XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 65–70²-m.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (1/5)

Maxsus Qism

65-modda. Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish

Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, obyektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga nomuvofiq foydalanish, yerlarni foydalanishdan chiqarishga, hosildorlik pasayishiga, tuproqning buzilishi yoki yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek tanazzulga yuz tutgan qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiyalashning belgilangan tartibini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilar tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarida va muddatlarda maqbul ekin ekilmaganligi, —

bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan bir gektargacha maydonga ega yer uchastkasida sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash hamda muhofaza qilish, shu jumladan yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishini, tuproqning qayta tiklanishini va hosildorligi oshirilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi, —

65-modda. Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish (davomi)

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yerga egalik qiluvchilar, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan bir gektardan ortiq maydonga ega yer uchastkasida sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash hamda muhofaza qilish, shu jumladan yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq oqilona foydalanilishini, tuproqning qayta tiklanishini va hosildorligi oshirilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarning bajarilmasligi, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligi va boshqa yerlarni yaroqsiz holga tushirish, ularni ishlab chiqarish chiqitlari va boshqa chiqindilar, kimyoviy va radioaktiv moddalar hamda oqova suvlar bilan ifloslantirish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

66-modda. Yer berish tartibini buzish

Yer berish tartibini buzish, xuddi shuningdek fermer yoki dehqon xo‘jaligi yuritish uchun, yakka tartibda uy-joy qurish va turar-joy binosiga xizmat ko‘rsatish, jamoa bog‘dorchiligi va polizchiligi uchun fuqarolarga yer berilishiga to‘sqinlik qilish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

67-modda. Vaqtincha egallab turilgan yer uchastkalarini o‘z vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanish uchun yaroqli holga keltirmaslik

Vaqtincha egallab turilgan yer uchastkalarini o‘z vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanish uchun yaroqli holga keltirish yuzasidan majburiyatlarni bajarmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

68-modda. Yer tuzish loyihalaridan o‘zboshimchalik bilan chetga chiqish

Tasdiqlangan yer tuzish loyiha hujjatlaridan tegishli ruxsat bo‘lmay turib chetga chiqish, xuddi shuningdek tegishli organlar bilan kelishmay turib obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish va ularni foydalanishga topshirish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari, mansabdor shaxslarga esa — besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

68¹-modda. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga yer uchastkasiga, bino va inshootga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Fuqarolar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organga turar joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik, —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

68²-modda. Davlat kadastrlarini yuritish qoidalarini buzish

Davlat kadastrlarini yuritish bo‘yicha vakolatli organlarning mansabdor shaxslari tomonidan tegishli davlat kadastrlarini yuritish qoidalarini buzish, shuningdek Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun davlat kadastrlarining axborotini taqdim etishdan bo‘yin tovlash yoki noto‘g‘ri axborotni taqdim etish —

bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

69-modda. Chegara belgilarini, geodezik punktlarni va cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish

Egalikdagi, foydalanishdagi yerlarning chegara belgilarini, geodezik punktlarni va o‘rmonlardagi cheklov belgilarini yo‘q qilish yoki shikastlantirish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

70-modda. Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish

Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarga o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, foydali qazilma konlarini ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda kon nazorati organlari bilan kelishmay turib ishga solish, yer osti boyliklaridan foydalanish talablari va tartibini buzish (bundan foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olish mustasno), yer qa’ridan foydalanishda ishlarni olib borish xavfsizligi talablarini buzish, yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalarini va tabiiy muhitni, binolar va inshootlarni yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarning zararli ta’siridan muhofaza qilish talablarini bajarmaslik, yer osti suvlari rejimini kuzatish uchun qazilgan quduqlarni, marksheyderlik va geologik belgilarni yo‘q qilish yoki shikastlantirish, xuddi shuningdek umumtarqalgan foydali qazilmalardan foydalanish qoidalarini yerga egalik qiluvchilar va yerdan foydalanuvchilar tomonidan buzish, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Konlarning boy uchastkalarini tanlab ishlatish, mineral xom ashyoni qazib olayotganda va qayta ishlashda foydali qazilmalarni normativdan ortiq nobud qilish, foydali qazilma konlarini yaroqsiz holga keltirish va foydali qazilma zaxiralaridan oqilona foydalanish talablarini boshqacha tarzda buzish —

70-modda. Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish (davomi)

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Marksheyderlik hujjatlarini yo‘qotish, tugatilayotgan yoki konservatsiya qilinayotgan konlarni va burg‘ilangan quduqlarni aholining xavfsizligini ta’minlovchi holatga keltirib qo‘yish talablarini, shuningdek konservatsiya vaqtida konlarni, qazilayotgan joylarni va burg‘ilangan quduqlarni muhofaza etish talablarini bajarmaslik —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

70¹-modda. Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish

Daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —

ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

70²-modda. Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish

Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish, bundan yer osti suvlari va daryolar o‘zanlarida joylashgan foydali qazilmalar mustasno, —

ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yetmish baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki obyektlar qurishda unumdor qatlamni olmaslik uchun fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan boshlanadi?
  1. o‘n baravaridan
  2. yetti baravaridan
  3. uch baravaridan
  4. besh baravaridan

To‘g‘ri javob: yetti baravaridan. Fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha solinadi.

Ma’muriy javobgarlik kodeksiga ko‘ra, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanganlik uchun fuqarolarga qanday miqdorda jarima solinadi?
  1. BHMning uch baravaridan besh baravarigacha
  2. BHMning o‘n baravaridan yigirma baravarigacha
  3. BHMning bir baravaridan uch baravarigacha
  4. BHMning yetti baravaridan o‘n baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning yetti baravaridan o‘n baravarigacha. 65-moddaning birinchi qismiga ko‘ra fuqarolarga BHMning 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha jarima solinadi.

Ikkilamchi ijaraga olgan ijarachi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasining dala chetlaridagi belgilangan maydonlarda maqbul ekin ekmasa, qanday jarima solinadi?
  1. BHMning yetti baravaridan o‘n baravarigacha
  2. BHMning bir baravaridan uch baravarigacha
  3. BHMning besh baravari
  4. BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning bir baravaridan uch baravarigacha. 65-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra bunday huquqbuzarlik uchun BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha jarima solinadi.

Quyidagi harakatlardan qaysi biri yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish yoki ularni yaroqsiz holga tushirish huquqbuzarligiga kiradi?
  1. obyektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik
  2. yer uchastkasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat etish
  3. yer tuzish loyihasini tasdiqlash
  4. chegara belgilarini tiklash

To‘g‘ri javob: obyektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik. 65-moddada obyektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish harakatlari qatorida sanalgan.

Sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish majburiyatlari bajarilmasa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima solinishi uchun yer uchastkasi qaysi maydondan ortiq bo‘lishi kerak?
  1. o‘n gektardan
  2. besh gektardan
  3. bir gektardan
  4. ikki gektardan

To‘g‘ri javob: bir gektardan. O‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima bir gektardan ortiq maydonli yer uchastkasi uchun belgilangan.

Qishloq xo‘jaligi va boshqa yerlarni ishlab chiqarish chiqitlari, kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslantirgan fuqarolarga jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan boshlanadi?
  1. yetti baravaridan
  2. o‘n besh baravaridan
  3. yigirma baravaridan
  4. o‘n baravaridan

To‘g‘ri javob: o‘n baravaridan. Yerlarni ifloslantirish uchun fuqarolarga jarima o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha solinadi.

Yer uchastkasi bir gektardan ortiq bo‘lgan yerga egalik qiluvchi sug‘oriladigan yerlarni yaxshilash va muhofaza qilish majburiyatlarini bajarmasa, unga qanday jarima solinadi?
  1. BHMning yetti baravaridan o‘n baravarigacha
  2. BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha
  3. BHMning yigirma baravaridan ellik baravarigacha
  4. BHMning besh baravari

To‘g‘ri javob: BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha. Bir gektardan ortiq maydon uchun fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solinadi; bir gektargacha maydonda esa 7 dan 10 baravarigacha.

Fuqaro Karimov uch gektar sug‘oriladigan yer uchastkasiga egalik qiladi. U tuproqning qayta tiklanishi va hosildorligi oshirilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmadi. Qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Unga BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi
  2. Unga BHMning yetti baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi
  3. Unga BHMning o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha jarima solinadi
  4. Unga BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima solinadi

To‘g‘ri javob: Unga BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha jarima solinadi. Yer uchastkasi bir gektardan ortiq bo‘lgani uchun fuqaroga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMulkka tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikKeyingi →Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (2/5)