Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ruboiylari
Mavzular
Bobur kimligi va davri

Bobur ham shoh, ham shoirdir. «Bobur» arab tilida «sher» degani. Chindan ham, u bu nomga munosib shaxs edi. U tariximizning murakkab bir davrida yashadi. Qudratli temuriylar saltanati yemirilib, o‘rniga shayboniylar kelayotgan davr edi.
Shunday bir paytda o‘z yurtiga sig‘magan temuriyzoda Bobur Hindistonga bosh olib ketdi. U yerda buyuk saltanatga asos soldi. O‘z jasorati va adolati bilan olis hind xalqi qalbidan joy oldi, uning mehrini qozondi. Boburning avlodlari hind diyorida uch yuz yildan ortiqroq hukmronlik qildilar.
Shoir, olim, musiqachi
Bobur didi va zavqi baland shoir edi. U go‘zal g‘azallar yozdi. Ruboiyning tengsiz namunalarini yaratdi. Ko‘rgan-kechirgan voqealari haqida «Boburnoma» asarini yozib qoldirdi. Uning qalbi musiqaga oshno edi. U sozni go‘zal chalgan, ajoyib kuylar yaratgan, musiqa haqida ilmiy kitob yozgan shoh edi.
Bobur ikki she’riy to‘plam – devon tuzgan. Bizgacha shulardan bittasi, «Hind» devoni yetib kelgan. Ikkinchisining taqdiri noma’lum.
Tug‘ilishi va oilasi
Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda tug‘ildi. Otasi temuriyzoda Umarshayx Farg‘ona viloyati hukmdori edi. Onasi Qutlug‘nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Otasi bevaqt vafot etgach, Farg‘ona hokimligi 12 yoshdagi Boburning zimmasiga tushdi. 15 yoshida bobomeros Samarqandni zabt etadi. 16 yoshida bu azim shaharni tashlab chiqishga majbur bo‘ladi.
Sarguzashtlar va vafot
Keyin ham ikki marotaba bu shaharni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Lekin saqlab qolish nasib etmadi. Samarqandni ham, Andijonni ham qo‘ldan berib, tog‘-u toshlarda besh-o‘n yigiti bilan goh otliq, goh yayov yurgan paytlari ham bo‘ldi. Nihoyat, 1503-yilda Jayhun (Amu)ni kechib, Xurosonga o‘tdi. Kobul va G‘aznani qo‘lga kiritdi. So‘ng 1526-yilda Hindistonni zabt etib, boburiylar saltanatiga asos soldi.
Bobur 1530-yilning 26-dekabrida Agrada vafot etdi. Keyinroq uning xoki, vasiyatiga muvofiq, Kobulga ko‘chirildi.
Ruboiy va Vatan sog‘inchi
Ruboiy Sharq she’riyatida keng tarqalgan she’r turlaridan, to‘rtlik. Aruzning ma’lum vaznidagina yozilgan. Hozirda bizning qo‘limizda uning to‘rt yuzdan ortiq she’ri bor. Shundan ikki yuzdan ortig‘i ruboiydir.
Shoir ruboiylarida Vatan sog‘inchi, ona diyorni qo‘msash mavzusi yetakchilik qiladi.
Beqaydmen-u, xarobi siym ermasmen, / Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen. / Kobulda iqomat etti Bobur, dersiz, / Andoq demangizlarkim, muqim ermasmen.— Bobur ruboiysi
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi, / Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi. / O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, / Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.— Bobur ruboiysi
Vafo, jafo va xalq xotirasi
Shoirning ruboiysida yaxshilikning sharofati, yomonlikning kasofati, vafoga vafoning, jafoga jafoning qaytajagi haqida so‘z ketadi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, / Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur. / Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz, / Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.— Bobur ruboiysi
Chindan ham bu uning hayotdagi shiori edi. Bobur bugun xalqimizning sevimli farzandlaridan biridir. U haqda dostonlar, romanlar yozilgan, kinofilmlar ishlangan. Andijon va Toshkentda ulkan bog‘lar barpo etilib, u joylarga Bobur nomi berilgan va haykali o‘rnatilgan.
Boshqa ruboiylar
Ko‘nglum bu g‘ariblikda shod o‘lmadi, oh, / G‘urbatda sevinmas emish, albatta, kishi.— Bobur ruboiysi
Ey bodi sabo, ayla Xurosong‘a guzar, / Mendin degil ul yori parishong‘a xabar.— Bobur ruboiysi
Sen gulsen-u men haqir bulbuldurmen, / Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a kuldurmen.— Bobur ruboiysi
- G‘urbat – g‘ariblik, vatandan uzoqda bo‘lish.
- Bodi sabo – tong shamoli, mayin shabada.
- Ahbob – do‘stlar, yorlar.
Bilimingizni sinang
«Bobur» so‘zi arab tilida qanday ma’noni bildiradi?
- Yo‘lbars
- Sher
- Bahodir
- Shoh
To‘g‘ri javob: Sher. «Bobur» arab tilida «sher» degani.
Zahiriddin Muhammad Bobur qachon va qayerda tug‘ilgan?
- 1483-yil 14-fevralda Samarqandda
- 1483-yil 26-dekabrda Andijonda
- 1483-yil 14-fevralda Andijonda
- 1497-yil 14-fevralda Kobulda
To‘g‘ri javob: 1483-yil 14-fevralda Andijonda. Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda tug‘ilgan.
Boburning otasi temuriyzoda Umarshayx qaysi viloyat hukmdori bo‘lgan?
- Buxoro
- Samarqand
- Xuroson
- Farg‘ona
To‘g‘ri javob: Farg‘ona. Umarshayx Farg‘ona viloyati hukmdori edi.
Boburning onasi Qutlug‘nigorxonim kimning qizi edi?
- Toshkent hokimi Yunusxonning
- Farg‘ona hokimi Umarshayxning
- Samarqand hukmdorining
- Xuroson sultonining
To‘g‘ri javob: Toshkent hokimi Yunusxonning. Qutlug‘nigorxonim Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi.
Otasi bevaqt vafot etgach, Bobur necha yoshida Farg‘ona hokimligini zimmasiga olgan?
- 12 yoshida
- 15 yoshida
- 16 yoshida
- 20 yoshida
To‘g‘ri javob: 12 yoshida. Farg‘ona hokimligi 12 yoshli Boburning zimmasiga tushgan.
Bobur bobomeros Samarqandni necha yoshida zabt etgan?
- 18 yoshida
- 15 yoshida
- 12 yoshida
- 16 yoshida
To‘g‘ri javob: 15 yoshida. Bobur 15 yoshida Samarqandni zabt etgan.
Bobur necha yoshida Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo‘lgan?
- 15 yoshida
- 12 yoshida
- 16 yoshida
- 18 yoshida
To‘g‘ri javob: 16 yoshida. Bobur 16 yoshida azim shaharni tashlab chiqqan.
Bobur Xurosonga o‘tgach qaysi shaharlarni qo‘lga kiritgan?
- Samarqand va Andijonni
- Kobul va G‘aznani
- Agra va Dehlini
- Toshkent va Buxoroni
To‘g‘ri javob: Kobul va G‘aznani. Bobur Xurosondan so‘ng Kobul va G‘aznani egallagan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash