Ish vaqti (2/2)
Iv Bo‘Lim. Yakka Tartibdagi Mehnatga Oid Munosabatlar
191-modda. Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi
Muayyan kalendar davr mobaynida (ish kunining, haftaning, ish vaqtini jamlab hisobga olish qo‘llanilganda esa hisobga olish davrining haftasidan oshadigan davr mobaynida) ish vaqtining taqsimlanishi ish vaqti rejimidir.
Ish vaqti rejimi quyidagilarni belgilaydi:
ish haftasining turi va davomiyligini (ikki kun dam olinadigan besh kunlik ish haftasi, bir kun dam olinadigan olti kunlik ish haftasi, o‘zgaruvchan jadval bo‘yicha dam olish kunlari beriladigan ish haftasi, to‘liqsiz ish haftasi);
ish kuni (smena) boshlanadigan, tugaydigan vaqtni va uning davomiyligini;
dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa tanaffuslar vaqtini;
ish kunlarining va ishlanmaydigan kunlarning navbat bilan almashishini;
sutkadagi smenalar sonini;
xodimlarning smenalar bo‘yicha almashish ketma-ketligini.
Ish vaqtining rejimi ichki mehnat tartib qoidalarida, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallarida, boshqa ichki hujjatlarda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida belgilanadi. Mehnat shartnomasida xodim uchun ichki mehnat tartibi qoidalarida, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallarida yoki boshqa ichki hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy ish vaqti rejimidan farq qiladigan shaxsiy ish vaqti rejimini belgilash nazarda tutilishi mumkin.
192-modda. Smenali ishda ish vaqti rejimi
Ikki va undan ortiq smenadagi ish smenali ish deb hisoblanadi. Smenali ish ishlab chiqarish jarayonining (ishning) davomiyligi har kungi ishning belgilangan davomiyligidan oshadigan hollarda, shuningdek asbob-uskunalardan yanada samarali foydalanish, ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar) hajmini oshirish maqsadida joriy etiladi.
Smenali ishda ish vaqti rejimi smenalarga bo‘linib ishlash jadvali bilan belgilanadi. Xodimlar smenalar bo‘yicha bir maromda navbat almashadi.
Xodimni surunkasiga ikki smena davomida ishga jalb etish taqiqlanadi. Smenalar orasidagi har kungi dam olishning eng kam davomiyligi (bitta smena oxiridan to keyingi smena boshlanishiga qadar) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak.
193-modda. Moslashuvchan ish vaqti rejimi
Moslashuvchan ish vaqti rejimi ish vaqtini tashkil etish usuli bo‘lib, bunda ayrim xodimlar yoki tashkilot tarkibiy bo‘linmalarining xodimlar guruhlari uchun ish kunining boshlanishini, tugashini va umumiy davomiyligini muayyan doirada ularning o‘zi tartibga solishiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda xodim uchun belgilangan ish soatlarining jamlangan miqdorini qabul qilingan hisobga olish davri (ish kuni, haftasi, oyi va boshqalar) ichida to‘liq ishlab berish talab etiladi.
Moslashuvchan ish vaqti quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
o‘zgaruvchan (moslashuvchan) vaqt — ish kunining (smenaning) boshlanishi va tugashidagi vaqt bo‘lib, uning doirasida xodim o‘z xohishiga ko‘ra ishni boshlashga va tugatishga haqlidir;
qat’iy belgilangan vaqt — ish vaqtining moslashuvchan rejimiga ko‘ra ishlovchilar ishda hozir bo‘lishi shart bo‘lgan vaqt;
ushbu Kodeksning 204-moddasiga muvofiq, qoida tariqasida qat’iy belgilangan ish vaqtini taxminan ikkita teng qismga ajratadigan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus. Uning haqiqiy davomiyligi ish vaqtiga kiritilmaydi;
kalendar vaqtni (ish kunini, haftasini, oyini, choragini va boshqalarni) belgilovchi hisobga olish davrining davomiyligi bo‘lib, ushbu vaqt ichida xodim o‘zi uchun belgilangan ish soatlari normasini ishlab berishi kerak.
Hisobga olish davrining davomiyligi bir ish kuni bo‘lgan moslashuvchan ish vaqti rejimida ishlash chog‘ida xodim uchun belgilangan ish vaqti normasi har kuni ishlab berilishi kerak.
193-modda. Moslashuvchan ish vaqti rejimi (davomi)
Agar hisobga olish davrining davomiyligi ish kunidan oshadigan bo‘lsa, xodim uchun belgilangan ish vaqtining normasi tegishli hisobga olish davri uchun (hafta, oy, chorak va boshqalar) xodim tomonidan ishlab berilishi kerak.
Hisobga olish davrining davomiyligi bir haftadan oshgan hollarda ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq belgilanadigan ish vaqtini jamlab hisobga olish nazarda tutilishi kerak.
Ish kuni davomidagi moslashuvchan vaqtning eng ko‘p davomiyligi dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus vaqti bilan birga o‘n ikki soatdan oshmasligi kerak, hisobga olish davri uchun ish vaqti soatlarining summasi esa ushbu davrda xodim uchun belgilangan soatlar normasiga teng bo‘lishi kerak.
194-modda. Ish kuni (smena) qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimi
Bajariladigan ishning o‘ziga xos xususiyatlari sababli zarur bo‘lgan ishlarda, shuningdek ish kuni (smena) davomida jadalligi bir xil bo‘lmagan ishlar amalga oshirilganda ish kuni qismlarga bo‘linishi mumkin. Agar ish kuni davomida xodim uchun ikki soatdan oshadigan tanaffus nazarda tutilgan bo‘lsa, ish kuni qismlarga bo‘lingan deb e’tirof etiladi.
Ish kuni qismlarga bo‘linganda ish vaqtining umumiy davomiyligi har kunlik ishning belgilangan davomiyligidan oshmasligi kerak.
Ish kunining qismlarga bo‘linganligi munosabati bilan beriladigan ish kuni davomidagi tanaffuslar vaqti ish vaqtiga kiritilmaydi.
Ish kunini qismlarga bo‘lish, ushbu ish vaqtining rejimi joriy etilayotgan ishlar ro‘yxati, ish kuni qismlarga bo‘lingan holda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarga beriladigan ustama haqning miqdori to‘g‘risidagi qaror jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra ish beruvchi tomonidan qabul qilinadigan ichki hujjatlarda belgilanadi.
195-modda. Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish vaqti rejimi
Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda, xodimga nisbatan xodim o‘ziga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan ish beruvchida belgilangan ish vaqti rejimi tatbiq etiladi, bundan xodim va ushbu xodim vaqtincha o‘ziga xizmat safariga yuborilgan ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida mazkur ish beruvchida umumiy belgilanganidan farq qiluvchi individual ish vaqti rejimi nazarda tutilgan hollar mustasno.
196-modda. Xizmat safaridagi ish vaqti rejimi
Xizmat safariga yuborilgan xodimga nisbatan xizmat safarining maqsadiga qarab ushbu xodim o‘ziga xizmat safariga yuborilgan ish beruvchida belgilangan ish vaqti rejimi tatbiq etiladi yoxud xizmat safaridagi ish rejimi xodimni xizmat safariga yuborgan ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan xizmat safariga oid topshiriq bilan belgilanadi.
197-modda. Ayrim toifadagi xodimlar ish vaqti rejimining o‘ziga xos xususiyatlari
Ayrim toifadagi xodimlar (o‘rindoshlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarda yollanib ishlaydigan shaxslar, uy ishchilari va masofadan turib ishlaydigan xodimlar, shuningdek vaxta usulida ishlaydigan shaxslar va boshqalar) ish vaqti rejimining o‘ziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning VI bo‘limida belgilangan.
Transport, aloqa xodimlarining, qutqaruvchilarning, shaxsiy kompyuterlarda, videodispley terminallarida, tashkiliy texnikada ishlaydigan shaxslarning va ishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan boshqa xodimlarning ish vaqti rejimi qonunchilikda, shuningdek sanitariya normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda belgilanadi.
198-modda. Ish vaqtini hisobga olish tushunchasi va turlari
Ish vaqtini hisobga olish ishga chiqishlarni tegishli hisobga olish davri uchun ish vaqtining belgilangan normasi xodimlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qilinishini ta’minlash maqsadida qayd etish orqali har bir xodim tomonidan haqiqatda ishlab berilgan vaqtni aniqlashdir.
Hisobga olish davrining davomiyligiga qarab ish vaqtini hisobga olishning quyidagi turlari nazarda tutilishi mumkin:
kunlik hisobga olish, bunda hisobga olish davri bir kunga teng bo‘ladi. Kunlik hisobga olishda xodim har bir ish kuni davomida bir xil miqdordagi ish soatida mehnat qiladi va har kuni ish vaqtining belgilangan normasini bajaradi;
haftalik hisobga olish, bunda hisobga olish davri bir haftaga teng bo‘ladi. Ish vaqtini haftalik hisobga olishda, basharti hafta ichidagi ish vaqtining belgilangan normasiga rioya etilsa, kunlik ishning davomiyligi har xil bo‘lishi mumkin, biroq ushbu Kodeksning 185-moddasida belgilanganidan ortiq bo‘lmasligi kerak;
jamlab hisobga olish, bunda xodim ish vaqtining normasini ishlab berishi kerak bo‘lgan hisobga olish davri bir haftadan oshadi. Ish vaqtini jamlab hisobga olishda kunlik yoki haftalik ishning davomiyligi ushbu Kodeksning 199-moddasida ko‘rsatilgan doirada ish kunining yoki ish haftasining soatlari normasidan chetga chiqishi mumkin. Shu munosabat bilan muayyan kalendar davrlarda yuzaga keladigan ortiqcha ishlash yoki kamroq ishlash hisobga olish davri uchun soatlar summasi ushbu davrdagi ish vaqtining normasiga teng bo‘ladigan tarzda muvozanatlashtirilishi kerak.
198-modda. Ish vaqtini hisobga olish tushunchasi va turlari (davomi)
Hisobga olish davri uchun ish soatlari normasi tegishli toifadagi xodimlar uchun belgilangan ish vaqtining kunlik (kunlik hisobga olishda) yoki haftalik (haftalik va jamlab hisobga olishda) davomiyligidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. To‘liqsiz ish kunida (smenada) va (yoki) to‘liqsiz ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun hisobga olish davridagi ish soatlarining normal soni tegishincha kamaytiriladi.
199-modda. Ish vaqtini jamlab hisobga olishni belgilash va qo‘llash tartibi
Agar ishlab chiqarish (ish) sharoitlariga ko‘ra ish beruvchida ushbu toifadagi xodimlar (shu jumladan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishda band bo‘lgan xodimlar) uchun belgilangan ish vaqtining kunlik yoki haftalik davomiyligiga rioya etish imkoni bo‘lmasa, ish vaqtini jamlab hisobga olishni joriy etishga yo‘l qo‘yiladi.
Basharti hisobga olish davri uchun ish vaqtining davomiyligi ish soatlari normasidan oshmasa, ish vaqtini jamlab hisobga olish joriy etilishi mumkin. Bunda hisobga olish davri o‘n ikki oydan, kunlik ishning (smenaning) davomiyligi esa o‘n ikki soatdan oshmasligi kerak.
Ish vaqtini jamlab hisobga olishni qo‘llash tartibi, zarur bo‘lgan taqdirda esa hisobga olish davri mobaynida xodimlarga to‘lanadigan ish haqi miqdorini tenglashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar jamoa shartnomasida belgilanadi, agar jamoa shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra aniqlanadi.
Ish vaqtini jamlab hisobga olish ayrim toifadagi xodimlarni ish vaqtidan tashqari ishga jalb etish uchun belgilangan cheklovlarga rioya etilgan holda belgilanadi.
200-modda. Ish beruvchining ish vaqtini hisobga olishni tashkil etishga doir majburiyati
Ish beruvchi xodimlarning ishga kelishi va ishdan ketishi hisobga olinishini tashkil etishi shart.
Ishga kelishni va ishdan ketishni hisobga olish belgilangan shakldagi ish vaqtidan foydalanish tabellarida hamda boshqa hujjatlarda yuritiladi, shuningdek, apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalar yordamida qayd etilishi mumkin.
Xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqti, shuningdek ushbu Kodeks 181-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ish vaqtiga kiritiladigan boshqa davrlar hisobga olinishi lozim.
Ishlab berilgan vaqt tarkibida ish vaqtidan tashqari ishlarning, ishbay asosida ishlaydiganlarning vaqti-vaqti bilan bajariladigan ishining, xizmat safarlarining va ichki o‘rindoshlikka doir ishning vaqti alohida hisobga olinadi.
Ishlab berilmagan vaqt tarkibida haq to‘lanadigan va haq to‘lanmaydigan vaqt, shuningdek ish vaqtining ham xodimning aybi bilan yo‘qotishlari, ham uning aybi bo‘lmagan chog‘dagi yo‘qotishlari ajratiladi.
Xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqti ichki mehnat tartib qoidalariga, ishlash (smenalarga bo‘linib ishlash) jadvaliga yoki ish beruvchining alohida ko‘rsatmasiga binoan xodim ish bajariladigan joyga kelgan paytdan e’tiboran hamda ushbu ish kunida (smenada) ishdan haqiqatda ozod bo‘lgan paytga qadar hisobga olinadi.
Yashash joyidan doimiy ish joyiga (doimiy yig‘ilish joyiga) borish va qaytib kelish vaqti, ish joyiga kiraverishdan to ish joyigacha bo‘lgan yo‘l uchun, ish boshlanishidan oldin va ish tugaganidan keyin kiyim-bosh almashtirish uchun, ishdan ketayotganda ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan vaqt xodim tomonidan mehnat majburiyatlarining haqiqatda bajarilgan vaqtiga kiritilmaydi hamda hisobga olinmaydi.
Bilimingizni sinang
Mehnat kodeksi — 191-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Xodim boshqa ish beruvchiga vaqtincha xizmat safariga yuborilgan taqdirda ish vaqti rejimi
- Ayrim toifadagi xodimlar ish vaqti rejimining o‘ziga xos xususiyatlari
- Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi
- Ish kuni (smena) qismlarga bo‘lingan ish vaqti rejimi
To‘g‘ri javob: Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi. 191-modda: Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi.
Mehnat kodeksi: «Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi» qaysi moddada belgilangan?
- 194-modda
- 195-modda
- 191-modda
- 197-modda
To‘g‘ri javob: 191-modda. 191-modda: Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish vaqti rejimi nima?
- Xodimga bir oyda to‘lanadigan ish haqining taqsimlanishi
- Xodimning yillik ta’til kunlarining soni
- Muayyan kalendar davr mobaynida ish vaqtining taqsimlanishi
- Ish beruvchining ishlab chiqarish rejasi
To‘g‘ri javob: Muayyan kalendar davr mobaynida ish vaqtining taqsimlanishi. 191-moddaga ko‘ra, muayyan kalendar davr mobaynida ish vaqtining taqsimlanishi ish vaqti rejimidir.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish vaqti rejimi quyidagilardan qaysi birini belgilaydi?
- Xodimlarning smenalar bo‘yicha almashish ketma-ketligini
- Xodimlarning ish haqi to‘lanadigan sanalar ketma-ketligini
- Xodimlarning ta’til olish navbati va uning muddatlarini
- Xodimlarning mehnat shartnomasini bekor qilish tartibini
To‘g‘ri javob: Xodimlarning smenalar bo‘yicha almashish ketma-ketligini. 191-moddaga ko‘ra, ish vaqti rejimi smenalar bo‘yicha almashish ketma-ketligini ham belgilaydi.
Kazus. «Yulduz» MChJda ichki mehnat tartib qoidalari ham, smenalarga bo‘linib ishlash jadvallari ham, boshqa ichki hujjatlar ham mavjud emas. Xodim Sardorning ish vaqti rejimi qaerda belgilanadi? Mehnat kodeksiga ko‘ra javobni toping.
- Faqat kasaba uyushmasi qaroriga ko‘ra
- Faqat Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra
- Rejim umuman belgilanmaydi
- Mehnat shartnomasida
To‘g‘ri javob: Mehnat shartnomasida. 191-moddaga ko‘ra, ichki hujjatlar mavjud bo‘lmaganda ish vaqti rejimi mehnat shartnomasida belgilanadi.
Smenalar orasidagi har kungi dam olishning eng kam davomiyligi tanaffus vaqti bilan birga kamida qancha bo‘lishi kerak?
- o‘n soat
- sakkiz soat
- o‘n olti soat
- o‘n ikki soat
To‘g‘ri javob: o‘n ikki soat. Smenalar orasidagi dam olish tanaffus vaqti bilan birga kamida o‘n ikki soatni tashkil etishi kerak.
Mehnat kodeksi — 192-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ish vaqtini hisobga olish tushunchasi va turlari
- Ish vaqti rejimi tushunchasi va uni belgilash tartibi
- Dam olish vaqti tushunchasi va turlari
- Smenali ishda ish vaqti rejimi
To‘g‘ri javob: Smenali ishda ish vaqti rejimi. 192-modda: Smenali ishda ish vaqti rejimi.
Mehnat kodeksi: «Smenali ishda ish vaqti rejimi» qaysi moddada belgilangan?
- 192-modda
- 198-modda
- 191-modda
- 201-modda
To‘g‘ri javob: 192-modda. 192-modda: Smenali ishda ish vaqti rejimi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash