XotirAI logotipiXotirAI
📖 6-sinf · Adabiyot · 31–46-b.

Alisher Navoiy va «Mahbub ul-qulub» asari

Mavzular

Navoiy xotirasi va ehtirom

Har yili 9-fevralda – shoirning tavallud ayyomida Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hamda yurtimizning turli go‘shalarida o‘rnatilgan haykallari poyiga gullar qo‘yib, ul zot xotirasini yod etish an’anaga aylanganini ham bilasiz.

Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi— Islom Karimov, «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asaridan

Yigirma jildlik meros va «Xamsa»

Darhaqiqat, bobomizning mustaqillik yillarida nashr etilgan yigirma jildlik mukammal asarlari to‘plamiga kirgan she’r-u dostonlari, ilmiy va tarixiy asarlari, xotira va yozishmalari ruhiy dunyomizni nihoyatda boyitadigan, aql-tafakkurimizni charxlaydigan, yurtimiz tarixi va uning buyuk siymolari haqida juda qimmatli ma’lumotlar beradigan asarlardir.

Mazkur asarlarning orasida besh ulug‘vor dostonni o‘z ichiga olgan «Xamsa», ayniqsa, alohida e’tiborga sazovor. Mukammal «Xamsa» yaratish faqat ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy, hind adibi Xisrav Dehlaviy va fors-tojik adabiyoti namoyandasi Abdurahmon Jomiyga, o‘zbek hamda boshqa turkiy adabiyot vakillari orasida esa faqat Alisher Navoiyga nasib etgan.

«Mahbub ul-qulub» – pandnoma

Asli adabiyot so‘zidagi «adab» o‘zagining ma’no-mazmuni odob ekanini yodga olsak, Sharqda badiiy ijod insonlarga pand-u o‘git, nasihat berishning ta’sirli usuli bo‘lganini anglaymiz.

«Mahbub ul-qulub» nomli asarida pand-nasihat, axloqiy qarashlar bosh mavzuga aylanib, bevosita – to‘g‘ridan to‘g‘ri ifoda etiladi. Mana shu mulohazalardan kelib chiqib «Mahbub ul-qulub» kabi asarlarni axloqiy-falsafiy yo‘sindagi pandnoma yoki nasihatnoma deb ataymiz.

Turkiy va fors-tojik adabiyotida Alisher Navoiygacha xuddi shu janr va ko‘rinishdagi asarlar mavjud edi. Bunga Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Sa’diy Sheroziyning «Guliston» va «Bo‘ston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston» asarlarini misol keltirish mumkin.

Nomi, yozilishi va qismlari

Shoir bu asarni umrining oxirida – 1500-yilda yaratdi va uni «Mahbub ul-qulub», ya’ni «Ko‘ngillarning sevgani» deb atadi.

Hazrat Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asari, muallifning o‘zi ta’kidlaganidek, uch qismga bo‘linadi: birinchi qism har xil odamlarning fe’l-atvori va ahvoli haqida; ikkinchi qism yaxshi fe’l xosiyati va yomon xislat kasofati to‘g‘risida; uchinchi qism turli foydali kuzatishlar va misollar haqida.

Darhaqiqat, «Mahbub ul-qulub» asari oltmish yillik umri davomida hayotda ko‘rgan-kuzatganlarini teran tahlildan o‘tkazib, muayyan xulosalar chiqargan donishmand adibning kelgusi avlodlarga qoldirgan buyuk ma’naviy merosidir.

Gahi topdim falakdin notavonlig‘, / Gahi ko‘rdum zamondin komronlig‘, / Base issig‘, sovug‘ ko‘rdum zamonda, / Base achchig‘, chuchuk totdim jahonda— Alisher Navoiy, «Mahbub ul-qulub» kirish qismidagi masnaviy

Saxovat va himmat (Tanbih 11)

Saxovat insoniyat bog‘ining hosildor daraxti, balki u daraxtning foydali mevasidir. Saxovat odamiylik mulkining mavj urib turgan dengizidir, balki u to‘lqinli dengizning bebaho gavharidir. Saxovatsiz odam yog‘insiz bahor bulutiga va hidi yo‘q mushk-anbarga o‘xshaydi.

Saxiy bulutdir, xirmon-xirmon don hosili, balki xazina beradi; baxil chumolidir, don-dun, mashoq teradi. Himmat ahlining ixtisosi saxovatdir; bu ulug‘ sifat pokiza kishilarga xosdir. Odam bir badan bo‘lsa, himmat uning jonidir.

Oliyhimmat odam balandparvoz lochindir; behimmat – sichqon ovlovchi kalxatdir. Shunqorning maskani shohning bilagidir; kalxatning joyi o‘limtikning sassiq badani va so‘ngagidir.

Isrof, saxiy va axiy

Isrof qilish saxiylik emas; o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demas. Halol molni kuydirganni devona deydilar; yorug‘ joyda sham yoqqanni aqldan begona deydilar. Maqtanish uchun mol bermoq – o‘zini ko‘z-ko‘z qilmoq va shunday qilib o‘zini «saxiy» demoq – behayolik bilan nom chiqarmoq. Kimki xalqqa ko‘rsatib ehson bersa, u pastkash, saxiy emas.

Bitta kulchani ikki bo‘lib, yarmini och odamga berganni – saxiy deb, o‘zi yemay hammasini muhtoj odamga berganni – axiy do‘st deb bil.

Yaxshiliklarni topmoq yedirmoqdir; ayblarni yashirmoq kiydirmoqdir. Zarur vaqtida berilgan eski chopon va bo‘z to‘n saxovat; bemahal hadya qilingan zarbof chopon yaramaslikdir. Ovqatim uvol bo‘lmasin desang – yedir; libosim eskirmasin desang – kiydir.

Hilm (Tanbih 18)

Hilm (muloyim tabiatlik) inson vujudining xushmanzara mevalik bog‘idir va odamiylik olamining javohirga boy tog‘idir. Yumshoq ko‘ngillilik – hodisalar to‘la dengizdagi kishilik kemasining langari desa bo‘ladi va insoniyat qadrini o‘lchaydigan tarozining toshiga tenglashtirsa ham bo‘ladi.

Hilm – axloqli odamning qimmatbaho libosi va u kiyim turlarining eng chidamli matosidir. Yel, agar ko‘kka yetsa ham, baribir, yengil va qadrsiz; tog‘, agar tuproqqa botsa ham salobatlidir.

Hiri tog‘i og‘ir bo‘lgani uchun uni sel bossa ham tashvishi yo‘q, / To‘zg‘oq o‘simligining yaprog‘i yengil bo‘lgani uchun shamolda barbod bo‘ladi.— Alisher Navoiy, «Mahbub ul-qulub», Hilm haqidagi bayt

Yaxshilik qilish (Tanbih 22, 110)

Mazlumga yaxshilik qilsang, zolimdan omonda bo‘lasan. Agar kuchlilardan zarar ko‘rmayin desang, kuchsizlarga foyda yetkaz. Aqli bor odam janjallashishdan qochadi; do‘stlashish uchun kelishuvchilik eshigini ochadi.

Yaxshi odamdan yomonlar ham yomonlik kutmas; yaxshi odam yomonlardan ham yaxshilikni ayamas. Yaxshilik qila olmasang, yomonlik ham qilma.

Yor haqida (Tanbih 30)

Har kim birov bilan do‘st-yor bo‘lsa yoki do‘st-yorlik da’vosini qilsa, o‘ziga ravo ko‘rmaganni unga ham ravo ko‘rmasligi kerak.

Yor uldirki, o‘ziga ravo ko‘rmagan narsani / Yoriga ham ravo ko‘rmagay. / O‘zi yori uchun o‘lmoqqa tayyor esa-da, / Lekin yorini bu ishda sherik qilmagay.— Alisher Navoiy, «Mahbub ul-qulub», Tanbih (30), qit’a

Til haqida (Tanbih 48–50)

Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz. Ko‘p, bemaza so‘zlaydigan ezma kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o‘xshaydi. Tili yomon odam xalq ko‘nglini jarohatlaydi, o‘z boshiga ham ofat yetkazadi.

Tilini tiyolgan odam – donishmand oqil; so‘zga erk bergan odam – beandisha va pastkash. Til shirin va yoqimli bo‘lsa yaxshi; til bilan dil bir bo‘lsa yana yaxshi.

Shirin so‘z sof ko‘ngillar uchun asal kabi totlidir; bolalar uchun muloyim tabiatli odam halvofurush kabi sevimlidir. Yolg‘on gapiruvchi g‘aflatdadir; so‘zning bir-biridan farqi ko‘pdir, ammo yolg‘onroq turi yo‘qdir.

Safarning foydalari (Tanbih 108)

Safar – ayriliqqa uchraganlarni maqsadiga yetkazuvchi va mahrumlarni murod uyiga olib kiruvchidir. Safar – xom odamlarni pishiruvchi va taomlarni singdiruvchidir. Safar kishilarni olam ajoyibotlaridan bahramand qiladi, g‘aroyibotlar dunyosidan xabardor qiladi.

Safar vodiysida musofirning oyog‘iga ko‘p dard-u balo tikanlari sanchiladi, lekin har qadalgan tikandan bir maqsad guli ochiladi.

Safar qilmagan orom olish farog‘atini qaydan bilsin? Musofirlik azobini chekmagan vatandagi hayotning qadrini qaydan anglasin? Odam uchun doim harakatda bo‘lish hayotlikdan asardir; jonsiz mavjudotlar tiriklik nishonasidan bexabardir...

Bilimingizni sinang

Alisher Navoiy qaysi yillarda yashagan (tug‘ilgan va vafot etgan yillari)?
  1. 1441–1500
  2. 1436–1500
  3. 1441–1501
  4. 1448–1501

To‘g‘ri javob: 1441–1501. Alisher Navoiy 1441-yilda tug‘ilgan va 1501-yilda vafot etgan.

Alisher Navoiyning tavallud ayyomi har yili qaysi sanada nishonlanadi?
  1. 9-mart
  2. 14-fevral
  3. 9-fevral
  4. 21-mart

To‘g‘ri javob: 9-fevral. Shoirning tavallud kuni har yili 9-fevralda nishonlanadi.

Alisher Navoiy haykali Toshkent shahridagi qaysi joyda o‘rnatilgan?
  1. Milliy bog‘da
  2. Chorsu bozorida
  3. Toshkent minorasi yonida
  4. Hazrati Imom majmuasida

To‘g‘ri javob: Milliy bog‘da. Navoiy haykali Toshkentdagi Milliy bog‘da o‘rnatilgan.

«Mahbub ul-qulub»dagi Navoiy tanbihiga ko‘ra, yaxshilik qila olmagan odam qanday yo‘l tutishi kerak?
  1. Boshqalarga pand-nasihat aytishi kerak
  2. Zolimlar bilan do‘st tutinishi kerak
  3. Yomonlik ham qilmasligi kerak
  4. Kuchsizlardan uzoqlashishi kerak

To‘g‘ri javob: Yomonlik ham qilmasligi kerak. Navoiyga ko‘ra, yaxshilik qila olmagan odam yomonlik ham qilmasligi lozim.

Alisher Navoiyning «Xamsa»si nechta ulug‘vor dostonni o‘z ichiga oladi?
  1. beshta
  2. uchta
  3. to‘rtta
  4. yettita

To‘g‘ri javob: beshta. «Xamsa» besh ulug‘vor dostondan iborat.

«Mahbub ul-qulub»da bitta kulchani ikki bo‘lib, yarmini och odamga bergan kishi nima deb, o‘zi yemay hammasini muhtojga bergan kishi nima deb ataladi?
  1. axiy do‘st – saxiy
  2. saxiy – axiy do‘st
  3. saxiy – baxil
  4. oliyhimmat – axiy do‘st

To‘g‘ri javob: saxiy – axiy do‘st. Kulchaning yarmini bergan saxiy, hammasini bergan axiy do‘st deyiladi.

«Qutadg‘u bilig» asari kimning qalamiga mansub?
  1. Yusuf Xos Hojib
  2. Sa’diy Sheroziy
  3. Nizomiy Ganjaviy
  4. Abdurahmon Jomiy

To‘g‘ri javob: Yusuf Xos Hojib. «Qutadg‘u bilig»ni Yusuf Xos Hojib yaratgan; u Navoiygacha mavjud pandnoma asarlardan biri.

«Mahbub ul-qulub»dagi Yor haqidagi tanbihga ko‘ra, do‘st-yor bo‘lgan kishi do‘stiga nisbatan qanday yo‘l tutishi kerak?
  1. Do‘stini har ishda o‘ziga sherik qilishi kerak
  2. O‘ziga ravo ko‘rganni unga ham ravo ko‘rishi kerak
  3. Do‘stining kamchiligini boshqalarga aytishi kerak
  4. O‘ziga ravo ko‘rmaganni unga ham ravo ko‘rmasligi kerak

To‘g‘ri javob: O‘ziga ravo ko‘rmaganni unga ham ravo ko‘rmasligi kerak. Yor o‘ziga ravo ko‘rmaganni yoriga ham ravo ko‘rmaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiG‘afur G‘ulom «Shum bola» qissasi (parcha va tahlil)Keyingi →Turob To‘la hayoti, ijodi va «Do‘nan» hikoyasi