XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Ma’muriy javobgarlik kodeksi · 154–155⁵-m.

Transportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (7/7)

Maxsus Qism

154-modda. Aloqa yo‘llari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish

Aloqa yo‘llari va inshootlarini, shuningdek aloqa yo‘li va kabel inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155-modda. Axborotdan foydalanish qoidalarini buzish

Axborot tizimidan foydalanish maqsadida unga ruxsatsiz kirib olishda ifodalangan axborot va axborot tizimlaridan foydalanish qoidalarini buzish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Axborot tizimlarining ishini buzishga olib kelgan xuddi shunday huquqbuzarlik, xuddi shuningdek kirish cheklangan axborot tizimlarini axborot-hisoblash tarmoqlariga ulash chog‘ida tegishli himoya choralarini ko‘rmaganlik —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga qonunga xilof ravishda ulash, bu tarmoqlarga tegishli himoya choralarini ko‘rmasdan ulanish, xuddi shuningdek ulardan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda olish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zganing elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturi yoki ma’lumotlar bazasini o‘z nomidan chiqarish yoxud qonunga xilof ravishda undan nusxa olish yoki bunday asarlarni tarqatish —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155¹-modda. Kompyuter tizimidan foydalanish qoidalarini buzish

Kompyuter tizimidan foydalanishga ruxsati bo‘lgan shaxsning ushbu tizimdan foydalanishning belgilangan qoidalarini buzishi kompyuter axborotining yo‘q qilib yuborilishiga, to‘sib qo‘yilishiga, modifikatsiyalashtirilishiga, kompyuter uskunasi ishlashining buzilishiga sabab bo‘lsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik konfidensial axborot mavjud bo‘lgan kompyuter tizimidan foydalanish vaqtida sodir etilsa, —

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155²-modda. Telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish

Telekommunikatsiya tarmog‘idan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda —

huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155³-modda. Mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirish

Mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchining ruxsatisiz o‘zgartirish, xuddi shuningdek ushbu maqsadda maxsus dasturlarni ishlab chiqish, tarqatish yoki ulardan foydalanish, —

huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonuniy ishlab chiqaruvchining yoki uning qonuniy egasining ruxsatisiz o‘zgartirish yoki uning nusxasini yaratish, —

huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155⁴-modda. Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish

Kripto-aktivlarni qonunga xilof ravishda olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish, —

kripto-aktivlarni hamda mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari tomonidan anonim kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish, —

mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

155⁵-modda. Mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirish

Mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirish, —

mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Anonim kripto-aktivlar mayningi bilan shug‘ullanish, —

kripto-aktivlarni hamda huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ancha miqdorda sodir etish, —

mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, o‘n sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ko‘p miqdorda sodir etish, —

mazkur huquqbuzarlikni sodir etish qurollarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Aloqa yo‘llari va kabel inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzgan fuqarolarga qanday miqdorda jarima solinadi?
  1. Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha
  2. Bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha
  3. Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha
  4. Bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha

To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha. Fuqarolarga bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi; takror sodir etilsa miqdor oshadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, aloqa yo‘llari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzgan fuqaroga qancha miqdorda jarima solinadi?
  1. BHMning uch baravaridan besh baravarigacha
  2. BHMning bir baravaridan uch baravarigacha
  3. BHMning uch baravaridan yetti baravarigacha
  4. BHMning uchdan bir qismidan bir baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning bir baravaridan uch baravarigacha. 154-modda birinchi qismiga ko‘ra fuqarolarga BHMning bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi.

Aloqa yo‘llari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzish takror sodir etilgan hisoblanishi uchun qanday shart bajarilishi kerak?
  1. Avvalgi huquqbuzarlik uchun jazo chorasi qo‘llanilmagan bo‘lishi
  2. Huquqbuzarlik avvalgisidan keyin olti oy ichida sodir etilishi
  3. Huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin uch yil ichida sodir etilishi
  4. Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida sodir etilishi

To‘g‘ri javob: Huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida sodir etilishi. 154-moddaga ko‘ra ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, og‘irroq jarima solinadi.

Axborot tizimidan foydalanish maqsadida unga ruxsatsiz kirib olish bilan bog‘liq qoidalarni buzgan fuqarolarga qanday miqdorda jarima solinadi?
  1. Bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha
  2. Bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha
  3. Bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha
  4. Bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha

To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha. Fuqarolarga uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa bir baravaridan uch baravarigacha jarima solinadi.

Mansabdor shaxs B boshqaruvidagi kirish cheklangan axborot tizimini axborot-hisoblash tarmog‘iga ulashda tegishli himoya choralarini ko‘rmadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Unga BHMning uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi
  2. Unga BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi
  3. Unga BHMning uchdan bir qismidan bir baravarigacha jarima solinadi
  4. U ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi, chunki himoya choralari majburiy emas

To‘g‘ri javob: Unga BHMning uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi. 155-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra himoya choralarini ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.

Fuqaro Sh. o‘z axborot tizimini xalqaro axborot tarmog‘iga qonunga xilof ravishda ulagan. Unga qo‘llanadigan jarima miqdori qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. BHMning bir baravaridan uch baravarigacha
  2. BHMning uch baravaridan besh baravarigacha
  3. BHMning ikki baravaridan besh baravarigacha
  4. BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha

To‘g‘ri javob: BHMning ikki baravaridan besh baravarigacha. 155-moddaning uchinchi qismiga ko‘ra fuqarolarga BHMning ikki baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.

Quyidagi harakatlardan qaysi biri axborotdan foydalanish qoidalarini buzish sifatida ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi?
  1. Bino devoriga ruxsatsiz reklama yopishtirish
  2. Aloqa yo‘li yonida qurilish ishlarini ogohlantirmasdan boshlash
  3. O‘zganing kompyuter dasturini o‘z nomidan chiqarish
  4. Xizmat telefonidan shaxsiy suhbat uchun foydalanish

To‘g‘ri javob: O‘zganing kompyuter dasturini o‘z nomidan chiqarish. 155-moddaga ko‘ra o‘zganing EHM uchun yaratilgan dasturi yoki ma’lumotlar bazasini o‘z nomidan chiqarish huquqbuzarlik hisoblanadi.

Kompyuter tizimidan foydalanishga ruxsati bor shaxs qoidalarni buzib kompyuter axborotining yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘lsa, fuqarolarga qanday miqdorda jarima solinadi?
  1. Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha
  2. Bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha
  3. Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha
  4. Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha

To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha. Fuqarolarga besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTransportdagi, yo‘l xo‘jaligi va aloqa sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (6/7)Keyingi →Fuqarolarning turar joy huquqlariga taalluqli, kommunal xizmat va obodonlashtirish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik