Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (2/5)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
487-modda. Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi
Sud hukmi, ajrimi quyidagi hollarda jinoyat ishining haqiqiy holatlariga muvofiq emas deb e’tirof etiladi, agar:
- 1) sud xulosalari sud majlisida ko‘rilgan dalillar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa;
- 2) sud o‘z xulosalariga jiddiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlarni hisobga olmagan bo‘lsa;
- 3) ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarga nisbatan bir-biriga zid dalillar mavjud bo‘lgani holda, sud qaysi sabablarga ko‘ra ushbu dalillarning ayrimlarini ishonarli deb topganligi va boshqalarini rad etganligi hukmda, ajrimda ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
- 4) hukmda, ajrimda bayon etilgan xulosalarda jiddiy ziddiyatlar mavjud bo‘lib, ular sudlanuvchining aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilishga, Jinoyat kodeksi normalarining to‘g‘ri qo‘llanilishiga yoki jazo chorasini belgilashga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa.
488-modda. Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari
Protsess ishtirokchilarini qonun bilan kafolatlangan huquqlardan mahrum qilgan yoki bu huquqlarni cheklagan yoxud sudga ishni har tomonlama ko‘rib chiqishga boshqacha tarzda xalal bergan hamda qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishga ta’sir qilgan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar ushbu Kodeks normalarini jiddiy buzish deb e’tirof etiladi.
Quyidagi hollarda hukm, ajrim bekor qilinishi lozim, agar:
- 1) hukmni, ajrimni qonunga xilof tarkibdagi sud chiqargan bo‘lsa;
- 2) sudyaning hukmni, ajrimni yakka o‘zi chiqarishi tartibi yoki hukmni, ajrimni chiqarishda sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi buzilgan bo‘lsa;
- 3) ish sudlanuvchi yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa, bundan ushbu Kodeks 410-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno;
- 4) surishtiruv yoki dastlabki tergov tamomlanganidan so‘ng ayblanuvchi ishdagi barcha materiallar bilan tanishtirilmagan va bu qoidabuzarlik hukmni, ajrimni chiqargan sud tomonidan bartaraf etilmagan bo‘lsa;
- 5) himoyachisi bo‘lmagan sudlanuvchiga himoya nutqi uchun so‘z berilmagan bo‘lsa;
- 6) sudlanuvchiga oxirgi so‘z berilmagan bo‘lsa;
- 7) sudlanuvchining ona tilidan va tarjimon xizmatlaridan foydalanish huquqi buzilgan bo‘lsa;
- 8) qonunga ko‘ra himoyachi, qonuniy vakil ishtirok etishi shart bo‘lsa-yu, ish ularning ishtirokisiz tergov qilingan yoki ko‘rib chiqilgan bo‘lsa;
- 9) ishni yuritishni istisno etadigan holatlar mavjud bo‘la turib, surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi o‘tkazilgan bo‘lsa;
488-modda. Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari (davomi)
- 10) sud majlisi bayonnomasi ishda mavjud bo‘lmasa yoxud imzolanmagan bo‘lsa.
489-modda. Jinoyat kodeksi normalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi
Quyidagilar Jinoyat kodeksi normalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi deb e’tirof etiladi:
- 1) Jinoyat kodeksi Umumiy qismi moddalarining talablari buzilganligi;
- 2) jinoyatning Jinoyat kodeksining qo‘llanilishi lozim bo‘lgan moddasi (moddaning qismi, bandi) o‘rniga boshqa moddasi (moddaning qismi, bandi) bilan tavsiflanganligi;
- 3) mahkumga Jinoyat kodeksining mazkur moddasida nazarda tutilmagan jazo turi va me’yori tayinlanganligi.
490-modda. Jazoning adolatsizligi
Jazo jinoyatning og‘irligiga, mahkumning shaxsiga nomuvofiq bo‘lsa yoki jazo Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan doiradan chetga chiqmasdan tayinlangan bo‘lsa-da, biroq turi yoki me’yori bo‘yicha o‘ta yengil yoki o‘ta og‘ir bo‘lsa, adolatsiz hisoblanadi.
491-modda. Moddiy zararning o‘rni qoplanganligi munosabati bilan hukmni o‘zgartirish
Ishni apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rib chiqayotgan sud yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi to‘g‘risidagi tegishli moddasi normasini qo‘llash uchun asoslar aniqlangan taqdirda hukmni o‘zgartiradi.
492-modda. Qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonunning qonuniy kuchga kirganligi
Agar ishni apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rib chiqish davomida Jinoyat kodeksining 13-moddasiga muvofiq orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lgan, qilmishning jinoiyligini bekor qiladigan, jazoni yengillashtiradigan yoki shaxsning ahvolini boshqacha tarzda yaxshilaydigan qonun qonuniy kuchga kirsa, sud hukmga zarur o‘zgartirishlar kiritadi yoki hukmni bekor qilib, ish yuritishni tugatadi.
493-modda. Hukmni bekor qilish va ishni birinchi instansiya sudiga yuborish
Agar ushbu Kodeks 416, 417-moddalarining ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rish chog‘ida aniqlansa, sud prokurorning yoki jabrlanuvchining, uning vakilining yoxud mahkumning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosnomasiga ko‘ra, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish yoki boshqa shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida ajrim chiqaradi.
Ajrimni ijro etish ayblov dalolatnomasini yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorning zimmasiga yuklatiladi.
Sud ajrimi ushbu Kodeksning 416, 417-moddalarida belgilangan muddatda bajarilmagan yoki prokurorning ayblovga qo‘shimcha kiritish yoxud yangi shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun jalb etish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosasi kelib tushgan taqdirda, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi sud muhokamasini jinoyat ishida mavjud bo‘lgan dalillar asosida davom ettiradi.
Mahkumga yangi ayblov qo‘yilgan yoki yangi shaxs ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun ishga jalb etilgan taqdirda apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qiladi va ishni birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuboradi.
Ishning muhokamasi birinchi instansiya sudi tomonidan umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
494-modda. Hukmni mahkumning, oqlangan shaxsning ahvolini og‘irlashtirish tomonga bekor qilish
Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi sudning hukmini bekor qilishga va mahkumga jazoni kuchaytirgan yoki unga nisbatan e’lon qilingan ayblov doirasida og‘irroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llagan holda yangi ayblov hukmi chiqarishga haqli.
Sudning ayblov hukmi apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi tomonidan faqat prokurorning protestiga yoki jabrlanuvchining, uning vakilining shikoyatiga ko‘ra, mahkumning ahvolini og‘irlashtirgan holda yangi hukm chiqarish orqali bekor qilinishi mumkin.
Sudning oqlov hukmi apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi tomonidan faqat prokurorning protestiga yoki jabrlanuvchining, uning vakilining mazkur hukmning qonunga xilofligi va asossizligi borasidagi shikoyatiga ko‘ra, ayblov hukmi chiqarilgan holda bekor qilinishi mumkin.
495-modda. Sudning hukmini, ajrimini o‘zgartirish
Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi sudning ayblov hukmini yoki ajrimini o‘zgartirish chog‘ida quyidagilarga haqli:
- 1) jazoni yengillashtirishga yoki mahkumga nisbatan yengilroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llashga;
- 2) mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishga;
- 3) jazoni ijro etish muassasasi turini yengilrog‘iga yoki og‘irrog‘iga o‘zgartirishga;
- 4) jinoyat natijasida yetkazilgan, o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan moddiy zarar miqdorini, shuningdek ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish miqdorini kamaytirishga yoki ko‘paytirishga;
- 5) Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq mahkumga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashga;
- 6) ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar to‘g‘risidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
Oqlov hukmining oqlov asoslariga doir qismi oqlangan shaxsning, uning himoyachisining, qonuniy vakilining shikoyatiga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 487-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rish doirasi
- Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati va protestining mazmuniga qo‘yiladigan talablar
- Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi
- Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari
To‘g‘ri javob: Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi. 487-modda: Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi» qaysi moddada belgilangan?
- 488-modda
- 483-modda
- 487-modda
- 480-modda
To‘g‘ri javob: 487-modda. 487-modda: Hukmda, ajrimda bayon etilgan sud xulosalarining ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emasligi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, sud hukmi quyidagi hollardan qaysi birida jinoyat ishining haqiqiy holatlariga muvofiq emas deb e’tirof etiladi?
- Sud xulosalari sud majlisida ko‘rilgan dalillar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa
- Hukm sudyaning o‘zi tomonidan qo‘lda yozilgan bo‘lsa
- Hukm e’lon qilinganidan keyin uning nusxasi o‘z vaqtida berilmagan bo‘lsa
- Taraflarning biri muzokarada ikki marta so‘zga chiqqan bo‘lsa
To‘g‘ri javob: Sud xulosalari sud majlisida ko‘rilgan dalillar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa. 487-modda 1-band: sud xulosalari sud majlisida ko‘rilgan dalillar bilan tasdiqlanmasa, hukm haqiqiy holatlarga muvofiq emas.
Ishda muhim holatga oid bir-biriga zid dalillar mavjud. Sud hukmda ayrim dalillarni ishonarli deb topdi, boshqalarini rad etdi, ammo buning sababini ko‘rsatmadi. Hukmning bu kamchiligi qanday baholanadi?
- Kamchilik emas, chunki dalillarga baho berish sudning ixtiyorida
- Hukm ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emas deb e’tirof etiladi
- Faqat jazoning adolatsizligi sifatida baholanadi
- Faqat ish yuritish normalarining jiddiy buzilishi deb hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Hukm ishning haqiqiy holatlariga muvofiq emas deb e’tirof etiladi. 487-modda 3-band: zid dalillarning ayrimlari nega ishonarli deb topilgani va boshqalari nega rad etilgani ko‘rsatilmasa, hukm haqiqiy holatlarga muvofiq emas.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 488-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari
- Sud tergovining to‘liq emasligi va bir yoqlamaligi
- Jinoyat ishini yuqori sud tomonidan ko‘rish muddatlari
- Moddiy zararning o‘rni qoplanganligi munosabati bilan hukmni o‘zgartirish
To‘g‘ri javob: Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari. 488-modda: Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari» qaysi moddada belgilangan?
- 491-modda
- 486-modda
- 484-modda
- 488-modda
To‘g‘ri javob: 488-modda. 488-modda: Ushbu Kodeks normalarining jiddiy buzilishlari.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, qanday qoidabuzarliklar kodeks normalarini jiddiy buzish deb e’tirof etiladi?
- Faqat sud majlisi kotibi yo‘l qo‘ygan texnik xatolar, bayonnomadagi imlo kamchiliklari va hukm matnidagi harfiy xatolar, ular protsess ishtirokchilarining huquqlarini cheklamagan va qaror mazmuniga ta’sir qilmagan bo‘lsa ham
- Faqat hukm chiqarish muddatini o‘tkazib yuborish yoki sud majlisining boshlanish vaqtini kechiktirish, bunda ishtirokchilarning huquqlari cheklanmagan va qonuniy qaror chiqarishga hech qanday ta’sir ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham
- Protsess ishtirokchilarining huquqlarini cheklagan yoki ishni har tomonlama ko‘rishga xalal bergan va qonuniy, asosli, adolatli qaror chiqarishga ta’sir qilgan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar
- Taraflarning nutq so‘zlash tartibidagi har qanday kamchiliklar, ular protsess ishtirokchilarining huquqlarini cheklamagan va qonuniy, asosli, adolatli qaror chiqarishga hech qanday ta’sir qilmagan bo‘lsa ham
To‘g‘ri javob: Protsess ishtirokchilarining huquqlarini cheklagan yoki ishni har tomonlama ko‘rishga xalal bergan va qonuniy, asosli, adolatli qaror chiqarishga ta’sir qilgan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar. 488-modda: huquqlarni cheklagan va qaror sifatiga ta’sir qilgan yoki qilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar jiddiy buzish hisoblanadi.
Sudlanuvchi Rahimov ish ko‘rilganda hamma narsa tugagach, unga oxirgi so‘z berilmadi va sud hukm chiqardi. Yuqori instansiya sudi bunga qanday munosabatda bo‘ladi?
- Hukmni o‘zgarishsiz qoldiradi, chunki oxirgi so‘z majburiy emas
- Faqat jazoni yengillashtiradi
- Faqat qo‘shimcha shikoyat talab qiladi
- Hukm bekor qilinishi lozim, chunki sudlanuvchiga oxirgi so‘z berilmagan
To‘g‘ri javob: Hukm bekor qilinishi lozim, chunki sudlanuvchiga oxirgi so‘z berilmagan. 488-modda 6-band: sudlanuvchiga oxirgi so‘z berilmagan bo‘lsa, hukm bekor qilinishi lozim.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash