XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Jinoyat-protsessual kodeksi · 270–274-m.

Protsess ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash. surishtiruv, dastlabki tergov va sudda protsessual majburiyatlar hamda tartibni buzganlik uchun javobgarlik

To‘Rtinchi Bo‘Lim

270-modda. Jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash

Jabrlanuvchi, guvoh yoki ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarga, shuningdek ularning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlariga o‘ldirish, kuch ishlatish, mol-mulkini yo‘q qilib tashlash yoxud mol-mulkiga shikast yetkazish bilan yoki o‘zga g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinayotir deyish uchun yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lgan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud bu shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish, shuningdek aybdorlarni aniqlash hamda ularni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishlari shart.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud ichki ishlar organlariga ishda ishtirok etayotgan shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulki muhofaza qilinishini ta’minlovchi barcha zarur choralarni ko‘rish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqlidir.

Ichki ishlar organi xavf tahdid solayotgan shaxslarga doir jinoyat ishidagi mavjud ma’lumotlardan, bu xavfning ehtimol tutilgan xususiyati, manbalari, joyi, vaqti va boshqa holatlaridan xabardor etilishi lozim.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslarni himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini qo‘llash asoslari va tartibi qonun bilan belgilanadi.

271-modda. Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik

Jinoyat ishini yuritish chog‘ida Jinoyat kodeksining 230 — 241-moddalarida nazarda tutilgan, odil sudlovga qarshi qaratilgan jinoyatni sodir etgan protsess ishtirokchilari ushbu Kodeksning umumiy qoidalariga binoan javobgarlikka tortiladilar.

Bundan tashqari protsessual majburiyatlarni buzganliklari uchun, xususan:

jabrlanuvchilar va guvohlar — surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning guvohlantirishdan, ekspertizadan o‘tish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar taqdim etish to‘g‘risidagi qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortganlik uchun;

uyida olib qo‘yish, tintuv o‘tkazilayotgan shaxslar, shuningdek, mol-mulki xatlangan shaxslar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari) — surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning talabi bilan izlanayotgan ashyolarni berishdan bosh tortganlik uchun;

aloqa muassasalarining xodimlari — sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrimini bajarmaganlik yoki yetarli darajada bajarmaganlik uchun;

mansabdor shaxslar va fuqarolar — basharti ular hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishga, tergov eksperimenti o‘tkazishga, murdani eksgumatsiya qilishga, olib qo‘yish va tintuv o‘tkazishga to‘sqinlik qilsalar;

protsess ishtirokchilari — surishtiruv, dastlabki tergov ma’lumotlarini yoki yopiq sud majlisi muhokamasi ma’lumotlarini hamda tafsilotlarini oshkor qilganlik uchun, agar ular ma’lumotlarni oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida tegishincha surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoxud sud tomonidan ogohlantirilgan bo‘lsa;

271-modda. Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik (davomi)

korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning rahbarlari — surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning chaqiruviga binoan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, mutaxassis, ekspert, tarjimon, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari, jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi, xalq maslahatchilarining kelishiga to‘sqinlik qilganlik, jinoyatning sabablariga va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarga barham berish to‘g‘risidagi surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning taqdimnomasini yoki sudning xususiy ajrimini bajarmaganlik yoxud talab darajasida bajarmaganlik uchun qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari mumkin.

272-modda. Sud majlisida tartibni buzganlik uchun javobgarlik

Sud majlisida tartibni buzgan, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmagan yoki sudni behurmat qilgan taqdirda tartibbuzar bunday harakatlarning takrorlanishi uni sud majlisi zalidan chiqarib yuborishga sabab bo‘lajagi haqida, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibbuzar esa, bundan tashqari, ma’muriy javobgarlikka tortilishi ham mumkinligi xususida ogohlantiriladi. Bu ogohlantirish ta’sir qilmasa, protsess ishtirokchisi sudning ajrimiga, boshqa shaxslar esa, raislik qiluvchining farmoyishiga muvofiq sud majlisi zalidan chiqarib yuboriladi. Ishni ko‘rish chiqarib yuborilgan shaxslarsiz davom ettiriladi.

Sudning ajrimi ayblovchi yoki himoyachiga taalluqli bo‘lsa, ishni eshitish keyinga qoldirilishi lozim, bir shaxsni bir necha ayblovchi ayblayotgan yoki bir necha himoyachi himoya qilayotgan hollar bundan mustasnodir. Zaldan chiqarib yuborilgan ayblovchi yoki himoyachining nomunosib xulq-atvori to‘g‘risida sud xususiy ajrim chiqarib, uni tegishliligiga qarab, yuqori turuvchi prokurorga yoki O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasiga yuboradi.

Sud zalidan sudlanuvchi chiqarib yuborilgan bo‘lsa, hukm uning ishtirokida e’lon qilinishi yoki e’lon qilinganidan keyin unga darhol ma’lum qilinib, tilxat olinishi lozim.

Sud majlisi zalidan chiqarib yuborilgan shaxs (sudlanuvchi, ayblovchi va himoyachi bundan mustasno) raislik qiluvchi tomonidan uning joyning o‘zida chiqargan ajrimiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ajrim sud majlisining bayonnomasida qayd etiladi.

273-modda. Sud majlisida protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlikni yuklashga qaratilgan sud harakatlari

Agar protsess ishtirokchisining odil sudlovga qarshi jinoyat sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishiga asoslar sud muhokamasida yoki ish apellyatsiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida ko‘rib chiqilayotganda aniqlangan bo‘lsa, unda sud jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi.

274-modda. Pul undirish va jarima solish to‘g‘risidagi masalani sud tomonidan hal qilish tartibi

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda pul undirish va jarima solish jinoyat ishini ko‘rish qaysi sudga taalluqli bo‘lsa, shu sud tomonidan amalga oshiriladi. Protsessual majburiyatlarni yoki tartibni buzishga bevosita sud majlisida yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, jarima solish haqidagi ajrim ishni ko‘rayotgan sud tomonidan shu majlisning o‘zida chiqariladi.

Boshqa hollarda pul undirish to‘g‘risidagi masala sud tomonidan pul undiriladigan shaxs chaqirilib hal qilinadi. Mazkur shaxsning uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmasligi ishni ko‘rishga monelik qilmaydi.

Sud majlisida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan tartibbuzarlik to‘g‘risida tuzilgan bayonnoma va unga ilova qilingan materiallar yoxud sud majlisi bayonnomasidan olingan tegishli ko‘chirma o‘qib eshittiriladi. Shundan so‘ng javobgarlikka tortilayotgan shaxsning izohlari, sud majlisida prokuror qatnashayotgan bo‘lsa, uning fikri eshitiladi va ajrim chiqariladi.

Tarjimonga, mutaxassisga, kafilga pul undirish yoxud sud majlisi zalida tartibni buzgan shaxsga jarima solish to‘g‘risidagi ajrimni chiqargan sud bu ajrimning ijrosini uch oygacha muddatga kechiktirishga yoki ijroning bo‘lib-bo‘lib bajarilishiga ruxsat berishga haqlidir.

Bilimingizni sinang

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jabrlanuvchi yoki guvohga tahdid qilinayotganini ko‘rsatuvchi yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud nima qilishi shart?
  1. Ularni ishdan ozod qilishi, ularga boshqa shaharda yangi ish joyi topib berishi hamda ishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishi lozim
  2. Ularning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish hamda aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishi
  3. Ishni to‘xtatib qo‘yishi va tahdid qilgan shaxslarni aniqlash uchun alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini ham kutishi shart
  4. Faqat guvohni boshqa shaharga ko‘chirishi va uning hayoti hamda salomatligini muhofaza qilish choralarini ko‘rishi, jabrlanuvchini esa emas

To‘g‘ri javob: Ularning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish hamda aybdorlarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishi. 270-moddaga ko‘ra, tahdid haqida yetarli ma’lumot bo‘lsa, organlar shaxslarning hayoti, salomatligi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini muhofaza qilish choralarini ko‘rishi shart.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, tergovchi guvohning xavfsizligini ta’minlash uchun ichki ishlar organiga qanday shaklda topshiriq berishga haqli?
  1. Yozma ravishda
  2. Telefon orqali
  3. Faqat sud orqali
  4. Faqat og‘zaki

To‘g‘ri javob: Yozma ravishda. 270-moddaga ko‘ra, organlar ichki ishlar organlariga xavfsizlikni ta’minlovchi choralarni ko‘rish xususida yozma ravishda topshiriq berishga haqli.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, protsess ishtirokchilarini himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini qo‘llash asoslari va tartibi kim tomonidan belgilanadi?
  1. Tergovchining ichki buyrug‘i bilan
  2. Prokuror buyrug‘i bilan
  3. Qonun bilan
  4. Mahalla qarori bilan

To‘g‘ri javob: Qonun bilan. 270-moddaga ko‘ra, xavfsizlik choralarini qo‘llash asoslari va tartibi qonun bilan belgilanadi.

Jinoyat-protsessual kodeksi — 271-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risidagi yoki ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish
  2. Ishni sudga qadar yuritish bosqichida shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish
  3. Sud ajrimi
  4. Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik

To‘g‘ri javob: Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik. 271-modda: Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik.

Jinoyat-protsessual kodeksi: «Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik» qaysi moddada belgilangan?
  1. 267-modda
  2. 271-modda
  3. 266-modda
  4. 268-modda

To‘g‘ri javob: 271-modda. 271-modda: Protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik.

Jinoyat-protsessual kodeksining 271-moddasiga ko‘ra, quyidagi shaxslardan qaysi biri surishtiruvchi talabi bilan izlanayotgan ashyolarni berishdan bosh tortgani uchun javobgar bo‘ladi?
  1. Ayblanuvchining yaqin qarindoshi, agar surishtiruvchi talabi bilan ashyolarni berishdan bosh tortgan bo‘lsa
  2. Gumon qilinuvchining o‘zi, agar surishtiruvchi talabi bilan izlanayotgan ashyolarni berishdan bosh tortsa
  3. Himoyachi, agar mijozining ishiga oid hujjatlarni surishtiruvchi talabi bilan berishdan bosh tortsa
  4. Uyida tintuv o‘tkazilayotgan shaxs (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari)

To‘g‘ri javob: Uyida tintuv o‘tkazilayotgan shaxs (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari). 271-moddaga ko‘ra, uyida tintuv o‘tkazilayotgan shaxslar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va ularning yaqin qarindoshlaridan tashqari) ashyolarni berishdan bosh tortgani uchun javobgar.

Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, aloqa muassasalarining xodimlari qanday harakat uchun protsessual javobgarlikka tortiladi?
  1. Ish vaqtiga kechikib kelganlik yoki ish tartibini buzganlik uchun, shuningdek mijozlarga kechikib xizmat ko‘rsatganlik uchun
  2. Tarif o‘zgartirganlik yoki xizmat narxlarini ko‘paytirganlik uchun, shuningdek mijozlarni xabardor qilmaganlik uchun
  3. Mijozlarga xizmat ko‘rsatmaganlik yoki ularning xat-xabarlarini kech yetkazganlik uchun, shuningdek ish tartibini buzganlik uchun
  4. Sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrimini bajarmaganlik yoki yetarli bajarmaganlik uchun

To‘g‘ri javob: Sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi ajrimini bajarmaganlik yoki yetarli bajarmaganlik uchun. 271-moddaga ko‘ra, aloqa xodimlari sudning pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash ajrimini bajarmagani yoki yetarli bajarmagani uchun javobgar.

Guvoh Tursunov surishtiruv ma’lumotlarini oshkor qilmaslik haqida tergovchi tomonidan ogohlantirilgan edi, lekin ularni ijtimoiy tarmoqda tarqatdi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, bu holat nima oqibatiga olib kelishi mumkin?
  1. Faqat guvohlik huquqidan mahrum qilishga, boshqa oqibatlarga olib kelmaydi
  2. Faqat ogohlantirish beriladi, qonunda javobgarlik nazarda tutilmagan
  3. Protsessual majburiyatni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik
  4. Hech qanday oqibat yo‘q, chunki ijtimoiy tarmoqda tarqatish taqiqlanmagan

To‘g‘ri javob: Protsessual majburiyatni buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik. 271-moddaga ko‘ra, ogohlantirilgan protsess ishtirokchisi surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini oshkor qilgani uchun javobgarlikka tortiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiShaxsni tibbiy muassasaga joylashtirishKeyingi →Jinoyat protsessida fuqaroviy da’vo. boshqa mulkiy undirishlar (1/2)