Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari · Saylov tizimi
Beshinchi Bo‘Lim. Davlat Hokimiyatining Tashkil Etilishi
120-modda.
Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyati vakillik organlaridir.
Xalq deputatlari Kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati — besh yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi va xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Yangidan tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda xalq deputatlari Kengashlariga saylov xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi umumiy saylovlarga qadar qolgan davrdan oshmaydigan muddatga o‘tkaziladi.
121-modda.
Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.
Hokimlarning vakolatlari muddati — besh yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shaharning hokimi etib tayinlanishi mumkin emas.
Hokimlarning faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi.
122-modda.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari quyidagilardan iborat:
- 1) tegishli mahalliy budjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
- 2) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash;
- 3) hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;
- 4) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
123-modda.
Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari quyidagilardan iborat:
- 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish;
- 2) hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- 3) mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish;
- 4) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
124-modda.
Viloyat va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Tuman va shaharlarning hokimlari viloyat, Toshkent shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tumanga bo‘ysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
125-modda.
Viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asosida amalga oshiradi hamda o‘zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyatni, tumanni, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ushbu hisobotlar bo‘yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
126-modda.
Xalq deputatlari Kengashi va hokim o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi barcha tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qiladi.
127-modda.
Shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni saylaydi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.
Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovi tartibi, ularning faoliyatini tashkil etish va vakolatlari qonun bilan belgilanadi.
128-modda.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi, bundan ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan so‘ng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
128-modda. (davomi)
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emas.
Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
129-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas.
Bilimingizni sinang
Viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati qancha?
- to‘rt yil
- besh yil
- olti yil
- yetti yil
To‘g‘ri javob: besh yil. Xalq deputatlari Kengashlarining vakolat muddati besh yil.
Konstitutsiyaga ko‘ra viloyat, tuman va shaharlarda davlat hokimiyatining vakillik organlari qaysilar?
- Xalq deputatlari Kengashlari
- Hokimliklar
- Mahalla fuqarolar yig‘inlari
- Hududiy sud kengashlari
To‘g‘ri javob: Xalq deputatlari Kengashlari. 120-moddada Kengashlar davlat hokimiyati vakillik organlari deb belgilangan.
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari muddati qancha?
- To‘rt yil
- Besh yil
- Yetti yil
- Uch yil
To‘g‘ri javob: Besh yil. 120-moddada Kengashlar vakolatlari muddati besh yil deb yozilgan.
Shahar hokimi Sobirov shu shahar Kengashi raisi lavozimini ham egallashni so‘radi. Konstitutsiyaga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Bu mumkin emas, hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi bo‘la olmaydi
- Bu mumkin, agar rais vazifasini vaqtincha, ikki oygacha bajarsa
- Bu mumkin, agar Prezident yozma ruxsat bersa va Kengash rozi bo‘lsa
- Bu mumkin, chunki ikkala lavozim ham hududiy organlarga tegishli
To‘g‘ri javob: Bu mumkin emas, hokim bir vaqtning o‘zida Kengash raisi bo‘la olmaydi. 120-moddada hokim bir vaqtda Kengash raisi bo‘lishi mumkin emasligi aytilgan.
Viloyat, tuman va shahar hokimlarining vakolatlari muddati qancha?
- to‘rt yil
- besh yil
- uch yil
- yetti yil
To‘g‘ri javob: besh yil. Hokimlarning vakolat muddati besh yil.
Tuman hokimi Karimov bir tuman hokimi etib surunkasiga ikki muddat tayinlangan va uchinchi marta shu tumanga hokim etib tayinlanmoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Bu mumkin, agar tuman Kengashi tasdiqlasa va viloyat hokimi tayinlash uchun taqdim etsa
- Bu mumkin, chunki cheklov faqat viloyat hokimlariga tegishli bo‘lib, tuman hokimlariga tatbiq etilmaydi
- Bu mumkin, agar har ikki vakolat muddati besh yildan qisqa bo‘lgan bo‘lsa, cheklov qo‘llanmaydi
- Bu mumkin emas, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir hudud hokimi bo‘la olmaydi
To‘g‘ri javob: Bu mumkin emas, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir hudud hokimi bo‘la olmaydi. 121-moddaga ko‘ra ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir hudud hokimi etib tayinlanishi mumkin emas.
Quyidagilardan qaysi biri xalq deputatlari Kengashlarining vakolatiga kiradi?
- Hokimni lavozimga tayinlash va uni lavozimdan ozod etish
- Mahalliy sudyalarni tayinlash va ularning hisobotlarini eshitish
- Hokimni lavozimga tasdiqlash va uning hisobotlarini eshitish
- Hokim hujjatlarini Prezident nomidan bekor qilish va o‘zgartirish
To‘g‘ri javob: Hokimni lavozimga tasdiqlash va uning hisobotlarini eshitish. 122-modda 3-bandiga ko‘ra Kengash hokimni tasdiqlaydi va hisobotlarini eshitadi.
Kengashlar tasdiqlaydigan dasturlar qaysi qatorda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Mudofaa, xavfsizlik va chegara qo‘riqlash masalalari bo‘yicha umumdavlat dasturlari
- Davlat tashqi siyosati va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish dasturlari
- Sud tizimini isloh qilish va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati dasturlari
- Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari
To‘g‘ri javob: Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari. 122-modda 2-bandi Kengashga bu dasturlarni tasdiqlashni yuklaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash