XotirAI logotipiXotirAI
📖 6-sinf · Adabiyot · 135–146-b.

Erkin Vohidov hayoti, ijodi va «O‘zbegim» qasidasi

Mavzular

Bolaligi va o‘qishi

Erkin Vohidov
Erkin Vohidov

1936-yilning 28-dekabr kuni Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida muallim oilasida tavallud topgan Erkin Vohidovning bolaligi ancha sertashvish va qayg‘uli kechdi.

O‘n yoshga yetar-yetmas ham ota, ham onadan ayrilib yetim qolgach, uni Toshkentda istiqomat qiluvchi tog‘asi o‘z qaramog‘iga oldi.

U shoir G‘ayratiy tomonidan o‘quvchilar saroyida tashkil etilgan adabiy to‘garakda ijod sirlarini o‘rganishga kirishdi.

O‘rta maktabni a’lo baholarga tamomlagan Erkin Vohidov Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning o‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi.

«Kamtarlik» she’ri

Erkin Vohidovning «Tong lavhasi», «Kamtarlik haqida», «Buloq», «Sevgi», «Ona tuproq» kabi qator she’rlaridagi chuqur ma’no go‘zal ifodalar, ajoyib tasvirlar bilan uyg‘unlashib ketgan.

Masalan, shoir turmushdagi oddiygina holatdan – choy quyilayotganda choynakning piyolaga «egilishi», choy ichayotganda inson piyolaning peshonasidan «o‘pishi»dan ajoyib she’r yaratadi:

Garchi shuncha mag‘rur tursa ham, / Piyolaga egilar choynak. / Shunday ekan, manmanlik nechun, / Kibr-u havo nimaga kerak?— Erkin Vohidov, choynak va piyola haqidagi she’r

Nashriyot, dostonlar, tarjima

Universitetni tugatgach Erkin Vohidov «Yosh gvardiya» nashriyotida, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir, direktor, «Yoshlik» jurnalida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat yuritdi.

Ayni paytda o‘zi ham «Nido», «Palatkada yozilgan doston», «Quyosh maskani», «Ruhlar isyoni» kabi ajoyib dostonlar yozdi.

Xususan, E. Vohidov tarjimasidagi rus shoiri S. Yesenin she’rlari, nemis shoiri Gyotening «Faust» asari o‘zbek adabiyotida katta hodisalar bo‘ldi.

Shoir yangidan tashkil etilgan «Yoshlik» jurnalining dastlabki bosh muharriri sifatida yoshlarning adabiyotga kirib kelishi yo‘lida katta jonbozlik ko‘rsatdi.

Drama va saylanma

U dramaturgiya sohasida ham o‘z qalamini sinab, «Oltin devor», «Istanbul fojiasi» kabi dramalar yaratdi. Ayniqsa, «Oltin devor» komediyasi uzoq yillar o‘zbek teatri sahnasidan tushmay keldi.

E. Vohidov ellik yildan ko‘proq davr mobaynida ijod etgan asarlarini to‘plab «Ishq savdosi», «She’r dunyosi», «Umr daryosi» va «Ko‘ngil nidosi» nomli to‘rt jildlik saylanmasini o‘quvchilarga taqdim etdi.

Doston g‘oyalari, unvonlar, vafoti

Uning ilk dostoni – «Nido»da insoniyatga og‘ir judoliklar, bitmas jarohatlar keltiradigan urush qattiq qoralansa, keyinroq bitilgan «Ruhlar isyoni» dostonida xalqlar, millatlar, dinlar o‘rtasidagi nizolar bashariyatga naqadar katta falokatlar olib kelishi teran tasvirlangan.

Erkin Vohidovning el-yurt va adabiyot oldidagi xizmatlari inobatga olinib, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni va «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov 2016-yil 30-may kuni 79 yoshida vafot etdi.

«O‘zbegim» qasidasi haqida

Sharq mumtoz she’riyatida qasidalar asosan podshohlar, amir-u xonlar sha’niga, ular tomonidan qilingan xayrli ishlarni olqishlash maqsadida bitilardi. Erkin Vohidov esa ona xalqi – o‘zbegimga qasida bag‘ishlaydi.

Bu ijodiy jasorat yana shunisi bilan muhimki, u yozilgan paytlari sobiq sho‘ro mamlakatidagi barcha millatlar «sovet xalqi» degan umumiy, sun’iy nom bilan atalar, odamlarning muayyan millat vakili ekani bilan faxrlanishiga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasdi.

Tarixingdir ming asrlar / Ichra pinhon, o‘zbegim, / Senga tengdosh Pomir-u / Oqsoch Tiyonshon, o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Qadimiy tarix izlari

Shu sharoitda Erkin Vohidov o‘zbekning «ming asrlar ichra pinhon» tarixini ko‘hna Samarqandda saqlanib qolgan Afrosiyob yodgorligidan, Mo‘g‘uliston va Sibirdagi O‘rxun va Enasoy (Yenisey) daryolari qirg‘oqlaridan topilgan qadimgi turkiy toshbitiklardan izlash lozimligini aytadi.

O‘zluq, Tarxon singari to‘qson ikki urug‘ni o‘zida jamlagan o‘zbekning Beruniy, Xorazmiy, Forobiydek ahli donishlari bu xalqning naqadar ulug‘vorligidan so‘zsiz shahodat ekanini ta‘kidlaydi.

Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, / Al-Forob avlodidan, / Asli nasli balki O‘zluq, / Balki Tarxon, o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Bosqinchilar va qahramonlar

Yevropadan Sharqqa qonli yurishlar uyushtirgan Rim imperatorlari, yurtimizdagi yuksak madaniyatni vahshiylarcha toptashga uringan Chingizxon va Botuxon bosqinlari bu o‘lka boshiga ne-ne ko‘rgiliklarni solmadi:

Qaysari Rum nayzasidan / Bag‘rida dog‘ uzra dog‘, / Chingiz-u Botu tig‘iga / Ko‘ksi qalqon, o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

To‘maris, Shiroq, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur singari mard farzandlar Vatanimiz tuprog‘ini yovlardan asrash yo‘lida mislsiz qahramonlik ko‘rsatdilar.

Davr zulmiga va lekin / Bir umr bosh egmading, / Sen – Muqanna, sarbador – sen, / Erksevar qon, o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Buyuk ajdodlar

2006-yilda xalqaro miqyosda keng nishonlangan Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yillik yubileyi ham bu fikrning yorqin dalilidir.

Shoir Abdulla Oripov «O‘zbekiston» she’rida: «Dengiz ortin yoritdi ilk bor Beruniyning aql mash’ali» degandi.

Abu Rayhon Beruniy Yer sharining narigi tomonida katta bir qit’a mavjudligini ilmiy asoslab bergandi.

Tuzdi-yu Mirzo Ulug‘bek / Ko‘ragoniy jadvalin, / Sirli osmon toqiga ilk / Qo‘ydi narvon o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Paxta va Navoiy vorisligi

Bizning yurtimiz paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi.

Faxr etarman, ona xalqim, / Ko‘kragimni tog‘ qilib, / Ko‘kragida tog‘ ko‘targan / Tanti dehqon o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Rus xalqining Pushkindek, inglizlarning Bayrondek ulug‘ shoirlarini ham o‘ziga muallim deb bilgan ijodkor, Navoiydek mutafakkirga merosxo‘r ekanidan faxr etadi:

Menga Pushkin bir jahon-u, / Menga Bayron bir jahon, / Lek Navoiydek bobom bor, / Ko‘ksim osmon, o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Oq sut va tuz hurmati

Har birimiz shu Vatanda dunyoga ko‘z ochgan ekanmiz, ona xalqimiz bizga bergan oq sut va tuzni oqlamog‘imiz, uning ravnaqi yo‘lida butun kuch-g‘ayratimizni sarf etmog‘imiz lozim.

Bu qasidam senga, xalqim, / Oq sut-u tuz hurmati, / Erkin o‘g‘lingman, qabul et, / O‘zbegim, jon o‘zbegim.— Erkin Vohidov, «O‘zbegim» qasidasi

Bilimingizni sinang

Atoqli shoir Erkin Vohidov qaysi sanada tug‘ilgan?
  1. 1936-yil 28-dekabr
  2. 1936-yil 30-may
  3. 1938-yil 5-avgust
  4. 1941-yil 28-dekabr

To‘g‘ri javob: 1936-yil 28-dekabr. Erkin Vohidov 1936-yil 28-dekabrda tug‘ilgan.

Erkin Vohidov Farg‘ona viloyatining qaysi tumanida muallim oilasida dunyoga kelgan?
  1. Quva tumanida
  2. Marg‘ilon tumanida
  3. Rishton tumanida
  4. Oltiariq tumanida

To‘g‘ri javob: Oltiariq tumanida. Shoir Oltiariq tumanida muallim oilasida tavallud topgan.

O‘n yoshga yetar-yetmas ota-onasidan ayrilib yetim qolgan Erkin Vohidovni kim o‘z qaramog‘iga olgan?
  1. Farg‘onadagi amakisi
  2. Oltiariqdagi bobosi
  3. Toshkentda yashovchi tog‘asi
  4. shoir G‘ayratiy

To‘g‘ri javob: Toshkentda yashovchi tog‘asi. Yetim qolgan shoirni Toshkentda istiqomat qiluvchi tog‘asi qaramog‘iga olgan.

Yosh Erkin Vohidov shoir G‘ayratiy tomonidan tashkil etilgan adabiy to‘garakda ijod sirlarini o‘rganishga kirishgan. Bu to‘garak qayerda tashkil etilgan edi?
  1. «Yoshlik» jurnali tahririyatida
  2. Toshkent Davlat universitetida
  3. «Yosh gvardiya» nashriyotida
  4. o‘quvchilar saroyida

To‘g‘ri javob: o‘quvchilar saroyida. G‘ayratiy adabiy to‘garakni o‘quvchilar saroyida tashkil etgan.

Erkin Vohidov Toshkent Davlat universitetining qaysi fakultetida tahsil olgan?
  1. sharqshunoslik fakultetida
  2. tarix fakultetida
  3. o‘zbek filologiyasi fakultetida
  4. jurnalistika fakultetida

To‘g‘ri javob: o‘zbek filologiyasi fakultetida. Shoir universitetning o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qigan.

O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov qachon va necha yoshida vafot etgan?
  1. 2006-yil 30-may, 69 yoshida
  2. 2016-yil 30-may, 79 yoshida
  3. 2016-yil 28-dekabr, 80 yoshida
  4. 2013-yil 24-may, 72 yoshida

To‘g‘ri javob: 2016-yil 30-may, 79 yoshida. Shoir 2016-yil 30-may kuni 79 yoshida vafot etgan.

Erkin Vohidov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan birga qaysi unvon bilan taqdirlangan?
  1. «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni
  2. «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni
  3. «O‘zbekiston xalq artisti» unvoni
  4. «Mehnat qahramoni» unvoni

To‘g‘ri javob: «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni. Shoir «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni va «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.

Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yillik yubileyi qaysi yilda xalqaro miqyosda keng nishonlangan?
  1. 2016-yilda
  2. 2001-yilda
  3. 2006-yilda
  4. 1996-yilda

To‘g‘ri javob: 2006-yilda. Yubiley 2006-yilda xalqaro miqyosda keng nishonlangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOdil Yoqubov «Muzqaymoq» hikoyasi (yakuni va tahlili)Keyingi →Tog‘ay Murod «Yulduzlar mangu yonadi» qissasi (davomi)