Dastlabki tergovning umumiy shartlari (2/2)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
351-modda. Dastlabki tergov muddatlari
Dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim.
Jinoyat ishlari birlashtirilayotganda ular bo‘yicha ish yuritish muddati uzoqroq muddat davomida tergov qilingan jinoyat ishi bo‘yicha belgilanadi. Bunda qolgan jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritish muddati uzoqroq tergov qilingan ishning muddati bilan qamrab olinadi va qo‘shimcha ravishda hisobga olinmaydi.
Alohida ish yurituvga ajratilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov muddati, agar jinoyat ishi yangi jinoyat bo‘yicha yoki yangi shaxsga nisbatan ajratilayotgan bo‘lsa, tegishli qaror chiqarilgan kundan e’tiboran hisoblanadi. Qolgan hollarda muddat bu jinoyat ishi qaysi jinoyat ishidan alohida ish yurituvga ajratilgan bo‘lsa, o‘sha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan paytdan e’tiboran hisoblanadi.
Ish ayblov xulosasi bilan, ishni tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoxud taraflarning yarashuvi uchun sudga yuborish to‘g‘risidagi qaror bilan, amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida sudga iltimosnoma kiritish to‘g‘risidagi taqdimnoma bilan prokurorga topshirilgan kuni yoxud ishni tugatish haqida qaror chiqarilgan kuni dastlabki tergov tamomlangan hisoblanadi.
Dastlabki tergov muddatiga quyidagilar kirmaydi:
- 1) ayblanuvchi, himoyachi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari ish materiallari bilan tanishib chiqqan vaqt;
351-modda. Dastlabki tergov muddatlari (davomi)
- 2) dastlabki tergov to‘xtatib turilgan vaqt;
- 3) qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun prokuror tomonidan qaytarilgan ish tergovchiga kelib tushgunga qadar o‘tgan vaqt.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan dastlabki tergov muddati tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori yoki viloyat, Toshkent shahar prokurori va unga tenglashtirilgan prokuror tomonidan besh oygacha uzaytirilishi mumkin.
Keyinchalik dastlabki tergov muddati faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan yetti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Ish qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun qaytarib yuborilganda, shuningdek to‘xtatilgan yoki tugatilgan ish qayta tiklanganda qo‘shimcha tergov muddati mazkur ishni tergovchi qabul qilgan paytdan e’tiboran bir oy doirasida belgilanadi. Bu muddatni yanada uzaytirish ish prokurorga berilgunga, to‘xtatib turilgunga yoki tugatilgunga qadar o‘tgan tergov muddati hisobga olingan holda umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
Tergov muddatini uzaytirish haqidagi iltimosnomani tergovchi tergov muddati tugashidan kamida o‘n sutka ilgari prokurorga topshiradi. Prokuror o‘z ustxati bilan iltimosnomani qanoatlantiradi yoki dastlabki tergovni tamomlab, ishni sudga yuborish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi yoxud jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
352-modda. Tergov harakatlarini o‘tkazishda xolislarning ishtiroki
Dastlabki tergovda olib qo‘yish, tintuv o‘tkazish, ko‘zdan kechirish, guvohlantirish, eksperiment o‘tkazish, tanib olish uchun ko‘rsatish, ko‘rsatuvni hodisa yuz bergan joyda tekshirish, ekspert tadqiqotini o‘tkazish uchun namunalar olish, murdani eksgumatsiya qilish kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi.
Basharti bir tergov harakatini bir necha tergovchi yoki tergovchi va u rahbarlik qilayotgan surishtiruvchilar bir paytning o‘zida turli xonalarda yoki bir-biridan ancha uzoq joylarda o‘tkazayotgan bo‘lsalar, har bir tergovchi va surishtiruvchi huzurida doimo kamida ikki nafar xolis ishtirok etishi lozim.
Fuqaro tergovchining qonuniy talablarini va takliflarini bajarishdan bosh tortayotganligini yoki tergovchiga qarshilik ko‘rsatayotganligini yoxud dastlabki tergov yuritish tartibiga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa huquqqa zid xatti-harakatlar qilayotganini tasdiqlash uchun ham xolislar taklif qilinadilar. Ushbu Kodeksning 93-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
353-modda. Jinoyat ishidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati
Tergovchi jinoyat ishidagi barcha ma’lumotlarni yoki uning muayyan qismidagi ma’lumotlarni oshkor qilinmaydigan deb e’tirof etishga haqli. Ana shu asosda u tergov harakatlarida ishtirok etayotgan yoki tergov harakatlarini bajarishda hozir bo‘lgan yoxud tergov materiallari bilan tanishayotgan shaxslardan ularning zimmasiga ishda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni uning ruxsatisiz oshkor qilmaslik to‘g‘risida majburiyat yuklatilgani haqida tilxat olishi mumkin. Tilxatda, shuningdek mazkur majburiyatni buzganlik uchun Jinoyat kodeksining 239-moddasiga binoan javobgarlik haqidagi ogohlantirish ham aks ettiriladi.
Ishdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati gumon qilinuvchi va ayblanuvchi zimmasiga yuklanishi mumkin emas.
Himoyachining ishdagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati uning gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi bilan bo‘ladigan suhbatiga taalluqli emas.
354-modda. Dastlabki tergovni tergovchilar guruhiga topshirish
Jinoyat ishi ko‘p mehnat talab etsa, juda murakkab yoki o‘ta dolzarb bo‘lsa, prokuror yoki tergov bo‘linmasining boshlig‘i shu ish bo‘yicha dastlabki tergov yuritishni doimiy yoki maxsus tuzilgan tergov guruhiga topshirishi mumkin. Bunday topshiriq haqida qaror chiqarilishi lozim bo‘lib, unda tergov guruhining rahbari va a’zolari ko‘rsatiladi. Basharti dastlabki tergovni tergovchilar guruhiga topshirish to‘g‘risidagi qaror jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror bilan ayni bir vaqtda qabul qilingan bo‘lsa, ikkala masala bir qarorning o‘zida bayon etiladi. Guruh tarkibida o‘zgarishlar bo‘lganda va guruh rahbari o‘zgartirilganda ham qaror chiqariladi.
355-modda. Tergovchilar guruhi rahbarining vakolatlari
Guruh rahbari bo‘lgan tergovchi jinoyat ishini o‘z yuritishiga qabul qilib oladi va dastlabki tergovning umumiy yo‘nalishi va pirovard natijasi uchun, shuningdek jinoyat protsessining shu bosqichida bajariladigan har bir harakat va qarorning qonuniy hamda asoslangan bo‘lishi uchun to‘la javobgar bo‘ladi.
Guruh rahbari bo‘lgan tergovchi:
- 1) ishni o‘zi rahbarlik qilayotgan tergovchilarga taqsimlab beradi, ularning har biri bajaradigan ish qismi yoki tergov yo‘nalishini belgilaydi, ayrim tergov harakatlari bajarishni topshirib, ularni ijro etish muddatini belgilaydi;
- 2) shaxsan o‘zi tergov harakatlarini bajaradi va rahbarligi ostidagi tergovchilar o‘tkazayotgan ayrim tergov harakatlarida ishtirok etadi;
- 3) qarorlar chiqaradi, shu jumladan shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risida iltimosnomalar qo‘zg‘atish, ishni to‘la yoki uning biror qismini tugatish yoxud to‘xtatish haqida qarorlar chiqaradi;
- 4) prokurorning ko‘rsatmalari ijro etilishini ta’minlaydi, ushbu Kodeks 36-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda ishni o‘z e’tirozlari bilan birga yuqori turuvchi prokurorga yuboradi;
- 5) tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarga va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga tergov harakatlarini yoki tezkor-qidiruv tadbirlarini olib borish to‘g‘risida topshiriqlar va ko‘rsatmalar beradi, shuningdek ulardan tergovchilar bajarayotgan tergov harakatlarini o‘tkazishda yordam berishni talab qiladi, o‘z topshiriqlari, ko‘rsatmalari, talablari bajarilishi ustidan nazorat qilib boradi;
355-modda. Tergovchilar guruhi rahbarining vakolatlari (davomi)
- 6) jinoyatning sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralari to‘g‘risida taqdimnomalar yuboradi;
- 7) ayblov xulosasini tuzadi yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash uchun ishni sudga yuborish to‘g‘risida qaror chiqaradi va tasdiqlash uchun ularni ish bilan birga prokurorga yuboradi yoxud amnistiya aktiga asosan jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida sudga iltimosnoma kiritish haqida prokurorga taqdimnoma kiritadi.
356-modda. Guruh a’zolari bo‘lgan tergovchilar
Guruh a’zolari bo‘lgan tergovchilar guruh rahbari bo‘lgan tergovchi topshiriqlarini, ko‘rsatmalarini bajaradilar va bu to‘g‘rida uni xabardor qiladilar.
Guruh a’zolari bo‘lgan tergovchilar tomonidan bajarilgan tergov harakatlarining natijalari jinoyat ishini yuritishga qabul qilib olgan tergovchi bajargan harakatning natijalari bilan bir xil ahamiyatga egadir.
Guruh a’zosi bo‘lgan tergovchi guruh rahbari bo‘lgan tergovchining topshirig‘ini, ko‘rsatmasini qonunga xilof yoki asossiz deb hisoblasa, bu haqda u guruh rahbariga o‘z e’tirozlarini bildiradi. Guruh rahbari bo‘lgan tergovchi bu e’tirozlarni ko‘rib chiqib, topshiriqni yoki ko‘rsatmani bekor qiladi yoki uni ijro etish uchun boshqa tergovchiga beradi yoxud o‘zi tegishli tergov harakatini bajaradi. Guruh a’zosi bo‘lgan tergovchi o‘z e’tirozlari bo‘yicha tergovchilar guruhining rahbari qabul qilgan qarorga rozi bo‘lmasa, nazorat olib boruvchi prokurorga o‘z e’tirozlarini yetkazadi, prokuror uzil-kesil qaror qabul qiladi.
357-modda. Tergov harakatining bir necha tergovchi tomonidan bajarilishi
Muayyan sharoitlarda va maqsadlarda ko‘zdan kechirish, tintuv, eksperiment yoki boshqa tergov harakatlarini o‘tkazishda uning ishtirokchilari ayni bir vaqtda turli binolarda bo‘lishlari yoki bir-birlaridan ancha masofaga uzoqlashishlari, shuningdek, basharti tergov harakatlarini yuritishda bir qancha ishtirokchilarni yoki hozir bo‘lgan shaxslarni kuzatish ta’minlanishi lozim bo‘lib qolsa, tergov harakatlarini bir necha tergovchi yoki tergovchining o‘zi unga yordam berayotgan surishtiruvchilar bilan amalga oshirishi mumkin. Bunda tergovchilardan biri qolgan tergovchilar, surishtiruvchilar va boshqa tergov harakati ishtirokchilari faoliyati ustidan rahbarlik qiladi.
358-modda. Tergovchining va prokurorning harakatlari hamda qarorlari ustidan shikoyat berish
Tergovchining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat tergov bo‘linmasi boshlig‘iga va ishni tergov qilishda qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat olib borayotgan prokurorga beriladi.
Prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat yuqori turuvchi prokurorga beriladi.
Bilimingizni sinang
Dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab qancha muddatdan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim?
- olti oydan
- uch oydan
- bir oydan
- ikki oydan
To‘g‘ri javob: uch oydan. Dastlabki tergov ish qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 351-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash
- Dastlabki tergov muddatlari
- Dastlabki tergovning boshlanishi
- Jinoyat ishidagi ma’lumotlarni oshkor qilmaslik majburiyati
To‘g‘ri javob: Dastlabki tergov muddatlari. 351-modda: Dastlabki tergov muddatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Dastlabki tergov muddatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 353-modda
- 351-modda
- 348¹-modda
- 350-modda
To‘g‘ri javob: 351-modda. 351-modda: Dastlabki tergov muddatlari.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, dastlabki tergov jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan kundan boshlab qancha muddatda tamomlanishi lozim?
- Bir oydan oshmagan muddatda
- Uch oydan oshmagan muddatda
- Olti oydan oshmagan muddatda
- Yigirma sutkadan oshmagan muddatda
To‘g‘ri javob: Uch oydan oshmagan muddatda. 351-moddaga ko‘ra dastlabki tergov ish qo‘zg‘atilgan kundan boshlab uch oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim.
Tergovchi uch oy tergov qilingan ish bilan bir oy tergov qilingan ishni birlashtirdi. Birlashtirilgan ish bo‘yicha tergov muddati qanday belgilanadi?
- Ikkala ish muddati qo‘shiladi, ya’ni birlashtirilgan ish bo‘yicha tergov to‘rt oy davom etadi
- Qisqaroq tergov qilingan ish bo‘yicha belgilanadi, qolgan ishlar muddati unga qamrab olinadi
- Yangi uch oylik muddat qaytadan boshlanadi, ilgari o‘tgan muddatlar hisobga olinmaydi
- Uzoqroq tergov qilingan ish bo‘yicha belgilanadi, qolgan ishlar muddati unga qamrab olinadi
To‘g‘ri javob: Uzoqroq tergov qilingan ish bo‘yicha belgilanadi, qolgan ishlar muddati unga qamrab olinadi. 351-moddaga ko‘ra muddat uzoqroq tergov qilingan ish bo‘yicha belgilanadi, qolganlari qamrab olinadi va qo‘shimcha hisobga olinmaydi.
Tergovchi jinoyat ishini yangi shaxsga nisbatan alohida yurituvga ajratdi. Ajratilgan ish bo‘yicha dastlabki tergov muddati qachondan hisoblanadi?
- Tegishli qaror chiqarilgan kundan e’tiboran
- Asosiy ish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran
- Ish prokurorga topshirilgan kundan
- Ajratilgan ish sudga yuborilgan kundan
To‘g‘ri javob: Tegishli qaror chiqarilgan kundan e’tiboran. 351-moddaga ko‘ra yangi shaxsga nisbatan ajratilsa, muddat tegishli qaror chiqarilgan kundan hisoblanadi.
Dastlabki tergov qaysi kuni tamomlangan hisoblanadi?
- Ayblov xulosasi tuzilgan kuni, prokurorga topshirilgan-topshirilmaganidan qat’i nazar, yoki ish tugatilgan kuni
- Ish sudda ko‘rilgan kuni yoki ayblov xulosasi bilan ish sudga topshirilgan kuni, hukm chiqarilgunga qadar
- Ish ayblov xulosasi bilan prokurorga topshirilgan kuni yoki ishni tugatish haqida qaror chiqarilgan kuni
- Ayblanuvchi ish materiallari bilan tanishib bo‘lgan kuni yoki unga ayblov xulosasi topshirilgan kuni
To‘g‘ri javob: Ish ayblov xulosasi bilan prokurorga topshirilgan kuni yoki ishni tugatish haqida qaror chiqarilgan kuni. 351-moddaga ko‘ra ish ayblov xulosasi bilan prokurorga topshirilgan yoki tugatish qarori chiqarilgan kuni tergov tamomlangan hisoblanadi.
Dastlabki tergov muddatini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning o‘rinbosarlari keyinchalik qancha muddatgacha uzaytirishi mumkin?
- olti oygacha
- ikki oygacha
- besh oygacha
- yetti oygacha
To‘g‘ri javob: yetti oygacha. Keyinchalik muddat faqat Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan yetti oygacha uzaytirilishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash