Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (3/5)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
496-modda. Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish
Apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudi jinoyat ishini ko‘rib chiqib, quyidagi hollarda ayblov hukmini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi, agar:
- 1) ish bo‘yicha ushbu Kodeksning 83-moddasida hamda 84-moddasining birinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar aniqlangan bo‘lsa;
- 2) ish bo‘yicha to‘plangan dalillar mahkumni aybdor deb topish uchun yetarli bo‘lmasa va qo‘shimcha dalillarni to‘plash imkoniyati qolmagan bo‘lsa.
497-modda. Sudning hukmi va ajrimi ijro etilishini to‘xtatib turish
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi har qanday sudining ustidan shikoyat (protest) berilgan hukmi va ajrimi ijro etilishini berilgan shikoyat (protest) kassatsiya yoki taftish tartibida hal qilinguniga qadar to‘xtatib turishga haqli, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan chiqarilgan sud qarorlari mustasno. Qonunning ochiqdan-ochiq buzilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lgan taqdirda, ushbu shaxslar ishni talab qilib olish bilan bir vaqtda hukmning, ajrimning ijro etilishini to ular yuzasidan shikoyat (protest) berilguniga qadar ko‘pi bilan uch oyga to‘xtatib turishga haqlidir.
55¹-bob. BIRINCHI INSTANSIYA SUDINING HUKMI, AJRIMI USTIDAN APELLYATSIYA TARTIBIDA SHIKOYAT BERISH (PROTEST BILDIRISH)
497¹-modda. Apellyatsiya tartibida shikoyat beriladigan va protest bildiriladigan qarorlar
Birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin.
Birinchi instansiya sudining sud muhokamasi vaqtida chiqarilgan ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish hukm ustidan shunday harakatlarni sodir etish bilan bir paytning o‘zida amalga oshirilishi mumkin.
497²-modda. Hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar
Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakili sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi ustidan shikoyat berishga, prokuror va uning o‘rinbosari esa, protest bildirishga haqlidir.
Fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Sud tomonidan oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham sud hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berishga haqlidir.
497³-modda. Hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish tartibi
Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
- 1) jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga;
- 2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
- 3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari ustidan — ayni shu sudlarga.
Apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, mazkur sud ularni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeksning 497⁶-moddasida bayon etilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
497⁴-modda. Hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari
Apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin.
Hukm ustidan shikoyat va protest berish uchun belgilangan muddat ichida ish suddan talab qilib olinishi mumkin emas. Taraflar shu vaqt mobaynida ish bilan sud binosida tanishishga haqli.
Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi, bu haqda ularni bergan shaxslarga xabar qilinadi.
497⁵-modda. Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berish muddatini tiklash tartibi
Hukm ustidan shikoyat berish yoki protest bildirish muddati uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan hollarda apellyatsiya shikoyati yoki protesti berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar hukm chiqargan sudga muddatni tiklash so‘ralgan iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin. Zarur hollarda, bu masala iltimosnoma bergan shaxsning ishtirokida hal qilinadi.
Sudning o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan apellyatsiya instansiyasi sudiga xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin bo‘lib, u mazkur ajrimni bekor qilishga, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashga va apellyatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ishni ko‘rishga yoxud ishni hukm chiqargan sudga ushbu Kodeks 497⁶-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni bajarish uchun yuborishga haqli.
497⁶-modda. Apellyatsiya shikoyati, protesti berilganligi to‘g‘risida xabar berish
Hukm chiqargan sud apellyatsiya shikoyati, protesti berilganligi to‘g‘risida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakilini, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy da’vogarni, fuqaroviy javobgarni, ularning vakillarini agar shikoyat, protest ularning manfaatlariga daxldor bo‘lsa, xabardor qiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning ko‘chirma nusxalari yoxud hukm chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga shikoyat, protest yuzasidan o‘z e’tirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi ularni taqdim etish muddati ko‘rsatilgan holda tushuntiriladi. Shikoyat, protest ustidan kelib tushgan e’tirozlar ishga qo‘shib qo‘yiladi.
Taraflar apellyatsiya shikoyatiga, protestiga doir e’tiroz bilan birga alohida holda yangi materiallarni taqdim etishga yoxud ularni talab qilib olish va tekshirish, shuningdek o‘zlari ko‘rsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va so‘roq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.
497⁷-modda. Hukm ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protesti berish oqibatlari
Apellyatsiya shikoyati yoki protesti berilishi hukmning qonuniy kuchga kirishini va uning ijro ettirilishini to‘xtatib turadi.
Hukm ustidan shikoyat berish va protest bildirish uchun belgilangan muddat tugagach, hukm chiqargan sud ushbu Kodeksning 497⁶-moddasida nazarda tutilgan talablarni bajarib, ishni shikoyatlar, protestlar hamda ular yuzasidan bildirilgan e’tirozlar, shuningdek taqdim etilgan qo‘shimcha materiallar bilan birga o‘n kundan kechiktirmay apellyatsiya instansiyasi sudiga yuboradi.
Bu muddat alohida hollarda yuqori sud raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan ko‘pi bilan yigirma kunga uzaytirilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 496-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Sudning hukmini, ajrimini o‘zgartirish
- Apellyatsiya shikoyatini yoki protestini qaytarib olish
- Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish
- Sudning hukmi va ajrimi ijro etilishini to‘xtatib turish
To‘g‘ri javob: Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish. 496-modda: Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish» qaysi moddada belgilangan?
- 497¹⁰-modda
- 497-modda
- 495-modda
- 496-modda
To‘g‘ri javob: 496-modda. 496-modda: Ayblov hukmini jinoyat ishini tugatgan holda bekor qilish.
Apellyatsiya sudi ish bo‘yicha to‘plangan dalillar mahkum Bekovni aybdor deb topish uchun yetarli emasligini va qo‘shimcha dalillarni to‘plash imkoniyati qolmaganligini aniqladi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra sud nima qiladi?
- Ayblov hukmini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi
- Hukmni o‘zgarishsiz qoldirib, jazoni yengillashtiradi
- Ishni dastlabki tergovga qaytaradi
- Ishni yangi sud tarkibiga ko‘rish uchun yuboradi
To‘g‘ri javob: Ayblov hukmini bekor qiladi va jinoyat ishini tugatadi. 496-modda 2-band: dalillar yetarli bo‘lmasa va qo‘shimcha dalil to‘plash imkoni qolmasa, ayblov hukmi bekor qilinib ish tugatiladi.
Qonunning ochiqdan-ochiq buzilganligini tasdiqlovchi dalillar bo‘lganda, Oliy sud raisi va o‘rinbosarlari ishni talab qilib olish bilan hukm ijrosini shikoyat berilguniga qadar ko‘pi bilan qancha muddatga to‘xtatib turishga haqli?
- Olti oyga
- Uch oyga
- Bir oyga
- Ikki oyga
To‘g‘ri javob: Uch oyga. Bunday hollarda hukm ijrosi shikoyat (protest) berilguniga qadar ko‘pi bilan uch oyga to‘xtatib turilishi mumkin.
Oliy sudi raisi va uning o‘rinbosarlari qonunning ochiqdan-ochiq buzilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud bo‘lganda, ishni talab qilib olish bilan bir vaqtda hukm ijrosini ko‘pi bilan qancha muddatga to‘xtatib turishga haqli?
- Bir oyga
- Uch oyga
- Olti oyga
- Bir yilga
To‘g‘ri javob: Uch oyga. 497-modda: ular hukm ijrosini shikoyat (protest) berilguniga qadar ko‘pi bilan uch oyga to‘xtatib turishga haqli.
Birinchi instansiya sudining qanday hukmlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish yoki protest bildirish mumkin?
- Qonuniy kuchga kirgan hukmlari ustidan
- Faqat oqlov hukmlari ustidan
- Qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan
- Faqat umrbod ozodlikdan mahrum qilish hukmlari ustidan
To‘g‘ri javob: Qonuniy kuchga kirmagan hukmlari ustidan. 497¹-modda: apellyatsiya qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan beriladi.
Fuqaroviy da’vogar Zokirov hukmning jazo tayinlashga oid qismidan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bermoqchi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra uning huquqi qaysi doirada?
- Hukmning barcha qismi ustidan, jumladan jazo qismi ustidan ham shikoyat berishga haqli
- Faqat hukmning jazo qismi ustidan shikoyat berishga haqli, fuqaroviy da’vo qismi ustidan emas
- Hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan protest bildirishga haqli
- Faqat hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli
To‘g‘ri javob: Faqat hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli. 497²-modda: fuqaroviy da’vogar hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli.
Sud Hamroyevni oqladi, biroq u oqlash asoslaridan norozi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, oqlangan shaxs hukmning qaysi qismi ustidan shikoyat berishga haqli?
- Hukmning oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan
- Faqat protest bildirishga haqli, shikoyat berishga haqli emas
- Hukmning jazo qismi ustidan
- Oqlangan shaxs shikoyat berishga umuman haqli emas
To‘g‘ri javob: Hukmning oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan. 497²-modda: oqlangan shaxs hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqli.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash