Ehtiyot choralari (1/4)
To‘Rtinchi Bo‘Lim
236-modda. Ehtiyot choralari qo‘llanilishining maqsad va asoslari
Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish; uning ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik; hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi.
Ayblanuvchi, sudlanuvchi sodir etgan, Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning xavfliligi tufayli u surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan o‘rinli taxmin ham qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ekspertiza o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilishini kutayotgan shaxslarga, shuningdek aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari ularning qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash haqidagi sud ajrimining ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘llanilishi mumkin.
237-modda. Ehtiyot choralarining turlari
Ehtiyot choralariga quyidagilar kiradi: munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat; shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; uy qamog‘i; qamoqqa olish; voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi. Bir shaxsga nisbatan bir vaqtning o‘zida ana shu choralardan faqat bittasi qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
238-modda. Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar
Ehtiyot choralaridan qaysi birini qo‘llash to‘g‘risidagi masalani hal qilishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslardan tashqari qo‘yilgan aybning og‘irligini, ayblanuvchining shaxsini, mashg‘ulot turini, yoshi, sog‘lig‘i, oilaviy ahvoli va boshqa holatlarni ham hisobga oladi.
239-modda. Ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar
Ehtiyot chorasi faqat ayblanuvchilarga, sudlanuvchilarga, mahkumlarga va aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Alohida hollarda, ishni sudga qadar yuritish bosqichida ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilishi mumkin.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi:
- 1) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosiga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatasi yoki uning Kengashi roziligi bilan;
- 2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining roziligi bilan;
2¹) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan;
- 3) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatiga, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashining deputatiga nisbatan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, tegishli xalq deputatlari Kengashi roziligi bilan;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining roziligi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarining, tumanlararo iqtisodiy sudlarning, tumanlararo ma’muriy sudlarining va O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudlarining sudyalariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligi bilan;
239-modda. Ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar (davomi)
4¹) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining a’zosiga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining roziligi bilan;
- 5) prokuror va prokuratura tergovchisiga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining roziligi bilan qo‘llanilishi mumkin.
240-modda. Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim
Ehtiyot chorasi surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori va sudning ajrimi bilan qo‘llanilishi, bekor qilinishi va o‘zgartirilishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida qo‘llanilgan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi shaxsni bundan keyin qamoqda saqlash yoki uning uy qamog‘ida bo‘lishi uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan ehtiyot choralari to‘g‘risida qaror chiqargan sudni albatta xabardor etgan holda bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasining bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi ushbu ehtiyot chorasini aynan o‘sha shaxsga nisbatan qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan sudga takroran murojaat etishga monelik qilmaydi.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida sud tomonidan qo‘llanilgan garov tarzidagi ehtiyot chorasi uni bundan buyon qo‘llash uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda, xuddi shuningdek ish yuritish tugatilgan taqdirda, mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqargan sud albatta xabardor etilgan holda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda: shaxsning qanday jinoyatni sodir etishda ayblanayotganligi; ehtiyot chorasi qanday qonuniy asoslarga tayanib qo‘llanganligi yoxud tegishli dalillar keltirish yo‘li bilan bu asoslar yo‘qligi yoki o‘zgargani; ehtiyot chorasini tanlashga ta’sir qiluvchi, qonun bilan belgilangan holatlarni hisobga olib, ehtiyot choralarini qo‘llash, bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruratini izohlovchi sabablar ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Qaror yoki ajrim kimga nisbatan chiqarilgan bo‘lsa, shu shaxsga darhol e’lon qilinadi, shaxsning og‘ir kasalligi yoki uning qochib ketganligi tufayli e’lon qilinishi mumkin bo‘lmagan hollar bundan mustasno.
240-modda. Ehtiyot chorasini qo‘llash, bekor qilish, o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim (davomi)
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan yoxud o‘zgartirilgan taqdirda, qamoqda yoki uy qamog‘ida bo‘lgan shaxs darhol ozod qilinishi kerak.
241-modda. Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish
Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli bo‘lgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin. Prokuror shikoyatni olgan paytdan e’tiboran uch sutka ichida uni ko‘rib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni o‘z qaroridan xabardor etishi shart.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish, uy qamog‘i, garov tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash haqidagi yoki qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoxud uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi masala yuzasidan sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, ushbu sud ularni yigirma to‘rt soat ichida materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellyatsiya instansiyasi sudining sudyasi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay yakka tartibda ko‘rib chiqishi kerak.
Shikoyat yoki protest berilishi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi masala bo‘yicha qaror ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
242-modda. Qamoqqa olish
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish Jinoyat kodeksida uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun Jinoyat kodeksida besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qo‘llaniladi.
Alohida hollarda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha quyidagi holatlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda:
ayblanuvchi, sudlanuvchi tergov va suddan yashiringanida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanmaganida;
ilgari qo‘llanilgan ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan buzilganida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmaganida;
jinoyat ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash davrida sodir etilganida, qo‘llanilishi mumkin.
242¹-modda. Uy qamog‘i
Uy qamog‘i gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asoslar mavjud bo‘lganida uning yoshini, sog‘lig‘i holatini, oilaviy ahvolini va boshqa holatlarni hisobga olgan holda qamoqqa olish maqsadga nomuvofiq deb topilgan taqdirda qo‘llaniladi.
Uy qamog‘i gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining jamiyatdan to‘liq yoxud qisman ajratib qo‘yilib, o‘zi mulkdor, ijaraga oluvchi sifatida yoki boshqa qonuniy asoslarda yashab turgan turar joyda taqiqlar (cheklovlar) yuklatilgan, shuningdek uning ustidan nazorat amalga oshirilgan holda bo‘lishidan iborat bo‘ladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining sog‘lig‘i holatini hisobga olgan holda tibbiy muassasa uy qamog‘ida saqlash joyi etib belgilanishi mumkin.
Uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risidagi sudning ajrimida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi duchor qilinadigan ozodlik bo‘yicha aniq taqiqlar (cheklovlar), shuningdek o‘rnatilgan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish zimmasiga yuklatilayotgan organ ko‘rsatiladi.
O‘ziga nisbatan uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan shaxsga quyidagi taqiqlar (cheklovlar) o‘rnatilishi mumkin:
- 1) muayyan shaxslar bilan aloqada bo‘lish;
- 2) xat-xabar olish va jo‘natish;
- 3) har qanday aloqa vositalaridan foydalanish va ular yordamida so‘zlashuvlar olib borish;
242¹-modda. Uy qamog‘i (davomi)
- 4) uy-joyni tark etish.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi barcha taqiqlarga (cheklovlarga) yoxud ulardan ayrimlariga duchor etilishi mumkin.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi himoyachi, qonuniy vakil, belgilangan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish vazifasi zimmasiga yuklatilgan organ, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bilan so‘zlashish uchun, shuningdek zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni, tez tibbiy yordamni, yong‘in xavfsizligi xizmatini, qutqaruv xizmatini va boshqa shoshilinch xizmatlarni chaqirish uchun telefon aloqasidan foydalanish huquqidan cheklanishi mumkin emas. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z yashash joyidagi uy qamog‘ini ijro etish zimmasiga yuklatilgan ichki ishlar organiga har bir shunday qo‘ng‘iroq haqida xabar beradi.
Qamoqqa olinganning yashash joyi qo‘riqlanishi mumkin. Zarur hollarda uning xulq-atvori ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining uy-joyidan chiqishi bo‘yicha o‘rnatilgan taqiqlarga (cheklovlarga) rioya etishi ustidan nazorat amalga oshirilayotganda ichki ishlar organi uning yashash joyida bo‘lishini sutkaning istalgan vaqtida tekshirishga haqli.
Tekshirish kunduzgi vaqtda ko‘pi bilan bir marta va tungi vaqtda ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi.
Zarur hollarda, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxsga nisbatan elektron kuzatish vositalari qo‘llanilishi mumkin.
242¹-modda. Uy qamog‘i (davomi)
Uy qamog‘ini ijro etish gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining yashash joyidagi ichki ishlar organi zimmasiga yuklatiladi.
Agar tibbiy ko‘rsatuvlarga ko‘ra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi sog‘liqni saqlash muassasasiga olib kelingan va yotqizilgan bo‘lsa, sud o‘rnatgan taqiqlarning (cheklovlarning) amal qilishi gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish yoxud bekor qilish masalasi prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi sud tomonidan hal etilguniga qadar davom etadi. Tegishli sog‘liqni saqlash muassasasining hududi uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini ijro etish joyi hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi surishtiruv organiga yoki dastlabki tergov organiga, shuningdek sudga nazorat qiluvchi organning transport vositasida olib boriladi.
Uy qamog‘ida jamiyatdan to‘liq ajratib qo‘yilgan sharoitda bo‘lgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachi, qonuniy vakil bilan uchrashuvlari ushbu ehtiyot chorasi ijro etilayotgan joyda o‘tkaziladi.
Uy qamog‘ining muddati, uni uzaytirish va uning ustidan shikoyat qilish tartibi ushbu Kodeksning 241, 243, 245 — 248-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan belgilanadi.
O‘rnatilgan taqiqlar (cheklovlar) uy qamog‘ida bo‘lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi tomonidan buzilgan taqdirda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ehtiyot chorasi qaysi maqsadda qo‘llaniladi?
- Faqat jabrlanuvchini tinchlantirish, uning qo‘rquvini bartaraf etish va ayblanuvchiga nisbatan jamoatchilik fikrini shakllantirish, shuningdek jinoyat sodir etilganligini ommaviy ravishda e’lon qilish maqsadida qo‘llaniladi
- Faqat jinoyatni fosh etilgan deb e’lon qilish, ayblanuvchining aybini tezroq tan olishiga erishish, uni majburan ko‘rsatuv berishga undash hamda tergov muddatlarini qisqartirish maqsadida qo‘llaniladi
- Ayblanuvchini jazolash, uning aybdorligini oldindan tan olish, jamiyat xavfsizligini ta’minlash, boshqalarga ibrat bo‘lish hamda sud hukmi chiqarilguncha uning shaxsiy huquqlarini cheklash maqsadida qo‘llaniladi
- Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish, bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish, haqiqatni aniqlashga halal bermaslik va hukm ijrosini ta’minlash maqsadida
To‘g‘ri javob: Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish, bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish, haqiqatni aniqlashga halal bermaslik va hukm ijrosini ta’minlash maqsadida. 236-moddaga ko‘ra, ehtiyot chorasi bo‘yin tovlash va jinoiy faoliyatning oldini olish, haqiqatni aniqlashga halal bermaslik va hukm ijrosini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 237-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ehtiyot choralarining turlari
- Ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyonni undirish
- Ushlab turilganni ozod qilish asoslari va tartibi
- Ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan shaxslar
To‘g‘ri javob: Ehtiyot choralarining turlari. 237-modda: Ehtiyot choralarining turlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ehtiyot choralarining turlari» qaysi moddada belgilangan?
- 234-modda
- 239-modda
- 235-modda
- 237-modda
To‘g‘ri javob: 237-modda. 237-modda: Ehtiyot choralarining turlari.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri ehtiyot chorasi turiga kirmaydi?
- Garov
- Majburiy keltirish
- Uy qamog‘i
- Munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat
To‘g‘ri javob: Majburiy keltirish. 237-moddadagi ehtiyot choralari ro‘yxatida majburiy keltirish yo‘q.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 238-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Uy qamog‘i
- Qamoqda va uy qamog‘ida saqlab turish muddati
- Ehtiyot choralarining turlari
- Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar
To‘g‘ri javob: Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar. 238-modda: Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar» qaysi moddada belgilangan?
- 237-modda
- 245-modda
- 242¹-modda
- 238-modda
To‘g‘ri javob: 238-modda. 238-modda: Ehtiyot chorasini tanlashda e’tiborga olinadigan holatlar.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ehtiyot chorasini tanlashda 236-moddadagi asoslardan tashqari quyidagilardan qaysi biri hisobga olinadi?
- Faqat jabrlanuvchining roziligi va uning ayblanuvchiga nisbatan shaxsiy munosabati
- Faqat tergovchining shaxsiy fikri hamda ish bo‘yicha rahbarining ko‘rsatmalari
- Qo‘yilgan aybning og‘irligi, shaxsi, mashg‘uloti, yoshi, sog‘ligi, oilaviy ahvoli
- Ayblanuvchining siyosiy qarashlari, diniy e’tiqodi hamda ijtimoiy kelib chiqishi
To‘g‘ri javob: Qo‘yilgan aybning og‘irligi, shaxsi, mashg‘uloti, yoshi, sog‘ligi, oilaviy ahvoli. 238-moddaga ko‘ra, aybning og‘irligi, ayblanuvchining shaxsi, mashg‘ulot turi, yoshi, sog‘lig‘i, oilaviy ahvoli va boshqa holatlar hisobga olinadi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ehtiyot chorasi asosan qaysi shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin?
- Ayblanuvchilarga, sudlanuvchilarga, mahkumlarga va ruhiy holati buzilgan ayrim shaxslarga
- Faqat guvohlarga va jabrlanuvchilarga hamda ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan
- Jabrlanuvchilarga, guvohlarga, ekspertlarga va ish bo‘yicha ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga
- Har qanday fuqaroga, jinoyat ishida ishtirok etish yoki etmasligidan qat’i nazar, sud ruxsati bilan
To‘g‘ri javob: Ayblanuvchilarga, sudlanuvchilarga, mahkumlarga va ruhiy holati buzilgan ayrim shaxslarga. 239-moddaga ko‘ra, ehtiyot chorasi faqat ayblanuvchilarga, sudlanuvchilarga, mahkumlarga va aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki ruhiy holati buzilgan shaxslarga qo‘llanilishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash