Alisher Navoiy va xamsachilik an’anasi
Mavzular
Nizomiy va birinchi Xamsa
Sharqda xamsachilikning o‘ziga xos tarixi va an’anasi mavjud. “Xamsa” yozishni ozarbayjonlik ulug‘ shoir Nizomiy Ganjaviy boshlab bergan. Lekin u bu asarini avvaldan niyat qilib, ma’lum bir reja asosida yaratmagan.
Nizomiy 1173—1179- yillarda Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bag‘ishlab “Maxzan ul-asror” (“Sirlar xazinasi”) nomli pandnoma yozadi. 1180—1181- yillarda Iroq hukmdori To‘rg‘ul II ning iltimosiga ko‘ra “Xusrav va Shirin” dostonini yaratadi. 1188- yilda Shirvonshohlardan Axsatan I Nizomiyga “Layli va Majnun” dostonini yozishni buyuradi. 1196- yilda hukmdor Alovuddin Ko‘rpa Arslonning topshirig‘i bilan Bahrom haqida “Haft paykar” (“Yetti go‘zal”) yoziladi. 1196—1201- yillarda “Iskandarnoma” yaratiladi.
Shu tariqa 1173—1201- yillar oralig‘ida – 28 yil davomida muallifning besh dostoni dunyo yuzini ko‘rdi. Shundan so‘ng adibda turli yillarda bitilgan bu dostonlarni jamlab, yagona bir nom bilan atash fikri tug‘ilgan va “Panj ganj” (“Besh xazina”) nomi bilan mashhur bo‘lgan birinchi “Xamsa” vujudga kelgan.
Dehlaviy va Xamsa shartlari
Nizomiydan yuz yildan so‘ng asli shahrisabzlik turkiy qavmlar avlodidan bo‘lgan Xusrav Dehlaviy (1253—1325) o‘zining “Xamsa”sini 1299—1301- yillarda yozib tugalladi. U “Matla ul-anvor” (“Nurlarning boshlanmasi”), “Shirin va Xusrav”, “Majnun va Layli”, “Hasht behisht” (“Sakkiz jannat”), “Oyinayi Iskandariy” (“Iskandar oynasi”) dostonlarini yozib, Nizomiy ishini davom ettirdi va natijada adabiyotda xamsachilik an’anasi paydo bo‘ldi.
Shunga ko‘ra har bir asar “Xamsa” deb atalmog‘i uchun: a) besh dostondan tashkil topmog‘i; b) birinchi doston, albatta, pand-nasihat ruhidagi ta’limiy-axloqiy, falsafiy bo‘lmog‘i; d) ikkinchisi, Xusrav va Shirin mojarolariga bag‘ishlanmog‘i; e) uchinchi doston Layli va Majnun muhabbatini mavzu qilib olmog‘i; f) to‘rtinchi doston shoh Bahrom va beshinchisi Iskandar haqida yozilmog‘i shart edi.
Jomiy va Navoiyning turkiy Xamsasi
Dehlaviydan qariyb 200 yil keyin ikki buyuk xamsanavis — Jomiy va Navoiy maydonga chiqdi. Jomiy avval quyidagi besh asarni yozdi: “Tuhfat ul-ahror” (“Erkinlar tuhfasi”), “Sabhat ul-abror” (“Yaxshilar tasbihi”), “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun”, “Xiradnomayi Iskandariy”. Bu besh asarni 1485- yili yozib tugalladi. Keyin “Silsilat uz-zahab”, “Salomon va Absol” asarlarini qo‘shib, “Xamsa”sini yetti dostonga yetkazdi va “Haft avrang” (“Yetti taxt”) deb atadi.
Alisher Navoiyning “Xamsa”si boshqalardan farqli ravishda ona tilida – turkiy tilda yozildi. Adibning fikricha, xalqqa uning o‘z tilida, unga manzur bo‘lgan asar yaratishi lozim. Shuning uchun “Layli va Majnun” dostoni xotimasida Nizomiy va Dehlaviyni ta’riflar ekan, turkiy tilda “Xamsa” yozishning sababini shunday izohlaydi:
Chun forsiy erdi nukta shavqi, / Ozroq edi anda turk zavqi.— Alisher Navoiy, “Layli va Majnun” xotimasi (turkiy tilda yozish sababi)
Navoiy salaflari va yangilik
Navoiy o‘z salaflarining yuksak san’atkorligini sharaflaydi, ularning adabiy tajribalaridan ta’lim olganligini e’tirof qiladi. Dostonlarning muqaddima qismida ustozlariga bag‘ishlab maxsus boblar yozib, ularni ulug‘laydi.
Yo‘ldasa bu yo‘lda Nizomiy yo‘lum, / Qo‘ldasa Xusrav bila Jomiy qo‘lum— Alisher Navoiy, “Xamsa”
Biroq Navoiy oldingi xamsanavislarni takrorlab, ularga ko‘rko‘rona taqlid qilmaydi. O‘z oldiga yangi, o‘ziga xos “Xamsa” yaratish vazifasini qo‘yadi. Jumladan, u “Farhod va Shirin” dostoni muqaddimasida shunday yozadi:
Ani nazm etki, tarhing toza bo‘lg‘ay, / Ulusqa mayli beandoza bo‘lg‘ay.— Alisher Navoiy, “Farhod va Shirin” muqaddimasi
Emas oson bu maydon ichra turmoq, / Nizomiy panjasig‘a panja urmoq.— Alisher Navoiy, “Farhod va Shirin”
Xamsaning yaratilishi (1483–1485)
Navoiy sher bilan tenglashadigan sher bo‘ldi. U og‘ir va mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyat bilan ado etdi. Nihoyat, qisqa bir muddat – ikki yil (1483–1485) davomida 51 ming misradan ortiq besh dostonni yozib tugalladi. U 1483- yilda “Hayrat ul-abror” falsafiy-ta’limiy dostonini, 1484- yilda uch asarni: “Farhod va Shirin” hamda “Layli va Majnun”, “Sab’ayi sayyor” ishqiy-sarguzasht dostonlarini, 1485- yili esa “Saddi Iskandariy” qahramonlik dostonini yaratdi.
Dostonlar, butun Sharq mumtoz adabiyotida bo‘lganidek, an’anaviy muqaddima – hamd va na’t qismlari bilan boshlanadi. Hamd – Yaratuvchimiz Allohni ulug‘lash, unga shukronalik, na’t esa payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) alqovidir.
“Hayrat ul-abror” tuzilishi
Navoiy “Xamsa”si yaxlit asardir. Buyuk shoir unda zamonasining barcha dolzarb masalalarini qalamga oladi. Besh doston bir-biri bilan ich-ichidan mustahkam bog‘langandir. Masalan, “Hayrat ul-abror”da shoir umr, uning mazmuni, tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga doir savollarni qo‘yadi, keyingi dostonlarda muayyan taqdirlar, voqealar misolida ularga javob berishga harakat qiladi.
Doston o‘ziga xos qurilishga ega. U falsafiy-ta’limiy doston bo‘lganligi uchun mavzu biror voqeani hikoya qilish asosida emas, balki muallif fikr-mulohazalarining bayoni tarzida yoritiladi. Shuningdek, maqolatlar shu dostongagina xos bo‘lib, adibning boshqa asarlarida uchramaydi. Maqolat so‘ngida mavzuni dalillash, uni hayotiy asoslash maqsadida hikoya yoki masal keltiriladi.
Iymon va adolat maqolatlari
Masalan, birinchi maqolat iymon haqida. Maqolatning birinchi baytidanoq shoir iymonning inson hayoti, insoniylik mohiyatida tutgan o‘rnini belgilab beradi:
Kimki jahon ahlida inson erur, / Bilki, nishoni anga iymon erur.— Alisher Navoiy, “Hayrat ul-abror”, birinchi maqolat
Hukmdorlarga bag‘ishlangan “Salotin bobida” nomli uchinchi maqolat adibning adolat haqidagi qarashlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Maqolatda shoirning tenglik, ozodlik, adolatli jamiyat borasidagi qarashlari o‘z ifodasini topgan. Shoh odil, oqil, orif va el-yurtga g‘amxo‘r bo‘lishi kerak.
Kofiri odil ani obod etib, / Mo‘mini zolim ani barbod etib.— Alisher Navoiy, “Hayrat ul-abror”, uchinchi maqolat
Saxovat, odob va xalq g‘ami
Karam va saxovat haqidagi beshinchi maqolatda Navoiy bu fazilatlarni baxillik bilan yonma-yon qo‘yib, ularning mohiyatini yorita boradi. Saxovat qanchalik yuksak insoniy fazilat bo‘lsa, baxillik shunchalar tuban illatligini adib tazod vositasida ochib beradi: “Buxl erur borcha sifatdin xasis, Lek saxo javhari asru nafis”.
Keyingi maqolatda odob masalalari yoritilgan. Tanosub san’ati asosiga qurilgan quyidagi misralarni esa har bir farzand o‘ziga dasturulamal deb bilishi kerak:
Boshni fido ayla ato qoshig‘a, / Jismni qil sadqa ano boshig‘a.— Alisher Navoiy, “Hayrat ul-abror” (odob maqolati)
Odamiy ersang, demagil odami, / Oniki yo‘q xalq g‘amidan g‘ami.— Alisher Navoiy, “Hayrat ul-abror” (elga naf yetkazish maqolati)
Bilimingizni sinang
Alisher Navoiy qaysi yillarda yashab ijod etgan?
- 1441—1501
- 1441—1511
- 1444—1501
- 1440—1500
To‘g‘ri javob: 1441—1501. Alisher Navoiy 1441-yilda tug‘ilib, 1501-yilda vafot etgan.
Nizomiy 1173—1179-yillarda “Maxzan ul-asror” (“Sirlar xazinasi”) pandnomasini kimga bag‘ishlab yozgan?
- Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga
- Shirvonshohlardan Axsatan I ga
- Iroq hukmdori To‘rg‘ul II ga
- Hukmdor Alovuddin Ko‘rpa Arslonga
To‘g‘ri javob: Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga. Pandnoma Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bag‘ishlangan.
Nizomiy dostonlarini yaratilish ketma-ketligida joylashtiring: 1) Haft paykar; 2) Xusrav va Shirin; 3) Maxzan ul-asror; 4) Layli va Majnun.
- 2-3-4-1
- 3-4-2-1
- 3-2-1-4
- 3-2-4-1
To‘g‘ri javob: 3-2-4-1. Tartib: Maxzan ul-asror, Xusrav va Shirin, Layli va Majnun, Haft paykar.
Nizomiyning “Xusrav va Shirin” dostoni qaysi yillarda va kimning iltimosiga ko‘ra yaratilgan?
- 1173—1179-yillarda, Faxriddin Bahromshoh iltimosiga ko‘ra
- 1196-yilda, Ko‘rpa Arslon topshirig‘iga ko‘ra
- 1180—1181-yillarda, To‘rg‘ul II iltimosiga ko‘ra
- 1188-yilda, Axsatan I buyrug‘iga ko‘ra
To‘g‘ri javob: 1180—1181-yillarda, To‘rg‘ul II iltimosiga ko‘ra. Doston 1180—1181-yillarda Iroq hukmdori To‘rg‘ul II iltimosiga ko‘ra yozilgan.
1188-yilda Shirvonshohlardan Axsatan I Nizomiyga qaysi dostonni yozishni buyurdi?
- “Layli va Majnun”
- “Xusrav va Shirin”
- “Iskandarnoma”
- “Haft paykar”
To‘g‘ri javob: “Layli va Majnun”. Axsatan I Nizomiyga “Layli va Majnun”ni yozishni buyurgan.
Nizomiyning besh dostoni 1173—1201-yillar oralig‘ida necha yil davomida yaratilgan?
- 38 yil
- 28 yil
- 18 yil
- 25 yil
To‘g‘ri javob: 28 yil. Besh doston 28 yil davomida yozilgan.
Nizomiyning turli yillarda yozilgan besh dostoni jamlanib, qanday nom bilan mashhur bo‘lgan?
- “Saddi Iskandariy”
- “Panj ganj”
- “Haft avrang”
- “Hasht behisht”
To‘g‘ri javob: “Panj ganj”. Birinchi “Xamsa” “Panj ganj” (“Besh xazina”) nomi bilan mashhur.
Asli shahrisabzlik turkiy qavmlar avlodidan bo‘lgan, 1253—1325-yillarda yashagan shoir kim?
- Nizomiy Ganjaviy
- Xusrav Dehlaviy
- Alisher Navoiy
- Jomiy
To‘g‘ri javob: Xusrav Dehlaviy. Xusrav Dehlaviy (1253—1325) shahrisabzlik turkiy qavmlar avlodidan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash