Sudning hukmi va ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish (protest bildirish) (1/6)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
498-modda. Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari
Birinchi instansiya sudining hukmlari, ajrimlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudining sud muhokamasi davomida chiqarilgan ajrimlari ustidan hukm bilan bir vaqtda kassatsiya tartibida shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin.
499-modda. Birinchi instansiya sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga (protest bildirishga) bo‘lgan huquq
Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instansiya sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, shuningdek ularning o‘rinbosarlari birinchi instansiya sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida protest bildirishga haqli.
Fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
Sud tomonidan oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
Ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga haqli.
500-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) berish tartibi
Qonuniy kuchga kirgan hukmlar, ajrimlar ustidan kassatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
- 1) jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar sudlariga;
- 2) hududiy harbiy sudlarning hukmlari, ajrimlari ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
- 3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari, ajrimlari ustidan — ayni shu sudlarga.
Kassatsiya shikoyatlari va protestlari hukmni, ajrimni chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita kassatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, sud uni hukmni, ajrimni chiqargan sudga ushbu Kodeksning 479-moddasida nazarda tutilgan talablarni bajarish uchun yuboradi.
501-modda. Sud hukmlari, ajrimlarini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishga yo‘l qo‘yiladigan muddat
Agar shikoyatda yoki protestda og‘irroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi yoxud mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi qonunni qo‘llash to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini kassatsiya tartibida qayta ko‘rishga faqat ular qonuniy kuchga kirganidan keyin bir yil ichida yo‘l qo‘yiladi.
502-modda. Hukm, ajrim ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish oqibatlari
Kassatsiya shikoyati (protesti) berilganligi hukmning, ajrimning ijrosini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lmaydi.
Hukm, ajrim chiqargan sud ushbu Kodeks 479-moddasining ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarni bajarib, bir oylik muddatda ishni shikoyatlar (protestlar) va ularga doir e’tirozlar, shuningdek taqdim etilgan qo‘shimcha materiallar bilan birga kassatsiya instansiyasi sudiga yuboradi. Mazkur muddat alohida hollarda yuqori sud raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan uzaytirilishi, biroq ko‘pi bilan yigirma kunga uzaytirilishi mumkin.
503-modda. Kassatsiya shikoyati (protesti) berilganligi to‘g‘risida xabardor qilish
Hukm, ajrim chiqargan sud kassatsiya shikoyati (protesti) berilganligi to‘g‘risida mahkumni, oqlangan shaxsni, ularning himoyachilarini, qonuniy vakillarini, prokurorni, jabrlanuvchini, uning vakilini, shuningdek fuqaroviy da’vogarni, fuqaroviy javobgarni va ularning vakillarini, agar shikoyat (protest) ularning manfaatlariga daxldor bo‘lsa, uch sutka ichida xabardor qiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga shikoyatning, protestning ko‘chirma nusxalari yuboriladi yoxud hukmni, ajrimni chiqargan sudning internet-resursi orqali ularning elektron nusxalari bilan tanishish mumkinligi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Bunda taraflarga ularning shikoyatga, protestga doir e’tirozlarini yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida berish huquqi, e’tirozlarni taqdim etish muddati ko‘rsatilgan holda, tushuntiriladi. Shikoyat, protest yuzasidan kelib tushgan e’tirozlar jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Taraflar kassatsiya shikoyatiga, protestiga doir e’tiroz bilan birga yangi materiallarni alohida taqdim etishga yoki ularni talab qilib olish va tekshirish to‘g‘risida, shuningdek o‘zlari ko‘rsatgan jabrlanuvchilarni, guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni sudga chaqirish va so‘roq qilish haqida iltimosnoma berishga haqli.
504-modda. Kassatsiya shikoyatini, protestini o‘zgartirish va unga qo‘shimcha kiritish
Kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs kassatsiya instansiyasi sudining majlisi boshlanguniga qadar uni o‘zgartirishga yoxud yangi vajlar bilan to‘ldirishga haqli.
Kassatsiya protestini o‘zgartirish yoki unga qo‘shimcha kiritish, jabrlanuvchining yoxud uning vakilining kassatsiya shikoyatini o‘zgartirish yoki unga qo‘shimcha kiritish chog‘ida mahkumning ahvolini og‘irlashtirish to‘g‘risidagi masala, agar bunday talab dastlabki kassatsiya shikoyatida, protestida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, qo‘yilishi mumkin emas.
Kassatsiya shikoyati berilganidan keyin jinoyat ishini yuritishga kirishgan himoyachi shikoyatni o‘zgartirishi yoxud yangi vajlar bilan to‘ldirishi, ilgari ishda ishtirok etgan himoyachi tomonidan berilgan shikoyat vajlariga qo‘shimcha asoslar taqdim etishi mumkin.
504¹-modda. Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
Hukm, ajrim ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs uni qaytarib olishga haqlidir. Yuqori turuvchi prokuror ham protestni qaytarib olish huquqiga ega. Mahkum o‘z himoyachisining shikoyatini qaytarib olishga haqli.
Mahkumning himoyachisi, qonuniy vakili o‘z shikoyatini faqat mahkumning roziligi bilan qaytarib olishga haqli.
Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olishga kassatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirguniga qadar yo‘l qo‘yiladi.
Shikoyat yoki protest, shuningdek uni qaytarib olish to‘g‘risidagi hujjat ishda qoldiriladi.
504²-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan kassatsiya tartibida xususiy shikoyat berish va protest bildirish
Birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan ajrimi ustidan ushbu Kodeksning 499-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan kassatsiya tartibida xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
Hukm chiqarish bilan yakunlangan sud muhokamasi davomida chiqarilgan ajrim ustidan shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda, ish kassatsiya instansiyasi sudiga yuboriladi.
Sud muhokamasi davomida chiqarilgan dalillarni tekshirish tartibiga, jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlashga, uni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga, shuningdek sud majlisi zalida tartib saqlashga taalluqli ajrimlar ustidan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda shikoyat berish va protest bildirish mumkin emas. Ularga qarshi e’tirozlar kassatsiya shikoyatiga yoki kassatsiya protestiga kiritilishi mumkin.
Mazkur ish bo‘yicha taraf hisoblanmagan shaxslar sud ajrimi ustidan, agar ajrim ularning manfaatlariga daxldor bo‘lsa, shikoyat berishga haqlidir.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 498-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Apellyatsiya instansiyasi sudi majlisini tayinlash va tayyorlash
- Apellyatsiya shikoyatiga, protestiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish
- Apellyatsiya tartibida shikoyat beriladigan va protest bildiriladigan qarorlar
- Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari
To‘g‘ri javob: Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari. 498-modda: Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari» qaysi moddada belgilangan?
- 497¹-modda
- 497⁹-modda
- 498-modda
- 497¹⁵-modda
To‘g‘ri javob: 498-modda. 498-modda: Kassatsiya tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari.
Tuman sudining hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilgan. Shu hukm ustidan yana kassatsiya tartibida shikoyat berish mumkinmi?
- Mumkin emas, chunki kassatsiya tartibida faqat apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hukmlar qayta ko‘riladi
- Mumkin, chunki kassatsiya apellyatsiyadan keyingi majburiy bosqich bo‘lib, har bir hukm ikkala tartibda ko‘riladi
- Mumkin, ammo faqat prokuror protesti bilan va apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hukmlarga nisbatan
- Mumkin, ammo faqat oqlov hukmlariga nisbatan va apellyatsiya tartibida ko‘rilgan hukmlar bo‘yicha
To‘g‘ri javob: Mumkin emas, chunki kassatsiya tartibida faqat apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan hukmlar qayta ko‘riladi. 498-modda: kassatsiya tartibida hukmlar, agar apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, qayta ko‘rilishi mumkin.
Birinchi instansiya sudining sud muhokamasi davomida chiqarilgan ajrimlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat qachon berilishi mumkin?
- Faqat hukm qonuniy kuchga kirgach, bir yildan keyin
- Hukm bilan bir vaqtda
- Faqat hukmdan oldin, alohida tartibda
- Ajrim ustidan shikoyat berish mumkin emas
To‘g‘ri javob: Hukm bilan bir vaqtda. 498-modda: sud muhokamasi davomida chiqarilgan ajrimlar ustidan hukm bilan bir vaqtda kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.
Kassatsiya tartibida birinchi instansiya sudining hukmi, ajrimi ustidan protest bildirishga kimlar haqli?
- Jabrlanuvchi va uning vakili hamda tuman (shahar) prokurori va uning o‘rinbosarlari
- Mahkumning himoyachisi va qonuniy vakili, shuningdek ish ko‘rilgan sud raisi
- Bosh prokuror, viloyat prokurorlari, Harbiy prokuror va ularning o‘rinbosarlari
- Fuqaroviy da’vogar va fuqaroviy javobgar hamda ularning vakillari va tuman prokurori
To‘g‘ri javob: Bosh prokuror, viloyat prokurorlari, Harbiy prokuror va ularning o‘rinbosarlari. 499-modda: protestni Bosh prokuror, hududiy va Harbiy prokurorlar hamda ularning o‘rinbosarlari bildiradi; boshqalar shikoyat beradi.
Fuqaroviy da’vogar Qodirov hukmning jazo tayinlashga oid qismidan norozi bo‘lib, kassatsiya shikoyati bermoqchi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra uning huquqi qaysi doirada?
- Hukmning barcha qismi ustidan, jumladan jazo qismi ustidan ham shikoyat berishga haqli
- Faqat jazo qismi ustidan, fuqaroviy da’vo qismi ustidan emas, shikoyat berishga haqli
- Hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan protest bildirishga haqli
- Faqat hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli
To‘g‘ri javob: Faqat hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqli. 499-modda: fuqaroviy da’vogar hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan kassatsiya shikoyati berishga haqli.
Sud Hamidovni oqlagan, biroq oqlash asoslari uni qoniqtirmaydi. Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, oqlangan shaxs kassatsiya tartibida hukmning qaysi qismi ustidan shikoyat berishga haqli?
- Hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan
- Hukmning jazo qismi ustidan va tayinlangan jazo me’yori yuzasidan
- Faqat protest bildirish yo‘li bilan, ya’ni prokuror orqali
- Oqlangan shaxs kassatsiya shikoyati berishga umuman haqli emas
To‘g‘ri javob: Hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan. 499-modda: oqlangan shaxs hukmning oqlash sabablari va asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqli.
Kassatsiya shikoyatlari va protestlari qaysi sud orqali beriladi?
- Bevosita kassatsiya instansiyasi sudi orqali
- Oliy sudi raisi orqali
- Prokuratura orqali
- Hukmni, ajrimni chiqargan sud orqali
To‘g‘ri javob: Hukmni, ajrimni chiqargan sud orqali. 500-modda: kassatsiya shikoyatlari va protestlari hukm, ajrim chiqargan sud orqali beriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash