Hukmlarni va ajrimlarni ijro ettirish
To‘Qqizinchi Bo‘Lim
528-modda. Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish
Agar birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar shikoyat bermagan bo‘lsa, ushbu hukm uning ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat va protest berish muddati o‘tishi bilan qonuniy kuchga kiradi. Apellyatsiya shikoyati yoki protest berilgan taqdirda hukm, agar u bekor qilinmagan bo‘lsa, ish yuqori sud tomonidan ko‘rib chiqilgan kunda qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi e’lon qilingan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mahkumlar ikki va undan ortiq bo‘lgan taqdirda, agar ulardan loaqal bittasiga taalluqli hukm ustidan shikoyat yoki protest berilgan bo‘lsa, apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rib chiqquniga qadar mahkumlarning hammasiga nisbatan hukm qonuniy kuchga kirmay turadi.
Hukm qonuniy kuchga kirgan yoki jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasi sudidan qaytarilgan kundan e’tiboran uch sutka ichida hukm birinchi instansiya sudi tomonidan ijro ettiriladi. Ish faqat birinchi instansiya sudiga yuborilishi lozim va prokurorga yoki boshqa sudga yuborilishi mumkin emas.
529-modda. Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish
Sud hukmni e’lon qilgach sud majlisi zalida quyidagilarni qamoqdan yoki uy qamog‘idan darhol ozod qiladi:
- 1) oqlangan shaxsni;
- 2) jazo tayinlanmagan mahkumni;
- 3) jazodan ozod etilgan mahkumni;
- 4) ushlab turish yoki ehtiyot chorasini qo‘llash oqibatida qamoqda yoki uy qamog‘ida bo‘lgan vaqtdan yoxud kassatsiya yoki nazorat tartibida bekor qilingan hukmga binoan shu ish bo‘yicha jazoni o‘tagan vaqtdan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki ozodligi cheklangan mahkumni;
- 5) shartli ravishda ozodlikdan mahrum etilgan mahkumni;
- 6) ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga mahkum etilgan shaxsni.
530-modda. Sud ajrimining qonuniy kuchga kirishi va uni ijro etish
Birinchi instansiya sudining ajrimi shu ajrim ustidan apellyatsiya tartibida xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish muddati o‘tishi bilan yoxud shikoyat yoki protest bildirilgan taqdirda ish apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqilganidan keyin qonuniy kuchga kiradi va ijro etiladi.
Sudning apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin bo‘lmagan ajrimi shu ajrim chiqarilishi bilanoq darhol kuchga kiradi va ijro etiladi.
Jinoyat ishini tugatish haqidagi sud ajrimining ayblanuvchini yoki sudlanuvchini qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod qilishga oid qismi darhol ijro etilishi lozim.
Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarining ajrimi e’lon qilingan paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi.
Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudining ajrimi ushbu Kodeks 497³¹-moddasining sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra ijro ettiriladi.
531-modda. Hukmni, ajrimni ijro ettirish tartibi
Hukm, ajrimni ijro ettirish ularni qabul qilgan sud zimmasiga yuklatiladi.
Hukmni ijro etish to‘g‘risidagi farmoyish sudya yoki sud raisi tomonidan hukmni ijro etish majburiyati yuklatilgan organga hukmning nusxasi bilan birgalikda yuboriladi. Ishni apellyatsiya, kassatsiya tartibida ko‘rish chog‘ida hukm o‘zgartirilgan taqdirda, hukmning ko‘chirma nusxasiga apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi ajrimining ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi.
Hukmni ijro etuvchi organlar uning ijro etilganligi haqida hukmni chiqargan sudga darhol xabar beradi. Jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati mahkum jazoni qayerda o‘tayotgani haqida hukmni chiqargan sudga xabar berishi shart.
Sud qarorini o‘z vaqtida yoki to‘la bajarmaslik qonunchilikka binoan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Qonuniy kuchga kirgan hukmning nusxasi zarur hollarda mahkumning ish, o‘qish yoki yashash joyiga yuboriladi.
Qonuniy kuchga kirgan hukm haqida zarur hollarda matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalari orqali jamoatchilikka ma’lum qilinadi.
Sud mahkumni harbiy unvonidan yoki maxsus unvonidan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqargan bo‘lsa, sud hukmning nusxasini ijro etish uchun ana shu unvonni bergan organga yuboradi. Sud davlat mukofotlari bilan taqdirlangan yoki oliy harbiy yoxud maxsus unvonga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan ayblov hukmini chiqarishda uni ana shu mukofotlar yoki unvonlardan mahrum etish to‘g‘risida tegishli organga taqdimnoma kiritishning maqsadga muvofiqligi masalasini hal qiladi.
531-modda. Hukmni, ajrimni ijro ettirish tartibi (davomi)
Sud qarorining jarima solishga va boshqa mulkiy undirishlarga taalluqli qismini ijro etish uchun ijro varaqalari yoki ularning dublikatlari sud qarorining nusxasi bilan birga birinchi instansiya sudi tomonidan sudning qarori qonuniy kuchga kirgan yoki ish apellyatsiya instansiyasi sudidan qaytarilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay mahkumning yashash joyidagi yoxud jazoni o‘tash joyidagi, shuningdek mahkumning mol-mulki turgan joydagi davlat ijrochilariga elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Qamoqda saqlanayotgan mahkumni ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risidagi hukm qonuniy kuchga kirgani va ijro ettirilishi haqida sud mahkumning oilasini xabardor qilishi shart.
Qamoqda saqlanayotgan mahkum bilan uchrashuvlarga hukmni ijro ettirishdan avval ushbu Kodeksning 477-moddasi asosida ruxsat etiladi.
Sud tomonidan mahkumning voyaga yetmagan farzandlarini muassasalarning, qarindoshlarining yoki boshqa shaxslarning vasiyligiga yoki homiyligiga berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, sud bu haqda bolalar turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga, shuningdek mahkumga xabar beradi.
Mahkumning qarovsiz qolgan mol-mulki va turar joyini qo‘riqlash choralarini ko‘rish zarurligi to‘g‘risida sud mol-mulk va turar joy joylashgan yerdagi hokimlikka yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga xabar qiladi, bu haqda mahkumni xabardor etadi.
532-modda. Hukmni ijro etish bosqichida mahkumning huquqlari
Hukmni ijro etish bosqichida mahkum: sudga hukmning ijrosini kechiktirish haqida, kasalligi yoki nogironligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilish haqida, jazoning o‘talmay qolgan qismini yengilroq jazo bilan almashtirish va muddatidan oldin shartli ozod qilish haqida, jazoni ijro etish joylarida saqlash sharoitlarini o‘zgartirish va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa masalalar bo‘yicha arizalar berishga; sud majlisida ishtirok etishga va ko‘rsatuvlar berishga, dalillar taqdim qilishga, iltimoslar qilishga va rad etishga; ishdagi barcha materiallar bilan tanishishga, sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berishga haqli.
Bilimingizni sinang
Jinoyat-protsessual kodeksi — 528-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar
- Yangi ochilgan holatlar tufayli qayta boshlangan jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish
- Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish
- Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish
To‘g‘ri javob: Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish. 528-modda: Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish» qaysi moddada belgilangan?
- 529-modda
- 527¹-modda
- 522-modda
- 528-modda
To‘g‘ri javob: 528-modda. 528-modda: Hukmning qonuniy kuchga kirishi va uni ijro ettirish.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar shikoyat bermagan bo‘lsa, Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, hukm qachon qonuniy kuchga kiradi?
- Hukm e’lon qilingan paytdan e’tiboran, shikoyat muddatini kutmasdan
- Apellyatsiya tartibida shikoyat va protest berish muddati o‘tishi bilan
- Hukm nusxasi mahkumga topshirilgan kundan, shikoyat muddatidan qat’i nazar
- Hukm ijro etish organiga yuborilgan paytdan, shikoyat muddati o‘tmagan bo‘lsa ham
To‘g‘ri javob: Apellyatsiya tartibida shikoyat va protest berish muddati o‘tishi bilan. 528-moddaga ko‘ra, shikoyat berilmasa, hukm apellyatsiya shikoyati va protest berish muddati o‘tishi bilan kuchga kiradi.
Apellyatsiya instansiyasi sudining hukmi Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra qaysi paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi?
- Hukm nusxasi taraflarga topshirilgan paytdan
- Hukm chiqarilgandan keyin o‘n sutka o‘tgach
- Kassatsiya shikoyati berish muddati tugagach
- E’lon qilingan paytdan e’tiboran
To‘g‘ri javob: E’lon qilingan paytdan e’tiboran. 528-moddada apellyatsiya instansiyasi hukmi e’lon qilingan paytdan kuchga kirishi belgilangan.
Uch kishi bitta ish bo‘yicha mahkum etildi. Faqat bittasi o‘z hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati berdi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rib chiqquniga qadar hukm mahkumlarning hammasiga nisbatan kuchga kirmaydi
- Hukm shikoyat bermagan ikki mahkumga nisbatan darhol, shikoyat bergan mahkumga nisbatan keyin kuchga kiradi
- Hukm faqat shikoyat bergan mahkumga nisbatan kuchga kirmaydi, boshqa ikki mahkumga nisbatan esa darhol kuchga kiradi
- Hukm barcha mahkumlarga nisbatan e’lon qilingan paytdan kuchga kiradi, apellyatsiya shikoyati buni to‘xtatmaydi
To‘g‘ri javob: Apellyatsiya instansiyasi sudi ishni ko‘rib chiqquniga qadar hukm mahkumlarning hammasiga nisbatan kuchga kirmaydi. 528-modda: loaqal bittasiga taalluqli hukm ustidan shikoyat berilsa, hamma mahkumlarga nisbatan hukm kuchga kirmay turadi.
Hukm qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran necha sutka ichida birinchi instansiya sudi tomonidan ijro ettiriladi?
- Besh sutka
- O‘n sutka
- Uch sutka
- Bir oy
To‘g‘ri javob: Uch sutka. 528-moddaga ko‘ra, hukm kuchga kirgan yoki ish apellyatsiya sudidan qaytarilgan kundan uch sutka ichida ijro ettiriladi.
Jinoyat-protsessual kodeksi — 529-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash to‘g‘risidagi masalani sud tomonidan ko‘rib chiqish
- Yangi ochilgan holatlar tufayli ish yuritishni qaytadan boshlash uchun asoslar
- Hukmni, ajrimni ijro ettirish tartibi
To‘g‘ri javob: Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish. 529-modda: Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish.
Jinoyat-protsessual kodeksi: «Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish» qaysi moddada belgilangan?
- 531-modda
- 529-modda
- 526-modda
- 522-modda
To‘g‘ri javob: 529-modda. 529-modda: Sud majlisi zalida qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash