Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (5/5)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
497³¹-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi ushbu Kodeksning 454 — 477-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
- 1) sud ishining raqami, ajrim chiqarilgan sana va joy;
- 2) sudning nomi va tarkibi, ishni ko‘rishda ishtirok etgan prokuror va boshqa shaxslar;
- 3) apellyatsiya shikoyati yoki protesti bergan shaxs;
- 4) birinchi instansiya sudining shikoyat yoki protest berilgan hukmining qaror qismi mazmuni;
- 5) shikoyatning, protestning, ishda ishtirok etayotgan shaxslar e’tirozlari va tushuntirishlarining mohiyati, shuningdek prokurorning fikri;
- 6) shikoyat, protest bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudining qarori.
Shikoyat, protest qanoatlantirilmay qoldirilganda apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimida hukm qonuniy, asosli va adolatli deb, birinchi instansiya sudining ajrimi qonuniy hamda asosli deb topilganligining, shikoyat yoki protest esa qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari ko‘rsatilishi kerak.
Hukm, ajrim bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan taqdirda, apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimida qonunning qaysi normalari talablari buzilganligi va bekor qilinayotgan yoki o‘zgartirilayotgan qarorning asossizligi nimadan iborat ekanligi ko‘rsatilishi kerak.
Apellyatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish chog‘ida birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillar va apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan tekshirilgan yangi dalillarga asoslanishi mumkin.
497³¹-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi (davomi)
Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi sudning butun tarkibi tomonidan imzolanadi. Ovoz berish chog‘ida ozchilik tarafda qolgan sudya ajrimni imzolab, o‘zining alohida fikrini yozma shaklda bayon etishga haqli.
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi sud majlisi zalida o‘qib eshittiriladi va darhol qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan e’tiboran besh sutkadan kechiktirmay jinoyat ishi bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
Mahkumni darhol qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish uchun asos bo‘ladigan hukm, ajrim, agar mahkum sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa, sud zalida ijro etilishi lozim. Boshqa hollarda hukmning, ajrimning ko‘chirma nusxasi hukm, ajrim chiqarilganidan keyin apellyatsiya instansiyasi tomonidan jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyatiga yoki mahkumning yashash joyidagi uy qamog‘ini ijro etish o‘z zimmasiga yuklatilgan ichki ishlar organiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
497³²-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining xususiy ajrimi
Apellyatsiya instansiyasi sudi ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lgan taqdirda xususiy ajrim chiqaradi.
497³³-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudi majlisining bayonnomasi
Apellyatsiya instansiyasi sudida sud majlisining kotibi ushbu Kodeksning 426-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq bayonnoma yuritadi. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan mulohazalar berilishi mumkin bo‘lib, ular ushbu Kodeksning 427-moddasida nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
497³⁴-modda. Sud ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni, protestni ko‘rib chiqish
Ushbu Kodeksning 497²-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat (xususiy protest) berishga haqli.
Agar ish bo‘yicha hukm chiqarilgan, biroq xususiy shikoyat yoki xususiy protest faqat birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan bo‘lsa, sud hukm ustidan apellyatsiya shikoyati, protesti berish uchun belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng ishni yuqori sudga yuboradi.
Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) apellyatsiya instansiyasi sudida ish yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha ko‘rish natijalariga ko‘ra quyidagilarga haqli:
- 1) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
- 2) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
- 3) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar bo‘yicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni o‘tkazish uchun prokurorga yuborishga;
- 4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qo‘llashga;
- 5) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;
497³⁴-modda. Sud ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni, protestni ko‘rib chiqish (davomi)
- 6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga;
- 7) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgartirishga.
Apellyatsiya instansiyasi sudining birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha chiqarilgan ajrimi uzil-kesildir, bundan ushbu Kodeksning 308, 317-moddalarida va 59-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno.
497³⁵-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudida ishni qo‘shimcha ko‘rish
Ba’zi mahkumlarga daxli bo‘lgan, belgilangan muddatda yuborilgan apellyatsiya shikoyati yoki protesti biror sababga ko‘ra apellyatsiya instansiyasi sudiga boshqa mahkumlarning jinoyat ishi ko‘rib bo‘linganidan keyin kelib tushsa yoki o‘tkazib yuborilgan muddat ushbu Kodeksning 497⁵-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan tiklansa, shuningdek mahkumning, uning himoyachisining yoxud qonuniy vakilining apellyatsiya shikoyati, ushbu mahkumga doir ish protsessning boshqa ishtirokchisi bergan apellyatsiya shikoyati yoki apellyatsiya protesti bo‘yicha ko‘rib chiqilganidan so‘ng kelib tushgan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudi bunday shikoyat yoki protestni ko‘rib chiqishi va u bo‘yicha hukm, ajrim chiqarishi shart.
Agar ishni qo‘shimcha ko‘rish chog‘ida apellyatsiya instansiyasi sudi tomonidan chiqarilgan hukm, ajrim ilgari chiqarilgan hukmga, ajrimga zid bo‘lsa, protest bildirish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun ish taftish tartibida protest bildirish vakolatiga ega bo‘lgan prokurorga yuboriladi.
Ishni qo‘shimcha ko‘rish tartibi kechikib kelib tushgan xususiy shikoyatni va protestni hal etish uchun ham qo‘llaniladi.
497³⁶-modda. Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan shikoyat berish
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat, protest berilishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 497³¹-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi
- Hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari
- Hukm ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar
- Apellyatsiya tartibida shikoyat beriladigan va protest bildiriladigan qarorlar
To‘g‘ri javob: Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi. 497³¹-modda: Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi» qaysi moddada belgilangan?
- 497³¹-modda
- 497¹-modda
- 497⁴-modda
- 497²-modda
To‘g‘ri javob: 497³¹-modda. 497³¹-modda: Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi qanday chiqariladi?
- Hukm chiqarishga oid qoidalarga (454 — 477-moddalar) rioya etilib, O‘zbekiston Respublikasi nomidan
- Faqat sud raisining nomidan, hukm chiqarishga oid qoidalarga rioya etilmasdan, qisqartirilgan tartibda
- Apellyatsiya bobining alohida qoidalari bo‘yicha, hukm qoidalariga (454 — 477-moddalar) rioya etilmasdan
- Hukm chiqarishga oid qoidalarga rioya etilib, viloyat sudining nomidan, taraflar roziligi bilan
To‘g‘ri javob: Hukm chiqarishga oid qoidalarga (454 — 477-moddalar) rioya etilib, O‘zbekiston Respublikasi nomidan. 497³¹-modda: apellyatsiya sudining hukmi 454 — 477-moddalardagi qoidalarga rioya etilib, O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Quyidagi ma’lumotlardan qaysi biri apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimida ko‘rsatilishi kerak?
- Sudlanuvchining oilaviy ahvoli va ma’lumoti hamda uning jazo muddatini o‘tash joyi
- Birinchi instansiya sudining shikoyat yoki protest berilgan hukmining qaror qismi mazmuni
- Guvohlarning to‘liq ko‘rsatuvlari matni va ularning sudga kelish vaqtlari haqidagi ma’lumotlar
- Sud majlisi kotibining xizmat tarjimai holi va uning bayonnoma yuritish bo‘yicha tajribasi
To‘g‘ri javob: Birinchi instansiya sudining shikoyat yoki protest berilgan hukmining qaror qismi mazmuni. 497³¹-modda 4-band: ajrimda shikoyat berilgan hukmning qaror qismi mazmuni ko‘rsatiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi mahkum Ergashevning shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirdi. Ajrimda qanday asoslar ko‘rsatilishi kerak?
- Faqat shikoyatning rad etilgani haqidagi qisqa jumla, hukm va birinchi instansiya ajrimining qonuniyligi, asosliligi haqida alohida asoslar keltirilmasdan
- Faqat shikoyat bergan shaxsning ma’lumotlari hamda shikoyat qanoatlantirilmaganligi to‘g‘risidagi qaror, hukmning qonuniyligi va asosliligi asoslari keltirilmasdan
- Hukm qonuniy, asosli va adolatli, birinchi instansiya ajrimi qonuniy hamda asosli deb topilganligining hamda shikoyat qanoatlantirilmaganligining asoslari
- Faqat jazoni yengillashtirish asoslari hamda birinchi instansiya ajrimi qonuniy va asosli deb topilganligining asoslari ko‘rsatilmagan holda
To‘g‘ri javob: Hukm qonuniy, asosli va adolatli, birinchi instansiya ajrimi qonuniy hamda asosli deb topilganligining hamda shikoyat qanoatlantirilmaganligining asoslari. 497³¹-modda: shikoyat qanoatlantirilmay qolsa, hukm va ajrim nega qonuniy, asosli deb topilgani va shikoyat nega qanoatlantirilmagani asoslari ko‘rsatiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi hukmni bekor qildi. Sud ajrimida nimani ko‘rsatishi shart?
- Faqat yangi hukm jazosining miqdorini va qonunning qaysi normalari talablari bajarilganligini
- Faqat taraflarning e’tirozlari mazmunini hamda ularning bekor qilish haqidagi iltimoslarini ko‘rsatadi
- Faqat prokurorning protest vajlarini va qonunning qaysi normalari talablari bajarilganligini
- Qonunning qaysi normalari talablari buzilganligini va bekor qilinayotgan qarorning asossizligi nimadan iboratligini
To‘g‘ri javob: Qonunning qaysi normalari talablari buzilganligini va bekor qilinayotgan qarorning asossizligi nimadan iboratligini. 497³¹-modda: hukm bekor qilinganda buzilgan normalar va qarorning asossizligi nimadan iboratligi ko‘rsatiladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi hukm yoki ajrimning ko‘chirma nusxasini jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga qancha vaqtdan kechiktirmay yuboradi?
- O‘n ikki soatdan
- Yigirma to‘rt soatdan
- Besh sutkadan
- Qirq sakkiz soatdan
To‘g‘ri javob: Yigirma to‘rt soatdan. Ko‘chirma nusxa hukm chiqarilganidan keyin yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi kim tomonidan imzolanadi?
- Sudning butun tarkibi tomonidan
- Faqat raislik qiluvchi tomonidan
- Raislik qiluvchi va kotib tomonidan
- Prokuror va raislik qiluvchi tomonidan
To‘g‘ri javob: Sudning butun tarkibi tomonidan. 497³¹-modda: ajrim sudning butun tarkibi tomonidan imzolanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash