Usmon Nosir hayoti, ijodi va «Yurak» she’ri
Mavzular
Tug‘ilishi va bolaligi
1912- yilning 13-noyabrida Namangan shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida qorachadan kelgan bir bola tug‘ildi.
To‘shakda yotgan bemor ota esa bola go‘dakligidayoq bu olamdan ko‘z yumdi...
Ammo otalik mehrini to‘rt yashar Usmon Masodiq o‘g‘li Nosirhoji xonadonidan topdi. Ikkinchi ota oilasini Qo‘qon shahriga ko‘chirib olib keldi. Bola shu dargohda ulg‘ayib, ko‘p bolalar kabi internatda o‘qib tarbiyalandi.
O‘rta maktabda va Samarqanddagi O‘zbekiston dorilfununida o‘qib yurgan yillaridanoq u shoir Usmon Nosir bo‘lib tanildi.
Tug‘ma shoir sifatida tanilishi
Usmon Nosir!.. Bu nom yigirmanchi yillarning oxirlaridayoq o‘quvchiga tanila boshladi. O‘ttizinchi yillarda esa, u asarlarini kitobxonlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi. Endi uni «tabiatan shoir», «tug‘ma shoir» deb ta’rifladilar. Ana o‘shanda Usmon Nosir 20 yoshlarda edi.
U nihoyatda ziyrak, idrokli, keng mushohadali, o‘ta qiziquvchan, uquvli, bilimga chanqoq, mehnatkash edi.
Geyne bilan o‘rtoq tutindim, Lermontovdan ko‘mak o‘tindim— Usmon Nosir (yosh shoir so‘zlari)
Ijod davri va asarlari
Usmon Nosir 18 yoshidan to 24 yoshigacha bo‘lgan davrda ijod qildi. Shu qisqa 6—7 yil ichida u beshta she’rlar to‘plami («Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar», «Traktorobod», «Yurak», «Mehrim») va ikki doston («Norbo‘ta», «Naxshon») hamda to‘rt drama («Atlas», «Zafar», «So‘nggi kun», «Dushman» asarlarini) yaratdi.
- She’r to‘plamlari: «Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar», «Traktorobod», «Yurak», «Mehrim»
- Dostonlari: «Norbo‘ta», «Naxshon»
- Dramalari: «Atlas», «Zafar», «So‘nggi kun», «Dushman»
Tarjimalari va lirikasi
N.A.Dobrolyubovning «Haqiqiy kun qachon keladi?» degan mashhur asarini, V.I.Kirshonning «Ulug‘ kun» dramasini, A.S.Pushkinning «Bog‘chasaroy fontani», M.Yu.Lermontovning «Iblis» nomli dostonlarini, Hayne, Gyote, Bayron ijodidan ko‘pgina namunalarni o‘zbek kitobxonlari Usmon Nosir tarjimasida o‘qidi.
Usmon Nosir lirik shoir edi. Bu yangroq lirika o‘zbek she’riyatidagi lirik oqimga hamohang bo‘ldi, bu oqimga yangi sharshara bo‘lib qo‘shildi va bu unga yana-da joziba baxsh etdi.
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan, / Boqqa kirsang, gullar sharmanda. / Bir men emas, hayot shaxsisan, / Jonim kabi yashaysan manda.— Usmon Nosir, «Yana she’rimga»
Ijodidagi ikki pog‘ona
...Shoir ijodiy faoliyatida biz ikki pog‘ona borligini ko‘ramiz. Uning 1927- yildan 1932- yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlandi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi.
Bu toshqin shoir ijodining kamolot bosqichi edi. Bu bosqichda u yetakchi shoirlar kabi falsafiy fikrlashni, teran mushohadani, voqeani poetik tasavvur qilishni o‘rganib, bu xususiyatni o‘z she’rlariga badiiy sodda ifodalarda singdirdi.
Shuning uchun ham shoir shu yillardagi she’riy majmualariga «Yurak» va «Mehrim» deb nom qo‘ydi...
Sen yuragimning chashma suvisan, / Sen ko‘zlarimning gavhar nurlari.— Usmon Nosir, «She’rim»
Murabbiylik va e’tirof
Usmon Nosir yosh ijodkorlarga murabbiylik qildi. O‘rta maktabda o‘qib yurgan chog‘larida Qo‘qondagi havaskor qalamkashlar, o‘z davrining yosh shoirlari Amin Umariy, Nasrulla Davron, Ibrohim Nazir va shu satrlarning muallifi – kamina kabi shoirlar uning ko‘magidan bahramand bo‘ldi...
«Usmon she’riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo‘ronday! U shunday to‘polon va to‘lqin bilan keldiki, uncha-muncha she’riy uslub va ijodni to‘s-to‘s qilib yubordi. Uni o‘zimizda «O‘zbekning Lermontovi», Moskva gazetalarida «Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi», deb yozishdi», — deydi shoir Turob To‘la.
Vafoti
...Usmon Nosir 1944- yil 23- martda 32 yoshida Uzoq Sharqda vafot etdi. Lekin shoir o‘zi aytganidek, uni Vatan, xalqimiz, adabiyot unutmadi!
Bargdek uzilib ketsam / Unutmas meni bog‘im. / Ishimni hurmat qilur, / Gullardan haykal qurur.— Usmon Nosir, «Bog‘im»
O‘tkir Rashid, filologiya fanlari nomzodi, 1984- yil
«Yurak» she’ri tahlili
Yurak, sensan mening sozim, / Tilimni nayga jo‘r etding. / Ko‘zimga oyni berkitding, / Yurak, sensan ishqibozim.— Usmon Nosir, «Yurak» (1933, Samarqand)
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi.
Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi.
Usmon Nosir ham ko‘ziga oyni berkitib, u bilan ishqibozlik qilishiga-da yo‘l qo‘yib bergani Yurakdan, avvalo, Vatan rozi bo‘lishini talab qiladi.
Yoril, chaqmoqqa aylan sen, / Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!..— Usmon Nosir, «Yurak»
Bilimingizni sinang
Shoir Usmon Nosir qaysi sanada tug‘ilgan?
- 1910-yil 13-noyabr
- 1914-yil 23-noyabr
- 1912-yil 13-noyabr
- 1912-yil 23-mart
To‘g‘ri javob: 1912-yil 13-noyabr. Usmon Nosir 1912-yilning 13-noyabrida tug‘ilgan.
Usmon Nosir qaysi shahar va qaysi daha hududida dunyoga kelgan?
- Qo‘qon shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida
- Namangan shahrining Eski shahar dahasida
- Samarqand shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida
- Namangan shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida
To‘g‘ri javob: Namangan shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida. Shoir Namangan shahrining «Chuqur ko‘cha» dahasida tug‘ilgan.
Go‘dakligidayoq otasidan ayrilgan Usmon Nosir to‘rt yoshida kimning xonadonidan otalik mehrini topgan?
- Amin Umariy
- Masodiq o‘g‘li Nosirhoji
- Turob To‘la
- Nosir o‘g‘li Masodiqhoji
To‘g‘ri javob: Masodiq o‘g‘li Nosirhoji. Bola otalik mehrini Masodiq o‘g‘li Nosirhoji xonadonidan topgan.
Usmon Nosirning ikkinchi otasi oilasini qaysi shaharga ko‘chirib olib kelgan?
- Qo‘qon shahriga
- Toshkent shahriga
- Samarqand shahriga
- Namangan shahriga
To‘g‘ri javob: Qo‘qon shahriga. Ikkinchi ota oilasini Qo‘qonga ko‘chirgan, bola shu yerda ulg‘ayib internatda o‘qigan.
Usmon Nosir dorilfununda qaysi shaharda o‘qib yurgan yillaridanoq shoir sifatida tanilgan?
- Qo‘qonda
- Samarqandda
- Namanganda
- Toshkentda
To‘g‘ri javob: Samarqandda. U Samarqanddagi O‘zbekiston dorilfununida o‘qigan.
Yigirma yoshlardagi Usmon Nosirni o‘quvchilar qanday ta’riflay boshlashgan?
- «O‘zbekning Pushkini»
- «Sharq bulbuli»
- «tug‘ma shoir»
- «xalq shoiri»
To‘g‘ri javob: «tug‘ma shoir». Uni «tabiatan shoir», «tug‘ma shoir» deb ta’riflashgan.
Usmon Nosir ijod qilgan qisqa davr necha yoshdan necha yoshgacha bo‘lgan?
- 16 yoshdan 22 yoshgacha
- 20 yoshdan 32 yoshgacha
- 18 yoshdan 24 yoshgacha
- 24 yoshdan 32 yoshgacha
To‘g‘ri javob: 18 yoshdan 24 yoshgacha. Shoir 18 yoshidan 24 yoshigacha ijod qilgan.
«Traktorobod» she’riy to‘plami kimning qalamiga mansub?
- Amin Umariy
- Ibrohim Nazir
- Nasrulla Davron
- Usmon Nosir
To‘g‘ri javob: Usmon Nosir. «Traktorobod» Usmon Nosirning beshta she’riy to‘plamidan biri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash