Savdo, tadbirkorlik va moliya sohalaridagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (1/4)
Maxsus Qism
164-modda. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish
Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ancha miqdordagi qiymatda buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini ko‘p miqdordagi qiymatda buzish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari, mansabdor shaxslarga esa — sakson baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yonilg‘i-moylash materiallari bilan, qo‘lda savdo qilish yoxud shaharlarda belgilanmagan joylarda qo‘lda savdo qilish —
sotilayotgan ashyolarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yonilg‘i-moylash materiallari sotish qoidalarini buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Energetik ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
164-modda. Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish (davomi)
Tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd pul mablag‘lari bilan yoki plastik kartochkalar bo‘yicha hisob-kitoblar shakliga qarab, ularning narxlarini sun’iy ravishda oshirish yoki pasaytirish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ancha miqdor deganda bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi, ko‘p miqdor deganda esa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan doiradagi miqdor tushuniladi.
165-modda. Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
Faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan shaxs tomonidan vakolatli organga qonunchilikda mazkur faoliyat uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi to‘g‘risida yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xabardor qilish tartibida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan faoliyat (harakatlar) bilan xabarnoma yubormasdan shug‘ullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) bilan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shug‘ullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
165¹-modda. Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish
Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, —
mazkur huquqbuzarliklarni sodir etish qurollari va ashyolarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lmagan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalari bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirishda qo‘llanilmaydi.
166-modda. Tovarlarni (mahsulotlarni) ularning sifatini tasdiqlaydigan hujjatlarsiz sotish yoki majburiy ravishda raqamli markirovkalash qoidalarini buzish
Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning oziq-ovqat mahsulotlarini va sanoat tovarlarini (mahsulotlarini) ularning sifatini va ishlab chiqarish markasini tasdiqlaydigan hujjatlarsiz sotishi, xuddi shuningdek sotish maqsadida olish —
tovarlarni (mahsulotlarni) musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
tovarlarni (mahsulotlarni) musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tovar belgisida ishlab chiqaruvchining nomi va joylashgan yeri to‘g‘risida axborot mavjud bo‘lmagan tovarlarni realizatsiya qilish, xuddi shuningdek realizatsiya qilish maqsadida olish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
167-modda. Videoyozuvli kassetalarni sotish va video muassasalarning ishlash qoidalarini buzish
Ekspert komissiyasi baholamagan videoyozuvli kassetalarni sotish —
video kassetalarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tegishli ruxsat olmay turib video muassasalarni (videoyozuvli kassetalarni ijaraga berish punktlari, videozallar, kabel televideniyesi studiyalarini) ochish yoki bunday muassasalarni yopish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin ham ularning faoliyatni davom ettirishi —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Video muassasalarda ekspert komissiyasi baholamagan videoyozuvli kassetalardan foydalanish —
videoyozuvli kassetalarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
videoyozuvli kassetalarni va video apparaturani musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
168-modda. Bozorlarda savdo qilish qoidalarini buzish
Bozorlarda savdo qilish qoidalarini buzish —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismi, mansabdor shaxslarga esa — ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
169-modda. Tarkibida kimyoviy moddalarning qoldig‘i yo‘l qo‘yiladigan darajadan ortiq bo‘lgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish
Tarkibida odamlar va hayvonlar salomatligi uchun zararli bo‘lgan pestitsidlar, mineral o‘g‘itlar va boshqa kimyoviy moddalarning qoldiq miqdori yo‘l qo‘yilishi mumkin deb belgilangan darajadan ortiq ekanligini bila turib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, xuddi shuningdek zaharli yovvoyi o‘simliklarni, ularning hosilini, mevalarini, urug‘larini, barglari va ildizlarini bozorlarda sotish —
mahsulotlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
mahsulotlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
170-modda. Valyuta qimmatliklarini, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish
Valyuta qimmatliklarini, qimmatbaho metallar va (yoki) qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish, —
valyuta qimmatliklari, qimmatbaho metallar, qimmatbaho toshlar musodara qilinib, o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq o‘ziga nisbatan ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
171-modda. Valyuta va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish tartibini buzish
Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va banklar xodimlarining chet el valyutasini O‘zbekiston Respublikasining vakolat berilgan banklardagi valyuta schyotlariga yashirib qolish maqsadini ko‘zlamay turib vaqtida yoxud to‘liq o‘tkazilmaslik —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravaridan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan tartibini buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravaridan o‘n ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
171¹-modda. O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitim tuzish
Naf keltirmasligi ayon bo‘lgan bitimni tuzish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududiga ilgari foydalanilgan, jisman ishlatib bo‘lingan, ma’naviy eskirgan yoki zamon talablariga javob bermaydigan asbob-uskunani yoxud texnologiyalarni olib kirishga, shuningdek ularni o‘rnatish va joriy etishga olib kelgan bitimni tuzish, respublika manfaatlariga ancha miqdorda zarar yetkazgan bo‘lsa, xuddi shuningdek bunday bitim tuzilishiga sabab bo‘lgan ekspert xulosasini yoki boshqa hujjatni vakolatli davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi tomonidan berish —
bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan fuqarolarga (ancha miqdordagi qiymatda bo‘lmasa) qancha jarima solinadi?
- Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari
To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari. Oddiy savdo qoidalarini buzishda fuqarolarga o‘n baravar, mansabdor shaxslarga yigirma baravar jarima solinadi.
Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan mansabdor shaxslarga (ancha miqdordagi qiymatda bo‘lmasa) qancha jarima solinadi?
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari
To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari. Oddiy savdo qoidalarini buzishda mansabdor shaxslarga yigirma baravar, fuqarolarga o‘n baravar miqdorida jarima solinadi.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 164-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzish
- Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish
- Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish
- Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish
To‘g‘ri javob: Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish. 164-modda: Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi: «Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish» qaysi moddada belgilangan?
- 165¹-modda
- 164-modda
- 163¹-modda
- 161-modda
To‘g‘ri javob: 164-modda. 164-modda: Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish.
Fuqaro Alisher do‘konida savdo qoidalarini buzdi (qiymat ancha yoki ko‘p miqdorga yetmagan). Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra unga qancha jarima solinadi?
- BHMning yigirma baravari miqdorida
- BHMning o‘n baravari miqdorida
- BHMning yigirma besh baravari miqdorida
- BHMning yetmish baravari miqdorida
To‘g‘ri javob: BHMning o‘n baravari miqdorida. 164-moddaning birinchi qismiga ko‘ra fuqarolarga BHMning o‘n baravari, mansabdor shaxslarga yigirma baravari miqdorida jarima solinadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, energetik ichimliklarni qaysi shaxslarga realizatsiya qilish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi?
- O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxslarga
- O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxslarga
- O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga
- Yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga
To‘g‘ri javob: O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga. 164-moddaning oltinchi qismiga ko‘ra energetik ichimliklarni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Tovarlar va xizmatlar narxlarini naqd yoki plastik kartochka bilan hisob-kitob shakliga qarab sun’iy oshirgan yoki pasaytirganlik uchun qancha jarima solinadi?
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari
- Bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari
To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari. Narxlarni hisob-kitob shakliga qarab sun’iy oshirish yoki pasaytirish o‘ttiz baravar miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.
Savdo sohasidagi ma’muriy javobgarlik moddasida «ancha miqdor» bazaviy hisoblash miqdorining qaysi doirasidagi miqdor deb tushuniladi?
- Yuz baravaridan uch yuz baravarigacha
- Uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha
- O‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha
- Ellik baravaridan yuz baravarigacha
To‘g‘ri javob: Yuz baravaridan uch yuz baravarigacha. Ancha miqdor bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha, ko‘p miqdor esa uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan doiradir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash