Mulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik
Maxsus Qism
60-modda. Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish
Yerdan, suvdan, o‘simlik yoki hayvonot dunyosidan o‘zboshimchalik bilan foydalanish yoxud yerga va boshqa tabiiy resurslarga (bundan yer osti boyliklari va yer osti suvlari mustasno) egalik huquqini bevosita yoki yashirin shaklda buzuvchi bitimlar tuzish yoki boshqa harakatlar sodir etish, tabiatdan maxsus foydalanish huquqini boshqalarga berish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa — to‘rt yuz baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasining qaytarilishini ta’minlasa va o‘zboshimchalik bilan egallab olishning oqibatlarini bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
60¹-modda. Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaslik
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi tomonidan choralar ko‘rilmaganligi, shu jumladan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi fakti to‘g‘risida vakolatli organlar xabardor etilmaganligi, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
61-modda. Oz miqdorda talon-toroj qilish
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning mol-mulkini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni o‘g‘irlash tarzida sodir etilgan oz miqdorda talon-toroj qilish, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning ko‘mir yoqilg‘isini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
61-modda. Oz miqdorda talon-toroj qilish (davomi)
Basharti talon-toroj qilingan mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan oshmasa, bunday talon-toroj oz miqdordagi talon-toroj qilish deb hisoblanadi.
Tijorat maqsadi deganda jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan muayyan faoliyatda foyda yoki daromad olishga qaratilgan maqsad tushuniladi.
61¹-modda. Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisiga mazkur xizmatchining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti xizmatchisining o‘z vakolatlaridan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni uni pora evaziga o‘ziga og‘dirib olayotgan shaxs manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisi deganda mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi, mansabdor shaxs alomatlariga ega bo‘lmagan shaxs tushuniladi.
61²-modda. Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish
O‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni tashkil etsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Oz miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan doiradagi, ko‘p bo‘lmagan miqdor deganda esa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi.
62-modda. Topib olingan mol-mulkni yashirish
Topib olingan yoki tasodifan qo‘liga tushib qolgan qiymati bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan ortiq bo‘lgan o‘zganing mol-mulkini yashirish —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
63-modda. G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilib olish
G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini tayyorlash yoki qayta ishlash tashkilotining, savdo yoxud umumiy ovqatlanish tashkilotining mansabdor shaxsi tomonidan qabul qilib olish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
64-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish
Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, shu jumladan o‘zining tarixiy-madaniy qimmatiga ko‘ra Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurish yoki buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
64¹-modda. Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish
Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish, ya’ni yozuvlar yozish, rasmlar chizish yo‘li bilan ularni tahqirlash yoki ularga shikast yetkazish, moddiy madaniy meros obyektlarini, shu jumladan ularning tarixiy, ilmiy, badiiy yoxud o‘zgacha madaniy qimmatiga dog‘ tushiruvchi yoki ularni masxara qiluvchi harakatlarni sodir etish, xuddi shuningdek moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan jamoat tartibini buzuvchi harakatlarni sodir etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan oz miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni sodir etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan, ko‘p bo‘lmagan miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni sodir etish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, —
o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
64¹-modda. Moddiy madaniy meros obyektlariga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish (davomi)
Oz miqdordagi zarar deganda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan doiradagi, ko‘p bo‘lmagan miqdordagi zarar deganda bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi.
Bilimingizni sinang
Yerdan, suvdan yoki o‘simlik dunyosidan o‘zboshimchalik bilan foydalanganlik uchun fuqarolarga solinadigan jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan boshlanadi?
- uch baravaridan
- besh baravaridan
- o‘n baravaridan
- yetti baravaridan
To‘g‘ri javob: besh baravaridan. Fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 60-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish
- Hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va (yoki) kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etish
- Oz miqdorda talon-toroj qilish
- Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish
To‘g‘ri javob: Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish. 60-modda: Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi: «Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish» qaysi moddada belgilangan?
- 60-modda
- 61²-modda
- 59¹-modda
- 61-modda
To‘g‘ri javob: 60-modda. 60-modda: Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish.
Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish (60-modda ikkinchi qismi) uchun fuqarolarga va mansabdor shaxslarga qanday jarima solinadi?
- Fuqarolarga BHMning 20 baravari, mansabdorlarga 50 baravari
- Fuqarolarga BHMning 30 baravari, mansabdorlarga 70 baravari
- Fuqarolarga BHMning 200 baravari, mansabdorlarga 400 baravari
- Fuqarolarga BHMning 5–10 baravari, mansabdorlarga 10–15 baravari
To‘g‘ri javob: Fuqarolarga BHMning 30 baravari, mansabdorlarga 70 baravari. 60-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, fuqarolarga BHMning o‘ttiz baravari, mansabdorlarga yetmish baravari.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirgan fuqaroga qanday jarima solinadi?
- BHMning 30 baravari
- BHMning 70 baravari
- BHMning 200 baravari
- BHMning 400 baravari
To‘g‘ri javob: BHMning 200 baravari. 60-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra, fuqarolarga BHMning ikki yuz baravari, mansabdorlarga to‘rt yuz baravari.
Kazus: Fuqaro Anvar birinchi marta hovlisi yonidagi davlat yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab oldi, ammo keyin uchastkani qaytardi va egallab olish oqibatlarini bartaraf etdi. Qurilish ishlarini boshlamagan. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Anvar BHMning 30 baravari jarimaga tortiladi
- Anvar BHMning 200 baravari jarimaga tortiladi
- Anvar 15 sutkagacha qamoqqa olinadi
- Anvar javobgarlikdan ozod etiladi
To‘g‘ri javob: Anvar javobgarlikdan ozod etiladi. 60-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra, birinchi marta sodir etgan, yerni qaytargan va oqibatlarni bartaraf etgan shaxs ozod qilinadi.
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmasa, fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravari miqdorida solinadi?
- o‘ttiz baravari
- o‘n baravari
- yigirma baravari
- ellik baravari
To‘g‘ri javob: yigirma baravari. Fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi.
Sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga qanday jarima solinadi?
- BHMning 20 baravari
- BHMning 50 baravari
- BHMning 30 baravari
- BHMning 70 baravari
To‘g‘ri javob: BHMning 50 baravari. 60¹-moddaga ko‘ra, fuqarolarga BHMning yigirma baravari, mansabdor shaxslarga ellik baravari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash