XotirAI logotipiXotirAI
📖 11-sinf · Adabiyot · 58–62-b.

Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romani tahlili

Mavzular

Cho‘lpon nasri va roman taqdiri

Abdulhamid Cho‘lpon adabiy merosining ma’lum qismini nasriy asarlar tashkil etadi. O‘z davri adabiy hayotida shoir sifatida tanilgan Cho‘lpon she’rlar bilan birga «Qurvoni jaholat», «Qor qo‘ynida lola», «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda» kabi hikoyalar yozadi. 30-yillarda «Kecha va kunduz» romani ustida jiddiy ishlaydi. Adib bu asarni, nomidan ma’lum bo‘lganidek, ikki qismli qilib yozishni rejalashtiradi.

1936-yil romanning birinchi qismi alohida kitob shaklida bosilib chiqdi. Ikkinchi qismining taqdiri noma’lumligicha qoldi. Adib qatag‘onidan keyin uning boshqa ijod namunalari kabi ushbu romanni ham uzoq yillar o‘quvchilar nazaridan berkitildi; uni o‘qish taqiqlandi. Oradan yarim asr o‘tgach, kitobxonlar e’tiboriga qayta taqdim etildi. Mustaqillik yillarida esa roman adabiyotshunos olimlar tomonidan jiddiy o‘rganildi.

Romanning o‘rni va mavzusi

«Kecha va kunduz» romani Cho‘lpon ijodiy biografiyasida ham, o‘zbek romanchiligi tarixida ham alohida o‘rin tutadi. Chunki bu asarda Cho‘lponning hayotda orttirgan bilim va tajribalari, she’riyat va dramaturgiya sohasida erishgan badiiy mahorati jamlandi. Shuning uchun romanni o‘qiganda uni shoirona ko‘ngil egasi yozgani, ko‘p o‘rinlarda yozuvchining lirik kayfiyati yaqqol sezilib turadi.

Cho‘lpon XX asr boshlaridagi Turkiston ijtimoiy muhiti, xususan, chorizmning bosqinchilik siyosatining ichdan yemirilib borayotgani, mahalliy amaldorlarning razil qilmishlarini real aks ettiradi.

Roman qahramonlari va g‘oyasi

Muallif millatparvar adib sifatida o‘zbek xalqining turmushida boshlangan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy o‘zgarishlarni, yuragini o‘rtagan hayotiy muammolarni zo‘r mahorat bilan bayon etadi. Asar boshidagi oddiy bir oilaning ma’naviy muhit tasviri bora-bora romanning badiiy matni mohiyati-negizida o‘zlik va dunyoni anglash, ma’rifat va hurlik kabi millat taqdiriga bog‘liq haqiqatlar bilan uyg‘unlashib ketadi.

Xususan, romandagi Akbarali mingboshining o‘z baloyi nafsiga o‘ralashib, aysh-u ishratga berilishi, Miryoqub epaqaning ijtimoiy-ma’naviy tarafdan dinamik o‘sa boshlash jarayoni ko‘rsatiladi. Oxir-oqibat beg‘ubor bir qiz Zebining ayanchli qismati kitobxon qalbini larzaga soladi.

Epigraf va bahor tasviri

Darvoqe, yuqorida siz o‘qigan parcha romanning boshlanish qismidan olingan. Roman uchun tanlangan «Hamal keldi – amal keldi» degan epigrafga ham diqqat qilgansiz, albatta. Hamal – shamsiy yil hisobiga ko‘ra bahorning birinchi oyi, unda muzlar erib, tabiat qish uyqusidan uyg‘onadi; yerga urug‘ qadaladi va ko‘katlar unib o‘sa boshlaydi.

Hamal keldi – amal keldi— «Kecha va kunduz» romani epigrafi

Bahor, Zebi va Saltanat

Adib xuddi shu holatni juda ta’sirchan, tabiiy va maroq bilan shoirona tasvirlaydi. «Tollarning ko‘m-ko‘k sochpopuklari qizlarning mayda o‘rilgan kokillariday selkillab tushmoqqa boshladi. Muz tagida loyqalanib oqqan suvlarning g‘amli yuzlari kuldi, o‘zlari horg‘in-horg‘in oqsalar-da, bo‘shalgan qul singari erkinlik nash’asini kemira-kemira ilgari bosadilar.» Tasvir endi o‘n besh yoshga qadam qo‘ygan yoshgina Zebining bahor fasliga mos ochila boshlagan ko‘ngil mayl-istaklariga borib taqaladi.

Zebi barcha yoshlarga o‘xshab o‘ynab-kulishni, dala-qirlarga chiqishni – kengliklarni orzu qiladi. Eshigini taqillatib hovliga kirgan dugonasi Saltanatning ko‘ngli ham Zebining kayfiyatiga mos – bahor nafasiday pokiza, top-toza.

Saltanat taklifi va Razzoq so‘fi

Zebi dugonasining taklifidan juda mamnun. Yozuvchi shu mamnuniyatni: «Ko‘ngil, orzu, sevgi, sevinch... bular hammasi Saltiga tomon uchadi, unga tomon otiladi, uni o‘rab, uni aylantirib, uni quchadi!» deya shoirlanib yozadi. Ammo Zebining otasi Razzoq so‘fining tundligi, qovog‘idan qor yozib turishi romanning birinchi sahifalaridayoq o‘quvchi e’tiborini o‘ziga jalb etadi.

Zebi, Saltanat, Qurvonbibilar bir taraf, Razzoq so‘fi o‘z tabiatiga ko‘ra tarozining ikkinchi pallasida turadigan qahramon sifatida beriladi.

Razzoq so‘fi obrazi

Muallif ta’biricha, Razzoq so‘fi «o‘z uyining qabristonlar qadar jimjit, xonaqohlar qadar unsiz, o‘z ko‘ngli qadar tund va xo‘mraygan bo‘lishini» istaydi. Uning ruhiyatidagi «bulutli havo» tabiatdagi bahoriy uyg‘onishga, yoshlikning zangor quvonchiga zid qo‘yiladi. Eng qizig‘i shuki, Razzoq so‘fi bomdod namozidan uyiga kirgan mahali hovlisida qizlarning quvalashib shovqin solayotgani ustidan chiqadi.

Bu nima qiyomat!— Razzoq so‘fi, hovlida qizlar shovqinini ko‘rib

So‘fining individual qirralari

Razzoq so‘figa doir tasvirlardan badiiy qahramonning individual qirralari ochila boradi. Uning kamgapligi, «indamas, damini ichiga solgan, ziqna odam» ekaniga urg‘u berilar ekan, undagi o‘ziga xoslik qisqa nutqi vositasida ham kuchaytiriladi. So‘fi «o‘zidan ulug‘ va kuchlilar gapirsa – «hovva-hovva», deb tasdiqlaydi; «o‘zidan past va kuchsizlar gapirsa – «yo‘q, yo‘q», degan ma’noda» inkor etib boshini chayqaydi.

Razzoq so‘fining turmush tarzi, oilaviy tutumi ham, xotinini «Fitna» deb chaqirishi, Eshon boboga ixlos qo‘yishlari, qishloqqa qaytishga taklif qilib kelgan o‘gay akasi bilan muomala-munosabatlari – bularning barchasi Cho‘lponning iste’dodli nosir sifatidagi mahorat egasi ekanini ko‘rsatadi.

Ruxsat va so‘fi sharti

So‘fining «Nima bu qiyomat!» degan gapi Saltanatning taklifiga ko‘ra Zebining qishloqqa – Enaxonning uyiga mehmon bo‘lib borish masalasini yana ham chigallashtiradi. Ruxsat tegishi yo tegmasligi muammosi o‘rtaga qalqib chiqadi. Oraga so‘fining tilini biladigan Quvonbibi tushib, vaziyatni yumshatadi. So‘fi bir shart qo‘yib ko‘nadi: «Ovozim bor, deb ashulaga zo‘r bermasin. Nomahramlarga ovozini eshitdirsa, rozi emasman».

Ovozim bor, deb ashulaga zo‘r bermasin. Nomahramlarga ovozini eshitdirsa, rozi emasman— Razzoq so‘fi, qishloqqa borishga ruxsat berayotib

Ochqich jumla va yo‘l

Ushbu gap romanning muhim ochqich jumlalari sirasiga kiradi. Chunki Zebining keyingi taqdiri tasvirida, roman voqealarining o‘zaro bog‘lanishida uning shirali ovoz bilan ashula aytish detali katta ahamiyat kasb etadi. Mehmondorchilikka borish uchun ruxsat tegishini adib bir jumla bilan «Qafasning darichasi ochildi» deya ifodalaydi.

Qishloqqa qarab yo‘lga chiqilar ekan, aravakash O‘lmasxon o‘zicha qo‘shiq xirgoyi qiladi. Gap tabiiy ravishda Zebining ovoziga borib taqaladi. Garchand otasining tanbehini esida tutsa ham, Saltanat qo‘yarda-qo‘ymay Zebini qizlarning ashulasiga qo‘shilishga ko‘ndiradi.

Ovoz va oy timsollari

E’tibor berish lozim bo‘lgan jihat shundaki, adib «ovoz» so‘zi yoniga bir nechta sifatlashlarni keltirish bilan cheklanib qolmasdan, uni «eng yorug‘ yulduz»ga qiyoslaydi. Ta’kidlash lozimki, Cho‘lpon o‘z ijodida oy, quyosh, yulduz kabi osmon jismlaridan juda unumli foydalandi. O‘lmasxon bilan Zebini bir muddat uxlab yotgan kampir oldidagi hayajonga to‘la daqiqalari va yosh yigitning tabassumini ham «oy yorug‘i»da ko‘rsatadi.

Qizlar ichkari kirgandan keyin aravada qolgan O‘lmasxon «ajib va shirin xayollar» og‘ushida «ko‘kdagi oyga qarab, yerdagi oyni» o‘ylaydi. Ichkaridagi holat tasvirida ham shunga monand manzara gavdalantirilgan: qalbidagi «yangi, begona va shirin hislarni» anglayolmay «hayron bo‘lgan birov» ham «ko‘kdagi oyga qarab, yerdagi «toy»ni o‘ylar va yuzlari anorday qizarardi...». Tabiiyki, hamma uxlaganida yolg‘iz uyg‘oq qolgan va haligi sof tuyg‘ularni boshidan kechirayotgan Zebi ekanini o‘quvchi hech qiynalmasdan tanib oladi.

Bilimingizni sinang

Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanining birinchi qismi qaysi yili alohida kitob shaklida bosilib chiqdi?
  1. 1935-yil
  2. 1934-yil
  3. 1936-yil
  4. 1937-yil

To‘g‘ri javob: 1936-yil. Romanning birinchi qismi 1936-yil alohida kitob shaklida bosilib chiqqan.

Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romanini nomidan ma’lum bo‘lganidek, nechta qismli qilib yozishni rejalashtirgan?
  1. Bir qismli
  2. To‘rt qismli
  3. Ikki qismli
  4. Uch qismli

To‘g‘ri javob: Ikki qismli. Adib romanni ikki qismli qilib yozishni rejalashtirgan.

Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romani ikkinchi qismining taqdiri haqida nima deyish mumkin?
  1. Taqdiri noma’lumligicha qolgan
  2. Birinchi qism bilan bir kitobda chop etilgan
  3. Muallifning o‘zi tomonidan yoqib yuborilgan
  4. 1938-yilda alohida kitob shaklida bosilgan

To‘g‘ri javob: Taqdiri noma’lumligicha qolgan. Romanning ikkinchi qismi taqdiri noma’lumligicha qolgan.

Abdulhamid Cho‘lpon adabiy merosining ma’lum qismini qanday asarlar tashkil etadi?
  1. Tarixiy solnomalar
  2. Nasriy asarlar
  3. Tarjima lug‘atlar
  4. Ilmiy risolalar

To‘g‘ri javob: Nasriy asarlar. Cho‘lpon adabiy merosining ma’lum qismini nasriy asarlar tashkil etadi.

«Kecha va kunduz» romani qatag‘ondan keyin uzoq yillar berkitilgach, oradan qancha vaqt o‘tib kitobxonlar e’tiboriga qayta taqdim etildi?
  1. Oradan yarim asr o‘tgach
  2. Oradan o‘n yil o‘tgach
  3. Oradan yigirma yil o‘tgach
  4. Oradan bir asr o‘tgach

To‘g‘ri javob: Oradan yarim asr o‘tgach. Roman oradan yarim asr o‘tgach qayta taqdim etilgan.

Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romani ustida qaysi yillarda jiddiy ishlagan?
  1. XX asrning 40-yillarida
  2. XX asrning 10-yillarida
  3. XX asrning 20-yillarida
  4. XX asrning 30-yillarida

To‘g‘ri javob: XX asrning 30-yillarida. Adib 30-yillarda romani ustida jiddiy ishlagan.

«Qurvoni jaholat», «Qor qo‘ynida lola», «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda» hikoyalari kimning qalamiga mansub?
  1. Abdulla Qodiriy
  2. Abdulla Qahhor
  3. Oybek
  4. Abdulhamid Cho‘lpon

To‘g‘ri javob: Abdulhamid Cho‘lpon. Bu hikoyalar Cho‘lponning nasriy merosiga kiradi.

Quyidagi asarlardan qaysi biri Cho‘lponning ikki qismli qilib rejalashtirilgan romani hisoblanadi?
  1. «Kecha va kunduz»
  2. «Qurvoni jaholat»
  3. «Oydin kechalarda»
  4. «Qor qo‘ynida lola»

To‘g‘ri javob: «Kecha va kunduz». Boshqalari hikoya; roman — «Kecha va kunduz».

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGo‘ro‘g‘li dostoni yakuni; Mahmud Koshg‘ariy «Devon»iKeyingi →Alp Er To‘nga marsiyasi, qadimgi maqollar, Yusuf Xos Hojib