Muhammad Rizo Ogahiy hayoti va ijodi
Mavzular
Ogahiy: tug‘ilishi va miroblik

Shoir, tarjimon, tarixnavis hamda davlat va jamoat arbobi Muhammad Rizo Ogahiy xalqimiz tarixida o‘ziga xos o‘rniga ega bo‘lgan serqirra iste’dod sohibidir. U ijodining ko‘lami, she’riyatining ko‘rkamligi va badiiy salmog‘i bilan Navoiydan keyingi o‘rinda turuvchi sermahsul va serqirra shoir hisoblanadi.
Ogahiy 1809- yili 17- dekabrda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida Erniyozbek mirob oilasida tavallud topdi. Shu yerda boshlang‘ich ma’lumotni oladi. Yoshligida otasi vafot etib, adabiyotimizning yana bir yorqin siymosi bo‘lmish amakisi Munisning tarbiyasida bo‘ldi.
1829- yilda Munis vafot etgach, hukmdor Olloqulixon uning o‘rniga Ogahiyni mirob (suv ishlari boshqaruvchisi) etib tayinlaydi. Suv tanqis bo‘lgan Xorazmda miroblik nihoyatda mas’uliyatli vazifa bo‘lib, uni ishonchli va halol odam boshqarishi lozim edi.
Ogahiyning tarixiy asarlari
Saroy tarixchisi vazifasini ham olib borayotgan Ogahiy 1839- yilda Munis boshlab qo‘ygan “Firdavs ul-iqbol” (Iqbol bog‘i) asarini davom ettirib, Xiva xonligining 1825- yilgacha bo‘lgan tarixini yozib tugatdi. 1844- yilda xonlik tarixini shu yilgacha bo‘lgan voqealarini o‘z ichiga olgan “Riyoz ud-davla” (Saodat bog‘lari) kitobini tamomladi.
1846- yilda “Zubdat ul-tavorix” (“Tarixlar qaymog‘i”), 1847–1855- yillarda esa “Jome ul-voqeoti sultoniy” (“Sultonlik voqealarining yig‘indisi”) tarixiy asarlarini yozdi.
XIX asrning oltmishinchi yillarida “Gulshani davlat” va “Shohidi iqbol” (“Baxt shohidi”) tarixiy asarlarini yozdi.
Musibat va tarjimalar
1845- yildan Ogahiy hayotidagi og‘ir va musibatli davr boshlanadi. Shu yili miroblik ishlari bilan safarda yurganda tasodif tufayli oyog‘i qattiq shikastlanadi va hali yigit yoshidayoq to‘shakka bog‘lanib qoladi. Shu dard azobini tortayotgan shoir umr yo‘ldoshidan ham ajraladi. 1857- yilda miroblikdan iste’fo berishga majbur bo‘ladi.
Tarjimalar bilan shug‘ullanib, Kaykovusning “Qobusnoma”, Nizomiy Ganjaviyning “Haft paykar”, Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, Badriddin Hiloliyning “Shoh va gado”, Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho” va boshqa qator asarlarni o‘zbekchalashtirdi.
Ogahiy 1874- yilda vafot etdi.
Ta’viz ul-oshiqin devoni
Ogahiyning asosiy she’riy merosi ona tilida yozilgan bo‘lib, “Ta’viz ul-oshiqin” devonida to‘plangan. “Ta’viz ul-oshiqin” – “Oshiqlar tumori” degani. Devon ma’rifatparvar shoh va shoir Feruz – Muhammad Rahimxon Soniy (ikkinchi)ning taklifi va talabi bilan tuzilgan. Bu devon XIX asr o‘zbek she’riyatining benazir namunasi hisoblanadi.
Ularning bir ming uch yuz misradan ortig‘i fors tilida bitilgan bo‘lib, bu Ogahiyning zullisonaynlik an’anasini munosib davom ettirganligining yorqin dalilidir.
Ogahiy devonidan turli: ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-didaktik, tabiat tasviri va boshqa mavzudagi she’rlar joy olgan. Lekin ularning aksariyati ishqiy mavzudadir.
Tabiat lirikasi va bahor
Shoir ijodida tabiat tasviriga bag‘ishlangan bir qator g‘azallar bor. Qish va bahor tasviri chizilgan bu she’rlarda Ogahiyning peyzaj ustasi, o‘tkir nigoh egasi ekanligi namoyon bo‘ladi. Fasl tarovati, go‘zalligini berishda shoir tashbih, tashxis, sifatlash kabi badiiy tasvir vositalarini qo‘llaydi.
Obi hayvondek suzuk suv har taraf aylab ravon, / Qildi sahrog‘a tarovat o‘zgacha paydo bahor— Ogahiy, “O‘yla yetkurdi jahong‘a ziynat-u oro bahor” g‘azali
Suvni “obi hayvon” – tiriklik suviga o‘xshatish qadimdan bor. Lekin uni suzuk deb sifatlash adabiyotda yangilik edi.
Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsun, / Hamisha tole’ying feruz bo‘lsun.— Ogahiy, “Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsin” g‘azali
Ishqiy va ijtimoiy g‘azallar
“Ta’viz ul-oshiqin”dagi ishqiy g‘azallar nafaqat Ogahiy ijodining, balki butun o‘zbek mumtoz adabiyotining sara namunalari hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, asosan, ishqiy mavzudagi bunday g‘azallar bag‘riga falsafiy, axloqiy, ijtimoiy-siyosiy mazmun ham ustalik bilan singdirib yuboriladi. Ba’zan g‘azallarda yor timsoli orqali, xususan, lirik qahramonning unga murojaatida shohga xos xususiyatlar aks etadi.
Ey shah, karam aylar chog‘i teng tut yamon-u yaxshini / Kim, mehr nuri teng tushar vayron-u obod ustina.— Ogahiy, “Ustina” radifli g‘azal
Mulk-u millatg‘a amin o‘lsa agar ogohlar, / Ikki olam obro‘yini hosil etgay shohlar— Ogahiy
Tarji’band, qasida va kichik janrlar
Shuningdek, shoirning ijtimoiy-siyosiy qarashlari devondagi muxammas, musaddas, ruboiy, tarji’band va qasidalarida ham u yoki bu darajada o‘z aksini topgan. Tarji’bandda dunyo omonat binoga, bo‘yi, vafosi yo‘q gulshanga o‘xshatiladi, insonni unga ko‘ngil berib, aldanib qolmaslikka chaqiradi.
“Qasidayi nasihat” esa Ogahiyning siyosat va davlatga munosabati, hukmdor fazilatlari, burch va vazifalari borasidagi mulohazalari bayon etilgan pandnomadir. Adib qasida vositasida ko‘pni ko‘rgan donishmand, umr mazmunini anglagan faylasuf sifatida yosh xonga nasihatlar qiladi, davlatni boshqarish san’atidan saboq beradi.
Ogahiyning kichik she’riy janrlar: ruboiy, tuyuq, fard kabi shakllarda ham benazir ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, musoviyattarafayn (ikki tomonlama teng, bir xil) shaklida yozilgan she’ri adabiyotimiz tarixida juda kam uchraydigan hodisalardan deyish mumkin.
Navro‘z g‘azali tahlili
Bu she’r tabiat lirikasining go‘zal namunasi sanaladi. Unda tashxis san’atidan foydalangan holda shoir bu bahoriy ayyomni madh etadi.
Dastlabki ikki baytda navro‘z ayyomi jonlantirilib, u quyoshni baland qadr va martabaga yuksaltirdi va bu bilan yer yuzidan soyani ko‘tardi, deb tasvirlanadi. U yurtga uch narsa: fayz, shodlik (nishot) va aysh bilan kirib keldi-da, bu uch xushbaxtlikni muhayyo qilib, ulardan elni bahramand qildi.
Tarab tiflin tug‘urdi dahr zoli, / Ango bo‘ldi magarkim doya navro‘z.— Ogahiy, “Navro‘z” radifli g‘azal
Dahr (dunyo) kampiri shodlik chaqalog‘ini tug‘arkan (dunyoga keltirar ekan), navro‘z unga doyalik qildi. Shodlik – chaqaloq, chunki u boshlanayotgan bahor tufayli kishilar ko‘nglida tug‘ilib kelayotibdi. Dunyo – kampir, chunki u yaratilish jihatdan eng qadimiy.
Mus’haf tashbihi va lirik qahramon
Qilibdur mahliqolarning yuzini / Latofat Mus’hafig‘a oya navro‘z.— Ogahiy, “Navro‘z” radifli g‘azal
“Mus’haf” — Qur’onning boshqa nomidir. Ikkinchi satrdagi “oya” esa oyat (Qur’on oyati) ning talaffuzdagi shaklidir. Shoir navro‘ziy latofatni Mus’hafga tenglashtiradi. Bu – tashbih, lekin uni mubolag‘a deb qabul qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Shunday qilib, navro‘z latofati Mus’haf bo‘lsa, mahliqolarning yuzi undagi oyatlardir.
Ba’zan lirik qahramon shoirning o‘zi bo‘ladi. Masalan, Boburning hasbi hol xarakteridagi she’rlarida bo‘lgan kabi. Lekin ko‘p hollarda lirik qahramon shoirning o‘zi bo‘lmay, balki kechinmalari, ruhiy holati tasavvur qilinib, shoirning “men”i orqali tasvirlanayotgan ijodkor fantaziyasidagi qahramon bo‘ladi.
“Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsun”
“Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsin” g‘azalida bu she’r yaratilgandan buyon barchaning diliga jo bo‘lgan ohorli yangi yil tilaklari izhor etilgan:
Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsun, / Hamisha tole’ying feruz bo‘lsun. / Bo‘lub ayyomi navro‘zing muborak, / Zamiring inbisotanduz bo‘lsun.— Ogahiy
Ko‘rub lutfingni har tun Ogahiyning / Nasibi ishrati navro‘z bo‘lsun.— Ogahiy, “Ilohi, har kuning navro‘z bo‘lsun” g‘azali maqtasi
“Ustina” g‘azali: birinchi bayt
Ushbu g‘azal o‘zbek mumtoz adabiyotidagi eng mashhur asarlardan biri sanaladi.
Mushkin qoshining hay’ati ul chashmi jallod ustina, / Qatlim uchun “nas” keltirur “nun” eltibon “sod” ustina.— Ogahiy, “Ustina” radifli g‘azal
Arab alifbosida “nun” qoshga, “sod” ko‘zga o‘xshashligidan foydalanib, shoir yor go‘zalligining o‘ziga xos tasvirini yaratadi. “Nun”ni “sod”ning ustiga qo‘yilsa (ya’ni avval “nun”, keyin unga qo‘shib “sod” yozilsa), “nas”, ya’ni “hukm” so‘zi hosil bo‘ladi.
Baytda mumtoz she’riyatda mazmuniy aloqadorlik asosida yuzaga keladigan badiiy san’at – tanosubdan mohirona foydalanilgan.
“Ustina”: qomat va shamshod
Qilg‘il tamosho qomati zebosi birla orazin, / Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘onin payvand shamshod ustina.— Ogahiy, “Ustina” radifli g‘azal
Yaratganning O‘zi uning shamshoddek ko‘rkam, tik qomati ustiga gul yuzini payvand qilib qo‘yibdi.
Ushbu baytga ham tanosub san’atidan bezak berilgan: “qomat”, “zebo”, “oraz”, “gul”, “shamshod” so‘zlaridagi ma’noviy bog‘liqlikni sezib, his etib turgan bo‘lsangiz kerak.
Uchinchi baytda go‘zalning xarakterini ochib beruvchi uchtasi – noz, ado, g‘amza harakatga keladi.
Bilimingizni sinang
Muhammad Rizo Ogahiy 1809-yil 17-dekabrda Xiva yaqinidagi qaysi qishloqda tavallud topgan?
- Gurlan qishlog‘i
- Qiyot qishlog‘i
- Xonqa qishlog‘i
- Hazorasp qishlog‘i
To‘g‘ri javob: Qiyot qishlog‘i. Ogahiy 1809-yil 17-dekabrda Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog‘ida tug‘ilgan.
Ogahiy qaysi kasb egasi bo‘lgan Erniyozbekning oilasida dunyoga kelgan?
- Kosib
- Mirob
- Mudarris
- Savdogar
To‘g‘ri javob: Mirob. Ogahiy Erniyozbek mirob oilasida tug‘ilgan.
Ogahiy yoshligida otasidan ayrilgach, uni qaysi shoir-amakisi o‘z tarbiyasiga olgan?
- Bobur
- Munis
- Fuzuliy
- Navoiy
To‘g‘ri javob: Munis. Otasi vafot etgach, Ogahiy amakisi Munisning tarbiyasida bo‘lgan.
1829-yilda Munis vafot etgach, hukmdor Olloqulixon uning o‘rniga Ogahiyni qaysi lavozimga tayinlagan?
- Mehtar
- Devonbegi
- Qozikalon
- Mirob
To‘g‘ri javob: Mirob. Olloqulixon Ogahiyni mirob (suv ishlari boshqaruvchisi) etib tayinlagan.
Munis boshlab qo‘ygan, Ogahiy esa 1839-yilda davom ettirib, Xiva xonligining 1825-yilgacha bo‘lgan tarixini yozib tugatgan asar qaysi?
- “Firdavs ul-iqbol”
- “Riyoz ud-davla”
- “Gulshani davlat”
- “Zubdat ul-tavorix”
To‘g‘ri javob: “Firdavs ul-iqbol”. “Firdavs ul-iqbol” (Iqbol bog‘i)ni Munis boshlagan, Ogahiy 1839-yilda yakunlagan.
Ogahiyning “Riyoz ud-davla” tarixiy kitobi o‘zbekchada qanday ma’noni anglatadi?
- Tarixlar qaymog‘i
- Baxt shohidi
- Iqbol bog‘i
- Saodat bog‘lari
To‘g‘ri javob: Saodat bog‘lari. “Riyoz ud-davla” – “Saodat bog‘lari” degani.
Ogahiyning tarixiy asarlarini o‘zbekcha ma’nolari bilan moslang: 1) “Firdavs ul-iqbol”; 2) “Zubdat ul-tavorix”; 3) “Jome ul-voqeoti sultoniy”; a) Tarixlar qaymog‘i; b) Iqbol bog‘i; c) Sultonlik voqealarining yig‘indisi
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Firdavs ul-iqbol – Iqbol bog‘i; Zubdat ul-tavorix – Tarixlar qaymog‘i; Jome ul-voqeoti sultoniy – Sultonlik voqealarining yig‘indisi.
Ogahiy tarixiy asarlarining yozilish davriga ko‘ra ketma-ketligini belgilang: 1) “Zubdat ul-tavorix”; 2) “Firdavs ul-iqbol”ni davom ettirib tugatish; 3) XIX asr oltmishinchi yillardagi “Gulshani davlat” va “Shohidi iqbol”; 4) “Jome ul-voqeoti sultoniy”
- 1-2-3-4
- 2-1-4-3
- 2-1-3-4
- 4-2-1-3
To‘g‘ri javob: 2-1-4-3. Firdavs ul-iqbol (1839), Zubdat ul-tavorix (1846), Jome ul-voqeoti sultoniy (1847–1855), keyin oltmishinchi yillardagi asarlar.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash