XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 47–48-m.

Fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (2/4)

Maxsus Qism

47-modda. Bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, tarbiya va ta’lim berish jarayonida ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etish, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

47-modda. Bolalarni tarbiyalash, ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, tarbiya va ta’lim berish jarayonida ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish (davomi)

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilish —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

47¹-modda. Yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik

Yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shunday bolalar turgan muassasa rahbari yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsi tomonidan vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik, xuddi shuningdek ular tomonidan yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar haqida atayin noto‘g‘ri ma’lumotlar berish —

mansabdor shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

47²-modda. Yetim bolalarni yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni muqobil joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish

Yetim bolalarga yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga vasiylik va homiylik belgilashda, ularni farzandlikka, tutingan (foster) oilaga berishda yoxud ularga yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun muqobil joylashtirishning boshqa shakllarini belgilashda qonunchilik talablarini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

47³-modda. Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish, —

bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

47⁴-modda. Voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash

Moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, —

o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

47⁵-modda. Ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash

Voyaga yetgan shaxslarning mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-onani yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlashi, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik, —

o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki bir yuz yigirma soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga yoxud ushbu Kodeksga muvofiq ma’muriy jazolarning mazkur turlari qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

47⁶-modda. Bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani ota, ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bolaning chet davlat hududida nazoratsiz qoldirilganligi haqidagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishda ko‘pi bilan o‘ttiz kunlik muddat belgilagan holda sud mazkur ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan shaxsning zimmasiga bolani chet davlat hududidan O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish majburiyatini yuklatadi. Otaning, onaning yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxsning yoxud hamrohlik qiluvchi shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra mazkur muddat yana o‘ttiz kunga uzaytirilishi mumkin.

47⁷-modda. Ota-onaning o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi

Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda yoxud ular o‘z ota-onalik majburiyatlarini bajara olmaydigan davr uchun voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmasligi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

47⁸-modda. Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish

Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

48-modda. Vasiylik huquqini suiiste’mol qilish

Vasiylikka olinganning zarariga g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab vasiylikdan yoki homiylikdan foydalanish yoki uni nazoratsiz va zarur moddiy yordamsiz qoldirish —

bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyatlarini bajarmasa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga ko‘ra qanday jarima solinadi?
  1. BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha
  2. BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha
  3. BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha
  4. BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha. 47-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, jarima BHMning bir baravaridan besh baravarigacha.

Ota-onaning o‘z bolasini qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olishga jalb etishi uchun qanday jarima nazarda tutilgan?
  1. BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha
  2. BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha
  3. BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha
  4. BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha. 47-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi.

Kazus: Ta’lim tashkilotida o‘qituvchi Nodir dars jarayonida o‘quvchini sinf oldida kamsitdi va xo‘rladi. Jinoyat alomatlari ham, boshqa huquqbuzarlik alomatlari ham yo‘q. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Nodir javobgarlikka tortilmaydi, chunki zo‘ravonlik jismoniy tusda bo‘lmagan
  2. Nodirga 47-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha BHMning 1–5 baravari jarima solinadi
  3. Nodirga 47-moddaning birinchi qismi bo‘yicha o‘n sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanadi
  4. Nodir faqat intizomiy javobgarlikka tortiladi, ma’muriy jazo qo‘llanilmaydi

To‘g‘ri javob: Nodirga 47-moddaning ikkinchi qismi bo‘yicha BHMning 1–5 baravari jarima solinadi. 47-moddaning ikkinchi qismi tarbiya jarayonida kamsitish va xo‘rlash kabi tahqirlash uchun BHMning 1–5 baravari jarima belgilaydi.

Bolalarning majburiy umumiy o‘rta, o‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar to‘sqinlik qilsa, qanday jarima solinadi?
  1. BHMning 1–5 baravari
  2. BHMning 5–10 baravari
  3. BHMning 15–25 baravari
  4. BHMning 10–15 baravari

To‘g‘ri javob: BHMning 10–15 baravari. 47-moddaning oltinchi qismiga ko‘ra, BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha.

Yetim bolalar haqidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmagan mansabdor shaxsga jarima bazaviy hisoblash miqdorining kamida necha baravaridan boshlanadi?
  1. Bir baravaridan
  2. Ikki baravaridan
  3. Besh baravaridan
  4. Uch baravaridan

To‘g‘ri javob: Uch baravaridan. Mansabdor shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.

Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar haqida atayin noto‘g‘ri ma’lumot bergan mansabdor shaxsga jarima bazaviy hisoblash miqdorining ko‘pi bilan necha baravarigacha solinadi?
  1. Olti baravarigacha
  2. O‘n baravarigacha
  3. Besh baravarigacha
  4. Yetti baravarigacha

To‘g‘ri javob: Yetti baravarigacha. Mansabdor shaxsga jarima eng ko‘pi bilan bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravarigacha solinadi.

Yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vasiylik va homiylik organiga xabar qilmaslik uchun kimga va qanday jarima solinadi?
  1. Faqat jismoniy shaxs bo‘lgan fuqarolarga – BHMning 2–5 baravari miqdorida jarima solinadi
  2. Ota-onaga yoki qonuniy vakilga – BHMning 5–10 baravari miqdorida jarima solinadi
  3. Muassasa rahbari yoki o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdoriga – BHMning 3–7 baravari
  4. Vasiylik va homiylik organi xodimiga – BHMning 1–2 baravari miqdorida jarima solinadi

To‘g‘ri javob: Muassasa rahbari yoki o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdoriga – BHMning 3–7 baravari. 47¹-moddaga ko‘ra, mansabdor shaxsga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha.

Yetim bolalarga vasiylik belgilashda qonunchilik talablarini buzgan fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining kamida necha baravaridan boshlanadi?
  1. Bir baravaridan
  2. Uch baravaridan
  3. Yetti baravaridan
  4. Ikki baravaridan

To‘g‘ri javob: Ikki baravaridan. Fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiFuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (1/4)Keyingi →Fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (3/4)