Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari. hokimlarning vakolatlari
Moddalar
21-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning rahbariyati
Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asosida amalga oshiradi hamda o‘zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.
Hokim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan miqdorda birinchi o‘rinbosarga va o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari hamda o‘rinbosarlari hokim tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, bu xususda qabul qilingan qaror tegishli xalq deputatlari Kengashining tasdig‘iga kiritiladi.
Tuman, shahar hokimining o‘rinbosarlari tegishli hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi, bu xususda qabul qilingan qaror tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining tasdig‘iga kiritiladi.
Tumanga bo‘ysunuvchi shahar hokimining o‘rinbosarlari tegishli hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Hokimning o‘rinbosarlari hokim tomonidan belgilangan vazifalar taqsimotiga muvofiq ish bajaradilar. Hokim yo‘qligida yoki u zimmasidagi vazifalarni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmagan taqdirda uning vakolatlarini birinchi o‘rinbosar yoki hokimning topshirig‘iga binoan uning o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
21-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning rahbariyati (davomi)
Hokim, uning o‘rinbosarlari, hokimlikning boshqa xodimlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mansabdor shaxslari boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas.
21¹-modda. Hokimlarning vakolatlari
Viloyat, tuman, shahar hokimi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini ijro etadi;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
jamoat tartibiga rioya etilishi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va sog‘lig‘ini muhofaza qilish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘radi, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda ishlarni tashkil etadi;
viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar hamda shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini budjet so‘rovini tuzish uchun ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi;
viloyat, tuman, shaharni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, viloyat va Toshkent shahar mahalliy budjetining, tuman va shahar budjetining tegishli loyihasini, shuningdek uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni xalq deputatlari Kengashiga taqdim etadi;
xalq deputatlari Kengashlari sessiyalariga ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritadi, zarur hollarda Kengash sessiyasini chaqirish to‘g‘risida Kengashga taklif kiritadi;
21¹-modda. Hokimlarning vakolatlari (davomi)
xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida ishtirok etadi;
tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi;
o‘z o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorlarni xalq deputatlari Kengashining tasdig‘iga taqdim etadi;
hokimlik apparati bo‘linmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini (bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning yuzaga kelishi uchun asos bo‘lgan qarorlar mustasno), agar ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashining va hokimning qarorlariga zid bo‘lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy bo‘linmalarining ishini nazorat qiladi;
xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid qarorlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida tegishli xalq deputatlari Kengashiga taqdimnoma kiritadi, bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi uchun asos bo‘lgan qarorlar mustasno;
21¹-modda. Hokimlarning vakolatlari (davomi)
tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid qarorlarini bekor qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yoki sudga murojaat qiladi;
xalq deputatlari Kengashining va hokimning hujjatlarini bajarmaganligi uchun mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda taqdimnoma kiritadi;
davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqadi va takliflar kiritadi;
respublikada va xorijda viloyat, tuman hamda shaharning rasmiy vakili sifatida ish yuritadi;
fuqarolarni qabul qilishni tashkil etadi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi.
Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga:
navbatdagi yil uchun viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini ko‘rib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun;
o‘tgan moliya yili uchun viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni tashqi auditdan o‘tkazish hamda baholash uchun yuboradi.
Hokim qonunchilikda o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan rejalashtirish, budjet, moliya, hisobga olish, viloyat, tuman, shahar mulkini boshqarish hamda mulkchilikning turli shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, qishloq xo‘jaligi, yerdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish, tabiatni muhofaza qilish, qurilish, transport, yo‘l xo‘jaligi va aloqa, aholiga kommunal, savdo va ijtimoiy-madaniy xizmat ko‘rsatish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qonuniylikni, huquq-tartibotni hamda xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish kabi boshqa masalalarni ham hal etadi.
22-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari (hokimliklar) boshqarmalar, bo‘limlar va boshqa bo‘linmalardan iborat bo‘lib, ularning tuzilmasi, ularni tashkil etish tartibi va faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari hokim tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va o‘zgartiriladi.
Tuman, shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuzilmasi va shtatlari hokim tomonidan yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda tegishli xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va o‘zgartiriladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimliklari apparatining tuzilmasi va shtatlari tegishli hokim tomonidan viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashi tasdiqlagan budjet doirasida belgilanadi va o‘zgartiriladi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari esa yuqori turuvchi hokim tomonidan belgilab qo‘yiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida tuman va shahar hokimligi apparatining namunaviy tuzilmasi va shtatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan belgilanadi.
23-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish
Agar qonunchilikda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilishning boshqacha tartibi belgilanmagan bo‘lsa, ijro etuvchi hokimiyat tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari respublika ijro etuvchi hokimiyatining yuqori turuvchi organlari bilan kelishilgan holda hokim tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Agar qonunchilikda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilishning boshqacha tartibi belgilanmagan bo‘lsa, tumanga bo‘ysunadigan shahar ijro etuvchi hokimiyat tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari respublika ijro etuvchi hokimiyatining yuqori turuvchi organlari bilan kelishilgan holda tegishli hokim tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bilimingizni sinang
Viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlarini qanday asosda amalga oshiradi?
- Kollegial asosda
- Yakkaboshchilik asosida
- Kengash roziligi bilan har gal
- Jamoaviy ovoz berish asosida
To‘g‘ri javob: Yakkaboshchilik asosida. 21-moddaga ko‘ra hokim o‘z vakolatlarini yakkaboshchilik asosida amalga oshiradi.
Hokimlik bo‘limi boshlig‘i noqonuniy qaror qabul qilib, fuqaroga zarar yetkazdi. Qaror bo‘limga rahbarlik qiluvchi hokimning rahbarligi ostida qabul qilingan edi. Hokimning javobgarligi haqida qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Faqat Kengash javobgar bo‘ladi, hokim esa o‘zi rahbarlik qilayotgan organlar qarorlari uchun javob bermaydi
- Hokim o‘zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi
- Faqat bo‘lim boshlig‘i javobgar bo‘ladi, hokim esa o‘z rahbarligidagi qarorlar uchun faqat intizomiy javob beradi
- Hokim javobgar bo‘lmaydi, chunki rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari uchun mansabdor shaxslar javob beradi
To‘g‘ri javob: Hokim o‘zi rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. 21-moddaga ko‘ra hokim rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va harakatlari uchun shaxsan javobgar.
Hokimning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari soni qanday belgilanadi?
- Hokim o‘zi belgilaydi, Prezident bilan kelishmagan holda va mustaqil ravishda
- Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorda, hokim taklifi asosida
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan miqdorda
- Tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan belgilanadigan miqdorda
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan miqdorda. 21-moddaga ko‘ra hokim Prezident belgilaydigan miqdorda birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi.
Viloyat hokimi o‘z o‘rinbosarini lavozimga tayinlash haqida qaror qabul qildi. Bu qarorga nisbatan qanday tartib mavjud?
- Qaror tegishli xalq deputatlari Kengashining tasdig‘iga kiritiladi
- Qaror tasdiqlanmasdan kuchga kiradi, Kengashga faqat axborot beriladi
- Qaror Prezident tomonidan ko‘rib chiqilib, bekor qilinishi mumkin
- Qaror prokuror tasdig‘iga kiritilib, uning xulosasi bilan kuchga kiradi
To‘g‘ri javob: Qaror tegishli xalq deputatlari Kengashining tasdig‘iga kiritiladi. 21-moddaga ko‘ra bu qaror tegishli Kengashning tasdig‘iga kiritiladi.
Tuman hokimi o‘z o‘rinbosarini tayinlamoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- U faqat sudga murojaat qilib, sud ruxsati bilan tayinlaydi
- U Prezidentdan ruxsat olib, uning farmoni bilan tayinlaydi
- U yakka o‘zi, yuqori hokim bilan kelishmasdan tayinlaydi
- U yuqori turuvchi hokim bilan kelishgan holda tayinlaydi
To‘g‘ri javob: U yuqori turuvchi hokim bilan kelishgan holda tayinlaydi. 21-moddaga ko‘ra tuman, shahar hokimining o‘rinbosarlari yuqori turuvchi hokim bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Hokim kasal bo‘lib ishga chiqa olmadi. Uning vakolatlarini kim bajaradi?
- Prokuror yoki unga yuklangan vakolatli xodim, hokim topshirig‘iga binoan
- Eng yoshi katta xodim yoki hokimlik devoni boshlig‘i, hokim topshirig‘isiz
- Kengash raisi yoki hokim topshirig‘iga binoan Kengash a’zolaridan biri
- Birinchi o‘rinbosar yoki hokim topshirig‘iga binoan o‘rinbosarlaridan biri
To‘g‘ri javob: Birinchi o‘rinbosar yoki hokim topshirig‘iga binoan o‘rinbosarlaridan biri. 21-moddaga ko‘ra hokim yo‘qligida vakolatlarini birinchi o‘rinbosar yoki topshiriq bo‘yicha o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.
Hokim o‘rinbosari Hamid hokimlikdan tashqari xususiy kompaniyada haq to‘lanadigan maslahatchi lavozimini egallamoqchi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Mumkin emas, hokim va uning o‘rinbosarlari boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas
- Mumkin, agar yarim stavkada bo‘lsa, hokim va uning o‘rinbosarlari boshqa lavozimni egallashi mumkin
- Mumkin, agar hokim ruxsat bersa, chunki hokim o‘rinbosarlariga boshqa haq to‘lanadigan lavozim taqiqlanmagan
- Mumkin, agar Kengash ruxsat bersa, hokim va uning o‘rinbosarlari boshqa lavozimni egallashi mumkin
To‘g‘ri javob: Mumkin emas, hokim va uning o‘rinbosarlari boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashlari mumkin emas. 21-moddaga ko‘ra hokim, o‘rinbosarlari va xodimlar boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashi mumkin emas.
Hokim quyidagi hujjatlardan qaysi birini ijro etishi shart?
- Faqat tadbirkorlar uyushmasi va fuqarolik jamiyati institutlarining qarorlarini
- Faqat o‘z o‘rinbosarlarining va hokimlik bo‘lim boshliqlarining ko‘rsatmalarini
- Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli Kengashning qarorlarini
- Faqat xorijiy tashkilotlar va xalqaro nodavlat tashkilotlarning qarorlarini
To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli Kengashning qarorlarini. 211-moddaga ko‘ra hokim Vazirlar Mahkamasi, yuqori hokimlar va Kengash qarorlarini ijro etadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash