Boshqaruvning belgilangan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik (8/14)
Maxsus Qism
217-modda. Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalarini ochish hamda ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzish
Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalari va ustaxonalarini ochish va ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Matbaa uskunalari, harflar, matritsalar, muhrlar va shtamplarni qo‘lga kiritish, sotish, foydalanish, hisobga olish va saqlash qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning bu qoidalarni buzishi —
bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
218-modda. Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yoki ularni chiqarishni yoxud nashr etishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish —
bosma yoki boshqa mahsulotlarni musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
219-modda. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni yoki tarkibida shunday metall hamda toshlar bo‘lgan buyumlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, ulardan foydalanish chog‘ida qabul qilib olish, sarflash, hisobga olish, saqlash, ularning parchalari va chiqindilarini to‘plash hamda Davlat fondiga topshirish qoidalarini, shuningdek qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik hamda boshqa buyumlarning asillik darajasini aniqlash va ularni tamg‘alash tartibini buzish —
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
219¹-modda. Rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni sotish qoidalarini buzish
Qimmatbaho metallar sirasiga kirmaydigan rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni sotish qoidalarini buzish, —
rangli metallarni, ularning parchalari va rezgi-chiqitlarini, shuningdek qora metall parchalari va rezgi-chiqitlarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
220-modda. Qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalada bo‘lishi qoidalarini buzish
Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning fuqaroviy, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan qurolni va uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish qoidalarini buzishi —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki haqini to‘lab shu qurolni va o‘q-dorilarni olib qo‘yishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
qurolni va o‘q-dorilarni musodara qilib yoki musodara qilmay, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xizmat qurolini va uning o‘q-dorilarini saqlash, olib yurish hamda ulardan foydalanish qoidalarini xizmat qurolidan va uning o‘q-dorilaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlarining mansabdor shaxslari hamda maxsus xizmat vazifalariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan buzish, xuddi shuningdek qurolni va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini olish, berish, hisobga olish, realizatsiya qilish, tashish, saqlash, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish qoidalarini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning qurol va uning o‘q-dorilari, o‘qotar qurolning asosiy qismlari but saqlanishini, ularning belgilangan tartibda berilishi-qabul qilib olinishini hamda hisobga olinishini ta’minlashga doir majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan mas’ul xodimlari tomonidan buzish —
220-modda. Qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalada bo‘lishi qoidalarini buzish (davomi)
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qurolni va uning o‘q-dorilarini, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini qabul qilish, hisobga olish hamda sotish qoidalarini fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning o‘q-dorilarini realizatsiya qilishga doir litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning mansabdor shaxslari tomonidan buzish —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalari rasmiylashtirilgan fuqaroviy va xizmat quroliga tovushsiz o‘q uzish moslamalarini hamda tunda ko‘rish mo‘ljallagichlarini (bundan ov qilish uchun mo‘ljallagichlar mustasno) o‘rnatish —
tovushsiz o‘q uzish moslamalarini va tunda ko‘rish mo‘ljallagichlarini musodara qilib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
220¹-modda. Qurolning qonunga xilof muomalasi
Pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz realizatsiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish, ulardan foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish —
qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ichki ishlar organlarining tegishli litsenziyalarisiz ishlab chiqarish, ta’mirlash, realizatsiya qilish —
qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.
221-modda. Qurolni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) qoidalarini yoki uning muomalasi sohasidagi ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish qoidalarini buzish
Fuqaroviy, xizmat qurolini, mukofot tarzida berilgan, kolleksiyalash, ko‘rgazmaga qo‘yish uchun mo‘ljallangan qurolni va uning o‘q-dorilarini ichki ishlar organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) qoidalarini, shuningdek ichki ishlar organlarining qurolni saqlashga va olib yurishga, saqlashga, kolleksiyalashga yoki ko‘rgazmaga qo‘yishga doir ruxsatnomalarining amal qilish muddatlarini uzaytirish qoidalarini buzish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportsiz yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiz, amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim bo‘lgan pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta bilan yashashi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasiz (yashash guvohnomasisiz), amal qilish muddati tugaganligi sababli almashtirilishi lozim bo‘lgan identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash guvohnomasi) bilan yashashi, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoxud xorijga chiqish uchun biometrik pasportini yaroqsizlantirishi yoki yo‘qotib qo‘yishi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yoki harakatlanish hujjatini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini (yashash guvohnomasini) yaroqsizlantirishi yoxud yo‘qotib qo‘yishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish (davomi)
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, —
bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yilishi, xuddi shuningdek shaxslar tomonidan o‘z turar joylarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashiga yo‘l qo‘yilishi, —
bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu moddaning yettinchi qismida nazarda tutilgan ayni bir huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, —
223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish (davomi)
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun quyidagi hollarda ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi, agar u:
- 1) o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bo‘lsa;
- 2) oltmish yoshdan oshgan bo‘lsa;
- 3) to‘liq davlat ta’minotida bo‘lsa;
- 4) O‘zbekiston Respublikasi yoki chet davlat hududida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning yong‘inlari, qulashi, transport vositalarining yonishi) ro‘y berganligi natijasida jabrlangan bo‘lsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun);
- 5) qonunga xilof ravishda hukm qilingan yoki ishda ayblanuvchi, sudlanuvchi sifatida ishtirok etishga jalb qilingan bo‘lib, pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining amal qilishi sud ajrimiga ko‘ra to‘xtatib turilgan bo‘lsa (ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun);
- 6) jazoni ijro etish muassasasida jazoni o‘tayotgan bo‘lsa yoki jazoni o‘tab chiqib, bir oy ichida identifikatsiyalovchi ID-karta rasmiylashtirish uchun murojaat qilsa (ushbu moddaning birinchi — oltinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun);
- 7) uchinchi shaxslarning g‘ayrihuquqiy harakatlari yoki jinoyat sodir etilganligi oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ular yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bersa (ushbu faktlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan hollarda);
223-modda. Pasport tizimi qoidalarini buzish (davomi)
- 8) xizmat vazifalarini yoki fuqarolik burchini bajarish chog‘ida, shuningdek yengib bo‘lmas kuch, oxirgi zarurat yoki zaruriy mudofaa oqibatida pasportining yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasining (yashash guvohnomasining) yaroqsiz holga kelganligi yoki ularning yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza bersa (ushbu hollar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda aniqlangan taqdirda).
Shaxs ushbu moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ham javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
223¹-modda. Pasportdan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartadan g‘ayriqonuniy ravishda foydalanish
Shaxslar tomonidan yo‘qolganligi to‘g‘risida ariza berilgan o‘z pasportlaridan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalaridan, shuningdek boshqa shaxslarga tegishli bo‘lgan pasportlardan yoki identifikatsiyalovchi ID-kartalardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
223³-modda. Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani garovga olish yoxud pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yish
Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani garovga olish, —
bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani shaxslardan qonunga xilof ravishda olib qo‘yish, —
bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Bilimingizni sinang
Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalarini ochish va ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzgan mansabdor shaxslarga solinadigan jarimaning eng yuqori miqdori qancha?
- bir baravarigacha
- ikki baravarigacha
- besh baravarigacha
- uch baravarigacha
To‘g‘ri javob: bir baravarigacha. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha belgilangan.
Matbaa uskunalari, harflar, matritsalar, muhrlar va shtamplarni hisobga olish hamda saqlash qoidalarini buzgan mas’ul shaxslarga solinadigan jarimaning eng yuqori miqdori qancha?
- uch baravarigacha
- yarim baravarigacha
- besh baravarigacha
- bir baravarigacha
To‘g‘ri javob: bir baravarigacha. Jarima bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha belgilangan.
Matbaa va shtempel-gravyorlik korxonalari va ustaxonalarini ochish hamda ularning faoliyat olib borishi qoidalarini buzgan mansabdor shaxsga qanday jarima solinadi?
- Bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha
- Bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha
- Bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha
- Bazaviy hisoblash miqdorining o‘ndan bir qismidan ikkidan bir qismigacha
To‘g‘ri javob: Bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha. 217-moddaning birinchi qismi: mansabdor shaxslarga ⅓–1 baravar jarima.
Shtamp-gravyorlik ustaxonasida muhrlar va shtamplarni hisobga olish hamda saqlash qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs Hamid bu qoidalarni buzdi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
- Hamidga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi
- Hamidga o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq qo‘llanadi
- Hamidga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha jarima solinadi
- Hamid javobgar emas, chunki muhrlar shaxsiy mulk hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Hamidga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismidan bir baravarigacha jarima solinadi. 217-moddaning ikkinchi qismi: mas’ul shaxslarning qoidalarni buzishi ½–1 baravar jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositalarining mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan tayyorlash va tarqatishda bosma mahsulotlar musodara qilinib, jarima bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan boshlanadi?
- uch baravaridan
- bir baravaridan
- o‘n baravaridan
- besh baravaridan
To‘g‘ri javob: uch baravaridan. Mahsulotlar musodara qilinib, uch baravaridan besh baravarigacha jarima solinadi.
Ommaviy axborot vositasi mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan tarqatganlik uchun bosma mahsulotlar musodara qilinganda jarimaning eng yuqori miqdori bazaviy hisoblash miqdorining necha baravariga teng?
- uch baravarigacha
- besh baravarigacha
- o‘n baravarigacha
- yetti baravarigacha
To‘g‘ri javob: besh baravarigacha. Jarima uch baravaridan besh baravarigacha belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi — 218-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
- Qurolning va uning o‘q-dorilarining muomalada bo‘lishi qoidalarini buzish
- Davlat statistik hisobotlarini taqdim etish tartibini buzish
- Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish
To‘g‘ri javob: Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish. 218-modda: Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish.
Ma’muriy javobgarlik kodeksi: «Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish» qaysi moddada belgilangan?
- 215-modda
- 218-modda
- 215⁷-modda
- 220-modda
To‘g‘ri javob: 218-modda. 218-modda: Ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash