O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
Beshinchi Bo‘Lim. Davlat Hokimiyatining Tashkil Etilishi
114-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini ijro etuvchi hokimiyat faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshiradi.
115-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- 1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi;
- 2) barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
- 3) aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;
- 4) atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- 5) yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi;
- 6) fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi;
115-modda. (davomi)
- 7) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
- 8) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi;
- 9) ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
- 10) ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi;
- 11) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi;
- 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
116-modda.
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq o‘z faoliyatini davom ettirib turadi.
117-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri:
- 1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi;
- 2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
- 3) xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
118-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi.
Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.
118-modda. (davomi)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari ularning nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibini yoki a’zosini iste’foga chiqarishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining o‘z faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishga haqli. Vazirlar Mahkamasi a’zosining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasi uni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari parlament so‘rovlariga va Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘rovlariga qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart.
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
119-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘rtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi, agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga iste’foga chiqadi.
Bilimingizni sinang
Konstitutsiyaga ko‘ra ijro etuvchi hokimiyatni qaysi organ amalga oshiradi?
- Vazirlar Mahkamasi
- Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi
- Prezident Administratsiyasi
- Konstitutsiyaviy sud
To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi. 114-moddaga ko‘ra ijro etuvchi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini ijro etuvchi hokimiyatning qaysi yo‘nalishlari doirasida amalga oshiradi?
- Senat tomonidan tasdiqlanadigan yo‘nalishlar doirasida
- Prezident tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlar doirasida
- Qonunchilik palatasi belgilaydigan yo‘nalishlar doirasida
- Hokimlar kengashi belgilaydigan yo‘nalishlar doirasida
To‘g‘ri javob: Prezident tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlar doirasida. 114-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra yo‘nalishlarni Prezident belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi qanday tarkibdan iborat?
- Bosh vazir, Senat Raisi va viloyat hokimlaridan
- Prezident, Bosh vazir va Qonunchilik palatasi Spikeridan
- Bosh vazir va faqat Prezident tayinlagan maslahatchilardan
- Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan
To‘g‘ri javob: Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan. 114-moddaga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi majlisiga kelgan. Vazir Nazarov uning a’zoligiga e’tiroz bildirdi. Konstitutsiyaga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- U Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi, e’tiroz asossiz
- U a’zo emas, faqat Prezident taklifi bilan majlisda ishtirok etishi mumkin
- U a’zo, lekin hal qiluvchi ovoz berish huquqiga ega emas, faqat maslahat beradi
- U a’zo hisoblanishi uchun Qonunchilik palatasi bilan Senat ma’qullashi shart
To‘g‘ri javob: U Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi, e’tiroz asossiz. 114-moddaga ko‘ra Qoraqalpog‘iston hukumati boshlig‘i tarkibga lavozimi bo‘yicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyat organlariga nisbatan qanday vazifani bajaradi?
- Ularning rahbarlarini saylaydi
- Ularning hujjatlarini Oliy Majlis nomidan bekor qiladi
- Ularning ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi
- Ularning faoliyatini o‘z zimmasidan soqit qiladi
To‘g‘ri javob: Ularning ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi. 115-modda 9-bandiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi ijro organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi.
Vazirlar Mahkamasi qaysi organga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi?
- Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga
- Oliy Majlisning Senati huzuridagi kengashga
- Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud Plenumiga
- Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga
To‘g‘ri javob: Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga. 115-modda 11-bandiga ko‘ra yillik ma’ruzalar Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.
Vazirlar Mahkamasining majburiy kuchga ega hujjatlari qaysi qatorda to‘g‘ri nomlangan?
- Farmonlar va qarorlar
- Qarorlar va farmoyishlar
- Qonunlar va qarorlar
- Buyruqlar va farmonlar
To‘g‘ri javob: Qarorlar va farmoyishlar. 116-moddaga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida kimlar oldida javobgardir?
- Faqat Prezident oldida
- Faqat Senat oldida
- Oliy Majlis va Prezident oldida
- Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud oldida
To‘g‘ri javob: Oliy Majlis va Prezident oldida. 116-moddada Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis va Prezident oldida javobgar deyilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash