Hukm (1/3)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
454-modda. Hukm chiqarish
Sud hukmni O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqaradi.
455-modda. Hukmning qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi
Hukm qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi shart.
Hukm qonunning barcha talablariga amal qilingan holda va qonun asosida chiqarilgan bo‘lsa, qonuniy deb e’tirof etiladi.
Hukm ishning haqiqiy holatlari unda kerakligicha to‘la va yuz berganiga haqiqatan monand tarzda aniqlangan bo‘lsa, asosli deb e’tirof etiladi.
Hukm aybdorga nisbatan jazo yoki boshqa ta’sir chorasi u sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va uning shaxsi e’tiborga olinib tayinlangan bo‘lsa, aybsiz shaxs esa oqlangan va reabilitatsiya etilgan bo‘lsa, adolatli deb e’tirof etiladi.
Sud hukmni faqat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslaydi.
Sudning hukmda ifodalangan barcha xulosalari asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
456-modda. Sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi
Sudya hukmni alohida xonada, sud esa maslahatxonada chiqaradi. Bunday paytda mazkur xonada faqat sudyaning o‘zi yoki ushbu ish bo‘yicha sud tarkibiga kirgan sudyalar hozir bo‘lishlari mumkin. Boshqa shaxslarning hozir bo‘lishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kech kirishi bilan, zarurat bo‘lgan taqdirda esa, kun davomida ham sud maslahatni to‘xtatishga haqlidir. Maslahatlashuv dam olish kuni va bayram kunida ham to‘xtatiladi. Sudyalar maslahatlashuv vaqtida aytilgan mulohazalarni oshkor qilishga haqli emas.
457-modda. Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar
Sud hukm chiqarish vaqtida alohida xonada (maslahatxonada) quyidagi masalalarni hal qiladi:
- 1) sudlanuvchi aybli deb topilayotgan qilmish haqiqatan sodir etilganmi;
- 2) bu qilmish jinoyat deb hisoblanadimi va u Jinoyat kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgan;
- 3) bu qilmishni sudlanuvchi sodir etganmi;
- 4) sudlanuvchi jinoyat sodir etilishida ayblimi va, basharti aybli bo‘lsa, uning aybi qanday shaklda;
- 5) sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiradigan va og‘irlashtiradigan holatlar bormi;
- 6) sudlanuvchi sodir etgan jinoyati uchun jazolanishi kerakmi;
- 7) sudlanuvchiga qanday jazo tayinlanishi lozim va u shu jazoni o‘tashi kerakmi;
- 8) sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 34-moddasiga muvofiq o‘ta xavfli retsidivist deb topish lozimmi;
- 9) ozodlikdan mahrum qilingan mahkum jazoni qanday tartibli koloniyada o‘tashi lozim va jazo muddatining bir qismini turmada o‘tashi kerakmi;
- 10) fuqaroviy da’vo qanoatlantirilishi kerakmi, bu da’vo kimning foydasiga va qancha miqdorda qanoatlantirilishi lozim, shuningdek fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa, jinoyat tufayli keltirilgan mulkiy zarar undirilishi kerakmi, sudlanuvchilar sheriklik yoki hissadorlik tartibida javobgarlikka tortilishlari lozimmi;
- 11) fuqaroviy da’voni ta’minlash uchun xatlangan mol-mulkni nima qilish kerak;
- 12) ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni nima qilish kerak;
- 13) protsess chiqimlarini kimning zimmasiga va qancha miqdorda yuklash kerak;
457-modda. Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar (davomi)
- 14) sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash, ilgarigisini qoldirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish kerakmi;
- 15) sudlanuvchiga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash yoxud uning ustidan homiylik belgilash zarurmi.
- 16) sudlanuvchiga nisbatan lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish kerakmi.
- 17) sudlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish zarurmi.
Sudlanuvchi bir necha jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lsa, sud ushbu moddaning 1 — 8-bandlarida nazarda tutilgan masalalarni har bir jinoyat bo‘yicha alohida-alohida hal qiladi.
Jinoyatni sodir etishda bir necha sudlanuvchi ayblanayotgan bo‘lsa, sud ushbu moddada ko‘rsatilgan masalalarni har bir sudlanuvchiga nisbatan alohida-alohida hal qiladi.
Ushbu moddaning 15-bandida nazarda tutilgan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari ekspertning tegishli xulosasi mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi mumkin.
Sud muhokamasi jarayonida ushbu Kodeks 533-moddasining birinchi qismi 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan holatlardan birortasi aniqlanib qolsa, sud hukmning ijrosini qonunda belgilangan tartibda kechiktirish masalasini muhokama qilishi shart.
458-modda. Sudlanuvchining ruhiy holati buzilganligi va aqli norasoligi masalasini muhokama qilish
Surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud muhokamasi vaqtida sudlanuvchining ruhiy holati buzilganligi va aqli norasoligi haqidagi masala yuzaga kelgan hollarda sud hukm chiqarish chog‘ida bu masalani yana bir bor muhokama qilishi shart. Sud sudlanuvchi ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli norasolik holatda bo‘lgan yoki uni sodir etganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan darajada ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan deb topgan taqdirda, ushbu Kodeksning 577-moddasida nazarda tutilgan ajrimni chiqaradi.
459-modda. Shartli hukm qilingan shaxs ustidan kuzatuv olib borish masalasini muhokama qilish
Shartli hukm qo‘llanilganda sud shartli hukm qilingan shaxs ustidan kuzatuv olib borishni kimga yuklatish lozimligini hal qiladi.
Shartli hukm qilish to‘g‘risida jamoat birlashmasi yoki jamoaning iltimosnomasi bo‘lsa, sud shartli hukm qilingan shaxsning xulq-atvorini kuzatish uchun uni shu birlashma yoki jamoaga topshirishi mumkin.
460-modda. Sudyalarning maslahatlashuv tartibi
Ish sud tarkibi tomonidan ko‘rilayotgan bo‘lsa, hukm chiqarish oldidan raislik qiluvchi boshchiligida sudyalarning maslahatlashuvi o‘tkazilib, raislik qiluvchi sud hal qilishi lozim bo‘lgan savollarni ushbu Kodeksning 457-moddasida ko‘rsatilgan izchillikda qo‘yadi. Har bir savol shunday shaklda qo‘yilishi kerakki, toki bu savolga ma’qullovchi, yoki rad etuvchi javob qaytariladigan bo‘lsin. Javob qaytarganidan so‘ng sudya javobning sabab-asoslarini ifodalashi mumkin.
Har bir savolni hal qilishda sudyalardan hech biri ovoz berishda betaraf qolishga haqli emas. Barcha masalalar ovozlarning oddiy ko‘pchiligi bilan hal qilinadi. Raislik qiluvchi hammadan keyin ovoz beradi.
Birinchi navbatda sudlanuvchining manfaatiga to‘laroq mos keladigan fikr ovozga qo‘yiladi. Basharti oqlash to‘g‘risida ovoz bergan sudya yoki sudyalar ozchilikni tashkil qilib, boshqa sudyalar esa jinoyatning tavsifi yoki jazo chorasi to‘g‘risida har xil fikrda bo‘lsalar, oqlash uchun berilgan ovoz yoki ovozlar Jinoyat kodeksining yengilroq jazo chorasini nazarda tutgan tegishli moddasi bo‘yicha tavsif qilish uchun berilgan ovozga qo‘shiladi.
Ishni sudya ko‘rayotgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning 457 — 459-moddalarida ko‘rsatilgan masalalarni yakka o‘zi hal qiladi.
461-modda. Sud tergovini yana davom ettirish
Ushbu Kodeksning 457 — 459-moddalarida ko‘rsatilgan masalalarni alohida xonada (maslahatxonada) muhokama qilish vaqtida sud ish uchun ahamiyati bo‘lgan biror holat qo‘shimcha ravishda aniqlanishi kerak deb topsa, hukm chiqarmay, sud tergovini yana davom ettirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Sud tergovi tamom bo‘lganidan keyin sud yana taraflarning muzokarasini boshlaydi va sudlanuvchining oxirgi so‘zini eshitadi.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 454-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tanib olish uchun ko‘rsatish, eksperiment o‘tkazish, ekspert tekshiruvi uchun namunalar olish
- Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar
- Hukm chiqarish
- Sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi
To‘g‘ri javob: Hukm chiqarish. 454-modda: Hukm chiqarish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Hukm chiqarish» qaysi moddada belgilangan?
- 447-modda
- 456-modda
- 457-modda
- 454-modda
To‘g‘ri javob: 454-modda. 454-modda: Hukm chiqarish.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, hukm qanday holda asosli deb e’tirof etiladi?
- Ishning haqiqiy holatlari unda kerakligicha to‘la va yuz berganiga haqiqatan monand tarzda aniqlangan bo‘lsa
- Qonunning barcha talablariga amal qilingan holda va qonun asosida chiqarilgan bo‘lsa
- Jazo jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va aybdorning shaxsi e’tiborga olinib tayinlangan bo‘lsa
- Hukmda ifodalangan barcha xulosalar taraflar tomonidan o‘zaro kelishilgan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Ishning haqiqiy holatlari unda kerakligicha to‘la va yuz berganiga haqiqatan monand tarzda aniqlangan bo‘lsa. 455-modda: ishning haqiqiy holatlari to‘la va haqiqatga monand aniqlangan hukm asosli hisoblanadi.
Sud Karimovga jazoni u sodir etgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi va uning shaxsini e’tiborga olib tayinladi. Hukmning qaysi talabi shu bilan ta’minlangan?
- Qonuniylik
- Adolatlilik
- Asoslilik
- Oshkoralik
To‘g‘ri javob: Adolatlilik. 455-modda: jazo jinoyatning xavflilik darajasi va shaxs e’tiborga olinib tayinlansa, hukm adolatli deb e’tirof etiladi.
Sudya Orifov hukmni dastlabki tergovda to‘plangan, ammo sud muhokamasida tekshirilmagan dalillarga asosladi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Hukm to‘g‘ri, chunki dalillar dastlabki tergovda to‘plangan va ularni sud muhokamasida qayta tekshirish talab etilmaydi
- Tekshirilmagan dalillarni faqat ayblov tomoni taklif etgan va prokuror ularga tayangan bo‘lsa, hukmga asos qilish mumkin
- Sud hukmni faqat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslaydi, shuning uchun bunday asoslash talabga zid
- Dalillar sud muhokamasida tekshirilganligi hukmni asoslash uchun majburiy emas, sud tergov dalillariga tayanadi
To‘g‘ri javob: Sud hukmni faqat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslaydi, shuning uchun bunday asoslash talabga zid. 455-modda: hukm faqat sud muhokamasida tekshirilgan dalillar bilan asoslanadi.
Sudyalar maslahatlashuvi vaqtida maslahatxonada kimlar hozir bo‘lishi mumkin?
- Taraflarning vakillari va sud majlisi kotibi ham hozir bo‘lishlari mumkin
- Faqat raislik qiluvchi va davlat ayblovchisi hozir bo‘lishlari mumkin
- Sudlanuvchi va uning himoyachisi, sud ruxsati bilan ham hozir bo‘lishlari mumkin
- Faqat sudyaning o‘zi yoki ushbu ish bo‘yicha sud tarkibiga kirgan sudyalar
To‘g‘ri javob: Faqat sudyaning o‘zi yoki ushbu ish bo‘yicha sud tarkibiga kirgan sudyalar. 456-modda: maslahatxonada faqat sudya yoki shu ish bo‘yicha sud tarkibiga kirgan sudyalar bo‘lishi mumkin, boshqa shaxslarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 457-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Sud tergovini yangidan boshlash
- Sud tergovini yana davom ettirish
- Shartli hukm qilingan shaxs ustidan kuzatuv olib borish masalasini muhokama qilish
- Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar
To‘g‘ri javob: Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar. 457-modda: Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar» qaysi moddada belgilangan?
- 459-modda
- 461-modda
- 452-modda
- 457-modda
To‘g‘ri javob: 457-modda. 457-modda: Hukm chiqarish vaqtida sud hal qiladigan masalalar.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash