XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 163–168-m.

Olib qo‘yish va tintuv (2/2)

Uchinchi Bo‘Lim

163-modda. Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi

Surishtiruvchi, tergovchi olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazilgani to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilgan holda bayonnoma tuzadi. Sud tomonidan o‘tkazilgan narsalarni, hujjatlarni va elektron ma’lumotlarni olib qo‘yish natijalari sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.

Bayonnomada narsalarning, hujjatlarning va elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlarning aynan qayerda va qanday sharoitda topilganligi, ixtiyoriy ravishda berilganligi yoki majburiy ravishda olinganligi ko‘rsatilishi kerak. Barcha olingan narsalar, hujjatlar va elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar bayonnomada birma-bir qayd qilinib, ularning miqdori, o‘lchovi, og‘irligi, har qaysisining o‘ziga xos belgilari ko‘rsatilishi, zarurat bo‘lgan taqdirda o‘ralishi va muhrlanishi kerak.

Olib qo‘yish yoki tintuv vaqtida izlanayotgan narsalarni yoki hujjatlarni yoxud elektron ma’lumotlarni yo‘q qilishga yoki yashirishga urinish hollari sodir bo‘lgan taqdirda, bu hol surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ko‘rilgan choralar ham ko‘rsatilib bayonnomada aks ettirilishi lozim.

164-modda. Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi

Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasi yo sud majlisining olib qo‘yishni o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonnomasidan ko‘chirma tintilgan shaxsga yoki uning voyaga yetgan oila a’zolariga, ular bo‘lmagan taqdirda esa, tegishli hokimlik yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi. Zarur hollarda mazkur shaxslarga olib qo‘yilayotgan hujjatlarning nusxalari beriladi.

165-modda. Diplomatiya vakolatxonalarining binolaridan va diplomatiya vakillaridan olib qo‘yish yoki ularda tintuv o‘tkazish

Olib qo‘yish yoki tintuv diplomatiya vakolatxonasi hududida o‘tkazilayotganda diplomatiya vakolatxonalari va ularning diplomatiya daxlsizligiga ega bo‘lgan xodimlari, shuningdek ularning oila a’zolari egallab turgan binolarda faqat diplomatiya vakolatxonasi boshlig‘ining iltimosiga ko‘ra yoki uning roziligi bilan o‘tkazilishi mumkin, diplomatiya vakolatxonasi xodimlarining yoki ularning voyaga yetgan oila a’zolarining istiqomat joylarida yoxud ular egallab turgan boshqa binolarda olib qo‘yish va tintuv ularning iltimoslariga ko‘ra yoki roziliklari bilan o‘tkazilishi mumkin. Ko‘rsatilgan imtiyozlar O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinmagan bo‘lsa-da diplomatiya daxlsizligiga ega bo‘lgan ajnabiy vakillarga va ularning oila a’zolariga ham beriladi.

Diplomatiya daxlsizligiga ega bo‘lgan shaxsga va uning oila a’zolariga nisbatan shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yish ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilgan holda o‘tkazilishi mumkin.

Diplomatiya vakili yoki uning oila a’zolarining olib qo‘yishga yoki tintuv o‘tkazishga roziligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali so‘raladi.

Diplomatiya vakolatxonalari va diplomatiya daxlsizligidan foydalanadigan vakillar, shuningdek ularning oila a’zolari joylashgan binolarda tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazish chog‘ida prokuror va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining vakili hozir bo‘lishi shart.

166-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish

Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yuborgan yoxud boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarida sodir etilgan jinoyatga doir ma’lumotlar yoki ish uchun ahamiyatga molik hujjatlar, buyumlar bor deb gumon qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lganda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi mazkur shaxslarning barcha pochta-telegraf jo‘natmalarini yoki ularning ayrimlarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur tergov harakatini o‘tkazish asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.

Xatlab qo‘yilishi mumkin bo‘lgan pochta-telegraf jo‘natmalari jumlasiga barcha turdagi xatlar, telegrammalar, radiogrammalar, banderollar, posilkalar, pochta konteynerlari kiradi.

Prokurorning, tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorida: xat-xabarlari ushlab turilishi lozim bo‘lgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi; bu shaxsning doimiy yashash joyi manzili; xatlanayotgan pochta-telegraf jo‘natmalarining turlari; xatlash chorasining muddati; jo‘natmalarni ushlab turish va bu haqda prokurorga, tergovchiga yoki surishtiruvchiga ma’lum qilish majburiyati yuklatilgan aloqa muassasasining nomi ko‘rsatiladi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.

Tergovchining yoki surishtiruvchining pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.

166-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish (davomi)

Prokuror pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.

Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchining boshqa shaxslarga yoki boshqa shaxslarning sudlanuvchiga yuborgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash esa ushbu Kodeksning 423, 438-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal etiladi.

166¹-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo‘lmagan yoxud pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Sud majlisida prokuror, zarurat bo‘lgan hollarda tergovchi, surishtiruvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ham ishtirok etadi.

Sud majlisining o‘tkazilish joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning sud majlisiga kelmaganligi pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi.

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur tergov harakatini o‘tkazish zaruratini asoslab beradi, so‘ngra taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.

166²-modda. Sud ajrimi

Sudya pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risida yoki pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad etish haqida ajrim chiqaradi.

Sudyaning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad etish haqidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan sud ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrim tegishli aloqa muassasasining boshlig‘iga yuboriladi va uni bajarish mazkur boshliq uchun majburiydir. Bu ajrimni bajarmaganlik yoki uning mazmunini oshkor etganlik qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Aloqa muassasasining boshlig‘i sud ajrimida ko‘rsatilgan xat-xabarlar va boshqa jo‘natmalarni ushlab turadi hamda bu haqda prokurorga, tergovchiga, surishtiruvchiga yoki sudga darhol ma’lum qiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan sud ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud ularni qirq sakkiz soat ichida materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Shikoyat yoki protest berilishi sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib turmaydi. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda ko‘rib chiqishi kerak.

166²-modda. Sud ajrimi (davomi)

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:

sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;

sudyaning ajrimini bekor qilishga va pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yishga yoki pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni rad etishga haqli.

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash rad etilgan taqdirda, aynan o‘sha gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlashni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.

167-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini ko‘zdan kechirish va olib qo‘yish

Surishtiruvchi yoki tergovchi aloqa muassasasiga borib, ushlab turilgan pochta-telegraf jo‘natmalarini xolislar ishtirokida, zarurat bo‘lganda esa tegishli mutaxassis ishtirokida ochadi va ko‘zdan kechiradi. Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar, narsalar, hujjatlar, elektron ma’lumotlar topilgan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi tegishli pochta-telegraf jo‘natmalarini olib qo‘yadi yoxud ulardan nusxa ko‘chirish bilan chegaralanadi. Ko‘zdan kechirilgan jo‘natmalarda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lumotlar, narsalar, hujjatlar, elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, surishtiruvchi, tergovchi ko‘zdan kechirilgan xat-xabarni egasiga yetkazish to‘g‘risida yoki uni o‘zi belgilagan muddatgacha ushlab turish haqida ko‘rsatma beradi.

Ushlangan jo‘natmalar ko‘zdan kechirilgan har bir holda bayonnoma tuzilib, unda qaysi pochta-telegraf jo‘natmalari ko‘zdan kechirilganligi, nimalar olinganligi va nimalar egalariga yuborilishi, nimalar esa vaqtincha ushlab qolinishi kerakligi, qaysi jo‘natmalardan nusxalar olinganligi ko‘rsatilishi lozim. Bayonnoma ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda tuziladi.

168-modda. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yishni bekor qilish

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda, surishtiruvchi, tergovchi tomonidan prokurorning roziligi bilan yoki bu chorani qo‘llashga zarurat qolmasa, sud tomonidan bekor qilinadi. Surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida ish tugatilganda, birinchi instansiya sudida esa, ishni tugatish haqida ajrim chiqarilganda yoxud hukm qonuniy kuchga kirgach, xatlab qo‘yish chorasi bekor qilinishi lozim.

Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash chorasining bekor qilinganligi aynan bir shaxsga nisbatan pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat etishga monelik qilmaydi.

Bilimingizni sinang

Jinoyat-protsessual kodeksi — 163-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sud ajrimi
  2. Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi
  3. Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi
  4. Pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish

To‘g‘ri javob: Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi. 163-modda: Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi.

Jinoyat-protsessual kodeksi: «Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 158³-modda
  2. 166¹-modda
  3. 164-modda
  4. 163-modda

To‘g‘ri javob: 163-modda. 163-modda: Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi.

Sud tomonidan o‘tkazilgan narsalar, hujjatlar va elektron ma’lumotlarni olib qo‘yish natijalari qayerda aks ettiriladi?
  1. Prokurorning xulosasida
  2. Alohida tergov bayonnomasida
  3. Sud majlisi bayonnomasida
  4. Sud ajrimining rezolutiv qismida

To‘g‘ri javob: Sud majlisi bayonnomasida. 163-moddaga ko‘ra, sud o‘tkazgan olib qo‘yish natijalari sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.

Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasida olingan narsalar qanday tartibda qayd etilishi kerak?
  1. Umumiy ro‘yxat sifatida, miqdorisiz va og‘irligisiz, faqat nomi hamda taxminiy qiymati ko‘rsatilib
  2. Faqat qiymati bo‘yicha jamlab, narsalarning o‘ziga xos belgilari va miqdori ko‘rsatilmasdan
  3. Birma-bir qayd qilinib, miqdori, o‘lchovi, og‘irligi va o‘ziga xos belgilari ko‘rsatilishi kerak
  4. Faqat xolislarning og‘zaki bayoni asosida, bayonnomaga ro‘yxat kiritilmasdan va nomlarsiz

To‘g‘ri javob: Birma-bir qayd qilinib, miqdori, o‘lchovi, og‘irligi va o‘ziga xos belgilari ko‘rsatilishi kerak. 163-moddaga ko‘ra, olingan narsalar birma-bir qayd qilinib, miqdori, o‘lchovi, og‘irligi va belgilari ko‘rsatiladi.

Tintuv vaqtida tintilayotgan Anvar izlanayotgan hujjatni tualetda yuvib yuborishga urindi. Tergovchi uning oldini oldi. Bu holat bayonnomada qanday aks ettirilishi lozim?
  1. Bu hol bayonnomada ko‘rsatilmaydi, chunki muvaffaqiyatsiz urinish
  2. Faqat Anvarning ismi yoziladi, tergovchi choralari yozilmaydi
  3. Bu holat alohida sud ajrimi bilan rasmiylashtiriladi
  4. Bu hol va tergovchi ko‘rgan choralar bayonnomada aks ettirilishi lozim

To‘g‘ri javob: Bu hol va tergovchi ko‘rgan choralar bayonnomada aks ettirilishi lozim. 163-moddaga ko‘ra, yo‘q qilish yoki yashirishga urinish va ko‘rilgan choralar bayonnomada aks ettiriladi.

Jinoyat-protsessual kodeksi — 164-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Sud ajrimi
  2. Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi
  3. Olib qo‘yish yoki tintuv bayonnomasi
  4. Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turishni, ular orqali uzatiladigan axborotni olishni amalga oshirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish

To‘g‘ri javob: Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi. 164-modda: Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi.

Jinoyat-protsessual kodeksi: «Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 164-modda
  2. 166²-modda
  3. 163-modda
  4. 169¹-modda

To‘g‘ri javob: 164-modda. 164-modda: Olib qo‘yish yoki tintuv to‘g‘risidagi qaror va bayonnomaning nusxasini topshirish shartligi.

Tintilgan shaxs va uning voyaga yetgan oila a’zolari bo‘lmasa, qaror va bayonnoma nusxasi kimga topshirilib, tilxat olinadi?
  1. Qo‘shnilardan biriga yoki tintuv o‘tkazilgan joy yaqinida yashovchi shaxsga
  2. Xolislardan biriga yoki tintuvda ishtirok etgan mutaxassis shaxsga
  3. Tintuvni o‘tkazgan tergovchining bevosita rahbariga yoki prokuratura xodimiga
  4. Tegishli hokimlik yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga

To‘g‘ri javob: Tegishli hokimlik yoxud fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga. 164-moddaga ko‘ra, ular bo‘lmasa, hokimlik yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOlib qo‘yish va tintuv (1/2)Keyingi →Telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish