XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 181–187³-m.

Ekspertiza (2/3)

Uchinchi Bo‘Lim

181-modda. Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi

Murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan, shuningdek kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanishga faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan, agar ushbu shaxs voyaga yetmagan yoki uning ruhiy holati buzilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakilining, vasiysining yoki homiysining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

182-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda ekspertiza o‘tkazish

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertiza tayinlash to‘g‘risida o‘zi chiqargan qarorni yoki ajrimni, tekshirish obyektlarini, zarur hollarda esa jinoyat ishini ham davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbariga yuboradi. Agar qaror yoki ajrimda ekspert ko‘rsatilmagan bo‘lsa, tashkilotning rahbari mazkur tashkilot xodimlaridan qaysi biri ekspertiza o‘tkazishi to‘g‘risida farmoyish berishi kerak. Bu haqda u ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) xabar beradi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari ekspertiza o‘tkazishni tashkil qiladi, tekshirish obyektlarining saqlanishini ta’minlaydi, ekspertizani o‘tkazish muddatlarini aniqlaydi, ekspert tekshiruvi tugaganidan so‘ng xulosani, tekshirish obyektlari va ish materiallarini ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari, agar mazkur tashkilotda ekspert tekshiruvlarini o‘tkazish uchun tegishli mutaxassislar yoxud zarur moddiy-texnik baza yoki maxsus sharoitlar bo‘lmasa, ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimni ijro etmasdan hamda ekspertizani o‘tkazish uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarini uch kunlik muddatda qaytarish; ekspertizani tayinlagan organdan (shaxsdan) ekspertlar komissiyasi tarkibiga ushbu tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni, shu jumladan boshqa davlatlardan mutaxassislarni, agar ekspertizani o‘tkazish uchun ularning maxsus bilimlari zarur bo‘lsa, kiritish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega.

182-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda ekspertiza o‘tkazish (davomi)

Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) roziligisiz ekspertizani o‘tkazish uchun ushbu tashkilotda ishlamaydigan mutaxassislarni jalb etishga; ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha tekshirish obyektlarini ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) qarori yoki ajrimisiz talab qilib olishga haqli emas.

183-modda. Ekspertiza muassasasidan tashqarida ekspertiza o‘tkazish

Ekspertiza ekspertiza muassasasidan tashqarida o‘tkaziladigan bo‘lsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risida qaror yoki ajrim chiqargandan keyin ekspertiza o‘tkazish topshirilayotgan shaxsni chaqirtiradi, uning shaxsi va malakasini, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, jabrlanuvchiga bo‘lgan munosabatini va uni rad etishga asoslar bor-yo‘qligini aniqlaydi.

Ekspertizani tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertga ekspertiza tayinlanganligi to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni taqdim etadi, uni ushbu Kodeksning 68-moddasida ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari bilan tanishtiradi va bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz ish yopiq sud majlisida ko‘rilganda esa yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bundan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiradi. Ekspert bergan ariza va iltimosnomalar ham shu zaylda qayd etiladi. Ekspertning iltimosi rad etilgan taqdirda, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud bu haqda qaror yoki ajrim chiqaradi.

183-modda. Ekspertiza muassasasidan tashqarida ekspertiza o‘tkazish (davomi)

Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi yoki guvohning badanini yoxud ruhiy holatini tekshirish zarurati paydo bo‘lsa, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ularning ekspertga olib kelinishini ta’minlashi shart.

184-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi

Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi ekspert tekshiruvlarini o‘tkazib bo‘lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.

Xulosada: ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy; ekspertizani o‘tkazish asosi; ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) to‘g‘risida ma’lumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o‘tkazish topshirilgan tashkilot haqida ma’lumotlar; ekspertning bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz, ish yopiq sud majlisida ko‘rilganda esa yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qo‘yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumotlar; qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holda ekspert tekshiruvlarining mazmuni va natijalari, shuningdek bu ekspert tekshiruvlari, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo‘lsa, kim tomonidan o‘tkazilganligi; ekspert tekshiruvi natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan va ekspertning tashabbusiga ko‘ra aniqlangan holatlar ko‘rsatilishi lozim.

184-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi (davomi)

Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.

Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi. Ekspert tekshiruvining olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) talabiga binoan ishga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.

Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi ekspert tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lib qolsa, xulosa ayrim qo‘yilgan savollarga javob berishni rad etish asosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Ekspert tekshiruvi tugaganidan so‘ng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi.

185-modda. Xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat

Agar ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.

186-modda. Ekspertni so‘roq qilish

Ekspertning xulosasi yetarli darajada aniq bo‘lmay, kamchiliklarini to‘ldirish uchun qo‘shimcha tekshirish o‘tkazishga zarurat bo‘lmasa yoki ekspert foydalangan usullarga aniqlik kiritish zarur bo‘lib qolsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertni ushbu Kodeksning 98 — 108-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda so‘roq qilish huquqiga ega.

Ekspert faqat o‘zi tomonidan berilgan xulosa va shaxsan o‘tkazgan ekspert tekshiruvlari yuzasidan so‘roq qilinishi mumkin.

Ekspertni u xulosa berguniga qadar so‘roq qilish taqiqlanadi.

187-modda. Ekspert xulosasini baholash

Ekspert xulosasi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiallari bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan birgalikda uning ilmiy asoslanganligi va ekspertiza o‘tkazish uchun belgilangan barcha protsessual qoidalarga rioya etilganligi nuqtai nazaridan baholanadi.

Ekspertning xulosasi surishtiruvchi, tergovchi yoki sud uchun muqarrar daliliy kuchga ega emas. Xulosaga qo‘shilmaslik qarorda yoki ajrimda asoslab berilishi lozim.

Agar jinoyat ishi yoki tergovga qadar tekshiruv materiallari bo‘yicha bir necha ekspertiza o‘tkazilgan va ekspertlar bir xil fikrga kelmagan bo‘lsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ba’zi ekspertlarning xulosalariga qo‘shilish va boshqa ekspertlarning xulosalariga qo‘shilmaslik to‘g‘risidagi o‘z fikrini asoslab berishi lozim.

22¹-bob. Taftish

187¹-modda. Taftish tayinlash uchun asoslar

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni taftish qilish ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatlar haqidagi ma’lumotlarni tekshirilayotgan subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarini o‘rganish hamda taqqoslab ko‘rish yo‘li bilan olish mumkin bo‘lgan hollarda tayinlanadi. Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning maxsus bilimlarga ega ekanligi taftishni tayinlashdan ozod etmaydi.

Tadbirkorlik subyektini taftish qilish faqat uning qonunchilikni buzganligi faktlari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshiriladi. Bunda taftishga tadbirkorlik subyektining faqat qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bilan bog‘liq faoliyati qamrab olinishi mumkin.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar taftishni tayinlashga faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

187²-modda. Taftishni tayinlash

Taftish tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan tayinlanadi.

Taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

Taftish o‘tkazish chog‘ida taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda ko‘rsatilmagan masalani yoki masalalar doirasini, shuningdek moliya-xo‘jalik faoliyatining davrini o‘rganish taqiqlanadi.

Ushbu Kodeksning 187³-moddasida ko‘rsatilgan organlar va tashkilotlar taftishni tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim olingan paytdan e’tiboran ikki ish kunidan kechiktirmay taftish o‘tkazish haqida taftishni o‘tkazish uchun tayinlangan shaxslarni albatta ko‘rsatgan holda buyruq chiqaradi.

187³-modda. Taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar

Taftish o‘tkazish uchun tayinlanadigan shaxslar sifatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining, davlat soliq xizmatining, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining mutaxassislari ishtirok etishi mumkin.

Zarur bo‘lgan hollarda, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra boshqa davlat organlari va tashkilotlarning xodimlari ham taftish o‘tkazish uchun jalb etilishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Jinoyat-protsessual kodeksi — 181-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risidagi hujjat
  2. Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi
  3. Komissiyaviy ekspertiza
  4. Kompleks ekspertiza

To‘g‘ri javob: Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi. 181-modda: Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi.

Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 181-modda
  2. 178-modda
  3. 177-modda
  4. 185-modda

To‘g‘ri javob: 181-modda. 181-modda: Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi.

Ekspertiza o‘tkazishda murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan yoki kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanishga qachon yo‘l qo‘yiladi?
  1. Faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan
  2. Faqat tergovchining yozma qarori va prokuror roziligi bilan
  3. Faqat prokuror ruxsati bilan va shifokor xulosasiga ko‘ra
  4. Faqat sud ajrimi bilan va ekspertiza muassasasi roziligi bilan

To‘g‘ri javob: Faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan. 181-moddaga ko‘ra, bunday usullardan foydalanishga faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Voyaga yetmagan jabrlanuvchi Sevaraga nisbatan kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq tibbiy tekshiruv usulini qo‘llash zarur bo‘ldi. Kimning roziligi talab etiladi?
  1. Faqat tergovchining yozma ruxsati va prokurorning roziligi
  2. Faqat maktab direktorining yoki sinf rahbarining roziligi
  3. Faqat ekspertizani o‘tkazuvchi ekspertning roziligi
  4. Uning qonuniy vakilining, vasiysining yoki homiysining

To‘g‘ri javob: Uning qonuniy vakilining, vasiysining yoki homiysining. 181-moddaga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs uchun qonuniy vakil, vasiy yoki homiyning roziligi talab etiladi.

Ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimda ekspert ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazish uchun xodimni kim tanlaydi?
  1. Tergovchi ekspertni o‘zi og‘zaki ravishda tanlaydi va tashkilotga bu haqda xabar beradi
  2. Prokuror shaxsan tashkilot xodimlaridan birini tanlab, bu haqda qaror chiqaradi
  3. Jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi o‘zi ishonadigan ekspertni tashkilotdan tanlaydi
  4. Tashkilotning rahbari mazkur tashkilot xodimlaridan birini farmoyish bilan belgilaydi

To‘g‘ri javob: Tashkilotning rahbari mazkur tashkilot xodimlaridan birini farmoyish bilan belgilaydi. 182-moddaga ko‘ra, rahbar tashkilot xodimlaridan qaysi biri ekspertiza o‘tkazishi to‘g‘risida farmoyish beradi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasining rahbari ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq quyidagi vazifalardan qaysi birini bajaradi?
  1. Ekspert xulosasini o‘zgartiradi va ekspertizani o‘tkazish muddatlarini mustaqil ravishda belgilaydi
  2. Ekspertga jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosasini tuzib beradi va uning mazmunini tasdiqlaydi
  3. Tekshirish obyektlarining saqlanishini ta’minlaydi va ekspertizani o‘tkazish muddatlarini aniqlaydi
  4. Guvohlarni so‘roq qiladi va ekspertiza o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan tergov harakatlarini bajaradi

To‘g‘ri javob: Tekshirish obyektlarining saqlanishini ta’minlaydi va ekspertizani o‘tkazish muddatlarini aniqlaydi. 182-moddaga ko‘ra, rahbar ekspertizani tashkil qiladi, obyektlar saqlanishini ta’minlaydi va muddatlarni aniqlaydi.

Ekspertiza muassasasida ekspertiza o‘tkazish uchun tegishli mutaxassislar ham, moddiy-texnik baza ham yo‘q. Muassasa rahbari nima qilishga haqli?
  1. Ekspertizani o‘tkazmasdan, obyektlarni sud ajrimisiz yo‘q qilib, ish materiallarini arxivga topshirishga
  2. Qaror yoki ajrimni ijro etmasdan, taqdim etilgan obyektlar va materiallarni uch kunlik muddatda qaytarishga
  3. Qarorni ijro etmasdan, taqdim etilgan obyektlarni o‘zida cheksiz muddat saqlab, tergovchiga xabar bermaslikka
  4. Qarorni ijro etib, ekspertni o‘zi tanlab, zarur mutaxassislar bo‘lmasa ham, xulosa tuzdirishga

To‘g‘ri javob: Qaror yoki ajrimni ijro etmasdan, taqdim etilgan obyektlar va materiallarni uch kunlik muddatda qaytarishga. 182-moddaga ko‘ra, rahbar qaror yoki ajrimni ijro etmasdan obyektlar va materiallarni uch kunlik muddatda qaytarishga haqli.

Ekspertiza muassasasi rahbari Qodirov ekspertiza uchun muassasada ishlamaydigan mutaxassisni ekspertizani tayinlagan tergovchining roziligisiz o‘zi jalb qildi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Harakat qonuniy, chunki rahbar ekspertizani tashkil qiladi va uni o‘tkazish uchun mutaxassislarni mustaqil jalb qila oladi
  2. Harakat qonunga zid, chunki muassasa rahbari ekspertizani o‘tkazish uchun mutaxassislarni umuman jalb eta olmaydi
  3. Harakat qonuniy, agar jalb qilingan mutaxassis bepul ishlasa va tergovchi bu haqda keyin xabardor qilinsa
  4. Harakat qonunga zid, chunki rahbar bunday mutaxassisni tayinlagan organning roziligisiz jalb etishga haqli emas

To‘g‘ri javob: Harakat qonunga zid, chunki rahbar bunday mutaxassisni tayinlagan organning roziligisiz jalb etishga haqli emas. 182-moddaga ko‘ra, rahbar tashqi mutaxassislarni tayinlagan organning roziligisiz jalb etishga haqli emas.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEkspertiza (1/3)Keyingi →Ekspertiza (3/3)