Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
522-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar
Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi va ajrimi yangi ochilgan holatlar tufayli bekor qilinishi hamda ish yuritish qaytadan boshlanishi mumkin.
Yangi ochilgan holatlar sudning hukmi yoki ajrimi qonuniy kuchga kirgan paytda mavjud bo‘lgan, biroq sudga ma’lum bo‘lmagan holatlardir.
Yangi ochilgan holatlar quyidagilardan iborat:
- 1) jabrlanuvchining yoki guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuv yoxud ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, xuddi shuningdek ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, tergov va sud harakatlari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning soxta ekanligi yoki bila turib noto‘g‘ri tarjima qilinganligi qonunga xilof, asossiz yoki adolatsiz hukm, qonunga xilof yoki asossiz ajrim chiqarilishiga sabab bo‘lganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanganligi;
- 2) surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qonunga xilof, asossiz yoki adolatsiz hukm, qonunga xilof yoki asossiz ajrim chiqarilishiga olib kelgan jinoiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanganligi;
- 3) muayyan jinoyat ishini ko‘rish chog‘ida sudya tomonidan sodir etilgan jinoiy xatti-harakatlar sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanganligi;
- 4) o‘z holicha yoki ilgari aniqlangan holatlar bilan birgalikda mahkumning aybsizligidan yoxud u hukm etilganiga nisbatan og‘irligi darajasi bo‘yicha boshqa jinoyat sodir etganligidan yoxud oqlangan shaxsning yoki o‘ziga nisbatan ish tugatilgan shaxsning aybdorligidan dalolat beradigan boshqa holatlar.
523-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash muddatlari
Mahkumning foydasini ko‘zlab, ayblov hukmini yangi ochilgan holatlar tufayli qayta ko‘rib chiqish hech qanday muddatlar bilan chegaralanmaydi.
Mahkumning o‘limi uni reabilitatsiya qilish maqsadida ish yuritishni yangi ochilgan holatlar tufayli qaytadan boshlash uchun monelik qilmaydi.
Oqlov hukmini yoki ishni tugatish haqidagi sud ajrimini yoki ayblov hukmini jazoning yengilligi yoki og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llash zarurligi munosabati bilan qayta ko‘rishga faqat Jinoyat kodeksining 64-moddasida belgilangan javobgarlikka tortishning o‘tish muddatlari davomida va yangi holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirilmagan holda yo‘l qo‘yiladi.
Yangi ochilgan holatlar ochilgan kun quyidagicha hisoblanadi:
- 1) ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — soxta dalillar taqdim etganlikda, bila turib noto‘g‘ri tarjima qilganlikda yoki ish bo‘yicha tergov yuritishda yoxud ishni sudda ko‘rishda jinoiy suiiste’mol sodir etganlikda aybli shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukm qonuniy kuchga kirgan kun;
- 2) ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda — yangi ochilgan holatlar munosabati bilan ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risida sudga prokuror tomonidan protest yoki ushbu Kodeks 524-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar tomonidan iltimosnoma kiritilgan kun.
524-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish
Mahkum, oqlangan shaxs, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari, jabrlanuvchi hamda uning vakili taftish instansiyasi sudiga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida iltimosnoma berishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari hamda ularga tenglashtirilgan prokurorlar taftish instansiyasi sudiga yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida protest berishga haqli.
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida sudga protest kiritish uchun quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
- 1) fuqarolarning, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari mansabdor shaxslarining xabarlari;
- 2) ommaviy axborot vositalarining xabarlari;
- 3) surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida va sudda boshqa jinoyat ishini ko‘rish jarayonida olingan ma’lumotlar.
Agar sudga kelib tushgan iltimosnomada, protestda ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan holatlarni ko‘rsatuvchi ma’lumotlarga havola mavjud bo‘lsa, sudya surishtiruv, tergov organlaridan va suddan tegishli protsessual hujjatlarni talab qilib oladi hamda asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi yoki bunday asoslar mavjud emasligi haqidagi masalani o‘z ajrimi bilan taftish instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
524-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish (davomi)
Agar sudga kelib tushgan iltimosnomada ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 4-bandida ko‘rsatilgan holatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, sud materiallarni tergov o‘tkazish uchun prokurorga yuborish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Yangi ochilgan holatlar tergov qilinayotganda ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga rioya etilgan holda so‘roq, ko‘zdan kechirish, ekspertiza, olib qo‘yish va boshqa tergov harakatlari o‘tkazilishi mumkin. Tergov natijalari bo‘yicha prokuror uch oylik muddatda sudga yangi ochilgan holatlar tufayli sud hukmi, ajrimini qayta ko‘rish uchun asoslar mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risida tegishli materiallarni ilova qilgan holda xulosa yuboradi.
Prokurorning xulosasini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sudya o‘z ajrimi bilan yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi yoki bunday asoslar mavjud emasligi haqidagi masalani taftish instansiyasi sudida ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
Sudyaning yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risidagi ajrimi manfaatdor shaxslarning shikoyatiga ko‘ra yoki O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining yoki uning o‘rinbosarlarining protestiga ko‘ra, materiallarni taftish instansiyasi sudiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosarlari tomonidan bekor qilinishi mumkin.
525-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi arizalarni, xabarlarni prokuror tomonidan ko‘rib chiqish
Agar prokurorga kelib tushgan arizada yoki xabarda ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan holatlar mavjudligi ko‘rsatilgan bo‘lsa, ularni tekshirish yoki tergov qilish natijalari bo‘yicha ish yuritishni yangi ochilgan holatlar tufayli qaytadan boshlash uchun asoslar aniqlanganda prokuror taftish instansiyasi sudiga tegishli protest kiritadi.
Protest ushbu Kodeks 522-moddasi uchinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda jinoyat ishi materiallari va boshqa ish bo‘yicha hukmning ko‘chirma nusxasi, shu modda uchinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda esa tergov materiallari ilova qilingan holda sudga yuboriladi.
Prokuror yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida sudga protest kiritish uchun asoslar yo‘q deb topsa, bu haqda asoslantirilgan qaror chiqaradi.
Prokuror qarorining ko‘chirma nusxasi uch sutka ichida arizachiga yuborilib, unga qaror ustidan yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilish yoki yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida iltimosnoma bilan sudga mustaqil ravishda murojaat qilish huquqi tushuntiriladi.
526-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masalani sud tomonidan ko‘rib chiqish
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masala O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, iltimosnoma bergan shaxs, uning vakili, himoyachisi, sud majlisiga chaqirilgan boshqa shaxslar ishtirok etadi. Sud muhokamasining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslarning kelmaganligi iltimosnomani ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi. Zarur bo‘lganda sud ularning zimmasiga sud majlisiga kelish majburiyatini yuklatishga haqli. Qamoqda saqlanayotgan mahkumning sud majlisida ishtirok etishi videokonferensaloqa tizimlaridan foydalangan holda ta’minlanishi mumkin.
Sud muhokamasi tugagach, ajrim chiqariladi.
527-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masala bo‘yicha sud ajrimi
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqib, taftish instansiyasi sudi quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:
- 1) sud hukmini, ajrimini bekor qilish, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash va ishni yangidan ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya, apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudiga yuborish to‘g‘risida;
- 2) ish bo‘yicha qabul qilingan barcha sud qarorlarini bekor qilish, yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash va ishni ushbu Kodeksning 416, 417-moddalarida nazarda tutilgan holatlar aniqlangan taqdirda prokurorga yuborish to‘g‘risida;
- 3) agar yangi tergov ishini yuritishga yoki jinoyat ishini sudda ko‘rishga zarurat bo‘lmasa, sud hukmini, ajrimini bekor qilish va jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida;
- 4) yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlashni rad etish to‘g‘risida.
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masala bo‘yicha taftish instansiyasi sudi ajrimining ko‘chirma nusxasi prokurorga va arizachiga yuboriladi. Ajrimning ko‘chirma nusxasi boshqa manfaatdor shaxslarga ularning iltimosiga ko‘ra yuboriladi.
527¹-modda. Yangi ochilgan holatlar tufayli qayta boshlangan jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish
Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritish qaytadan boshlanganligi munosabati bilan sud qarorlari bekor qilinganidan keyin jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov va sud muhokamasi umumiy tartibda amalga oshiriladi.
O‘N IKKINCHI BO‘LIM
HUKM, AJRIM, QARORLARNI IJRO ETISH
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 522-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ish taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida xabardor qilish
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar
- Jinoyat ishini Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida ko‘rish tartibi
- Jinoyat ishini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida tekshirish uchun talab qilib olish
To‘g‘ri javob: Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar. 522-modda: Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar» qaysi moddada belgilangan?
- 521⁸-modda
- 522-modda
- 521³-modda
- 521-modda
To‘g‘ri javob: 522-modda. 522-modda: Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, «yangi ochilgan holatlar» deganda qanday holatlar tushuniladi?
- Hukm chiqarilgandan keyin yuzaga kelgan va ilgari mavjud bo‘lmagan yangi holatlar
- Hukm yoki ajrim qonuniy kuchga kirgan paytda mavjud bo‘lgan, biroq sudga ma’lum bo‘lmagan holatlar
- Taftish instansiyasi sudi tomonidan ish ko‘rilayotganda aniqlangan har qanday holatlar
- Sud muhokamasida ko‘rib chiqilgan, ammo hukmda hisobga olinmagan holatlar
To‘g‘ri javob: Hukm yoki ajrim qonuniy kuchga kirgan paytda mavjud bo‘lgan, biroq sudga ma’lum bo‘lmagan holatlar. 522-moddaga ko‘ra, bu hukm yoki ajrim kuchga kirgan paytda mavjud bo‘lgan, ammo sudga ma’lum bo‘lmagan holatlardir.
Quyidagilardan qaysi biri Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra yangi ochilgan holat hisoblanadi?
- Guvoh bila turib yolg‘on ko‘rsatuv bergani va bu qonunga xilof hukm chiqarilishiga sabab bo‘lgani sudning kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanishi
- Mahkumning hukm chiqarilgandan keyin namunali xulq-atvor ko‘rsatishi va jazoni o‘tashda ijobiy tavsiflanishi sudning kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanishi
- Jabrlanuvchining mahkum bilan yarashganligi va unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi haqidagi ariza berganligi sudning kuchga kirgan qarori bilan aniqlanishi
- Sudya hukm chiqarishda ishni tez ko‘rib chiqqanligi va protsessual muddatlarni buzganligi sudning kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanishi
To‘g‘ri javob: Guvoh bila turib yolg‘on ko‘rsatuv bergani va bu qonunga xilof hukm chiqarilishiga sabab bo‘lgani sudning kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanishi. 522-moddaning 1-bandiga ko‘ra, guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuvi bilan bog‘liq holat kuchga kirgan hukm bilan aniqlansa, u yangi ochilgan holat bo‘ladi.
Oqlov hukmini yoki ayblov hukmini jazoning yengilligi sababli yangi ochilgan holatlar tufayli qayta ko‘rish yangi holatlar ochilgan kundan e’tiboran eng ko‘pi bilan qancha muddatda mumkin?
- Olti oydan
- Ikki yildan
- Uch oydan
- Bir yildan
To‘g‘ri javob: Bir yildan. Qayta ko‘rish yangi holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirilmagan holda mumkin.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 523-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida jinoyat ishini ko‘rib chiqish uchun sud majlisini tayinlash va tayyorlash
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash muddatlari
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qo‘zg‘atish
- Ish taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida xabardor qilish
To‘g‘ri javob: Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash muddatlari. 523-modda: Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash muddatlari.
Mahkumning foydasini ko‘zlab ayblov hukmini yangi ochilgan holatlar tufayli qayta ko‘rib chiqish qanday muddat bilan cheklanadi?
- Hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab besh yil bilan
- Jinoyat kodeksidagi javobgarlikka tortishning o‘tish muddatlari bilan
- Hech qanday muddatlar bilan chegaralanmaydi
- Holat ochilgan kundan boshlab bir yil bilan
To‘g‘ri javob: Hech qanday muddatlar bilan chegaralanmaydi. 523-moddaga ko‘ra, mahkum foydasiga ayblov hukmini qayta ko‘rish hech qanday muddat bilan chegaralanmaydi.
522-moddaning uchinchi qismi 1–3-bandlaridagi holatlarda ochilgan kun bilan 4-bandidagi holatlarda ochilgan kun qanday farqlanadi?
- 1–3-bandlarda — prokuror protest kiritgan kun, 4-bandda — aybli shaxsga nisbatan hukm qonuniy kuchga kirgan kun
- Ikkala holatda ham — ish yuritish qaytadan boshlangan kun, ya’ni sud ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risida ajrim chiqargan kun
- 1–3-bandlarda — aybli shaxsga nisbatan hukm kuchga kirgan kun, 4-bandda — protest yoki iltimosnoma kiritilgan kun
- Ikkala holatda ham — asl hukm qonuniy kuchga kirgan kun, ya’ni birinchi instansiya hukmi chiqarilgan kun
To‘g‘ri javob: 1–3-bandlarda — aybli shaxsga nisbatan hukm kuchga kirgan kun, 4-bandda — protest yoki iltimosnoma kiritilgan kun. 523-modda ochilgan kunni ikki xil hisoblaydi: 1–3-bandlarda aybli shaxsga hukm kuchga kirgan kun, 4-bandda protest yoki iltimosnoma kiritilgan kun.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash