Jinoyat ishini qo‘zg‘atish (2/2)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
330-modda. Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar
Jinoyatga oid ma’lumotlar olingan yoki bunday ma’lumotlar bevosita aniqlangan har bir holda quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
- 1) jinoyat ishini qo‘zg‘atish haqida;
- 2) ishni qo‘zg‘atishni rad qilish haqida;
- 3) ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqida.
331-modda. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi
Ushbu Kodeksning 322-moddasida nazarda tutilgan sabab va asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror shuningdek tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi qaror chiqaradi.
Qarorda: ishni qo‘zg‘atish sabablari va asoslari; Jinoyat kodeksining jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan jinoyatni nazarda tutuvchi moddasi; bundan buyon ishni o‘z yurituviga oluvchi mansabdor shaxs ko‘rsatiladi.
Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi ushbu ishning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishi lozim bo‘lgan prokurorga yuboriladi.
Ish qo‘zg‘atilgandan keyin uzoqqa cho‘zilgan jinoyatlarning oldini olish va jinoyatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek ish uchun ahamiyati bo‘lishi ehtimol tutilgan jinoyat izlarini, narsalarni, hujjatlarni va elektron ma’lumotlarni mustahkamlash va qo‘riqlash yuzasidan darhol choralar ko‘rish lozim.
Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan faktlar bo‘yicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining roziligi bilan yoxud O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
332-modda. Jinoyat ishlarini birlashtirish va ajratish
Bitta tergov yoki sud ish yurituviga faqat bir necha shaxsning bir yoki bir necha jinoyatni birgalashib sodir etganlikda ayblanishiga doir ishlar yoxud bir shaxsning bir necha jinoyatni sodir etganlikda ayblanishiga doir ishlar birlashtirilishi mumkin.
Bir yoki bir necha jinoyatni birgalashib sodir etishda ayblanayotgan shaxslarga nisbatan ishni ajratishga, basharti bu ish holatlari bo‘yicha zarur bo‘lib qolsa hamda bunday ajratish surishtiruvning, dastlabki tergovning va sud tomonidan ishni ko‘rib chiqishning to‘liq va xolisona bo‘lishiga ta’sir qilmasa, yo‘l qo‘yiladi.
Tergov qilinayotgan jinoyat ishi bilan bog‘liq bo‘lmagan yangi jinoyat aniqlangan taqdirda, jinoyat ishining mazkur holatga doir qismi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan holda alohida ish yurituvga ajratiladi.
Ishlarni birlashtirish va ajratish surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimi bilan amalga oshiriladi.
333-modda. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish
Ushbu Kodeks 83-moddasining 1 va 2-bandlarida hamda 84-moddasi birinchi qismining 1, 3 — 8-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi, jinoyat sodir etilganligi to‘g‘risida xabar bergan fuqaro, korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasi yoki mansabdor shaxs bu haqda xabardor qilinadi. Bunda ularga qaror ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi tushuntirilishi lozim. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi prokurorga yuboriladi.
Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan holat surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan aniqlangan taqdirda, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish ushbu Kodeksning 63-bobida nazarda tutilgan qoidalarga binoan sud tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 1, 2, 3-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etishga, agar o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi masala qo‘yilayotgan shaxs yoki vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari bunga e’tiroz bildirsa, yo‘l qo‘yilmaydi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan ushbu Kodeks 84-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan holat aniqlangan taqdirda, jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar darhol prokurorga yuboriladi.
334-modda. Ma’muriy, intizomiy va boshqa huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi xabarlar bo‘yicha ko‘riladigan choralar
Kelib tushgan xabarda jinoyat haqida emas, balki ma’muriy, intizomiy yoki boshqa huquqbuzarlik yoxud axloq normalari buzilganligi haqida ma’lumot bo‘lsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish bilan bir paytda xabarni huquqni buzgan shaxsga nisbatan ma’muriy, intizomiy javobgarlik yoki jamoat ta’sir choralari qo‘llash uchun huquqni buzgan shaxs ishlaydigan yoki o‘qiydigan joy ma’muriyatiga, uning turar joyidagi jamoaga, jamoat birlashmasiga yoki bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga, tegishli vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organi yoki mansabdor shaxsga yuboradi.
Kelib tushgan xabarda fuqarolarning siyosiy, mehnat, uy-joy, oilaviy yoki boshqa huquqlari buzilganligi, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarining fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida qo‘riqlanadigan qonuniy manfaatlari buzilganligi ko‘zga tashlansa, unda ishni qo‘zg‘atishni rad qilish bilan bir vaqtda manfaatdor shaxslarga sudga murojaat qilish huquqlari va tartibi tushuntirilishi lozim. Basharti ular ma’lum sabablarga ko‘ra, sud orqali o‘zlarini himoya qilishni so‘rash imkoniyatiga ega bo‘lmasalar, prokuror bunday shaxslarni himoya qilib, sudga ariza bilan murojaat etishga haqlidir.
335-modda. Jinoyat to‘g‘risidagi arizani (xabarni) tergovga tegishliligiga qarab yuborish
Arizani (xabarni) tergovga tegishliligiga qarab yuborishga ushbu tuman (shahar) hududidan tashqarida sodir etilgan jinoyat haqida xabar berilgan va jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tekshirish harakatlarini jinoyat sodir etilgan tumanda (shaharda) o‘tkazish zarur bo‘lgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
336-modda. Jinoyat ishini ish qo‘zg‘atilganidan keyin yuborish
Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror chiqarilganidan keyin:
- 1) prokuror ishni ushbu Kodeksning 345 va 381²-moddalariga muvofiq dastlabki tergov yoki surishtiruv organiga yuboradi yoxud o‘zi dastlabki tergov yoki surishtiruv yuritishga kirishadi;
- 2) tergovchi dastlabki tergovni yuritishga kirishadi va bu haqda darhol prokurorni xabardor qiladi yoki prokurorning roziligi bilan jinoyat ishini ushbu Kodeksning 345-moddasida belgilangan tergovning tegishliligiga ko‘ra boshqa dastlabki tergov organiga yoki ushbu Kodeksning 381²-moddasida belgilangan tergovning tegishliligiga ko‘ra surishtiruv organiga yuboradi;
- 3) surishtiruvchi surishtiruv yuritishga kirishadi va bu haqda darhol prokurorni xabardor qiladi yoki prokurorning roziligi bilan jinoyat ishini ushbu Kodeksning 381²-moddasida belgilangan tergovning tegishliligiga ko‘ra boshqa surishtiruv organiga yoki ushbu Kodeksning 345-moddasida belgilangan tergovning tegishliligiga ko‘ra dastlabki tergov organiga yuboradi;
- 4) tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ boshlig‘i jinoyat ishini ushbu Kodeksning 345 va 381²-moddalarida belgilangan tergovning tegishliligiga ko‘ra dastlabki tergov yoki surishtiruv organiga o‘tkazish uchun darhol prokurorga yuboradi. Jinoyat ishining tergovi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirgan organning surishtiruviga yoki dastlabki tergoviga tegishli bo‘lgan taqdirda, jinoyat ishi prokurorni darhol xabardor qilgan holda surishtiruvni yoki dastlabki tergovni amalga oshirish uchun qabul qilinishi mumkin.
337-modda. Jinoyat ishini qo‘zg‘atishning qonuniyligi ustidan prokuror nazorati
Jinoyat ishini qo‘zg‘atishning qonuniyligi ustidan nazorat olib borayotgan prokuror:
- 1) jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishga va ish qo‘zg‘atishni rad qilishga;
- 2) jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishga va ayni vaqtda ish qo‘zg‘atishga haqlidir.
338-modda. Jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilish
Prokurorning jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilinishi mumkin. Ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorining prokuror tomonidan bekor qilinishi ustidan ham xuddi shunday tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining ish qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan prokurorga, prokurorning ish qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risidagi qarori ustidan yuqori turuvchi prokurorga, sudning ajrimi ustidan esa yuqori sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 330-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jabrlanuvchining shikoyatiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish
- Jinoyat ishlarini birlashtirish va ajratish
- Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar
- Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi
To‘g‘ri javob: Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar. 330-modda: Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar» qaysi moddada belgilangan?
- 325-modda
- 332-modda
- 330-modda
- 331-modda
To‘g‘ri javob: 330-modda. 330-modda: Jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qarorlar.
Jinoyatga oid ma’lumotlar ko‘rib chiqilganda Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra quyidagi qarorlardan qaysi biri qabul qilinishi mumkin?
- Ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqida
- Ayblanuvchini ushlab turish va unga ehtiyot chorasi tanlash haqida
- Ariza yoki xabarni arxivga topshirish va nazorat ishiga qo‘shish haqida
- Jinoyat ishini sudga yuborish va ayblov xulosasini tasdiqlash haqida
To‘g‘ri javob: Ariza yoki xabarni tergovga tegishliligiga qarab yuborish haqida. 330-moddaga ko‘ra uchta qarordan biri qabul qilinadi, shu jumladan arizani tegishliligiga qarab yuborish.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 331-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi
- Jinoyat ishini ish qo‘zg‘atilganidan keyin yuborish
- Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish
- Jinoyat to‘g‘risidagi arizani (xabarni) tergovga tegishliligiga qarab yuborish
To‘g‘ri javob: Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi. 331-modda: Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi» qaysi moddada belgilangan?
- 331-modda
- 336-modda
- 333-modda
- 335-modda
To‘g‘ri javob: 331-modda. 331-modda: Jinoyat ishini qo‘zg‘atish tartibi.
Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda nimalar ko‘rsatiladi?
- Ayblanuvchining shaxsi, unga tayinlanadigan jazo turi va miqdori, shuningdek ishni sudga yuborish tartibi va muddati
- Ishni qo‘zg‘atish sabablari va asoslari, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi, ishni o‘z yurituviga oluvchi mansabdor shaxs
- Guvohlar ro‘yxati, ekspertiza xulosasi va ziyon miqdori hamda ayblanuvchining oldingi sudlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar
- Faqat jinoyat sodir etilgan sana va joy, hamda jabrlanuvchining shaxsiy ma’lumotlari va yetkazilgan ziyon miqdori
To‘g‘ri javob: Ishni qo‘zg‘atish sabablari va asoslari, Jinoyat kodeksining tegishli moddasi, ishni o‘z yurituviga oluvchi mansabdor shaxs. 331-moddaga ko‘ra qarorda sabablar va asoslar, Jinoyat kodeksining moddasi va ishni yurituviga oluvchi mansabdor shaxs ko‘rsatiladi.
Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi kimga yuboriladi?
- Yuqori turuvchi sudga, ishni qo‘zg‘atishning qonuniyligini tekshirish uchun
- Ariza bergan shaxsning ish joyiga va uning rahbariga, tegishli choralar ko‘rish uchun
- Ishning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishi lozim bo‘lgan prokurorga
- Jabrlanuvchining himoyachisiga va fuqaroviy da’vogarning vakiliga, tanishish uchun
To‘g‘ri javob: Ishning tergov qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishi lozim bo‘lgan prokurorga. 331-moddaga ko‘ra nusxa tergov ustidan nazoratni amalga oshiruvchi prokurorga yuboriladi.
Tergovchi tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq faktlar bo‘yicha tadbirkor Sodiqovga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atmoqchi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Tergovchi buni mustaqil, hech kimning roziligisiz qila oladi, chunki tadbirkorlik faoliyatiga oid ishlar bo‘yicha alohida tartib belgilanmagan
- Faqat tuman prokurorining roziligi yetarli, Qoraqalpog‘iston, viloyat yoki Toshkent shahar prokurorining roziligi esa talab etilmaydi
- Faqat sudning ruxsati bilan mumkin, Qoraqalpog‘iston, viloyat yoki Toshkent shahar prokurorining roziligi bilan esa yo‘l qo‘yilmaydi
- Ishni qo‘zg‘atishga Qoraqalpog‘iston, viloyat yoki Toshkent shahar prokurorining yoxud Bosh prokuror (uning o‘rinbosari) roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi
To‘g‘ri javob: Ishni qo‘zg‘atishga Qoraqalpog‘iston, viloyat yoki Toshkent shahar prokurorining yoxud Bosh prokuror (uning o‘rinbosari) roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. 331-moddaga ko‘ra tadbirkorlik subyektiga nisbatan ish qo‘zg‘atish faqat belgilangan yuqori prokurorlarning roziligi bilan mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash