Sud hokimiyati (1/2)
Beshinchi Bo‘Lim. Davlat Hokimiyatining Tashkil Etilishi
130-modda.
O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi.
131-modda.
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi va sudlar faoliyatining tartibi qonun bilan belgilanadi.
Maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilanadigan ixtisoslashgan sudlar tuzilishi mumkin.
Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
132-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.
Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi.
133-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
- 1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
- 2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
- 3) referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;
- 4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi;
- 5) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
- 6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi;
133-modda. (davomi)
- 7) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi;
- 8) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli.
Konstitutsiyaviy sudning qarori rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning qarori qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
134-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi, bundan maxsus huquqiy rejim o‘rnatishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilanadigan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bajarilishi majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas.
135-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi bo‘lib, u sudyalar korpusining shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Konstitutsiyaga ko‘ra odil sudlovni kim amalga oshiradi?
- Faqat sud
- Sud va prokuratura birgalikda
- Sud va tegishli hokimlik
- Sud va Sudyalar oliy kengashi
To‘g‘ri javob: Faqat sud. 130-moddaga ko‘ra odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.
Sud hokimiyati qaysi institutlardan mustaqil holda ish yuritadi?
- Faqat ijro etuvchi hokimiyatdan va siyosiy partiyalardan, qonun chiqaruvchi hokimiyatdan esa mustaqil emas
- Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan
- Faqat qonun chiqaruvchi hokimiyatdan, prokuraturadan va ijro etuvchi hokimiyatning mahalliy organlaridan
- Faqat siyosiy partiyalardan, ommaviy axborot vositalaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan
To‘g‘ri javob: Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan. 130-modda sud hokimiyatining mustaqilligini shunday ta’riflaydi.
Ixtisoslashgan sudlar qanday hududda tuzilishi mumkin?
- Barcha hududlarda Prezident farmoniga ko‘ra
- Faqat chegara hududlarida
- Maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda
- Faqat poytaxtda
To‘g‘ri javob: Maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda. 131-moddada ixtisoslashgan sudlar maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda tuzilishi mumkinligi aytilgan.
Zilzila oqibatlarini tezda bartaraf etish uchun hukumat favqulodda sud tuzishni taklif qildi. Konstitutsiyaga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Favqulodda sud tuzish mumkin, agar Prezident ruxsat bersa
- Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi
- Favqulodda sud tuzish mumkin, agar muddati bir yil bo‘lsa
- Favqulodda sud tuzish faqat Senat qarori bilan mumkin
To‘g‘ri javob: Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. 131-moddada favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmasligi aytilgan.
Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz qancha muddatga saylanadi?
- o‘n yillik
- yetti yillik
- o‘n besh yillik
- besh yillik
To‘g‘ri javob: o‘n yillik. Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi.
Konstitutsiyaviy sud o‘z tarkibidan raisini va uning o‘rinbosarini necha yillik muddatga saylaydi?
- besh yillik
- o‘n yillik
- yetti yillik
- uch yillik
To‘g‘ri javob: besh yillik. Konstitutsiyaviy sud raisi va o‘rinbosari besh yillik muddatga saylanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalarini qaysi organ saylaydi?
- Prezident taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi
- Oliy sud plenumi
- Sudyalar oliy kengashi mustaqil ravishda
- Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlisning Senati
To‘g‘ri javob: Prezident taqdimiga binoan Oliy Majlisning Senati. 132-moddaga ko‘ra Senat Prezident taqdimiga binoan saylaydi.
Konstitutsiyaviy sud qanday ishlarni ko‘radi?
- Fuqarolik va jinoiy ishlarni birinchi instansiya sifatida, shuningdek apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqadi
- Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni
- Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha apellyatsiya ishlarini va hokimlar hujjatlari ustidan shikoyatlarni
- Sudyalarga nisbatan intizomiy javobgarlik qo‘llash va ularni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi ishlarni
To‘g‘ri javob: Qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni. 132-modda birinchi qismi sudning vazifasini belgilaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash