XotirAI logotipiXotirAI
📖 7-sinf · Adabiyot · 223–236-b.

Jahon Otin Uvaysiy va Zavqiy ijodi

Mavzular

Uvaysiy taxallusining ma’nosi

Mumtoz adabiyotimizda shoirlar asosan muqaddas Islom dini ta’limotiga, payg‘ambar Muhammad alayhissalom o‘gitlari hamda o‘tmishdagi ulug‘ ajdodlarga ergashib yoki tug‘ilgan yeriga nisbat berib, taxallus tanlaganlar.

Masalan, Navoiy – haq va haqiqat, adolat yo‘lida navo qiluvchi, Maxmur – ilohiy ishqdan mast bo‘lgan darvesh va hokazo.

O‘tmishda Uvays Qaraniy ismli valiy zot o‘tgan. Uning Muhammad alayhissalomga bo‘lgan muhabbati shu kungacha insonlar orasida doston bo‘lib kelmoqda.

Ehtimol, shoira Uvaysiy ham o‘z taxallusini qaysidir bir buyuk zotga bo‘lgan g‘oyibona uvayslik munosabati tufayli tanlagandir.

Uvaysiyning hayot yo‘li

Shoira Marg‘ilon shahrida ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan ijodkor, onasi ham fozila ayol bo‘lgan. Akasi Oxunjon ashula aytar, musiqadan yaxshigina xabardor edi. Jahon Otin yoshligidan she’r mashq qildi va tez orada «Uvaysiy» taxallusi bilan shuhrat topdi.

Shoiraning turmush o‘rtog‘i Hojixon erta vafot etib, qizi Quyoshxon, o‘g‘li Muhammadxonni tarbiyalab voyaga yetkazish yakka o‘zining zimmasida qoladi. U maktabdorlik qiladi, ijod bilan shug‘ullanadi.

Uvaysiy hayoti va ijodiy faoliyatining bir qismi malika va shoira Nodirabegim iltifoti tufayli xon saroyida kechadi.

1822-yilda Amir Umarxon vafot etgach, Uvaysiy uchun ham tashvishli va qayg‘uli kunlar boshlanadi. Otasining o‘rniga taxtga o‘tirgan Muhammad Alixon unga yaxshi munosabatda bo‘lmadi. Boz ustiga, o‘g‘li Muhammadxon ham sarbozlikka olinib, Qashqar uchun olib borilayotgan urushga jo‘natildi.

Quyoshxon kasallanib, o‘ttiz yoshida vafot etadi. Undan Bibi Xadicha ismli qizcha qoladi. Buxoro amiri Nasrullo 1842-yilda Qo‘qonni bosib olib, Nodirabegimni, uning o‘g‘li va nabiralarini qatl ettiradi. Shundan so‘ng Uvaysiy ona shahri Marg‘ilonga qaytadi va taxminan 1845-yilda vafot etadi.

Uvaysiy ijodi va g‘azallari

Uvaysiyning «Uvaysiyman», «Dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi», «Sog‘indim» kabi g‘azallari hasbi hol tarzida yozilgan. Ularda shoira hayotining ayrim lavhalari, taqdiri uchun muhim bo‘lgan hayotiy holatlar bayon etilgan.

Uvaysiy chistonnavis sifatida ham o‘z mahoratini namoyon etgan. Ayniqsa, «Anor» chistoni yaratilgandan buyon she’riyat ixlosmandlari e’tiborini qozonib kelmoqda.

Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman, / Qayda dard eli bo‘lsa, oshno Uvaysiyman.— Uvaysiy, «Uvaysiyman» radifli g‘azali

«Sog‘indim» g‘azali

Bukun, ey do‘stlar, farzandi jononimni sog‘indim, / Gado bo‘lsam ne ayb, ul shohi davronimni sog‘indim.— Uvaysiy, «Sog‘indim» g‘azali
Qorong‘u bo‘ldi olam ko‘zima ushbu judolikdin, / Ko‘z-u ko‘nglum ziyosi mohi tobonimni sog‘indim.— Uvaysiy, «Sog‘indim» g‘azali

Chiston janri va Uvaysiy chistonlari

Mumtoz adabiyotdagi she’riy topishmoq janri chiston deb yuritiladi. U forscha «chist» (nima) hamda «on» (u) so‘zlaridan iborat bo‘lib, «u nima?» degan ma’noni bildiradi. Chistonning hajmi cheklanmagan, lekin ko‘pincha bir yoki ikki bayt bo‘ladi.

Turkiy adabiyotda ilk chistonlar Alisher Navoiy tomonidan yaratilgan. Fors-tojik adabiyotida undan bir necha asr ilgari ham mavjud edi hamda lug‘z deb atalgan.

Shundan kelib chiqsak, she’riy topishmoqlar ikki turli bo‘ladi: majoziy chistonlar («Anor») hamda oddiy chistonlar («Yong‘oq», «Kun va tun»).

Ul na gumbazdir, eshigi, tuynugidin yo‘q nishon— Uvaysiy, «Anor» chistoni
Ikki mahbubni ko‘rdum, bir-birisin ko‘rmagan, / Ikkisining o‘rtasiga, do‘stlar, qil sig‘magan.— Uvaysiy, «Kun va tun» chistoni

«Anor» chistonining yechimi

Birinchi chistonda javobni topish uchun bir qator belgi va ishoralar berilgan. Tashqi shakliy ko‘rinishi: gumbazsimon, tuynugi yo‘q. Ichki tuzilishi: gulgunpo‘sh (qizil yopingan) qizlar hamda parda borligi. Unga munosabat shakli – sindirish kerakligi.

Anor donachalari esa qizil kiygan qizlarning o‘zginasi. Uvaysiy saroyda yashagan davrida xon haramidagi kanizlar hayotiga guvoh bo‘lgan. Yuqoridagi chiston ana shu kuzatishlar asosida yaratilgan bo‘lsa ajab emas. U ijtimoiy hayotdagi voqeaga ishora qiladi.

Qofiya va raviy

Qofiya bo‘lishi uchun ikki va undan ortiq ohangdosh so‘zlar uyg‘unligi bo‘lishi kerak. Ular qofiyadosh so‘zlar deyiladi. Ohangdoshlikni bu so‘zlardagi raviy deb ataluvchi unli yoki undosh bo‘lgan tirgak tovush hosil qiladi.

Radif

Radif bir necha so‘zdan ham iborat bo‘lishi mumkin. Uvaysiyning «Ki bulbul nola, afg‘on aylamakni mendin o‘rgandi» baytida «afg‘on», «so‘zon» qofiyasidan keyingi uch so‘zdan iborat «aylamakni mendin o‘rgandi» radif bo‘lib kelgan.

Ki bulbul nola, afg‘on aylamakni mendin o‘rgandi, / Vujudin sham’i so‘zon aylamakni mendin o‘rgandi— Uvaysiy

Zavqiy: tug‘ilishi va o‘qishi

Zavqiy taxallusi bilan qalam tebratgan shoirning asl ismi Ubaydulloh bo‘lib, 1853-yilda Qo‘qon shahrining Qatag‘on dahasiga qarashli Shayxon mahallasida mahsido‘z kosib Muhammad Solih oilasida dunyoga kelgan.

Lekin onasining vafot etishi, otasining falaj bo‘lib qolishi sababli ota kasbi – kosiblik bilan ro‘zg‘or tebratadi. Ma’lum muddat Qo‘qon poyabzal rastasining xo‘jayini Mo‘minboy qo‘lida mirzalik ham qilgan.

Zavqiy: adabiy muhit, haj, vafot

Shu xizmat taqozosi bilan Samarqand, Buxoro, Marg‘ilon, Andijon, O‘sh, Namangan, Xo‘jand, Toshkent kabi shaharlarda bo‘ladi. O‘sha paytlarda u Muqimiy, Muhyi, Furqat, Nisbat, Muhayyir kabi taniqli shoirlar bilan tanishdi, ular bilan adabiy majlislarda, sherxonliklarda ishtirok etdi.

Zavqiy 1921-yilda ikki oy davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etgan.

«Ajab ermas» muxammasi

Zavqiy adabiyotimiz tarixida yirik hajvchi shoir sifatida ham e’tirof etiladi. Uning ijodida «Ajab ermas», «Hajvi ahli rasta» she’rlarining o‘ziga xos o‘rni bor.

«Ajab ermas» she’rida yurt kelajagi borasidagi shoirning armon, orzu va istaklari aks etgan. Bu she’r muxammas shaklida yozilgan. Asli yetti banddan iborat bo‘lsa-da, sho‘rolar davrida to‘rt banddan iborat she’r tarzida taqdim etildi. Qo‘qonlik adabiyotshunos olim Rustamjon Tojiboyev 1997-yili muxammasning to‘la matnini tiklab, matbuotda e’lon qildi.

Ayniqsa, «boshlar uzra soyalar solsun, Humo yetkur» satri mustaqil O‘zbekiston gerbidagi tasvirni yodga soladi.

Xudoga yalbaringlar, ketmasin ko‘ngilda armonlar, / Burodarlar, azizlar, yaxshilar, ahbob, yoronlar,— Zavqiy, «Ajab ermas» muxammasi
Qo‘y emdi biz bilan begonani, bir oshno yetkur, / Gadomiz, boshlar uzra soyalar solsun, Humo yetkur,— Zavqiy, «Ajab ermas» muxammasi

Zavqiy hajviyotida «Hajvi ahli rasta»

Zavqiy zamonasining nosozliklari, illatlari to‘g‘risida bir qator hajviy she’rlar yozgan. «Zamona kimniki», «Dar mazammati zamona», «Ajab zamona», «Kaj dor-u marez zamona», «Bo‘l», «Muncha ko‘p» hajviyalari zamona muammolari mavzusida yozilgan hajviy she’rlar guruhini tashkil qiladi.

«Hajvi ahli rasta» she’ri bo‘lib, unda Qo‘qon bozor ahllaridan qirq olti kishi hajv ostiga olingan.

Zavqiy bu hajviyasini odamlar o‘qishi uchun katta qog‘ozga yirik harflar bilan yozib, Qo‘qondagi doimo gavjum Mo‘ymarak maydonidagi baland terakka ilib qo‘yadi.

Qirq olti kishini fasona qildim, Kim chiqsa o‘qiydi Mo‘ymarakka— Zavqiy, «Hajvi ahli rasta»

Bilimingizni sinang

Jahon Otin Uvaysiy qaysi yillarda yashab o‘tgan?
  1. 1779–1845
  2. 1785–1853
  3. 1770–1845
  4. 1779–1842

To‘g‘ri javob: 1779–1845. Shoira Uvaysiy 1779-yildan 1845-yilgacha yashagan.

Shoira Jahon Otin Uvaysiy qaysi shaharda ziyoli oilada dunyoga kelgan?
  1. Marg‘ilon
  2. Samarqand
  3. Buxoro
  4. Qo‘qon

To‘g‘ri javob: Marg‘ilon. Uvaysiy Marg‘ilon shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan.

Amir Umarxon qaysi yili vafot etgach, Uvaysiy uchun tashvishli va qayg‘uli kunlar boshlangan?
  1. 1779-yilda
  2. 1845-yilda
  3. 1822-yilda
  4. 1842-yilda

To‘g‘ri javob: 1822-yilda. Amir Umarxon 1822-yilda vafot etgach, shoira uchun og‘ir kunlar boshlangan.

Buxoro amiri Nasrullo 1842-yilda Qo‘qonni bosib olgach, kimlarni qatl ettirgan?
  1. Uvaysiyning akasi Oxunjonni va uning oilasini
  2. Malika Nodirabegimni, uning o‘g‘li va nabiralarini
  3. Shoira Uvaysiyni va uning qizi Quyoshxonni
  4. Quyoshxonning qizi Bibi Xadichani va uning onasini

To‘g‘ri javob: Malika Nodirabegimni, uning o‘g‘li va nabiralarini. Nasrullo 1842-yilda Qo‘qonni bosib olib, Nodirabegim va uning o‘g‘li hamda nabiralarini qatl ettirgan.

Uvaysiyning qizi Quyoshxon necha yoshida kasallanib vafot etgan?
  1. yigirma yoshida
  2. ellik yoshida
  3. qirq yoshida
  4. o‘ttiz yoshida

To‘g‘ri javob: o‘ttiz yoshida. Quyoshxon o‘ttiz yoshida kasallanib vafot etgan.

Uvaysiy mumtoz adabiyotning qaysi janrlarida qalam tebratgan?
  1. g‘azal, masnaviy, tarje’band, chiston va fard
  2. g‘azal, muxammas, musaddas, murabba’, chiston va doston
  3. g‘azal, qasida, ruboiy, tuyuq va doston
  4. muxammas, qit’a, ruboiy, chiston va doston

To‘g‘ri javob: g‘azal, muxammas, musaddas, murabba’, chiston va doston. Uvaysiy g‘azal, muxammas, musaddas, murabba’, chiston va doston janrlarida ijod qilgan.

Uvaysiyning «Uvaysiyman», «Dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi», «Sog‘indim» g‘azallari qanday tarzda yozilgan?
  1. hajviy usulda
  2. munozara shaklida
  3. hasbi hol tarzida
  4. vasf tarzida

To‘g‘ri javob: hasbi hol tarzida. Bu g‘azallarda shoira hayotining lavhalari bayon etilgan, ya’ni ular hasbi hol tarzida yozilgan.

Uvaysiyning «Sog‘indim» radifli g‘azalida qanday kechinmalar aks ettirilgan?
  1. Vatan uchun kurash ruhi
  2. Sevgilining vafosizligidan nolish
  3. Saroy a’yonlarining hajvi
  4. Farzandidan judo onaning iztirob va sog‘inchi

To‘g‘ri javob: Farzandidan judo onaning iztirob va sog‘inchi. G‘azalda farzandidan ayrilgan onaning iztiroblari va sog‘inchi tasvirlangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiNavoiy dostoni yakuni va tashbih, tanosub, irsoli masalKeyingi →Zavqiy hajviyasi va Maxtumquli ijodi