.

Hukmni ijro etish uchun xorijdagi shaxsni ushlab berish so‘ralganda, shaxs eng kamida qancha muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan bo‘lishi kerak?
  1. ikki yildan
  2. uch oydan
  3. olti oydan
  4. bir yildan

To‘g‘ri javob: olti oydan. Hukmni ijro etish uchun shaxs olti oydan kam bo‘lmagan ozodlikdan mahrum qilishga yoki og‘irroq jazoga hukm qilingan bo‘lishi lozim.

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish to‘g‘risida xorijiy davlatning vakolatli organiga so‘rovni qaysi O‘zbekiston organi yuborishi mumkin?
  1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
  2. Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati
  3. Respublika Oliy sudi plenumi raisi o‘rinbosari
  4. Tashqi ishlar vazirligi konsullik xizmati

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi. 599-moddaga ko‘ra, so‘rovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi yuborishi mumkin.

O‘zarolik prinsipi asosida shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berish to‘g‘risida so‘rov yuborish uchun qilmish uchun qanday jazo nazarda tutilgan bo‘lishi kerak?
  1. Uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo yoki o‘lim jazosi
  2. Olti oydan kam bo‘lmagan muddatga axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo yoki jarima
  3. Bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo yoki og‘irroq jazo
  4. Besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo, boshqa holda emas

To‘g‘ri javob: Bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo yoki og‘irroq jazo. 599-moddaga ko‘ra, jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berishda bir yildan kam bo‘lmagan ozodlikdan mahrum qilish yoki og‘irroq jazo nazarda tutilishi kerak.

Xorijiy davlat hududida bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga qaysi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ilova qilinishi kerak?
  1. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi qaror va tergovchining dastlabki xulosasi, shuningdek guvohlar ko‘rsatuvlari bayonnomasining ko‘chirma nusxalari
  2. Gumon qilinuvchi sifatida ushlash protokoli va ehtiyot chorasi sifatida uy qamog‘i to‘g‘risidagi qaror, shuningdek jabrlanuvchi arizasining nusxalari
  3. Ekspertiza xulosasi va guvohlarning ko‘rsatuvlari bayonnomasi, shuningdek ayblov xulosasining tasdiqlangan ko‘chirma nusxalari, sudsiz holda
  4. Ayblanuvchi sifatida jalb qilish to‘g‘risidagi qaror va qamoqqa olish ehtiyot chorasi to‘g‘risidagi sud ajrimining tasdiqlangan nusxalari

To‘g‘ri javob: Ayblanuvchi sifatida jalb qilish to‘g‘risidagi qaror va qamoqqa olish ehtiyot chorasi to‘g‘risidagi sud ajrimining tasdiqlangan nusxalari. 599-moddaga ko‘ra, javobgarlikka tortish uchun so‘rovga jalb qilish qarori va qamoqqa olish haqidagi sud ajrimi nusxalari ilova qilinadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijda yashiringan mahkumni hukmni ijro etish uchun ushlab berish to‘g‘risida so‘rov tayyorlamoqda. So‘rovga qaysi hujjatlar ilova qilinishi kerak?
  1. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi qaror va jabrlanuvchining arizasi, shuningdek ayblov xulosasining ko‘chirma nusxasi
  2. Ayblanuvchi sifatida jalb qilish haqidagi qaror va jinoyat ishi bo‘yicha guvohlar ko‘rsatuvlari bayonnomasining nusxasi
  3. Tergov tugagani haqidagi qaror va oldingi sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, shuningdek ish materiallari nusxasi
  4. Qonuniy kuchga kirgan hukmning tasdiqlangan nusxasi va jazoning o‘talmagan muddati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma

To‘g‘ri javob: Qonuniy kuchga kirgan hukmning tasdiqlangan nusxasi va jazoning o‘talmagan muddati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma. 599-moddaga ko‘ra, hukmni ijro etish uchun so‘rovga hukm nusxasi va jazoning o‘talmagan muddati haqidagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Xorijiy davlat O‘zbekistonga ushlab bergan shaxs jazoni o‘tagandan keyin qancha vaqt ichida mamlakat hududini tark etmasa, ushlab bergan davlatning roziligi talab qilinmaydi?
  1. o‘n sutka
  2. olti oy
  3. uch oy
  4. bir oy

To‘g‘ri javob: bir oy. Jazo o‘talgandan yoki ozod qilingandan keyin bir oy ichida hududni tark etmagan shaxs uchun rozilik talab qilinmaydi.

Jinoyat-protsessual kodeksi — 600-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilgan shaxsning jinoiy javobgarligi doirasi
  2. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish
  3. O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni ushlab berishni kechiktirish va vaqtincha ushlab berish
  4. Xorijiy davlat hududida olingan dalillarning yuridik kuchi

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilgan shaxsning jinoiy javobgarligi doirasi. 600-modda: O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilgan shaxsning jinoiy javobgarligi doirasi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSudlar, prokurorlar, tergovchilar va surishtiruv organlarining xorijiy davlatlar vakolatli organlari bilan o‘zaro hamkorligining tartibi to‘g‘risidagi asosiy qoidalarKeyingi →Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish (2/3)