Anvar Obidjon hayoti va she’rlari
Mavzular
Poloson qishlog‘idan boshlangan hayot
O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon 1947-yil 8-yanvarda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. Qishloq maktabida o‘qib yurganidayoq kinomexanik, traktorchi singari kasblarni o‘rganib, oilasiga yordam berishga harakat qilgan. Maktabni bitirgach esa konda burg‘ilovchi, qishloqda kutubxonachi bo‘lib ishladi. So‘ng Samarqanddagi moliya texnikumida o‘qib, 1966–1969-yillarda harbiy xizmatni o‘tadi.
- Anvar Obidjon (1947 – 2020)
Tuman gazetasi va universitet
Armiyadan qaytib ham ma’lum muddat turli kasblarda ishlagach, nihoyat, tuman gazetasiga kelibgina o‘z iqtidorini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi. U 1971–1976-yillarda Oltiariq tumani gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri sifatida ishlab, jurnalistlik va adabiy tahrir sohalarida yetarli tajriba orttiradi. Ayni paytda 1974–1979-yillar davomida hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida sirtdan ta’lim oladi.
Ilk kitob va «Cho‘lpon»
Garchi shoir dastlabki she’riy mashqlarini 14–15 yoshida boshlagan, harbiy xizmatda ham ancha-muncha she’r bitgan bo‘lsa-da, «Ona yer» deb nomlangan ilk kitobi 1974-yilda – shoir 27 yoshga kirganida chop etildi.
Anvar Obidjonning keyingi hayoti va ijodiy faoliyati poytaxt Toshkentda kechdi. U turli nashriyotlarda, jurnallarda mehnat qildi, 1989–1998-yillarda esa xalqimiz istiqlolining ilk nishonalaridan biri – «Cho‘lpon» nashriyotida bosh muharrir, direktor bo‘ldi. Shundan buyon Anvar Obidjonning ellikdan ortiq kitobi nashr etildiki, bu ijodkorning qanchalar sermahsulligi, o‘quvchilari safining kengligidan darak beradi.
Bolalar adabiyotining zabardast vakili
Qolaversa, Anvar Obidjon nihoyatda serqirra ijodkor sifatida tanilgan. Avvalo, u zamonaviy bolalar adabiyotining zabardast vakili sanaladi. Ijodkor xalqimizning aziz farzandlariga ko‘plab she’riy, nasriy kitoblarni, teatr va kino tomoshalarini tortiq etgan. Ularning ayrimlarinigina sanab o‘tamiz:
- «Bahromning hikoyalari» (1980)
- «Masxaraboz bola» (1986)
- «Juda qiziq voqea» (1987)
- «Oltin yurakli Avtobola» (1988)
- «Dahshatli Meshpolvon» (1989)
- «Meshpolvonning janglari» (1994)
- «O‘q o‘tmas bolakay» (2005)
- «Atrofimizdagi qiziqchilar» (2014)
Pyesalar va filmlar
Anvar Obidjonning bolalarga atalgan «Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi» nomli ilk komediyasi 1983-yilda respublika «Yosh tomoshabinlar» teatrida sahnalashtirilgan edi. «O‘zbekfilm» kinostudiyasida adib ssenariylari asosida «Tilsimoy – g‘aroyib qizaloq», «Dahshatli Meshpolvon» filmlari suratga olingan.
Keyingi yillarda adibning «Oltiariq hangomalari», «Baloga qolgan futbolchi», ikkita kitobdan iborat «Tanlangan she’rlar» hamda «Ajinasi bor yo‘llar» singari yirik kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.
Unvonlar va vafoti
Xalqimizning sevimli shoiri Anvar Obidjon 2020-yil 11-aprelda 73 yoshida vafot etdi.
Fidoyi ijodkor Anvar Obidjon «O‘zbekiston xalq shoiri» unvoni bilan, «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni va «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan.
«Hayotning har lahzasi go‘zal»
Shoirning «Hayotning har lahzasi go‘zal» she’ri xalqimiz ruhiyatidagi mana shu ajoyib yangilanishni birgina kun – erta tongdan quyosh botgunga qadar kuzatiladigan lavhalarda nihoyatda jonli aks ettiradi.
Bu she’rning har bandi oxirida takrorlanib keladigan misralar o‘quvchi yodiga bir umr muhrlanib qolishining sababi esa, ularda aks etgan shoir samimiyatidan, qalbidagi ezgulikdandir.
Kelinchakdek bo‘lib orasta, / Gul salomdan ko‘taradi bosh.— Anvar Obidjon, «Hayotning har lahzasi go‘zal»
Hayotning har lahzasi go‘zal, / Umrning har dami g‘animat…— Anvar Obidjon, «Hayotning har lahzasi go‘zal» (har band oxiridagi takror)
«Vatanjon» va «Tinch kunlar»
Biroq o‘zbekning asl milliy shoiri Anvar Obidjon o‘z yurtini «Vatanjon» deb alqaydiki, unga qadar birorta shoir bunday yo‘l tutmagan edi. Shoir uchun ona Vatan tuyg‘usi jon hissi bilan chambarchas bog‘liq. Jonsiz Vatanni, Vatansiz jonni tasavvur qilolmaydi u. She’r mazmunidan shoirning o‘z Vatanini ham bola bo‘lib, ham uning posboni – alp yigit bo‘lib sevishi, sergak himoya qilishi anglashiladi.
Sen o‘zing otamsan, sen o‘zing – bolam,— Anvar Obidjon, «Vatanjon»
«Tinch kunlar» she’ri ham shu muqaddas tuyg‘uning yana bir qirrasiga diqqatimizni qaratadi. Yurtning tinch o‘tgan har bir kunida o‘z kasbini sidqidildan ado etayotgan har bir insonning hissasi bor, deb bemalol aytish mumkin.
Yurtimizning tinchgina o‘tgan har kuni / Mislsiz tarixiy voqea asli.— Anvar Obidjon, «Tinch kunlar»
Vatan mavzusi va mustaqillik
Anvar Obidjonning qariyb oltmish yillik ijodiga nazar tashlasak, unda ona Vatan taqdiri bosh mavzu sifatida bo‘rtib ko‘rinishiga guvoh bo‘lamiz. Mustabid sho‘ro tuzumi davrida haq-huquqlari toptalgan xalq ahvoli, boyliklari talon-toroj qilingan ona yurt, tili va tarixidan judo bo‘lish xavfi ostida qolgan millat taqdiri xususida shoir kuyinib she’rlar bitgan.
Shukrki, 1991-yilda xalqimiz hurriyatga – milliy mustaqillikka erishdi. 130 yildan ortiq davom etgan qullikdan, mutelikdan xalos bo‘ldi.
«Bahromning hikoyasi» mazmuni
«Avtoqishloq» (fantastik she’r)
Bilimingizni sinang
O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon qaysi sanada tug‘ilgan?
- 1957-yil 8-yanvar
- 1947-yil 18-yanvar
- 1947-yil 8-yanvar
- 1937-yil 8-yanvar
To‘g‘ri javob: 1947-yil 8-yanvar. Anvar Obidjon 1947-yil 8-yanvarda tug‘ilgan.
Anvar Obidjon Poloson qishlog‘ida tug‘ilgan. Bu qishloq qaysi viloyat va tumanda joylashgan?
- Samarqand viloyati Oltiariq tumani
- Toshkent viloyati Oltiariq tumani
- Farg‘ona viloyati Quva tumani
- Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani
To‘g‘ri javob: Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani. Poloson qishlog‘i Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida joylashgan.
Xalq shoiri Anvar Obidjon qachon va necha yoshida vafot etgan?
- 2019-yil 11-martda, 72 yoshida
- 2021-yil 8-yanvarda, 74 yoshida
- 2020-yil 11-aprelda, 73 yoshida
- 2018-yil 11-aprelda, 71 yoshida
To‘g‘ri javob: 2020-yil 11-aprelda, 73 yoshida. Shoir 2020-yil 11-aprelda 73 yoshida vafot etgan.
Anvar Obidjon qishloq maktabida o‘qib yurganidayoq oilasiga yordam berish uchun qaysi kasblarni o‘rgangan?
- kinomexanik va traktorchi
- muharrir va jurnalist
- moliyachi va kinomexanik
- kutubxonachi va burg‘ilovchi
To‘g‘ri javob: kinomexanik va traktorchi. Maktabda o‘qib yurganida kinomexanik va traktorchi kasblarini o‘rgangan.
Maktabni bitirgach, Anvar Obidjon qaysi ishlarda mehnat qilgan?
- kinomexanik va traktorchi
- tuman gazetasida adabiy xodim va bo‘lim mudiri
- nashriyotda bosh muharrir va direktor
- konda burg‘ilovchi va qishloqda kutubxonachi
To‘g‘ri javob: konda burg‘ilovchi va qishloqda kutubxonachi. Maktabdan so‘ng konda burg‘ilovchi, qishloqda kutubxonachi bo‘lib ishlagan.
Anvar Obidjon hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida qaysi yillarda sirtdan ta’lim olgan?
- 1971–1976-yillarda
- 1966–1969-yillarda
- 1989–1998-yillarda
- 1974–1979-yillarda
To‘g‘ri javob: 1974–1979-yillarda. Shoir 1974–1979-yillarda sirtdan o‘qigan.
Anvar Obidjon dastlabki she’riy mashqlarini necha yoshda boshlagan?
- 10–11 yoshda
- 14–15 yoshda
- 17–18 yoshda
- 20–21 yoshda
To‘g‘ri javob: 14–15 yoshda. Shoir she’riy mashqlarini 14–15 yoshda boshlagan.
Anvar Obidjonning ilk kitobi qaysi nom bilan va qaysi yilda chop etilgan?
- «Ona yer», 1980-yil
- «Vatanjon», 1974-yil
- «Ona yer», 1974-yil
- «Tinch kunlar», 1980-yil
To‘g‘ri javob: «Ona yer», 1974-yil. Ilk kitobi «Ona yer» 1974-yilda chop etilgan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash