Dam olish vaqti (1/5)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
201-modda. Dam olish vaqti tushunchasi va turlari
Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir.
Dam olish vaqtining turlari quyidagilardan iborat:
ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar;
har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olish;
dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish);
ishlanmaydigan bayram kunlari;
har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari;
xodimning istagiga ko‘ra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan bo‘sh bo‘lgan qo‘shimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni.
202-modda. Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari
Xodimga dam olish uchun emas, balki boshqa maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etish davrlari dam olish vaqtiga kirmaydi. Bunday davrlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi to‘g‘risidagi ogohlantirish muddati davrida xodimga ishga joylashish uchun beriladigan ishdan bo‘sh bo‘linadigan qo‘shimcha kunlar;
o‘n olti yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsga) beriladigan ishdan bo‘sh bo‘linadigan qo‘shimcha kunlar;
homilador ayollarga beriladigan ishdan bo‘sh bo‘linadigan kunlar;
donorlarning tibbiy tekshiruv kunida hamda qon va uning tarkibiy qismlari topshiriladigan kunda ishdan ozod etilishi;
ijtimoiy ta’tillar: homiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bolani parvarishlash ta’tillari, o‘quv ta’tillari va ijodiy ta’tillar;
xodim tomonidan davlat yoki jamoat majburiyatlari bajariladigan davrlar;
ish beruvchining va mehnat jamoasining manfaatlarini ko‘zlab majburiyatlar bajariladigan davrlar;
xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlari;
xodimga dam olish uchun emas, balki mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan o‘zga maqsadlarda beriladigan, xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning boshqa davrlari.
203-modda. Xodimning qonunchilik bilan kafolatlangan dam olish huquqini cheklaydigan hujjatlar qoidalarining haqiqiy emasligi
Xodimning qonunchilik bilan kafolatlangan dam olish huquqini cheklaydigan, shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan dam olish vaqtining davomiyligini qisqartirishni nazarda tutadigan jamoa kelishuvlarining, shuningdek jamoa shartnomasining va ish beruvchining boshqa ichki hujjatlarining qoidalari, mehnat shartnomasining shartlari haqiqiy emas.
2-§. Ishdagi tanaffuslar. Dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari
204-modda. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar
Ish kuni (smena) davomida xodimga dam olish va ovqatlanish uchun davomiyligi ko‘pi bilan ikki soat va kamida o‘ttiz daqiqa bo‘lgan, ish vaqtiga kiritilmaydigan tanaffus berilishi kerak. Ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki mehnat shartnomasida, agar xodim uchun belgilangan kunlik ishning (smenaning) davomiyligi to‘rt soatdan oshmasa, unga mazkur tanaffus berilmasligi nazarda tutilishi mumkin.
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish vaqti va uning aniq davomiyligi ichki mehnat tartibi qoidalarida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti umuman barcha xodimlar uchun yoki tarkibiy bo‘linmalar, brigadalar va xodimlarning ayrim guruhlari uchun alohida belgilanishi mumkin.
Xodimlar dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanadi. Bu vaqtda ular ish joyidan chiqib ketishi mumkin.
Agar ish kunining (smenaning) davomiyligi sakkiz soatdan oshgan hollarda xodimlar uchun ish vaqtini jamlab hisobga olish belgilangan bo‘lsa, xodimga dam olish va ovqatlanish uchun ikkita tanaffus berilishi kerak.
Ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga ko‘ra dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berish imkoni bo‘lmagan ishlarda ish beruvchi xodimga ish vaqtida dam olish va ovqat yeyish imkoniyatini ta’minlashi shart. Bunday ishlarning ro‘yxati, shuningdek dam olish va ovqat yeyish uchun joylar ichki mehnat tartib qoidalari bilan belgilanadi.
204-modda. Dam olish va ovqatlanish uchun tanaffuslar (davomi)
Qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida ayrim toifadagi xodimlarga dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus berishning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin.
205-modda. Ish kuni (smena) davomidagi qo‘shimcha tanaffuslar
Ish kuni (smena) davomida dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari xodimlarga quyidagi qo‘shimcha tanaffuslar beriladi:
qonunchilikda, sanitariya normalari va qoidalarida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan, texnologiya hamda ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etish yoxud ushbu mehnat faoliyati turining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq tanaffuslar;
yilning issiq yoki sovuq mavsumida ochiq havoda yoxud sovitilmaydigan yoki isitilmaydigan yopiq xonalarda ishlaydigan, shuningdek yuk ortish-tushirish ishlarida band bo‘lgan shaxslar uchun maxsus tanaffuslar. Ish beruvchi isitish, sovitish uchun asbob-uskunalar bilan jihozlangan va xodimlarning dam olishi uchun yaroqli bo‘lgan xonalarni ta’minlashi shart. Bunday tanaffuslar taqdim etiladigan ishlarning ro‘yxati, harorat ko‘rsatkichlari, shuningdek ushbu tanaffuslarning davriyligi va davomiyligi ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari hamda asbob-uskunalarning jarohatlash xavfi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish asosida belgilanadi;
bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar.
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilgan tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi.
Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda xodimlarga ish kuni davomida ish vaqtiga kiritiladigan yoki kiritilmaydigan boshqa tanaffuslar berish nazarda tutilishi mumkin.
206-modda. Har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olishning davomiyligi
Ishning tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi o‘rtasidagi har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olish davomiyligi, shu jumladan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus o‘n ikki soatdan kam bo‘lishi mumkin emas.
207-modda. Dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish)
Xodimlarga har haftada dam olish kunlari beriladi.
Besh kunlik ish haftasida xodimlarga haftada ikki dam olish kuni, olti kunlik ish haftasida esa bir dam olish kuni beriladi. Aynan bitta ish beruvchida mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlar uchun bajariladigan ishning o‘ziga xos xususiyatlariga qarab ish haftasining har xil turlari belgilanishi mumkin.
Besh kunlik va olti kunlik ish haftasida umumiy dam olish kuni yakshanbadir. Besh kunlik ish haftasidagi ikkinchi dam olish kuni jamoa shartnomasida yoki ichki mehnat tartib qoidalarida yoxud smenalarga bo‘linib ishlash jadvallarida, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi.
Uzluksiz ishlaydigan ishlab chiqarishlarda yoki ishlab chiqarish-texnika sharoitlari bo‘yicha yoki aholiga doimiy uzluksiz xizmat ko‘rsatish zarurati oqibatida dam olish kunlari ishini to‘xtatish mumkin bo‘lmagan ishlab chiqarishlarda band bo‘lgan, shuningdek vaxta usulida ishlaydigan xodimlarga (xodimlar guruhiga) dam olish kunlari ichki mehnat tartib qoidalariga, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallariga binoan haftaning har xil kunlarida navbatma-navbat beriladi.
208-modda. Ishlanmaydigan bayram kunlari
Quyidagi kunlar ishlanmaydigan bayram kunlaridir:
1-yanvar — Yangi yil;
8-mart — Xotin-qizlar kuni;
21-mart — Navro‘z bayrami;
9-may — Xotira va qadrlash kuni;
1-sentabr — Mustaqillik kuni;
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.
Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.
Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin.
209-modda. Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlashni taqiqlash
Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlash taqiqlanadi, bundan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Umuman tashkilotning yoki uning alohida tarkibiy bo‘linmalarining, yakka tartibdagi tadbirkorning keyinchalik normal ishlashi oldindan kutilmagan qaysi ishlarning shoshilinch bajarilishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha ishlarni bajarish zarur bo‘lgan taqdirda xodimlarni dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etish ularning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
Umuman tashkilotning yoki uning alohida tarkibiy bo‘linmalarining keyinchalik normal ishlashi oldindan kutilmagan qaysi ishlarning shoshilinch bajarilishiga bog‘liq bo‘lsa, o‘sha ishlarning ro‘yxati jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo‘lsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan, yakka tartibdagi tadbirkor ish beruvchi bo‘lib ish yuritilayotgan hollarida esa mehnat shartnomasida belgilanadi.
Ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlab chiqarish-texnik sharoitlarga ko‘ra (uzluksiz ishlaydigan tashkilotlar) to‘xtatib turish imkoni bo‘lmagan ishlarni (xizmatlarni), aholiga xizmat ko‘rsatish zarurati yuzaga keltiradigan ishlarni, shuningdek kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirlash va yuk ortish-tushirish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodkor xodimlarini, professional sportchilarni, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishuvga ko‘ra ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan ro‘yxatlariga muvofiq dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari ishga jalb etishga jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilanadigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
209-modda. Dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishlashni taqiqlash (davomi)
Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun haq to‘lash ushbu Kodeksning 263-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Bilimingizni sinang
Qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga necha kun dam olish beriladi?
- bir kun
- ikki kun
- uch kun
- yetti kun
To‘g‘ri javob: bir kun. Qon topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga bir dam olish kuni beriladi.
Mehnat kodeksi — 201-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xizmat safaridagi ish vaqti rejimi
- Moslashuvchan ish vaqti rejimi
- Ish kuni (smena) qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimi
- Dam olish vaqti tushunchasi va turlari
To‘g‘ri javob: Dam olish vaqti tushunchasi va turlari. 201-modda: Dam olish vaqti tushunchasi va turlari.
Mehnat kodeksi: «Dam olish vaqti tushunchasi va turlari» qaysi moddada belgilangan?
- 194-modda
- 196-modda
- 201-modda
- 193-modda
To‘g‘ri javob: 201-modda. 201-modda: Dam olish vaqti tushunchasi va turlari.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, dam olish vaqti nima?
- Xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan, biroq ish beruvchi ruxsati bilan foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt
- Xodim ish joyida bo‘lib, ish beruvchi topshiriqlarini kutib turgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalana olmaydigan vaqt
- Xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt
- Xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va faqat mehnat ta’tili sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt
To‘g‘ri javob: Xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqt. 201-moddaga ko‘ra, dam olish vaqti — xodim mehnat majburiyatlaridan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanadigan vaqt.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri dam olish vaqtining turi hisoblanadi?
- Har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari
- Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri
- Homiladorlik va tug‘ish ta’tili
- Ish beruvchi manfaatlarini ko‘zlab majburiyat bajariladigan davr
To‘g‘ri javob: Har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari. 201-moddaga ko‘ra, har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari dam olish vaqtining turlaridan biri.
Nogironligi bor bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga ishdan bo‘sh qo‘shimcha kunlar bola qaysi yoshga to‘lguniga qadar beriladi?
- o‘n olti yoshga
- o‘n to‘rt yoshga
- o‘n ikki yoshga
- o‘n sakkiz yoshga
To‘g‘ri javob: o‘n olti yoshga. Nogironligi bor bolani tarbiyalayotgan ota-onaga qo‘shimcha kunlar bola o‘n olti yoshga to‘lguniga qadar beriladi.
Mehnat kodeksi — 202-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ishlanmaydigan bayram kunlari
- Ish vaqtini jamlab hisobga olishni belgilash va qo‘llash tartibi
- Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish vaqti rejimi
- Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari
To‘g‘ri javob: Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari. 202-modda: Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari.
Mehnat kodeksi: «Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari» qaysi moddada belgilangan?
- 199-modda
- 195-modda
- 208-modda
- 202-modda
To‘g‘ri javob: 202-modda. 202-modda: Xodimni mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etishning dam olish vaqti bo‘lmagan davrlari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash