Jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayyorlash (2/3)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
405-modda. Sud majlisida jinoyat ishini muhokama qilish muddati
Jinoyat ishini sudda muhokama qilishga tayinlash to‘g‘risida sudyaning ajrimi chiqarilgan vaqtdan boshlab ko‘pi bilan o‘n sutkada sud ishni ko‘rishni boshlashi lozim.
Jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e’tiboran ikki oydan oshmasligi kerak.
Jinoyat ishini ko‘rish to‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kirmaydi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddat birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudining raisi tomonidan to‘rt oygacha uzaytirilishi mumkin.
Sudlarda jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish muddatini to‘rt oydan ko‘proqqa uzaytirishga alohida hollarda faqat murakkab va ko‘p voqeali ishlar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi. Birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan besh oygacha bo‘lgan bunday uzaytirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari va olti oygacha bo‘lgan shunday uzaytirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
405¹-modda. Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddatlari
Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e’tiboran bir oydan oshmasligi kerak.
Jinoyat ishini ko‘rish to‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kirmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddat birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudining raisi tomonidan ikki oygacha uzaytirilishi mumkin.
49¹-bob. JINOYAT ISHI BO‘YICHA DASTLABKI ESHITUV
405²-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv ushbu bobda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, sud muhokamasining umumiy qoidalari bo‘yicha o‘tkaziladi.
405³-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish uchun asoslar
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, sud taraflarning iltimosiga ko‘ra yoki o‘z tashabbusi bilan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazadi.
Dastlabki eshituv quyidagilar uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi:
- 1) jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish;
- 2) jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni tugatish;
- 3) jinoyat ishini ayblov dalolatnomasini, ayblov xulosasini yoki tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan prokurorga yuborish;
- 4) ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishlarini birlashtirish;
- 5) nomaqbul dalillarni ishdan chiqarib tashlash to‘g‘risida taraflardan birining iltimosi mavjud bo‘lsa, ushbu dalillarni chiqarib tashlash.
405⁴-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrimda quyidagilar ko‘rsatiladi:
- 1) sud ishining raqami, ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
- 2) sudyaning lavozimi va familiyasi;
- 3) ayblanuvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va Jinoyat kodeksining unga nisbatan ayblov qo‘yilayotgan moddasi;
- 4) iltimosnoma kiritgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va protsessual maqomi;
- 5) dastlabki eshituvni o‘tkazish uchun asoslar;
- 6) dastlabki eshituv ishtirokchilari;
- 7) dastlabki eshituv o‘tkaziladigan joy va vaqt.
405⁵-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish muddatlari
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv sudya tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni tayinlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan paytdan e’tiboran besh sutkadan kechiktirmay boshlanishi kerak.
Dastlabki eshituvni o‘tkazish davomiyligi dastlabki eshituv boshlangan kundan e’tiboran o‘n sutkadan oshmasligi kerak.
405⁶-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi
Dastlabki eshituv sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda, taraflar ishtirokida o‘tkaziladi.
Taraflarni sud majlisiga chaqirish to‘g‘risidagi bildirish dastlabki eshituv o‘tkaziladigan kunga qadar kamida uch sutka oldin yuborilgan bo‘lishi kerak.
Sud majlisida ayblanuvchi, uning himoyachisi, qonuniy vakili va davlat ayblovchisi ishtirok etishi shart.
Dastlabki eshituv ayblanuvchi yo‘qligida uning iltimosiga ko‘ra yoki basharti sud muhokamasini ushbu Kodeks 410-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda o‘tkazish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, taraflardan birining iltimosiga ko‘ra o‘tkazilishi mumkin.
O‘z vaqtida xabardor qilingan jabrlanuvchining va uning vakilining, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgarning hamda ular vakillarining sud majlisiga kelmaganligi dastlabki eshituvni o‘tkazish uchun monelik qilmaydi.
Raislik qiluvchi dastlabki eshituv bo‘yicha sud majlisini belgilangan vaqtda ochadi.
Raislik qiluvchi sud tarkibini e’lon qiladi, kimlar davlat ayblovchisi, himoyachi, sud majlisining kotibi ekanligini e’lon qiladi.
Raislik qiluvchi ayblanuvchining shaxsini aniqlaydi. Keyin raislik qiluvchi, agar jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishda ishtirok etayotgan bo‘lsa, ayblanuvchining qonuniy vakilining, jabrlanuvchining, uning vakilining shaxsini aniqlaydi.
Raislik qiluvchi sud majlisi ishtirokchilariga ularning sudyani, davlat ayblovchisini, sud majlisi kotibini va sud majlisining boshqa ishtirokchilarini rad qilish huquqlarini tushuntiradi. Bildirilgan rad qilishlarni sud ushbu Kodeksning 80-moddasida nazarda tutilgan tartibda hal qiladi.
405⁶-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish tartibi (davomi)
Raislik qiluvchi ayblanuvchidan, shuningdek sud majlisiga chaqirilgan shaxslardan iltimoslari bor-yo‘qligini so‘raydi.
Dastlabki eshituvni o‘tkazish raislik qiluvchining ma’ruzasi bilan boshlanadi, ma’ruzadan keyin u sud majlisida hozir bo‘lganlarni eshitadi. So‘ngra jinoyat ishiga doir materiallar tekshiriladi.
Agar bir taraf nomaqbul dalilni chiqarib tashlash to‘g‘risida iltimosnoma bergan bo‘lsa, sudya boshqa tarafdan unda mazkur iltimosnomaga qarshi e’tirozi bor-yo‘qligini surishtiradi. E’tirozlar mavjud bo‘lmagan va dalillarni nomaqbul deb e’tirof etish uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda sudya iltimosnomani qanoatlantiradi.
Taraflarning qo‘shimcha dalillarni talab qilib olish to‘g‘risidagi iltimosnomalari, agar ushbu dalillar ish uchun ahamiyatli bo‘lsa, qanoatlantirilishi kerak. Shundan so‘ng davlat ayblovchisining va himoyachining dastlabki eshituvda hal etilayotgan masalalar yuzasidan fikri eshitiladi. Davlat ayblovchisining va himoyachining fikrini eshitgach, raislik qiluvchi ajrim chiqarish uchun alohida xonaga kiradi, ushbu ajrim sud majlisida o‘qib eshittirilishi kerak.
Dastlabki eshituv natijalari bo‘yicha sudya ushbu Kodeksning 405¹⁴-moddasida nazarda tutilgan ajrimlardan birini chiqaradi.
Dastlabki eshituv jarayonida sud majlisi kotibi ushbu Kodeksning 426-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha bayonnoma yuritadi.
405⁷-modda. Jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish va qayta tiklash
Agar jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituvni o‘tkazish chog‘ida ayblanuvchining yashiringanligi aniqlansa, sudya ushbu ayblanuvchiga nisbatan ish yuritishni to‘xtatib turish va unga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risida ajrim chiqaradi, bundan ushbu Kodeksning 410 va 418-moddalarida nazarda tutilgan hollar mustasno. Bir vaqtning o‘zida ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish masalasi hal etiladi.
Ayblanuvchining sud majlisida ishtirok etishini istisno etadigan og‘ir va davomli kasallikka chalinganligi sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda, sudya ishni yuritishni ayblanuvchi sog‘ayguniga qadar to‘xtatib turish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish uning to‘xtatib turilishiga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilganidan keyin qayta tiklanadi.
Jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni qayta tiklash to‘g‘risida sudya ajrim chiqaradi.
Bilimingizni sinang
Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan ishlardan tashqari, jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati muhokama boshlangan kundan e’tiboran qancha muddatdan oshmasligi kerak?
- Bir oydan
- Uch oydan
- Ikki oydan
- Olti haftadan
To‘g‘ri javob: Ikki oydan. Jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati ishni muhokama qilish boshlangan kundan e’tiboran ikki oydan oshmasligi kerak.
Birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan jinoyat ishini muhokama qilishning ikki oylik muddati O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudining raisi tomonidan qancha muddatgacha uzaytirilishi mumkin?
- Besh oygacha
- To‘rt oygacha
- Uch oygacha
- Olti oygacha
To‘g‘ri javob: To‘rt oygacha. Harbiy sud raisi muhokama muddatini birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan to‘rt oygacha uzaytirishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, jinoyat ishini sudda muhokama qilishga tayinlash haqida ajrim chiqarilgan vaqtdan boshlab sud ishni ko‘rishni qancha muddatda boshlashi lozim?
- Ko‘pi bilan o‘n sutkada
- Ko‘pi bilan besh sutkada
- Ko‘pi bilan bir oyda
- Ko‘pi bilan uch sutkada
To‘g‘ri javob: Ko‘pi bilan o‘n sutkada. 405-moddaga ko‘ra sud ishni ko‘rishni ajrim chiqarilgan vaqtdan ko‘pi bilan o‘n sutkada boshlashi lozim.
Sudda ish muhokamasi boshlandi, ammo bir oy o‘tgach ish ko‘rish ikki hafta davomida to‘xtatib turildi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra bu to‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga qanday ta’sir qiladi?
- To‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kiradi
- Muddat to‘xtatib turilgan vaqt davomida ham to‘xtovsiz o‘tib boraveradi
- To‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kirmaydi
- To‘xtatilgan vaqt hisobiga muddat avtomatik ravishda to‘rt oyga uzayadi
To‘g‘ri javob: To‘xtatib turilgan vaqt ishni muhokama qilish muddatiga kirmaydi. 405-moddaga ko‘ra ishni ko‘rish to‘xtatib turilgan vaqt muhokama qilish muddatiga kirmaydi.
Viloyat sudida ish muhokamasi ikki oylik muddatda tugamaydi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra birinchi instansiya sudining ajrimi asosida viloyat sudi raisi muddatni qancha vaqtgacha uzaytirishi mumkin?
- Uch oygacha
- Besh oygacha
- Olti oygacha
- To‘rt oygacha
To‘g‘ri javob: To‘rt oygacha. 405-moddaga ko‘ra bunday muddat viloyat sudi raisi tomonidan to‘rt oygacha uzaytirilishi mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, murakkab va ko‘p voqeali ishlar bo‘yicha sudda ko‘rish muddatini olti oygacha uzaytirishni kim amalga oshiradi?
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi
- Ish ko‘rilayotgan viloyat sudining raisi
- Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi. 405-moddaga ko‘ra olti oygacha uzaytirishni Oliy sud raisi, besh oygacha uzaytirishni uning o‘rinbosari amalga oshiradi.
Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan jinoyat ishini sudda muhokama qilish muddati muhokama boshlangan kundan e’tiboran qancha muddatdan oshmasligi kerak?
- Ikki oydan
- Uch oydan
- Yarim yildan
- Bir oydan
To‘g‘ri javob: Bir oydan. Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan ish bo‘yicha muhokama muddati bir oydan oshmasligi kerak.
Ayblov dalolatnomasi bilan kelgan ishni sudda muhokama qilishning bir oylik muddati O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudining raisi tomonidan qancha muddatgacha uzaytirilishi mumkin?
- Ikki oygacha
- Uch oygacha
- Olti oygacha
- To‘rt oygacha
To‘g‘ri javob: Ikki oygacha. Birinchi qismdagi muddat harbiy sud raisi tomonidan ikki oygacha uzaytirilishi mumkin.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash