Ekspertiza tekshiruvi uchun namunalar olish
Uchinchi Bo‘Lim
188-modda. Namunalarning turlari va ularni olish usullari
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tirik odamning, murdaning, hayvonning, o‘simlikning, buyumning, materialning yoki moddaning xususiyatlarini o‘zida aks ettiruvchi namunalar olishga, basharti ularning ekspert tekshiruvi ekspert oldiga qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun zarur bo‘lsa, haqlidir.
Tirik odamdan o‘zida uning xususiyatlarini aks ettiruvchi: biologik — qon, soch, so‘lak, inson organizmidan ajralib chiqadigan moddalar; psixofizik — dastxat; anatomik — teri naqshining chiziqlari, tish qoliplari; shuningdek ovozning xususiyatlari, kasb malakasini aks ettiruvchi namunalar olinishi mumkin. Murdani ko‘zdan kechirishda ham tekshiruv o‘tkazish uchun kerakli moddiy namunalar olinishi mumkin.
Namuna tariqasida xom ashyo, mahsulot va boshqa materiallardan moddaning turga oid yoki o‘ziga xos fizik yoxud kimyoviy xossalarini aks ettiruvchi namunalar olinishi mumkin.
Tekshiruv o‘tkazish jarayonida ekspert gilza, o‘q, buzish asboblari va boshqa obyektlarning tajriba namunalarini tayyorlashga va ularning eksperimental izlariga qarab, o‘xshashlik yoki farqlanish masalasini hal etishga haqlidir.
189-modda. Namuna olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar va organlar
Ekspert tekshiruvi namunalar olinadigan shaxsni yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lmasa va alohida kasb mahoratini talab qilmasa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning o‘zi, zarurat bo‘lganda esa shifokor, boshqa mutaxassis, ekspert ishtirokida ekspert tekshiruvi uchun namunalar olishga haqlidir.
Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish yalang‘och bo‘lishni taqozo etsa yoki alohida kasb mahoratini talab qilsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning topshirig‘iga binoan tekshiruv uchun namunalarni shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassis oladi.
190-modda. Namuna olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar
Ekspert tekshiruvi uchun namunalar gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash bo‘yicha ustidan ish yuritilayotgan shaxsdan olinishi mumkin.
Hodisa sodir bo‘lgan joyda yoki ashyoviy dalillarda boshqa shaxslar tomonidan ham iz qoldirilgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yetarlicha asoslar bo‘lgan taqdirda shu shaxslardan ham ekspert tekshiruvi uchun namuna olinishi mumkin.
191-modda. Namuna olish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim
Namuna olish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Unda: namuna oladigan shaxs yoki organ; namuna olinishi kerak bo‘lgan shaxs; aynan qanday namuna va qancha miqdorda olinishi lozimligi; namuna olinadigan shaxs qachon va kimning huzuriga kelishi zarurligi; olingan namunaning qachon va kimga taqdim qilinishi kerakligi ko‘rsatilishi lozim.
192-modda. Namuna olishda majburlov chegarasi
O‘zidan namuna olinishi uchun kelishdan bosh tortayotgan gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar, sudlanuvchilar, jabrlanuvchilar majburiy keltirilishi mumkin, bunda, basharti qo‘llaniladigan usullar og‘riq bermaydigan hamda inson hayoti va salomatligi uchun xavfsiz bo‘lsa, ulardan majburlov yo‘li bilan namunalar olinadi.
O‘zga shaxslardan namunalar faqat ushbu Kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan hollarda hamda tanosil kasalligi va boshqa yuqumli kasalliklarni aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda majburlov yo‘li bilan olinishi mumkin.
193-modda. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan namunalar olish tartibi
Surishtiruvchi yoki tergovchi namuna olinishi kerak bo‘lgan shaxsni chaqirtiradi yoki u turgan joyga borib, uni namuna olish to‘g‘risidagi qaror yoki sudning o‘ziga kelib tushgan ajrimi bilan tanishtirib tilxat oladi va bu shaxsga, mutaxassisga, xolislarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi, agar kimdir rad etilgan bo‘lsa, bu masalani hal qiladi. Keyin surishtiruvchi yoki tergovchi kerakli harakatlarni bajaradi va ekspert tekshiruvi uchun namunalar oladi. Bunda og‘riq bermaydigan hamda inson hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lmagan ilmiy-texnikaviy vositalar qo‘llanilishi mumkin.
Murdadan, shuningdek xom ashyolardan, mahsulotlardan, boshqa materiallardan namunalar olish eksgumatsiya qilish, olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Olingan namunalar o‘raladi va muhrlanadi. Keyin surishtiruvchi yoki tergovchi ularni namuna olish bayonnomasi bilan birga tegishli ekspertga yuboradi. Agar namuna olish sudning ajrimiga binoan amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu ajrimni bajargan surishtiruvchi yoki tergovchi namunalarni ularni olish to‘g‘risidagi bayonnoma bilan birga sudga yuboradi. Sud taraflar ishtirokida namunalarni ko‘zdan kechirib, ularning haqiqiyligiga va to‘la saqlanganligiga ishonch hosil qilgandan keyin olingan namunani ajrim va bayonnoma bilan birga tegishli ekspertga yuboradi.
194-modda. Shifokor yoki boshqa mutaxassis tomonidan namunalar olish tartibi
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tegishli shaxsni, shuningdek undan namuna olish to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni shifokorga yoki boshqa mutaxassisga yuboradi. Shifokorni, boshqa mutaxassisni, xolislarni rad etish masalasini qaror yoki ajrim chiqargan surishtiruvchi, tergovchi yoki sud hal qiladi.
Shifokor yoki boshqa mutaxassis zarur harakatlarni bajaradi va ekspert tekshiruvi uchun namunalar oladi. Bunda og‘riq bermaydigan hamda inson hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lmagan ilmiy-texnikaviy vositalardan foydalanilishi mumkin. Namunalar o‘ralib va muhrlanib, surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga yuboriladi.
Tekshirish uchun hayvonlardan namunalar olish zarurati tug‘ilsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tegishli qarorni yoxud ajrimni veterinarga yoki boshqa mutaxassisga yuboradi.
195-modda. Ekspert tomonidan tajriba uchun namunalar olish
Tekshiruv o‘tkazish jarayonida ekspert tomonidan ushbu Kodeks 188-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tajriba namunalari tayyorlanishi mumkin.
Surishtiruvchi yoki tergovchi bunday namunalarni tayyorlash chog‘ida hozir bo‘lishga haqli bo‘lib, bu hol ular tomonidan tuziladigan bayonnomada aks ettiriladi.
Ekspert tekshiruv o‘tkazib bo‘lganidan keyin namunalarni muhrlangan holda o‘z xulosasiga qo‘shib qo‘yadi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi, sud muhokamasida esa sud va taraflar ekspert taqdim qilgan tajriba namunalarini ko‘zdan kechiradilar, shundan so‘ng ular ashyoviy dalil sifatida jinoyat ishiga qo‘shib qo‘yiladi.
196-modda. Namunalar olishda shaxs huquqlarining himoya qilinishi
Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olishda qo‘llaniladigan usullar va ilmiy-texnikaviy vositalar inson hayoti va salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi lozim. Kuchli og‘riq beradigan murakkab tibbiy tadbirlar va usullarni qo‘llash namuna olinishi lozim bo‘lgan shaxsning roziligi bilan, basharti u voyaga yetmagan yoki ruhiy holati buzilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakili, vasiylari yoki homiylarining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Namuna olish namuna olinuvchini yechintirib yalang‘ochlash bilan bog‘liq bo‘lsa, shifokor, boshqa mutaxassis, xolislar namuna olinuvchi shaxs bilan bir jinsda bo‘lishlari lozim.
197-modda. Namunalar olish bayonnomasi
Ekspert tekshiruvi uchun namunalar olinganligi to‘g‘risida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi yoki tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa, o‘ziga kelgan namunalarni sud majlisi bayonnomasida aks ettiradi.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 188-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Namunalarning turlari va ularni olish usullari
- Qo‘shimcha yoki qayta taftish
- Taftish o‘tkazuvchi shaxslarning huquqlari va majburiyatlari
- Ekspert xulosasini baholash
To‘g‘ri javob: Namunalarning turlari va ularni olish usullari. 188-modda: Namunalarning turlari va ularni olish usullari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Namunalarning turlari va ularni olish usullari» qaysi moddada belgilangan?
- 187-modda
- 188-modda
- 187⁹-modda
- 187¹¹-modda
To‘g‘ri javob: 188-modda. 188-modda: Namunalarning turlari va ularni olish usullari.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tirik odam, murda, hayvon, buyum yoki moddaning xususiyatlarini aks ettiruvchi namunalar olishga qaysi shartda haqli?
- Ekspert tekshiruvi ekspert oldiga qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun zarur bo‘lsa
- Namuna olinuvchi shaxs yozma ravishda so‘ragan va bunga ekspert rozilik bergan bo‘lsa
- Jinoyat ishi sudga yuborilgan va sud majlisida namuna olish zarurligi aytilgan bo‘lsa
- Prokuror og‘zaki ko‘rsatma bergan va tergovchi shu asosda namuna olish zarur deb topgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Ekspert tekshiruvi ekspert oldiga qo‘yilgan savollarni hal qilish uchun zarur bo‘lsa. 188-moddaga ko‘ra, namunalar olish ekspert tekshiruvi uchun zarur bo‘lsa mumkin.
Tirik odamdan olinadigan namunalar turlariga ko‘ra qanday tasniflanadi? Dastxat qaysi turga kiradi?
- Biologik namuna
- Anatomik namuna
- Kimyoviy namuna
- Psixofizik namuna
To‘g‘ri javob: Psixofizik namuna. 188-moddaga ko‘ra, dastxat psixofizik namunalarga kiradi; qon, soch, so‘lak — biologik; teri naqshi, tish qoliplari — anatomik.
Tekshiruv jarayonida ekspert Hamidov ballistik ekspertizada gilza va o‘qlarning tajriba namunalarini tayyorladi va eksperimental izlarga qarab o‘xshashlik yoki farq masalasini hal qildi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Harakat noqonuniy, chunki ekspert namuna tayyorlay olmaydi, buni tergovchi qiladi
- Harakat noqonuniy, chunki ballistik tekshiruvni faqat sud majlisida o‘tkazish mumkin
- Harakat qonuniy, chunki ekspert bunday tajriba namunalarini tayyorlashga haqli
- Harakat qonuniy, lekin faqat sudya imzosi bilan tasdiqlangan taqdirdagina amalga oshadi
To‘g‘ri javob: Harakat qonuniy, chunki ekspert bunday tajriba namunalarini tayyorlashga haqli. 188-moddaga ko‘ra, ekspert gilza, o‘q va boshqa obyektlarning tajriba namunalarini tayyorlashga haqli.
Namunalar olinadigan shaxsni yechintirib yalang‘ochlash talab etilmasa va alohida kasb mahorati talab etilmasa, namunalarni kim olishga haqli?
- Faqat shifokor yoki boshqa tibbiy xodim, tergovchi va sud esa bunday namuna olishga haqli emas
- Faqat ekspertning o‘zi, tergovchi yoki sud esa namunani faqat shifokor orqali olishi mumkin
- Surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning o‘zi, zarurat bo‘lsa shifokor, mutaxassis yoki ekspert ishtirokida
- Faqat xolislar, tergovchi esa zarurat bo‘lsa ularning ishtirokida namunani rasmiylashtiradi
To‘g‘ri javob: Surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning o‘zi, zarurat bo‘lsa shifokor, mutaxassis yoki ekspert ishtirokida. 189-moddaga ko‘ra, bunday hollarda surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning o‘zi namunalar olishga haqli.
Tergovchi gumon qilinuvchidan namuna olishi uchun uni yechintirish zarur bo‘ldi. Namunani kim oladi?
- Tergovchi o‘zi xolislar ishtirokida, tibbiy mutaxassislarsiz oladi
- Gumon qilinuvchining o‘zi tergovchi ko‘rsatmasiga binoan, xolislar oldida oladi
- Prokuror shaxsan yoki uning topshirig‘iga binoan tergov bo‘limi xodimi oladi
- Shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassis tergovchining topshirig‘iga binoan
To‘g‘ri javob: Shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassis tergovchining topshirig‘iga binoan. 189-moddaga ko‘ra, yalang‘och bo‘lishni taqozo etsa, namunani shifokor yoki boshqa tibbiy mutaxassis oladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 190-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Namuna olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar
- Namuna olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar va organlar
- Ekspert xulosasini baholash
- Taftish o‘tkazish tartibi
To‘g‘ri javob: Namuna olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar. 190-modda: Namuna olinishi mumkin bo‘lgan shaxslar.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash