Ehtiyot choralari (2/4)
To‘Rtinchi Bo‘Lim
243-modda. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.
Qonunda nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda va surishtiruv yoki dastlabki tergov davomida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanganda prokuror, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqqa olish yoki uni uy qamog‘iga joylashtirish zaruratini keltirib chiqargan asoslar bayon qilinadi.
Prokuror qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, iltimosnoma qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror va zarur materiallarni sudga yuboradi. Agar iltimosnoma ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilayotgan bo‘lsa, qaror va ko‘rsatilgan materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida sakkiz soat oldin sudga taqdim qilinishi kerak.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo‘lmaganda esa yoxud qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi materialni ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
243-modda. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi (davomi)
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soat ichida, lekin ushlab turishning eng ko‘p muddatidan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma prokuror, himoyachi, ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Ushlab turilgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sud majlisiga olib kelinadi. Sud majlisida gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining qonuniy vakili, shuningdek surishtiruvchi, tergovchi ishtirok etishga haqli. Zarur bo‘lgan hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
Sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida lozim darajada xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish uchun monelik qilmaydi, himoyachi bundan mustasno. Qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnoma ayblanuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokuror ma’ruzasi bilan boshlanadi, u mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash zarurligini asoslab beradi. Shundan so‘ng gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim qilingan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
243-modda. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi (davomi)
Sudya gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
- 1) qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida;
- 2) qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad qilish to‘g‘risida;
2¹) qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad qilish va uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida;
2²) uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad qilish va garov tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash to‘g‘risida;
- 3) taraflar qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashning asoslanganligi yoki asoslanmaganligiga doir qo‘shimcha dalillarni taqdim etishlari uchun ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirish to‘g‘risida.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilingan va garov tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan taqdirda, gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini ushlab turish muddati garov kiritish imkonini berish uchun sud tomonidan ko‘pi bilan qirq sakkiz soatgacha bo‘lgan muddatga uzaytiriladi, ko‘rsatilgan muddatda garov kiritilmagan taqdirda qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan hisoblanadi.
Sudyaning qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi yoki uni qo‘llashni rad qilish to‘g‘risidagi ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va darhol ijro qilinishi kerak. Sudyaning ajrimi ijro uchun prokurorga, ma’lumot uchun esa gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
243-modda. Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi (davomi)
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
- 1) sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
- 2) sudyaning ajrimini bekor qilish va gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini qamoqdan, uy qamog‘idan ozod qilish yoxud unga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga haqli.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad qilingan taqdirda, aynan o‘sha gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga qamoqqa olishni yoki uy qamog‘ini qo‘llashni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.
243¹-modda. Uy qamog‘i bo‘yicha belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) bekor qilish yoki o‘zgartirish yoxud qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash tartibi
Uy qamog‘i bo‘yicha taqiqlar (cheklovlar) asoslar mavjud bo‘lganda prokuror tomonidan, shuningdek prokurorning roziligi bilan surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan qisman bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
Ushbu Kodeks 242¹-moddasining beshinchi qismi doirasidagi uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) prokurorning yoki prokurorning roziligi bilan surishtiruvchining yoxud tergovchining iltimosnomasiga ko‘ra sudyaning ajrimi asosida belgilanishi mumkin.
Uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash to‘g‘risidagi iltimosnoma ushbu Kodeks 243-moddasining beshinchi, oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli sudning sudyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma’ruzasi bilan boshlanadi, u qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash zarurligini asoslab beradi. Shundan so‘ng gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi.
Sud gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqida;
qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilashni rad qilish to‘g‘risida.
243¹-modda. Uy qamog‘i bo‘yicha belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) bekor qilish yoki o‘zgartirish yoxud qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilash tartibi (davomi)
Sudyaning uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi yoki qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilashni rad qilish to‘g‘risidagi ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim. Sudyaning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, ma’lumot uchun esa — gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi, protest bildirilishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestni ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
- 1) sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;
- 2) sudyaning ajrimini bekor qilishga va gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilashga;
- 3) sudyaning gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash to‘g‘risidagi ajrimini bekor qilishga haqli.
244-modda. Qamoqda saqlash joylari
Ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar tergov hibsxonasining kameralarida saqlanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud bir jinoyat ishi bo‘yicha yoki bir necha o‘zaro bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchilarni va ayblanuvchilarni alohida-alohida saqlash to‘g‘risida tergov hibsxonasining ma’muriyatiga yozma ko‘rsatma berishga haqli.
Agar qamoqqa olinganlar Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan bo‘lsa, prokurorning qaroriga yoki sudning ajrimiga ko‘ra tergov hibsxonasining bir kishilik kamerasida qamoqda saqlab turilishi mumkin. Bu chora voyaga yetmaganlarga, oltmish yoshdan oshganlarga, shifokorning yozma xulosasi bilan tasdiqlangan og‘ir kasallarga va ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qamoqqa olinganlar vaqtincha saqlash hibsxonalarida o‘n sutkagacha saqlanishi mumkin. Qamoqqa olinganlarni tergov hibsxonasiga olisligi yoki lozim darajadagi qatnov yo‘llari mavjud emasligi tufayli olib borishning imkoniyati bo‘lmagan hollarda, bunday shaxslar vaqtincha saqlash hibsxonalarida surishtiruvchi yoki tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘ttiz sutkagacha saqlanishi mumkin.
Qamoqqa olingan harbiy xizmatchilar gauptvaxtalarda ko‘pi bilan yigirma sutkagacha, olis joylarda esa, bu ehtiyot chorasining butun amal qilish muddati mobaynida saqlanishi mumkin. Harbiy xizmatchini gauptvaxtada saqlash muddati harbiy sudlar tomonidan ishni sudda ko‘rib chiqish vaqtiga, lekin ko‘pi bilan o‘n besh sutkaga uzaytirilishi mumkin. Intizomiy qismga yuborishga hukm qilingan harbiy xizmatchilar hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar gauptvaxtalarda saqlanishi mumkin.
244-modda. Qamoqda saqlash joylari (davomi)
Tergov harakatlarini bajarish yoki jinoyat ishlarini tergov hibsxonalari joylashgan aholi punktlari hududidan tashqarida sudda ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan hollarda, qamoqqa olinganlarni mazkur harakatlarni amalga oshirish va sud majlislarini o‘tkazish uchun har kuni olib borish imkoniyati bo‘lmaganda ular tergov hibsxonalaridan vaqtincha saqlash hibsxonalariga o‘tkazilishi, lekin bir oy mobaynida ko‘pi bilan o‘n sutkaga o‘tkazilishi mumkin. Bunday o‘tkazish uchun qamoqqa olinganni boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoxud sudning ajrimi asos bo‘ladi.
Basharti mahkum boshqa jinoyat ishi bo‘yicha guvoh yoki jabrlanuvchi bo‘lsa, u sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin jazoni ijro etish muassasasidan tergov hibsxonasiga o‘tkazilishi yoki tergov hibsxonasida qoldirilishi mumkin. Bu holda mahkum: Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining, shuningdek ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan uch oygacha muddatga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosari roziligi bilan olti oygacha muddatga, sudning ajrimiga ko‘ra esa ish sudda ko‘rib chiqilishi vaqtiga tergov hibsxonasida saqlanishi mumkin.
Boshqa tumanda (shaharda) turgan mahkum boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi surishtiruvchining yoki tergovchining prokuror bilan kelishilgan qaroriga, shuningdek prokurorning qaroriga yoxud sudning ajrimiga muvofiq boshqa yerga o‘tkaziladi. Mahkumni boshqa yerga ko‘chirishni ijro etish O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus bo‘linmalari zimmasiga yuklanadi.
244-modda. Qamoqda saqlash joylari (davomi)
Qamoqqa olinganlarni qamoqda saqlash joylarida saqlash tartibi va shart-sharoitlari qonunda belgilanadi.
245-modda. Qamoqda va uy qamog‘ida saqlab turish muddati
Jinoyatlar tergov qilinayotganda qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddati ko‘pi bilan uch oyni tashkil etadi.
Qamoqda saqlab turishning yoki uy qamog‘ining qonun normalarida belgilangan uch oylik muddatini:
besh oygacha uzaytirish imkoni — Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning iltimosnomasiga binoan;
yetti oygacha uzaytirish imkoni — O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining iltimosnomasiga binoan sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Muddatni yanada uzaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan iltimosnomalarni ko‘rib chiqishda sud taqdim etilgan materiallarning asosliligini, shuningdek protsessual normalar va talablarga rioya etilganligini inobatga oladi.
Qamoqda saqlab turish muddatiga ushbu Kodeksning 599-moddasiga muvofiq shaxsni O‘zbekiston Respublikasiga ushlab berish to‘g‘risidagi so‘rovga ko‘ra uning xorijiy davlat hududida qamoqda saqlangan vaqti qo‘shib hisoblanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlat tomonidan ushlab berilgan shaxsni ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida belgilangan qamoqda saqlab turishning oxirgi muddati tugagan bo‘lsa va ishning holatlariga ko‘ra qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini o‘zgartirish mumkin bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlarining iltimosnomasiga binoan sud ushbu Kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda, qamoqda saqlab turishning qo‘shimcha muddatini belgilashga haqli, ammo ushbu muddat shaxs O‘zbekiston Respublikasi hududida vaqtincha saqlash hibsxonasiga yoxud tergov hibsxonasiga joylashtirilgan paytdan e’tiboran uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
245-modda. Qamoqda va uy qamog‘ida saqlab turish muddati (davomi)
Tergovi tamomlangan jinoyat ishining materiallari ayblanuvchiga va uning himoyachisiga tanishib chiqish uchun ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida yoxud ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan qamoqda saqlab turishning oxirgi muddati tugashidan kamida bir oy oldin taqdim etilgan bo‘lishi lozim.
Ayblanuvchi va uning himoyachisi ishning materiallari bilan tanishib chiqishi uchun ketgan vaqt ehtiyot chorasi tariqasida qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini hisoblab chiqishda inobatga olinmaydi.
247-modda. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish tartibi
Ayblanuvchini qamoqda saqlab turishning yoki u uy qamog‘ida bo‘lishining belgilangan muddati tugashidan kamida olti sutka oldin tegishli prokuror qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida qaror chiqaradi, bu qaror sudga yuboriladi.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda tergovning cho‘zilib ketganligi sabablari, tekshirilishi lozim bo‘lgan tusmollar va holatlar, qo‘shimcha ravishda so‘ralayotgan muddat ko‘rsatilishi kerak.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma jinoyat sodir etilgan yoki surishtiruv, dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan, mazkur sudning sudyasi bo‘lmagan yoxud qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi materialni ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.
Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, himoyachi ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.
247-modda. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish tartibi (davomi)
Ayblanuvchi statsionar sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan taqdirda, qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma sud tomonidan ayblanuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunda ayblanuvchining himoyachisi sud majlisida ishtirok etishi shart.
Sudya qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
- 1) qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risida;
- 2) qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirishni rad qilish to‘g‘risida.
Sudyaning qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish haqidagi yoki qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirishni rad qilish to‘g‘risidagi ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va darhol ijro qilinishi kerak. Sudyaning ajrimi ijro uchun prokurorga, ma’lumot uchun esa ayblanuvchiga, himoyachiga yuboriladi. Sudyaning ajrimi ustidan ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga binoan yetmish ikki soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin.
Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
- 1) sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyat yoki protestni esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
247-modda. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish tartibi (davomi)
- 2) sudyaning ajrimini bekor qilish va qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirishni rad etishga yoxud qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirishga haqli. Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddati tugab, ozod etilgan ayblanuvchiga nisbatan qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddati uzaytirilgan taqdirda, sud unga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashi kerak.
248-modda. Qonunga xilof ravishda qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘iga joylashtirish tufayli yetkazilgan zararni qoplash
Ehtiyot chorasi tariqasida qonunga xilof ravishda qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘iga joylashtirish tufayli shaxsga yetkazilgan ziyon, basharti keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa yoki jinoyat ishi ushbu Kodeksning 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra tugatilgan bo‘lsa, to‘liq hajmda qoplanadi. Bunda ushbu Kodeksning yettinchi bo‘limi qoidalari qo‘llaniladi.
249-modda. Garov
Garov gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qarindoshlari, boshqa fuqarolar yoki yuridik shaxslar tomonidan surishtiruv, dastlabki tergov organining yoxud sudning depozit hisobvarag‘iga topshiriladigan pul mablag‘idan yoki qimmatbaho buyumlardan iboratdir. Garov tariqasida ko‘chmas mulk ham qabul qilinishi mumkin.
Ishni sudga qadar yuritish bosqichida gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga nisbatan sud tomonidan pul tarzidagi garov qo‘llanilgan taqdirda, garov surishtiruv yoki dastlabki tergov organining depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Garovni qabul qilish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror bayonnoma tuzadi, sud esa sud majlisi bayonnomasiga tegishlicha belgi qo‘yadi. Bayonnomada gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga uning ushbu Kodeksning 46 va 48-moddalarida ko‘rsatilgan majburiyatlari tushuntirilganligi va u bu majburiyatlarni buzmaslikka so‘z berganligi, garovga qo‘yuvchiga esa gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi majburiyatlarini bajarmagan taqdirda garov summasidan mahrum bo‘lishi ma’lum qilinganligi ko‘rsatilishi kerak. Bayonnoma garovni qabul qilgan mansabdor shaxs, garovga qo‘yuvchi va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan imzolanadi.
Garov summasi bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan kam bo‘lishi mumkin emas va uni ushbu ehtiyot chorasini tanlagan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud ayblovning og‘irligini, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining va garovga qo‘yuvchining shaxsini, garovga qo‘yuvchining mulkiy ahvolini hamda uning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan munosabatlarini inobatga olgan holda belgilaydi.
249-modda. Garov (davomi)
Garovga qo‘yuvchi garovni topshirish chog‘ida, shu ehtiyot chorasi tanlangan ayblovning mohiyati, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga tayinlanishi mumkin bo‘lgan jazo va o‘zining javobgarligi to‘g‘risida xabardor qilinishi kerak. U o‘zi qabul qilgan majburiyatlaridan garovning davlat mulkiga o‘tib ketishi uchun sabab bo‘ladigan asoslar yuzaga kelguniga qadar voz kechishi mumkin.
Garovga qo‘yuvchi gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining xulq-atvorini kuzatishga imkoni bo‘lmaganligini bahona qilishga haqli emas, bundan u bartaraf etib bo‘lmaydigan vaziyatning ta’sirini isbotlab beradigan hollar mustasno.
Agar ehtiyot chorasini o‘zgartirish uni tanlash shart-sharoitlari buzilganligi tufayli ro‘y bermayotgan bo‘lsa, xuddi shuningdek ish bo‘yicha ish yuritish tugatilgan yoxud sud hukmi kuchga kirgan taqdirda garov garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda garov sud ajrimi bilan davlat mulkiga o‘tkaziladi va gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llaniladi.
250-modda. Munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat
Munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ayblanuvchining yoki sudlanuvchining surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga tergov va suddan yashirinmaslik, jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilmaslik, jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanmaslik, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruvi bilan yetib kelish haqida bergan yozma majburiyatidan iboratdir. Tilxat beruvchi shaxs bundan tashqari o‘z zimmasiga surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning ijozatisiz ushbu aholi punktidan chiqib ketmaslik va shu aholi punkti doirasida istiqomat joyini o‘zgartirsa, bu haqda ularni xabardor qilish majburiyatini oladi.
Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini buzgan taqdirda unga nisbatan jiddiyroq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin, bu haqda u tilxat olish chog‘ida ogohlantiriladi.
Bilimingizni sinang
Qamoqqa olish iltimosnomasi ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan qo‘zg‘atilsa, qaror va materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida qancha vaqt oldin sudga taqdim qilinishi kerak?
- o‘n ikki soat
- sakkiz soat
- ikki soat
- yigirma to‘rt soat
To‘g‘ri javob: sakkiz soat. Qaror va materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida sakkiz soat oldin sudga taqdim qilinadi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qaysi shaxsga nisbatan qo‘llanilishi mumkin?
- Faqat sudlanuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga nisbatan
- Faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga
- Har qanday guvohga yoki ushlab turilgan jabrlanuvchiga, shuningdek ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga
- Jabrlanuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxsning yaqin qarindoshlariga, ularning roziligi bilan
To‘g‘ri javob: Faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan shaxsga. 243-moddaga ko‘ra, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i faqat ushlab turilgan gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxsga qo‘llanishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma bo‘yicha qaror va materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida qancha vaqt oldin sudga taqdim qilinishi kerak?
- Yigirma to‘rt soat
- To‘rt soat
- Sakkiz soat
- Ikki soat
To‘g‘ri javob: Sakkiz soat. 243-moddaga ko‘ra, qaror va materiallar ushlab turish muddati tugashidan kamida sakkiz soat oldin sudga taqdim qilinishi kerak.
Qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran qancha vaqt ichida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi?
- yigirma to‘rt soat
- qirq sakkiz soat
- o‘n ikki soat
- sakkiz soat
To‘g‘ri javob: sakkiz soat. Iltimosnoma yopiq sud majlisida materiallar kelib tushgan paytdan sakkiz soat ichida ko‘rib chiqiladi.
Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qanday sud majlisida va qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
- Yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran o‘n kun ichida
- Ochiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran yigirma to‘rt soat ichida
- Ochiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran uch kun ichida
- Yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soat ichida
To‘g‘ri javob: Yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soat ichida. 243-moddaga ko‘ra, iltimosnoma yopiq sud majlisida, materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran sakkiz soat ichida ko‘rib chiqiladi.
Qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma ko‘rilayotgan sud majlisiga lozim darajada xabardor qilingan shaxslardan qaysi biri kelmasa, iltimosnomani ko‘rib chiqib bo‘lmaydi?
- Himoyachi
- Tergovchi
- Qonuniy vakil
- Surishtiruvchi
To‘g‘ri javob: Himoyachi. 243-moddaga ko‘ra, xabardor qilingan shaxslarning kelmasligi iltimosnomani ko‘rishga monelik qilmaydi, himoyachi bundan mustasno.
Qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchi Nurmatov haqida qamoqqa olish iltimosnomasi sudga kelib tushdi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, iltimosnoma qanday ko‘riladi?
- Faqat uning qarindoshlari ishtirokida ko‘riladi
- Ayblanuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi
- Faqat ochiq sud majlisida u kelgandagina ko‘riladi
- Nurmatov ushlanmaguncha iltimosnoma ko‘rilmaydi
To‘g‘ri javob: Ayblanuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi. 243-moddaga ko‘ra, qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish iltimosnomasi uning ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.
Qamoqqa olish iltimosnomasini ko‘rib chiqayotgan sudya taraflarga qo‘shimcha dalil taqdim etish uchun ushlab turish muddatini qancha muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirishi mumkin?
- yigirma to‘rt soatdan
- o‘n ikki soatdan
- qirq sakkiz soatdan
- yetmish ikki soatdan
To‘g‘ri javob: qirq sakkiz soatdan. Sudya ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirish haqida ajrim chiqarishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash