Sudning hukmi va ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish (protest bildirish) (2/6)
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
504³-modda. Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish
Birinchi instansiya sudi uch sutka ichida jinoyat ishi kassatsiya instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida ushbu Kodeksning 499-moddasida ko‘rsatilgan shaxslarni xabardor qiladi.
56¹-bob. KASSATSIYA INSTANSIYASI SUDIDA ISH YURITISH
509⁵-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash
Sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bilan birga kelib tushgan jinoyat ishini o‘rganib, sud majlisini tayinlash to‘g‘risida yetti sutkadan kechiktirmay ajrim chiqaradi, unda quyidagi masalalarni hal etadi:
- 1) jinoyat ishini ko‘rib chiqish joyi, sanasi va boshlanish vaqti to‘g‘risidagi;
- 2) sud majlisiga taraflarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini chaqirish haqidagi;
- 3) ushbu Kodeksning 19-moddasida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishini yopiq sud majlisida ko‘rish to‘g‘risidagi;
- 4) ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan mahkumning sud majlisida ishtirok etishi haqidagi.
Ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran uch sutka ichida jinoyat protsessi ishtirokchilariga sud majlisining joyi, sanasi va boshlanish vaqti tayinlanganligi to‘g‘risida xabar yuboriladi.
Agar jinoyat ishini o‘rganish chog‘ida birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu Kodeks 503-moddasi ikkinchi qismining talabi bajarilmaganligi aniqlansa, sudya ishni kassatsiya tartibida ko‘rib chiqishga monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni shu sudga qaytaradi.
509⁶-modda. Ishni kassatsiya tartibida ko‘rishda taraflarning sud majlisida ishtirok etishi
Jinoyat ishini kassatsiya tartibida sud majlisida ko‘rishda quyidagilar ishtirok etishi shart:
- 1) tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahar prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, ularning o‘rinbosarlari yoki ular tomonidan vakolat berilgan prokuror;
- 2) himoyachi — ushbu Kodeksning 51 va 52-moddalarida ko‘rsatilgan hollarda.
Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari kassatsiya instansiyasi sudida ishni ko‘rishda ishtirok etishga haqli. Jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan yoki ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tayotgan mahkumning ishtirok etishi zarurligi to‘g‘risidagi masala sud tomonidan hal etiladi. Mazkur shaxslar sud majlisida bevosita yoxud videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali ishtirok etishi mumkin.
Kassatsiya tartibida ko‘rilayotgan ish bo‘yicha sud majlisining joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi ishni ko‘rishga monelik qilmaydi, bundan sud majlisida ishtirok etishi shart bo‘lgan shaxslar mustasno.
509⁷-modda. Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish tartibi
Kassatsiya instansiyasi sudining majlisi raislik qiluvchi tomonidan ochiladi, u qanday jinoyat ishi va kimning kassatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ko‘rilayotganligini e’lon qiladi. Shundan keyin raislik qiluvchi sud tarkibini e’lon qiladi, prokurorning, himoyachining, sud majlisi kotibining, shuningdek, agar sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa, tarjimonning familiyasini, ismini va otasining ismini ma’lum qiladi.
Raislik qiluvchi hozir bo‘lgan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning huquqlarini tushuntiradi va ularda rad qilishga oid arzlar hamda iltimosnomalar bor-yo‘qligini, ular kassatsiya shikoyatida (protestida) bayon etilgan iltimosnomalarni quvvatlashini yoki quvvatlamasligini aniqlaydi. Bunday iltimosnomalar mavjud bo‘lganda sud ular bo‘yicha ajrim chiqaradi.
Ishni ko‘rish sudyalardan biri tomonidan birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining, kassatsiya shikoyatining (protestining) mazmunini qisqacha bayon etish bilan boshlanadi.
Sudyaning ma’ruzasidan keyin sud kassatsiya shikoyati (protesti) bergan taraflarning ma’ruzalarini va boshqa tarafning e’tirozlarini eshitadi. Bir nechta shikoyat mavjud bo‘lgan taqdirda so‘zga chiqish navbati taraflarning fikrlari hisobga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Agar berilgan kassatsiya shikoyatlari bilan bir qatorda prokuror bildirgan kassatsiya protesti mavjud bo‘lsa, so‘z birinchi navbatda prokurorga beriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudining majlisida ishtirok etayotgan prokuror ko‘rib chiqilayotgan kassatsiya shikoyatlari yuzasidan fikrini bildiradi, protestda ko‘rsatilgan vajlarni bayon etadi.
509⁷-modda. Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish tartibi (davomi)
Sud taraflarning fikrlarini eshitib, birinchi instansiya sudi hukmining, ajrimining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini lozim darajada tekshirish zaruratidan kelib chiqib, bevosita sud majlisida tekshirilishi lozim bo‘lgan dalillar hajmini aniqlash to‘g‘risida, sud majlisiga mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchini, guvohlarni, ekspertlarni va zarurat bo‘lganda boshqa shaxslarni chaqirish haqida qaror qabul qiladi. Shundan keyin sud sudning majlisiga chaqirilgan mahkumni (oqlangan shaxsni), jabrlanuvchilarni, guvohlarni so‘roq qilish yo‘li bilan dalillarni tekshirishga, shuningdek taraflarning iltimosnomasi bo‘yicha hamda o‘zining tashabbusi bilan hujjatlarni, bayonnomalarni va ishga aloqador boshqa materiallarni o‘qib eshittirishga kirishadi.
Dalillarni tekshirish tartibi taraflarning fikrlari inobatga olingan holda sud tomonidan belgilanadi. Taraflar kassatsiya instansiyasi sudiga kassatsiya shikoyatida (protestida) keltirilgan vajlarni tasdiqlab yoki inkor etib, qo‘shimcha materiallar taqdim etishga haqli.
Birinchi instansiya sudida so‘roq qilingan guvohlar, agar sud buni zarur deb topgan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi sudida so‘roq qilinadi.
Taraflarning dalillarni, shu jumladan birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillarni tekshirish to‘g‘risidagi va sud majlisiga guvohlarni, ekspertlarni hamda boshqa shaxslarni chaqirish haqidagi iltimosnomalari ushbu Kodeks 438-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi. Bunda sud iltimosnomani qanoatlantirishni faqat iltimosnoma birinchi instansiya sudi tomonidan qanoatlantirilmaganligiga asosan rad etishga haqli emas.
509⁷-modda. Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rish tartibi (davomi)
Birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar (yangi dalillar) sud tomonidan qabul qilinadi, bunda ularni tekshirish to‘g‘risida iltimosnoma bergan shaxs o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qaysi sabablarga ko‘ra bu dalillarni birinchi instansiya sudiga taqdim etishga imkoniyati bo‘lmaganligini tushuntirib berishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudi dalillarni tekshirishga, shu jumladan videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda tekshirishga haqli.
Sud tergovi tugallangach, sud taraflardan sud tergoviga qo‘shimcha qilish yuzasidan iltimoslari bor-yo‘qligini surishtiradi. Sud bu iltimoslarni hal etadi va shundan keyin taraflarning muzokaralariga o‘tadi.
Sud muzokaralari ushbu Kodeksning 449-moddasi qoidalari asosida o‘tkaziladi, bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
Taraflarning muzokaralari tamom bo‘lganidan keyin raislik qiluvchi mahkumga (oqlangan shaxsga), agar u sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa, oxirgi so‘zni beradi, shundan so‘ng sud qaror chiqarish uchun maslahatxonaga kiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarori ushbu Kodeksning 497³¹-moddasida nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorini e’lon qilish ushbu Kodeksning 473, 497³¹-moddalari qoidalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
Kassatsiya instansiyasi sudida sud majlisining bayonnomasi yuritiladi. Sud majlisining bayonnomasi ushbu Kodeksning 426-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda tayyorlanishi kerak. U bilan sud majlisining barcha ishtirokchilari tanishishga haqli. Sud majlisining bayonnomasi yuzasidan ushbu Kodeksning427-moddasida nazarda tutilgan tartibda mulohazalar bildirilishi mumkin.
509⁹-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining vakolatlari
Kassatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishini ko‘rish natijalariga ko‘ra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
- 1) hukmni o‘zgarishsiz, kassatsiya shikoyatini (protestini) esa qanoatlantirmasdan qoldirish to‘g‘risida;
- 2) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmini chiqarish haqida;
- 3) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmini chiqarish to‘g‘risida;
- 4) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmini chiqarish haqida;
- 5) hukmni bekor qilish va ishni tugatish to‘g‘risida;
- 6) ushbu Kodeks 493-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, sudning ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini birinchi instansiya sudiga yuborish haqida;
- 7) hukmni o‘zgartirish to‘g‘risida;
- 8) shikoyat (protest) qaytarib olingan hollarda, kassatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida, 5 — 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi.
Ushbu modda birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan hollarda kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya hukmini chiqaradi.
509¹⁰-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi
Kassatsiya instansiyasi sudining hukmida, ajrimida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
- 1) sud ishining raqami, hukm, ajrim chiqarilgan sana va joy;
- 2) sudning nomi va tarkibi, ishni ko‘rishda ishtirok etgan prokuror va boshqa shaxslar;
- 3) kassatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxs;
- 4) birinchi instansiya sudining ustidan shikoyat (protest) berilgan hukmi, ajrimi qaror qismining mazmuni;
- 5) shikoyatning (protestning), kassatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etayotgan shaxslar e’tirozlarining va tushuntirishlarining mohiyati, shuningdek prokurorning fikri;
- 6) shikoyat (protest) bo‘yicha kassatsiya instansiyasi sudining qarori.
Shikoyat (protest) qanoatlantirilmay qoldirilganda kassatsiya instansiyasi sudining ajrimida hukm qonuniy, asosli va adolatli deb, birinchi instansiya sudining ajrimi qonuniy va asosli deb topilganligining, shikoyat yoki protest esa qanoatlantirilmasdan qoldirilganligining asoslari ko‘rsatilishi kerak.
Hukm, ajrim bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan taqdirda, kassatsiya instansiyasi sudining ajrimida Jinoyat kodeksining va ushbu Kodeksning qaysi normalari talablari buzilganligi hamda bekor qilinayotgan yoki o‘zgartirilayotgan sud qarorining asossizligi nimadan iborat ekanligi ko‘rsatilishi kerak.
Kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi sudning to‘liq tarkibi tomonidan imzolanadi. Ovoz berishda ozchilik tomonda qolgan sudya hukmga, ajrimga imzo qo‘yib, o‘zining alohida fikrini ushbu Kodeks 472-moddasining talablariga rioya etgan holda yozma tarzda qoldirishga haqlidir.
509¹⁰-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi (davomi)
Kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi sud majlisi zalida o‘qib eshittiriladi va darhol qonuniy kuchga kiradi.
Kassatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi uni chiqargan sudga yoki boshqa sudga chiqarilgan kundan e’tiboran besh sutkadan kechiktirmay jinoyat ishi bilan birga ijro etish uchun yuboriladi.
Mahkumni darhol qamoqdan yoki ozodlikdan cheklash tariqasidagi jazodan ozod etish uchun asos bo‘ladigan hukm, ajrim, agar mahkum sud majlisida ishtirok etayotgan bo‘lsa, sud zalida ijro etiladi. Boshqa hollarda hukmning, ajrimning ko‘chirma nusxasi hukm, ajrim chiqarilganidan keyin kassatsiya instansiyasi tomonidan jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyatiga yoki mahkumning yashash joyidagi ozodlikdan cheklash tariqasidagi jazoni ijro etish o‘z zimmasiga yuklatilgan ichki ishlar organiga yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay yuboriladi.
509¹¹-modda. Kassatsiya instansiyasi sudining xususiy ajrimi
Kassatsiya instansiyasi sudi ushbu Kodeksning 298 va 300-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, shuningdek tegishli mansabdor shaxslarning e’tiborini surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga qaratish zarur bo‘lgan taqdirda, xususiy ajrim chiqaradi.
509¹²-modda. Sud ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyatni (xususiy protestni) ko‘rib chiqish
Sudning ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritishning umumiy qoidalari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra quyidagilarga haqli:
- 1) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgarishsiz, xususiy shikoyatni (xususiy protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirishga;
- 2) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni yangidan sudda ko‘rib chiqish uchun yuborishga;
- 3) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ishni umumiy qoidalar bo‘yicha surishtiruv yoki dastlabki tergovni o‘tkazish uchun prokurorga yuborishga;
- 4) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va amnistiya aktini qo‘llashga;
- 5) birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilishga va ish yuritishni tugatishga;
- 6) birinchi instansiya sudining xususiy ajrimini bekor qilishga;
- 7) birinchi instansiya sudining ajrimini o‘zgartirishga.
Kassatsiya instansiyasi sudining birinchi instansiya sudining ajrimi ustidan berilgan xususiy shikoyat (xususiy protest) bo‘yicha chiqarilgan ajrimi uzil-kesildir, bundan ushbu Kodeksning 308, 317-moddalarida va 59-bobida nazarda tutilgan hollar mustasno.
509¹³-modda. Ishni kassatsiya instansiyasi sudida qo‘shimcha tarzda ko‘rish
Agar ayrim mahkumlarga taalluqli kassatsiya shikoyati yoki protesti kassatsiya instansiyasi sudiga biror-bir sababga ko‘ra boshqa mahkumlarga taalluqli jinoyat ishi ko‘rib bo‘linganidan keyin kelib tushsa, shuningdek, agar mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining kassatsiya shikoyati, ushbu mahkumga taalluqli ish protsessning boshqa ishtirokchisining kassatsiya shikoyati yoki protesti bo‘yicha ko‘rib chiqilganidan so‘ng kelib tushgan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasi sudi bunday shikoyatni yoki protestni ko‘rib chiqishi va u bo‘yicha ajrim chiqarishi shart.
Agar ishni qo‘shimcha tarzda ko‘rish chog‘ida kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan chiqarilgan ajrim ilgari chiqarilgan ajrimga zid bo‘lsa, ish protest bildirish masalasini hal qilish uchun taftish tartibida protest bildirish vakolatiga ega bo‘lgan prokurorga yuboriladi.
Jinoyat ishini qo‘shimcha tarzda ko‘rish tartibi kechikib kelgan xususiy shikoyatlarga va xususiy protestlarga nisbatan ham taalluqlidir.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 504³-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Kassatsiya instansiyasi sudining xususiy ajrimi
- Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish
- Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash
- Birinchi instansiya sudining hukmi, ajrimi ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishga (protest bildirishga) bo‘lgan huquq
To‘g‘ri javob: Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish. 504³-modda: Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish» qaysi moddada belgilangan?
- 509¹¹-modda
- 499-modda
- 504³-modda
- 509⁵-modda
To‘g‘ri javob: 504³-modda. 504³-modda: Ishni kassatsiya instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida xabardor qilish.
Birinchi instansiya sudi jinoyat ishi kassatsiya instansiyasi sudiga yuborilganligi haqida manfaatdor shaxslarni necha sutka ichida xabardor qiladi?
- Uch sutka ichida
- Besh sutka ichida
- O‘n sutka ichida
- Yigirma sutka ichida
To‘g‘ri javob: Uch sutka ichida. 504³-modda: ish kassatsiya sudiga yuborilganligi haqida uch sutka ichida xabar beriladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 509⁵-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Kassatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olish
- Hukm va ajrim ustidan taftish tartibida shikoyat berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar
- Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash
- Taftish tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari
To‘g‘ri javob: Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash. 509⁵-modda: Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash» qaysi moddada belgilangan?
- 511-modda
- 510-modda
- 509⁵-modda
- 504¹-modda
To‘g‘ri javob: 509⁵-modda. 509⁵-modda: Kassatsiya instansiyasi sudining majlisini tayinlash va tayyorlash.
Sudya kassatsiya shikoyati (protesti) bilan kelib tushgan jinoyat ishini o‘rganib, sud majlisini tayinlash to‘g‘risida ajrimni qancha muddatdan kechiktirmay chiqaradi?
- Uch sutkadan
- Yetti sutkadan
- O‘n sutkadan
- O‘n besh sutkadan
To‘g‘ri javob: Yetti sutkadan. 509⁵-modda: majlisni tayinlash haqida ajrim yetti sutkadan kechiktirmay chiqariladi.
Kassatsiya sudi majlisini tayinlash ajrimi chiqarilgach, ishtirokchilarga sud majlisining joyi, sanasi va vaqti haqida xabar qancha muddatda yuboriladi?
- Ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran besh sutka ichida
- Ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida
- Ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran uch sutka ichida
- Majlis tayinlangan kundan oldingi bir oylik muddatda
To‘g‘ri javob: Ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran uch sutka ichida. 509⁵-modda: ajrim chiqarilgan kundan uch sutka ichida ishtirokchilarga xabar yuboriladi.
Kassatsiya sudyasi ishni o‘rganib, birinchi instansiya sudi shikoyat berilganligi haqida xabardor qilish talabini bajarmaganini aniqladi. U nima qiladi?
- Majlisni baribir tayinlab, kamchilikni e’tiborsiz qoldiradi va ishni ko‘radi
- Ishni dastlabki tergovga qaytaradi va kamchilikni bartaraf etishni so‘raydi
- Shikoyatni berilmagan deb hisoblaydi va ishni arxivga topshirib qo‘yadi
- Monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni shu sudga qaytaradi
To‘g‘ri javob: Monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni shu sudga qaytaradi. 509⁵-modda: talab bajarilmaganligi aniqlansa, sudya monelik qiluvchi holatlarni bartaraf etish uchun ishni birinchi instansiya sudiga qaytaradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash