XotirAI logotipiXotirAI
📖 6-sinf · Adabiyot · 98–107-b.

Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy va «Tanobchilar»

Mavzular

Muqimiy ijodini o‘rganish tarixi

Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy
Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy

Muqimiy vafotidan keyin shoirning devoni ilk bor «Devoni Muqimiy» (1907-yil) nomi bilan nashr etildi. 1910-yilda shoirning hajviy she’rlari «Muqimiy maa hajviyot» nomi bilan nashr etildi, 1912-yilda esa Muqimiyning yana bir she’riy to‘plami chop qilindi.

Shoir ijodini jiddiy va samarali o‘rganish o‘tgan asrning 30-yillarida boshlandi. Bu xayrli ishning boshida otaxon shoirimiz G‘afur G‘ulom turdi. G‘. G‘ulom tomonidan tuzilib, «Muqimiy bayozi» deb nomlangan to‘plam katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

1950-yilda Moskvada Muqimiyning «Lirika i satira» (Lirika va satira) nomli ikkinchi to‘plami rus tilida nashr etildi. 1953-yil Muqimiy ijodini o‘rganish tarixida yangi davr bo‘ldi: shu yili vafotining 50 yilligi munosabati bilan maxsus kitoblar chiqarildi. H. Yoqubov, A. Olimjonov, H. Zaripov, H. Razzoqov, G‘. Karimov kabi olimlar shoir haqida kitoblar yozdilar.

Muqimiyning bolaligi va o‘qishi

1850-yilda Qo‘qonning Bekvachcha mahallasida istiqomat qiluvchi novvoy Mirzaxo‘ja oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Bolaga Muhammad Aminxo‘ja deb nom berdilar. Oradan yillar o‘tib u elga Muqimiy taxallusi bilan taniladi.

Dastlabki tahsilni mahalla maktabida olgan Muqimiy yoshligidan she’riyatga alohida qobiliyat namoyon eta boshladi. Bunda onasi, ta’bi nozik va so‘zga oshno ayol Oyshabibining xizmatlari katta. Muqimiy maktab tahsilidan so‘ng Qo‘qondagi «Hokim oyim» madrasasida, 1872–1873-yillarda esa Buxoroga borib, u yerdagi «Mehtar anbar» madrasasida o‘qishni davom ettiradi.

Mehnat, yolg‘izlik va xattotlik

1876-yilda Muqimiy Qo‘qonga qaytadi va uylanadi. Xuddi shu davrdan boshlab yer qurilishi mahkamasida mirzalik qiladi, so‘ngra Sirdaryo yoqasidagi Oqjarda parom pattachisi bo‘lib faoliyat yuritadi. Moddiy qiyinchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘i yakka-yu yagona o‘g‘lini onasiga tashlab boshqa kishi bilan turmush qurib ketadi.

Bundan tushkunlikka tushgan shoir ota uyini tark etib mahalladagi Hazrat madrasasidan bir hujra olib, o‘sha yerda yashay boshlaydi. Muqimiy juda mohir xattot edi. Zamonasining eng yetuk husnixat sohibi Muhammad Yusuf Xattotdan tahsil olib mahoratini kamolga yetkazgan xushxat shoirning xizmatidan foydalanishga talabgorlar orta boradi, bu kasb uning uchun asosiy tirikchilik manbai bo‘lib qoladi.

Adabiy guruh va safarlar

Muqimiy Qo‘qonda Furqat, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir, G‘aribiy, Nasimiy, Mavlaviy kabi shoirlardan tashkil topgan adabiy guruhga boshchilik qiladi. 1885-yil otasi vafotidan so‘ng oilani boqish Muqimiyning zimmasiga tushadi.

Qiyinchiliklarga chora izlab 1887-yili Toshkentga boradi. Muqimiy Toshkentdan so‘ng Farg‘ona vodiysining qator shahar va qishloqlarini ham kezadi hamda safar taassurotlarini she’r qilib yozadi. Mazkur asarlar «Sayohatnoma» nomi bilan shuhrat topdi. Muqimiy 1903-yili ijodining ayni avj pallasida 53 yoshida og‘ir xastalikdan vafot etadi.

Muqimiy merosi

Muqimiydan boy abadiy meros qolgan. Shoir, asosan, nazmda – she’riyat yo‘nalishida ijod etgan. Muqimiydan bizgacha yetib kelgan merosning umumiy hajmi taxminan 10 ming misradan iborat.

Ular lirik asarlar (g‘azal, muxammas, murabba, masnaviy, ruboiy, tuyuq, fard), hajviyot (satira, yumor), «Sayohatnoma»lar, maktublardan tashkil topgan.

«Tanobchilar»: arz va ikki amaldor

Bo‘ldi taajjub qiziq hangomalar, / Arz etayin emdi yozib nomalar. / O‘n iki oyda keladur bir tanob, / O‘zgalara rohat-u menga azob.— Muqimiy, «Tanobchilar»
Qisqacha: Asarda kambag‘al chorakor dehqon mehnatidan o‘z manfaatlari uchun foydalangan hiylakor mahalliy amaldorlar – Sulton Ali va Hakimjon qiyofasi fosh etiladi. Dehqon o‘n ikki oyda bir tanob kelishini, bu boshqalarga rohat, o‘ziga azob ekanini aytadi. Sulton Ali Xo‘ja va Hakimjon ittifoq tuzgan: biri xotin, biri kuyov deyilgan.

Amaldorlarning maqtanchoqligi

Qisqacha: Amaldorlar qishloqqa kelib, elni yig‘ib, o‘zlarini ulug‘ avliyolarning qarindoshi qilib ko‘rsatadi. Xo‘ja o‘zini maxdumi a’zam deb, avliyolarni bobo va xola deb maqtanadi hamda o‘zi hokimni ham o‘ldirishga qodirligini aytadi. Hakimjon esa mardikor talab qilib, tanobni o‘n baravar qilish bilan do‘q qiladi. Qishloq eli maslahatlashib, ularga biror narsa berib jo‘natmoqchi bo‘ladi. Amaldorlar zulm bilan ellik-yuzni olib, tanobni yana ikki baravar solishadi.
So‘zni, Muqimiy, kerak etmak tamom, / Mazzasi qolmas uzun o‘lsa kalom.— Muqimiy, «Tanobchilar» yakuni

Hajviy asar haqida tushuncha

Hajviy asar tanqidiy va kulgi uyg‘otadigan badiiy asar hisoblanib, mazmuni va shakliga ko‘ra satirik va yumoristik ruhda bo‘ladi. Hajviy asarlarda jamiyat hayotidagi kamchiliklar, ayrim shaxslar fe’l-atvoridagi, xatti-harakatidagi qusurlar tanqid qilinadi, ya’ni kulgili qilib tasvirlanadi.

Muqimiyning «Maskovchi boy ta’rifida», «Saylov», «Dodhohim» va «Tanobchilar» asarlari she’riy hikoya tarzida yozilgan. Hamzaning «Maysaraning ishi», «Tuhmatchilar jazosi», Abdulla Qahhorning «Og‘riq tishlar», Gogolning «Revizor» asarlari pyesa shaklida, Chexovning «Yovuz niyatli kishi», «Chiqdi», «Qiyshiq oyna», Abdulla Qahhorning «Adabiyot muallimi» hajviy asarlari hikoya janrida yaratilgan.

Satira va tasvir vositalari

Muqimiy qalamiga mansub «Tanobchilar» she’riy hikoyasi satirik asardir. Chunki unda tanobchilarning asl qiyofasi ayovsiz fosh qilingan. Hajviy asarlarda jamiyatdagi illatlarni yaqqol fosh etish uchun voqealar bo‘rttirib ko‘rsatiladi, mubolag‘a, fantaziya, sifatlash, o‘xshatish, qarshilantirish kabi badiiy tasvir vositalaridan keng foydalaniladi.

Hajviy asar yozma va og‘zaki adabiyotning mustaqil yo‘nalishi sifatida taraqqiy etib kelyapti. Mumtoz adabiyotimizning Gulxaniy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy, bugungi adabiyotimizning Said Ahmad, Ne’mat Aminov, Anvar Obidjon kabi hajvchi adib va shoirlari ijodi buning misolidir.

Bilimingizni sinang

Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy qachon va qayerda tug‘ilgan?
  1. 1850-yilda Qo‘qonning Bekvachcha mahallasida
  2. 1848-yilda Toshkentning Bekvachcha mahallasida
  3. 1850-yilda Buxoroning Mehtar anbar mahallasida
  4. 1853-yilda Qo‘qonning Bekvachcha mahallasida

To‘g‘ri javob: 1850-yilda Qo‘qonning Bekvachcha mahallasida. Muqimiy 1850-yilda Qo‘qonning Bekvachcha mahallasida tug‘ilgan.

Muqimiy necha yoshda va qaysi yili og‘ir xastalikdan vafot etgan?
  1. 1907-yili 53 yoshda
  2. 1903-yili 63 yoshda
  3. 1887-yili 37 yoshda
  4. 1903-yili 53 yoshda

To‘g‘ri javob: 1903-yili 53 yoshda. Muqimiy 1903-yili 53 yoshida vafot etgan.

Muqimiy Qo‘qonda qaysi madrasada tahsilni davom ettirgan?
  1. Hazrat madrasasida
  2. «Hokim oyim» madrasasida
  3. «Mehtar anbar» madrasasida
  4. «Ko‘kaldosh» madrasasida

To‘g‘ri javob: «Hokim oyim» madrasasida. Qo‘qonda «Hokim oyim» madrasasida o‘qigan.

Muqimiy Sirdaryo yoqasidagi Oqjarda qanday lavozimda ishlagan?
  1. Xattot
  2. Yer qurilishi mirzasi
  3. Madrasa mudarrisi
  4. Parom pattachisi

To‘g‘ri javob: Parom pattachisi. Oqjarda parom pattachisi bo‘lgan.

Muqimiy xattotlik san’atini kimdan o‘rganib, mahoratini kamolga yetkazgan?
  1. Furqatdan
  2. Muhammad Yusuf Xattotdan
  3. Zavqiydan
  4. Mirzaxo‘ja novvoydan

To‘g‘ri javob: Muhammad Yusuf Xattotdan. Xattotlik ustozi Muhammad Yusuf Xattot.

Muqimiy Qo‘qonda boshchilik qilgan adabiy guruhga qaysi shoirlar kirgan?
  1. Nasimiy, Maxmur, Mavlaviy, Said Ahmad
  2. Furqat, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir
  3. Furqat, Gulxaniy, Nisbat, Maxmur
  4. Zavqiy, Hamza, G‘aribiy, Gulxaniy

To‘g‘ri javob: Furqat, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir. Guruhda Furqat, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir, G‘aribiy, Nasimiy, Mavlaviy bo‘lgan.

Qiyinchiliklarga chora izlagan Muqimiy 1887-yili qaysi shaharga boradi?
  1. Marg‘ilonga
  2. Samarqandga
  3. Buxoroga
  4. Toshkentga

To‘g‘ri javob: Toshkentga. 1887-yili Toshkentga borgan.

Muqimiyning Farg‘ona vodiysi safari taassurotlarini aks ettirgan she’rlari qaysi nom bilan shuhrat topgan?
  1. «Muqimiy bayozi»
  2. «Saylov»
  3. «Sayohatnoma»
  4. «Dodhohim»

To‘g‘ri javob: «Sayohatnoma». Safar she’rlari «Sayohatnoma» nomi bilan mashhur.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiPirimqul Qodirov hayoti va «Yulduzli tunlar» (1-qism)Keyingi →«Yulduzli tunlar» romani parchasi va tahlili (2-qism)