Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukmni ijro etish uchun ushlab berish (2/3)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
608-modda. Ushlab berilgan shaxsni tranzit tarzida o‘tkazish
Xorijiy davlat vakolatli organining uchinchi davlat tomonidan mazkur organga ushlab berilgan shaxsni O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomasi ushbu Kodeksning 601 va 603-moddalari talablariga rioya etilgan holda ko‘rib chiqiladi.
609-modda. Ashyolarni topshirish
Shaxsni xorijiy davlatning vakolatli organiga ushlab berishda jinoyat quroli bo‘lgan ashyolar, shuningdek jinoyat izlarini o‘zida aks ettirgan yoki jinoiy yo‘l bilan topilgan ashyolar topshiriladi. Bu ashyolar shaxsni ushlab berish uning vafot etganligi yoki boshqa sabablar tufayli amalga oshirilishi mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda ham mazkur organning iltimosiga binoan topshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ashyolarni topshirish, agar mazkur ashyolar boshqa jinoyat ishini yuritish uchun zarur bo‘lsa, vaqtincha kechiktirib turilishi mumkin.
Uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ashyolarni topshirish xorijiy davlat vakolatli organining jinoyat ishini yuritish tamomlanishi bilan ashyolarni qaytarish to‘g‘risidagi kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.
66-bob. XORIJIY DAVLAT SUDINING QARORINI TAN OLISH VA IJROGA QARATISH. OZODLIKDAN MAHRUM ETILGAN SHAXSNI JAZONI O‘TASHNI DAVOM ETTIRISH UCHUN, SHUNINGDEK O‘ZIGA NISBATAN TIBBIY YO‘SINDAGI MAJBURLOV CHORASI QO‘LLANILGAN SHAXSNI MAJBURIY DAVOLASHNI DAVOM ETTIRISH UCHUN QABUL QILIB OLISH VA XORIJIY DAVLATGA BERISH
610-modda. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish
Xorijiy davlat sudining qarori ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin:
- 1) xorijiy davlatda ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoga hukm qilingan va jazoni o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi — jazoni O‘zbekiston Respublikasida o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
- 2) xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan xorijiy davlat sudining tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarori mavjud bo‘lsa, — majburiy davolashni O‘zbekiston Respublikasida davom ettirish uchun qabul qilib olinganda;
- 3) xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilinib, jazoni o‘tamagan shaxs xorijiy davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berilganda;
- 4) xorijiy davlat sudi tomonidan hukm qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini xorijiy davlatga ushlab berish rad etilganda;
- 5) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
611-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun berish va qabul qilib olish asoslari
Ushbu Kodeksda belgilangan tartibda va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan:
- 1) jazoni o‘tashni davom ettirish uchun — O‘zbekiston Respublikasi sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan chet el fuqarosi o‘zi fuqaroligiga mansub bo‘lgan davlatga berilishi yoki xorijiy davlat sudi tomonidan ozodlikdan mahrum etilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xorijiy davlatdan qabul qilib olinishi mumkin;
- 2) majburiy davolashni davom ettirish uchun — O‘zbekiston Respublikasi hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan yoki ushbu qilmishni sodir etganidan keyin ruhiy holati buzilishi yuzaga kelgan va o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi sudining qarori mavjud bo‘lgan chet el fuqarosi o‘zi fuqaroligiga mansub bo‘lgan davlatga berilishi yoki xorijiy davlat sudi tomonidan o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xorijiy davlatdan qabul qilib olinishi mumkin.
612-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish shartlari
Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilib olishga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan yoki majburiy davolanishda bo‘lgan shaxsning yoxud uning qonuniy vakilining yoki yaqin qarindoshining arizasiga, shuningdek qabul qilinayotgan shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining yoki xorijiy davlat vakolatli organining so‘roviga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.
613-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish
Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar va ularning qonuniy vakillari yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek xorijiy davlatning vakolatli organlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun yoxud o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga qabul qilib olish to‘g‘risida murojaat qilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarni qabul qilib olish to‘g‘risida murojaat qilinganidan va ushbu shaxslarning fuqaroligi tasdiqlanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organiga masalani hal etish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risida so‘rov yuboradi.
So‘rov qanoatlantirilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarni qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritadi.
Iltimosnoma ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarning doimiy yashash joyi bo‘yicha, ularning doimiy yashash joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi hududida oxirgi ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha, ushbu Kodeksning 542-moddasida nazarda tutilgan tartibda jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining sudyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
613-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish (davomi)
Mahkumning yoki o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsning yo‘qligi xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi iltimosnomaning sud tomonidan ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
614-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olishda jazoni belgilash tartibi
Jazoni o‘tash uchun xalqaro shartnomalarga muvofiq xorijiy davlat tomonidan topshirilgan mahkumga nisbatan jazo muddati xorijiy davlat sudining hukmi bilan tayinlangan muddatga mutanosib ravishda hisoblanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq sodir etilgan jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoning eng ko‘p muddati xorijiy davlat sudining hukmi bilan tayinlangan muddatdan kam bo‘lsa, sud O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mazkur jinoyatni sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoning eng ko‘p muddatini belgilaydi.
Agar xorijiy davlat sudi tomonidan shaxsga xorijiy davlat hududida sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida esa ushbu jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilmagan bo‘lsa, sud mazkur jinoyat uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan og‘irroq jazo turini tayinlaydi.
Shaxsning xorijiy davlat hududida sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan jazo turi O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilmagan hollarda, sud xorijiy davlat sudi tomonidan tayinlangan jazo turiga mos keladigan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan boshqa jazo turini tayinlaydi.
Agar xorijiy davlat sudining hukmi bilan shaxsga bir necha qilmish uchun jazo tayinlangan bo‘lib, ularning ayrimlari O‘zbekiston Respublikasida jinoyat hisoblanmasa, sud xorijiy davlat sudining hukmi bo‘yicha tayinlangan jazoning qaysi qismi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblanadigan qilmishga nisbatan qo‘llanilishini belgilaydi.
614-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxsni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun, shuningdek o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsni majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olishda jazoni belgilash tartibi (davomi)
Xorijiy davlat sudining qarori bilan tayinlangan qo‘shimcha jazoni tan olish va ijroga qaratish sud tomonidan ushbu jinoyatning xususiyatidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va ushbu Kodeksga muvofiq hal qilinadi.
Xorijiy davlat sudining qarori bilan tayinlangan jazoning mahkum tomonidan o‘talgan qismi sud tomonidan ajrim chiqarishda jazo muddatiga qo‘shib hisoblanadi.
615-modda. Sud ajrimi
Sud iltimosnomani ko‘rib chiqib ajrim chiqaradi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1) xorijiy davlat sudining nomi, qaror qabul qilingan vaqt va joy;
- 2) mahkumning yoki o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, O‘zbekiston Respublikasidagi oxirgi yashash joyi, hukm qilinguniga yoki o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilguniga qadar ishlagan joyi va lavozimi, fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- 3) sodir etilishida shaxs aybli deb topilgan jinoyatning tavsifi va shaxsning hukm qilinishiga yoxud o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilishiga asos bo‘lgan xorijiy davlat jinoyat to‘g‘risidagi qonunining moddasi (qismi, bandi);
- 4) mahkum yoki o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxs sodir etgan jinoyat uchun javobgarlik nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining moddasi (qismi, bandi);
- 5) mahkumning O‘zbekiston Respublikasida o‘tashi kerak bo‘lgan jazo turi va muddati, tegishli tartibli koloniya turi, fuqarolik da’vosi bo‘yicha keltirilgan zararning o‘rnini qoplash yoki undirish tartibi, majburiy davolanayotgan shaxsga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasining turi;
- 6) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida kiritilgan iltimosnomani ko‘rib chiqishda, agar sud:
615-modda. Sud ajrimi (davomi)
- 1) xorijiy davlat sudining qarori bilan hukm qilingan yoxud o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan shaxsning qilmishi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblanmasligi;
- 2) jazoni ijro etish muddati o‘tib ketganligi tufayli yoxud O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida yoki xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa asosga ko‘ra xorijiy davlat sudining qarorini ijro etish mumkin emasligi;
- 3) xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga, suverenitetiga yoki xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkinligi haqida xulosaga kelsa, xorijiy davlat sudining qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Sudning ajrimi o‘qib eshittirilgan kundan e’tiboran kuchga kiradi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga uning ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish uchun, himoyachiga va boshqa manfaatdor shaxslarga esa ma’lumot uchun yuboriladi.
616-modda. Qabul qilib olingan shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etishni yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashni tashkil etish
Xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi sud ajrimi chiqarilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga, zarur bo‘lgan taqdirda esa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga shaxsni xorijiy davlat hududida jazoni ijro etish muassasasidan yoki psixiatriya muassasasidan berish va qabul qilib olish joyini, vaqtini, tartibini va tashkil etilishini kelishish to‘g‘risida topshiriq beradi.
Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan jazoni ijro etish yoki majburiy davolash O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoning o‘talmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish, afv etish, amnistiya aktini qo‘llash, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashni bekor qilish yoki o‘zgartirish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xorijiy davlatning vakolatli organini jazoni ijro etish yoki majburiy davolash holati va natijasi to‘g‘risida quyidagi hollarda xabardor qiladi:
- 1) jazoni ijro etish yoki majburiy davolash O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq yakunlanganida;
- 2) ushbu Kodeksning 611-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar vafot etganida yoki qochib ketganida.
Bilimingizni sinang
Xorijiy davlat vakolatli organining uchinchi davlat tomonidan ushlab berilgan shaxsni O‘zbekiston hududi orqali tranzit tarzida o‘tkazish iltimosnomasi qaysi moddalar talablariga rioya etilgan holda ko‘rib chiqiladi?
- 592 va 595-moddalar
- 601 va 603-moddalar
- 236 va 237-moddalar
- 610 va 611-moddalar
To‘g‘ri javob: 601 va 603-moddalar. 608-moddaga ko‘ra, tranzit iltimosnomasi 601 va 603-moddalar talablariga rioya etilgan holda ko‘rib chiqiladi.
Xorijiy davlat O‘zbekiston ushlab bermoqchi bo‘lgan shaxs vafot etgani sababli ushlab berish amalga oshirilmay qoldi. Jinoyat quroli bo‘lgan ashyolar bilan nima bo‘ladi?
- Ular zudlik bilan O‘zbekistonda yo‘q qilib tashlanadi, topshirilmaydi
- Ular O‘zbekistonda qoladi, xorijiy organga baribir topshirilmaydi
- Ular faqat O‘zbekiston davlat daromadiga o‘tkazilib yuboriladi
- Xorijiy organning iltimosiga binoan ashyolar baribir topshiriladi
To‘g‘ri javob: Xorijiy organning iltimosiga binoan ashyolar baribir topshiriladi. 609-moddaga ko‘ra, shaxs vafot etgani sababli ushlab berish mumkin bo‘lmasa ham, ashyolar xorijiy organning iltimosiga binoan topshiriladi.
Shaxsni ushlab berishda topshiriladigan ashyolarni topshirish qachon vaqtincha kechiktirilishi mumkin?
- Agar bu ashyolar boshqa jinoyat ishini yuritish uchun zarur bo‘lsa
- Agar xorijiy davlat ularni qabul qilishni istamasa, shunda
- Agar shaxs ushlab berishga rozilik bermagan bo‘lsa, shunda
- Agar ashyolar juda og‘ir bo‘lib, tashish qiyin bo‘lsa, shunda
To‘g‘ri javob: Agar bu ashyolar boshqa jinoyat ishini yuritish uchun zarur bo‘lsa. 609-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, boshqa jinoyat ishi uchun zarur bo‘lsa, topshirish kechiktirilishi mumkin.
Uchinchi shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash uchun ashyolarni topshirish qaysi shart bilan amalga oshiriladi?
- Xorijiy davlat ashyolar uchun barcha bojxona to‘lovlarini to‘lab bergan va ularni saqlashga rozilik bildirgan taqdirdagina
- Xorijiy davlat shaxsni qattiq jazolashga hamda hukmni O‘zbekistonga yuborishga yozma kafolat bergan taqdirdagina
- Xorijiy davlat vakolatli organining jinoyat ishi tugagach ashyolarni qaytarish to‘g‘risidagi kafolatlari mavjud bo‘lgandagina
- Ashyolar qiymati qonunda belgilangan eng kam miqdordan oshgan va ular xorijiy davlatda saqlanishi lozim bo‘lgan taqdirdagina
To‘g‘ri javob: Xorijiy davlat vakolatli organining jinoyat ishi tugagach ashyolarni qaytarish to‘g‘risidagi kafolatlari mavjud bo‘lgandagina. 609-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, topshirish ashyolarni qaytarish kafolatlari mavjud bo‘lgandagina amalga oshiriladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 610-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish
- Sud ajrimi
- Qabul qilib olingan shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni ijro etishni yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llashni tashkil etish
- O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan shaxsni xorijiy davlatga ushlab berishni rad etish
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish. 610-modda: O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish» qaysi moddada belgilangan?
- 603-modda
- 610-modda
- 616-modda
- 615-modda
To‘g‘ri javob: 610-modda. 610-modda: O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy davlat sudining qarorini tan olish va ijroga qaratish.
Xorijiy davlat sudining qarori O‘zbekiston Respublikasida quyidagi hollardan qaysi birida tan olinishi va ijroga qaratilishi mumkin?
- Xorijiy fuqaro O‘zbekistonga turistik maqsadda kelib, jinoyat sodir etmasdan, shaxsiy buyumlarini ro‘yxatdan o‘tkazganda
- O‘zbekiston fuqarosi xorijda ozodlikdan mahrum etilib, jazoni O‘zbekistonda o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda
- Xorijiy davlat sudi faqat jarima solgan va jarima O‘zbekistonda undirilishini talab qilganda, shaxs rozi bo‘lmasa ham
- Xorijiy davlatning vakolatli organi qarorni so‘zsiz va shartsiz hamda sud tekshiruvisiz ijro etishni talab qilganda
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston fuqarosi xorijda ozodlikdan mahrum etilib, jazoni O‘zbekistonda o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilib olinganda. 610-moddaning 1-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi jazoni O‘zbekistonda o‘tashni davom ettirish uchun qabul qilinganda qaror tan olinadi.
O‘zbekiston fuqarosi Rustam xorijiy davlat hududida aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etdi va xorijiy sud unga tibbiy majburlov chorasini qo‘lladi. Rustam O‘zbekistonda davolanishni davom ettirishi mumkinmi?
- Ha, majburiy davolashni O‘zbekistonda davom ettirish uchun qabul qilib olinsa, qaror tan olinishi mumkin
- Yo‘q, bunday qaror O‘zbekistonda hech qanday sharoitda tan olinmaydi va ijroga qaratilmaydi, davolash tugatiladi
- Ha, lekin faqat sud ishtirokisiz, Bosh prokuratura qarori bilan majburiy davolash davom ettiriladi
- Yo‘q, u majburiy davolanishni faqat xorijiy davlatning o‘zida davom ettirishi shart, qaytarilmaydi
To‘g‘ri javob: Ha, majburiy davolashni O‘zbekistonda davom ettirish uchun qabul qilib olinsa, qaror tan olinishi mumkin. 610-moddaning 2-bandiga ko‘ra, tibbiy majburlov chorasi haqidagi xorijiy qaror majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilinganda tan olinadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash