Zulfiya hayoti va she’rlari
Mavzular
Zulfiya Isroilova hayoti

Zulfiya Isroilova xalqimizning atoqli va ardoqli vakili, O‘zbekiston xalq shoiri, xalqaro «Nilufar», Javoharlal Neru nomidagi hamda Davlat mukofotlari sohibasidir.
U 1915-yili Toshkent shahrining qadimiy Dergez mahallasida tavallud topgan. Avval boshlang‘ich maktabda, so‘ng xotin-qizlar bilim yurtida tahsil olgan. 1935–1938-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qigan.
1953-yildan 1980-yilgacha, qariyb o‘ttiz yilga yaqin respublikamizda keng tarqalgan «Saodat» nomli xotin-qizlar jurnalida bosh muharrir bo‘lgan.
To‘plamlari va oilasi
Zulfiyaning dastlabki she’rlari «Hayot varaqlari» nomi bilan 1932-yilda bosilib chiqqan. Shundan so‘ng shoiraning «She’rlar» va «Qizlar qo‘shig‘i» (1938-yil), «Uni Farhod der edilar» (1943-yil), «Hijron kunlarida» (1944-yil), «Dalada bir kun» (1948-yil), «Tong qo‘shig‘i» (1953-yil), «Yuragimga yaqin kishilar» (1958-yil), «Kuylarim sizga» (1965-yil), «O‘ylar» (1965-yil), «Shalola» (1974-yil) kabi o‘nlab she’riy to‘plamlari chop etildi.
Hamid Olimjon bilan hayot
U atoqli o‘zbek shoiri Hamid Olimjon bilan oila qurgan. Biroq ular orzularga to‘la hayot kechirayotgan pallada – 1944-yili mashina halokati tufayli turmush o‘rtog‘idan ayriladi. Shundan so‘ng umr bo‘yi o‘z muhabbatiga sodiq qolib Hamid Olimjonning ishlarini sabot bilan davom ettiradi. Uning «Semurg‘», «Zaynab va Omon» dostonlari asosida pyesa va opera librettolarini yaratadi.
O‘zi ham «Quyoshli qalam», «Mushoira», «Xotira siniqlari» kabi poemalar yozadi. Rus, ukrain, ozarbayjon, hind shoiralarining she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi.
Jamoat arbobi, vafoti
Zulfiya keng tanilgan jamoat arbobi edi. U Osiyo, Afrika va Yevropaning o‘nlab davlatlarida bo‘lib xalqaro xotin-qizlar hamda adabiyot namoyandalarining harakatlarida faol ishtirok etar edi. Uning she’rlari ingliz, nemis, rus, bolgar, xitoy, hind, yapon, arab, fors, vetnam kabi juda ko‘p xorijiy tillarga tarjima qilingan edi. Shoira 1996-yil 81 yoshida vafot etgan.
«Bog‘lar qiyg‘os gulda»
Har navda bir gulda, har gulda bir ro‘y, / Har daraxt bargi bir dunyo hikoya. / Har birin hosili o‘zgasiga ko‘rk, / Biri biri uchun qudrat, himoya.— Zulfiya, «Bog‘lar qiyg‘os gulda»
«Bir kaft bog‘», ya’ni yaxlit bir manzil – Vatanda turlicha tarovat, turli bo‘y taratuvchi daraxtlar bor. Go‘yo har bir daraxt bu bir-biriga o‘xshamaydigan millat va elatdir. Lekin ular bitta bog‘da – bir maskanda, ya’ni bir Vatanda – O‘zbekistonda jam bo‘lganlar. Ular turli millat va elatlar bo‘lsa ham, bir xalq – O‘zbekiston xalqi farzandlaridir.
Bu – qadim dunyoda yangi bir olam, / Bunda orqa tog‘siz bir tirik jon yo‘q.— Zulfiya, «Bog‘lar qiyg‘os gulda»
O‘zbekiston misolida o‘sha xalq, o‘sha suyanch, o‘sha tayanch bu – o‘zbek xalqidir. O‘zbekistonda yashovchi barcha insonlar – bir xalq, O‘zbekiston fuqarosi.
Bahor mavzusi va tenglik
Konstitutsiya bo‘yicha barcha masalalarda teng huquq va imkoniyatlar berilgan. O‘zbek xalqi azal-azaldan bag‘rikeng, serhimmat, saxovatli xalq. Shuning uchun ham bugun uning bag‘rida 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch, osuda va bunyodkor hayot kechirmoqdalar.
Zulfiya she’riyatida bahor mavzusi ayricha bir ahamiyatga ega. Uzoq ijodiy umr davomida yozilgan she’rlarning aksariyati bahor fasli, uning insonlarga baxshida etadigan go‘zalligi, tarovati, jozibasi haqida.
«Bahor keldi seni so‘roqlab»
Zulfiya she’riyat muxlislariga oradan bir yil o‘tib, ya’ni 1945-yili yozgan «Bahor keldi seni so‘roqlab» she’ri bilan baxt va bahor haqida jo‘shib kuylagan yori – turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjonning hayotini, she’rlarini eslatadi. Shu niyatda tabiatga murojaat qiladi, uni xayolan o‘z suhbatdoshiga aylantiradi.
Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda, / Hayotni kuylayman, chekinar alam. / Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda, / Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!— Zulfiya, «Bahor keldi seni so‘roqlab»
«Baxtim bor, ajoyib kishilar aro…»
Hayotsevarlik, umidbaxsh tuyg‘ular «Baxtim bor, ajoyib kishilar aro...» satri bilan boshlanuvchi she’rning ham bosh mavzusi. Shoira yoshi oltmishlardan o‘tib, keksalik boshlanishi pallalarida yozgan mazkur she’rida umri har qancha qiyinchilik, judolik va ayriliqlarga qaramay, yaxshi insonlar orasida kechganini, shukronalik hislarini qalamga oladi.
Hali qalbing juvon yuragiday yosh, / Asablar ko‘tarar, tog‘ni ortsang ham. / Ko‘zingga, qoningga olaver, quyosh, / Hali ko‘p tebranar qo‘lingda qalam...— Zulfiya, «Baxtim bor, ajoyib kishilar aro...»
«O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush»
Bu Zulfiya opaning 1954-yilda jamoat arbobi sifatida turli mamlakatlarda bo‘lib, tinchliksevar odamlar, har qanday urushlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun kurashuvchilar saflarida ishtirok etgan pallalarida yozilgan «O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush» nomli mashhur she’ridir. She’r yozilgan sanadan o‘n besh yil avval Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi.
Ko‘krak suti va mehnat bilan / Biz jahonga berganmiz turmush, / Ona qalbi oyoqqa tursa, / O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush!— Zulfiya, «O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush»
Bilimingizni sinang
Quyidagi unvonlardan qaysi biri Zulfiya Isroilovaga berilgan?
- O‘zbekiston xalq artisti
- O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi
- O‘zbekiston xalq shoiri
- O‘zbekiston xalq yozuvchisi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston xalq shoiri. Zulfiya O‘zbekiston xalq shoiri, «Nilufar», Javoharlal Neru nomidagi va Davlat mukofotlari sohibasi.
Zulfiya Toshkent shahrining qaysi qadimiy mahallasida tug‘ilgan?
- Sebzor
- Chilonzor
- Shayxontohur
- Dergez
To‘g‘ri javob: Dergez. Zulfiya Dergez mahallasida tug‘ilgan.
Shoira Zulfiya qaysi yili tug‘ilgan?
- 1917-yil
- 1913-yil
- 1915-yil
- 1920-yil
To‘g‘ri javob: 1915-yil. Zulfiya 1915-yili tug‘ilgan.
Zulfiya boshlang‘ich maktabdan keyin qaysi o‘quv yurtida tahsil olgan?
- Tibbiyot bilim yurtida
- Xotin-qizlar bilim yurtida
- Pedagogika texnikumida
- Konservatoriyada
To‘g‘ri javob: Xotin-qizlar bilim yurtida. Avval boshlang‘ich maktabda, so‘ng xotin-qizlar bilim yurtida o‘qigan.
Zulfiya qaysi yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida o‘qigan?
- 1938–1941
- 1945–1948
- 1932–1935
- 1935–1938
To‘g‘ri javob: 1935–1938. Aspirantura yillari 1935–1938.
Zulfiya «Saodat» xotin-qizlar jurnalida qaysi yillarda bosh muharrir bo‘lgan?
- 1943–1970
- 1938–1953
- 1958–1985
- 1953–1980
To‘g‘ri javob: 1953–1980. 1953-yildan 1980-yilgacha bosh muharrir bo‘lgan.
Zulfiyaning to‘plamlarini nashr yillari bilan moslang: 1) «Uni Farhod der edilar»; 2) «Hijron kunlarida»; 3) «Dalada bir kun»; a) 1944-yil; b) 1948-yil; c) 1943-yil.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. «Uni Farhod der edilar» – 1943, «Hijron kunlarida» – 1944, «Dalada bir kun» – 1948.
Zulfiyaning «Tong qo‘shig‘i» to‘plami qaysi yili chop etilgan?
- 1948-yil
- 1965-yil
- 1953-yil
- 1958-yil
To‘g‘ri javob: 1953-yil. «Tong qo‘shig‘i» 1953-yilda chiqqan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash