XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Mualliflik huquqi» qonuni · 24–33-m.

Mualliflik huquqi (3/4)

Moddalar

24-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Qonunning 25—33-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

25-modda. Asarlarni muallifning roziligisiz va haq to‘lamasdan shaxsiy maqsadlarda takrorlash

Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi, ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalari:

binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga;

ma’lumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga;

qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga;

kitoblarni (to‘laligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

26-modda. Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish

Asardan muallifning ismi-sharifini va olingan manbaini albatta ko‘rsatgan holda hamda asardan normal foydalanilishiga zarar yetkazmaslik va muallifning qonuniy manfaatlariga putur yetkazmaslik sharti bilan quyidagi tarzda erkin foydalanishga yo‘l qo‘yiladi:

oshkor qilingan asarlardan asl nusxada va tarjimada ilmiy, tadqiqiy, munozaraviy, tanqidiy hamda reklama bilan bog‘liq bo‘lmagan axborot maqsadlarida ko‘zlangan maqsadga mos hajmda iqtibos olish, shu jumladan gazeta va jurnallardagi maqolalardan parchalarni matbuot sharhlari shaklida takrorlash;

oshkor qilingan asarlardan yoki bunday asarlarning parchalaridan ta’lim va o‘quv tusidagi nashrlarda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda, ovozli va video yozuvlarda ko‘zlangan maqsadga mos hajmda misollar tariqasida foydalanish;

kundalik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diniy masalalar yuzasidan gazeta va jurnallarda chop etilgan maqolalar yoki efirga uzatilgan yoxud kabel orqali yuborilgan shu tusdagi asarlarni gazetalarda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, shunday foydalanish muallif tomonidan maxsus taqiqlangan hollar bundan mustasno;

omma oldida so‘zlangan siyosiy nutqlar, murojaatlar, ma’ruzalar va shunga o‘xshash asarlarni ko‘zlangan maqsadga mos hajmda gazetalarda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish. Bunda ana shunday asarlarni to‘plamlarda chop etish huquqi muallifda saqlanib qoladi;

kundalik voqealar jarayonida ko‘rish yoki eshitish mumkin bo‘lgan asarlarni ana shunday voqealarning sharhlarida fotografiya yoki kinematografiya vositalari yordamida efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish yo‘li bilan axborot maqsadiga mos hajmda takrorlash yoki barchaning e’tibori uchun yuborish. Bunda ana shunday asarlarni to‘plamlarda chop etish huquqi muallifda saqlanib qoladi;

26-modda. Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish (davomi)

daromad olishni ko‘zlamagan holda ko‘zi ojizlar uchun qabariq nuqtali harflar yoki boshqa usullar bilan chop etilgan asarlarni takrorlash, ana shunday takrorlash usullari uchun maxsus yaratilgan asarlar bundan mustasno.

Fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan asarlarning nusxalarini axborot-kutubxona muassasalari tomonidan vaqtinchalik foydalanishga muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda berishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda mualliflik huquqi obyektlari bo‘lgan, raqamli shaklda ifodalangan asarlarning nusxalari, shu jumladan axborot-kutubxona muassasalarining resurslaridan o‘zaro foydalanish tartibida beriladigan asarlarning nusxalari bu asarlarning raqamli shakldagi ko‘chirma nusxalarini yaratish imkoniyatini istisno etish sharti bilan faqat axborot-kutubxona muassasalarining binolarida vaqtinchalik foydalanishga berilishi mumkin.

27-modda. Asarlardan reprografik takrorlash yo‘li bilan foydalanish

Daromad olishni ko‘zlamagan holda, muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda, lekin asaridan foydalanilayotgan muallifning ismi-sharifini va olingan manbaini albatta ko‘rsatgan tarzda:

axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan — asarning yo‘qolgan yoki yaroqsiz bo‘lib qolgan nusxalarini tiklash, almashtirish uchun, shuningdek o‘z fondlaridan bu asarlarni biron sabab bilan yo‘qotgan boshqa axborot-kutubxona muassasalariga, arxivlarga va idoraviy arxivlarga asarlarning nusxalarini berish uchun chop etilgan asarni;

axborot-kutubxona muassasalari, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan fuqarolarning o‘quv va tadqiqot maqsadlaridagi so‘rovlari bo‘yicha, shuningdek ta’lim muassasalari tomonidan auditoriya mashg‘ulotlari uchun to‘plamlarda, gazetalar va boshqa davriy nashrlarda chop etilgan ayrim maqolalar va kichik hajmli asarlarni, chop etilgan yozma asarlardan (suratli yoki suratsiz) qisqa parchalarni bir nusxada reprografik takrorlashga yo‘l qo‘yiladi.

28-modda. Hamma bemalol bora oladigan joylarda doimiy joylashgan asarlardan erkin foydalanish

Hamma bemalol bora oladigan joyda doimiy joylashgan arxitektura, fotografiya, tasviriy san’at asarlarini muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi. Bu qoida asarning tasviri shunday takrorlash, efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishning asosiy obyekti bo‘lgan hollarga, shuningdek asarning tasviridan tijorat maqsadlarida foydalaniladigan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

29-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish

Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

30-modda. Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish

Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

31-modda. Efir orqali ko‘rsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilotlar tomonidan qisqa muddat foydalanish uchun erkin yozib olish

Efir orqali ko‘rsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilot o‘zi efirga uzatish huquqini olgan asarni muallifning roziligisiz va qo‘shimcha haq to‘lamagan holda o‘z uskunalari yordamida hamda o‘z ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari uchun amalga oshirish sharti bilan qisqa muddat foydalanish uchun yozib olishi mumkin. Agar bunday yozuvni saqlashning uzoqroq muddati muallif bilan kelishilgan bo‘lmasa, tashkilot uni tayyorlanganidan keyin olti oy ichida yo‘q qilib yuborishi shart. Agar bunday yozuv faqat hujjatli tusda bo‘lsa, yozuv asar muallifining roziligisiz arxivlarda va idoraviy arxivlarda saqlanishi mumkin.

32-modda. EHM uchun dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini erkin takrorlash va soddalashtirish

EHM uchun dasturning yoki ma’lumotlar bazasining nusxasiga qonuniy ega bo‘lgan shaxsning keyinchalik shaxsiy foydalanish maqsadida EHM uchun dasturni yoki ma’lumotlar bazasini erkin takrorlashga va soddalashtirishga bo‘lgan huquqi qonun bilan belgilanadi.

33-modda. Shaxsiy maqsadlarda takrorlaganlik uchun haq to‘lash

Audiovizual asarni yoki fonogrammani daromad olmasdan faqat shaxsiy maqsadlar uchun asar muallifining, ijrochining, fonogrammani va audiovizual asarni tayyorlovchining roziligisiz, lekin ularga haq to‘lagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi. Haq bunday takrorlash uchun foydalaniladigan uskunalarni (audio- hamda videomagnitofonlar va boshqa uskunalarni) hamda moddiy jismlarni (ovozli va (yoki) video plyonkalar va kassetalar, kompakt disklar va boshqa moddiy jismlarni) tayyorlovchilar va import qiluvchilar tomonidan to‘lanadi.

Tayyorlanadigan va import qilinadigan uskunalar hamda moddiy jismlar ro‘yxati, shuningdek yig‘iladigan haq stavkalari, uni yig‘ish shartlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yig‘ish va taqsimlash mualliflar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarning biri tomonidan ana shu tashkilotlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi. Agar ushbu kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ko‘rsatib o‘tilgan haq quyidagi nisbatda taqsimlanadi: qirq foizi — mualliflarga, o‘ttiz foizi — ijrochilarga, o‘ttiz foizi — fonogrammalar va (yoki) audiovizual asarlarni tayyorlovchilarga.

Ushbu moddada nazarda tutilgan haqni yig‘ish va taqsimlash tartibini tekshirish hamda nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

33-modda. Shaxsiy maqsadlarda takrorlaganlik uchun haq to‘lash (davomi)

Eksport narsasi hisoblanadigan uskunalar hamda moddiy jismlarga, shuningdek uy sharoitlarida foydalanish uchun mo‘ljallanmagan professional uskunalarga tatbiqan yig‘im amalga oshirilmaydi va haq to‘lanmaydi.

Bilimingizni sinang

«Mualliflik huquqi» qonuni — 24-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari
  2. Tasviriy san’at asarlaridan foydalanish huquqi. Ergashma huquq
  3. Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish
  4. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

To‘g‘ri javob: Mualliflik huquqlarining cheklanishi. 24-modda: Mualliflik huquqlarining cheklanishi.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Mualliflik huquqlarining cheklanishi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 26-modda
  2. 18-modda
  3. 24-modda
  4. 23-modda

To‘g‘ri javob: 24-modda. 24-modda: Mualliflik huquqlarining cheklanishi.

Mualliflik huquqlarini cheklashga qachon yo‘l qo‘yiladi?
  1. Faqat sud qarori bilan, qonunning 25—33-moddalaridan tashqari har qanday holatda
  2. Faqat qonunning 25—33-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda
  3. Muallif vafot etgandan keyin, qonunda nazarda tutilgan hollardan qat’i nazar
  4. Davlat organi xohlagan har qanday holda, qonunda nazarda tutilmagan hollarda ham

To‘g‘ri javob: Faqat qonunning 25—33-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda. 24-moddaga ko‘ra cheklash faqat 25—33-moddalarda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda mumkin.

Mualliflik huquqi cheklashlari qaysi shart bilan tatbiq etiladi?
  1. Faqat muallifning yozma ruxsati olingan bo‘lsa va asardan normal foydalanishga ziyon yetkazilmasa
  2. Faqat chet el mualliflarining asarlariga nisbatan, ular O‘zbekistonda ilk bor chop etilmagan bo‘lsa
  3. Faqat tijorat maqsadida foydalanilsa va muallifga tegishli daromadning yarmi unga to‘lanib borilsa
  4. Asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmasa va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmasa

To‘g‘ri javob: Asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmasa va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmasa. 24-moddaga ko‘ra cheklashlar normal foydalanishga ziyon yetkazmagan va qonuniy manfaatlarni kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda takrorlash qanday tartibda mumkin?
  1. Muallif roziligisiz, lekin haq to‘lab
  2. Muallif roziligi bilan va haq to‘lab
  3. Muallif roziligisiz va haq to‘lamasdan
  4. Hech qachon mumkin emas, ruxsatsiz

To‘g‘ri javob: Muallif roziligisiz va haq to‘lamasdan. 25-moddaga ko‘ra oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda roziliksiz va haqsiz takrorlash mumkin.

Shaxsiy maqsadlarda roziliksiz takrorlash qoidasi quyidagilardan qaysi biriga nisbatan tatbiq etilmaydi?
  1. Rasmni shaxsiy daftarga ko‘chirib olishga
  2. Kitoblarni to‘laligicha reprografik takrorlashga
  3. Qisqa maqolani shaxsiy maqsadda nusxalashga
  4. Qo‘shiqni shaxsiy maqsadda tinglab eshitishga

To‘g‘ri javob: Kitoblarni to‘laligicha reprografik takrorlashga. 25-moddaga ko‘ra kitoblarni to‘laligicha va notali matnlarni reprografik takrorlashga qoida tatbiq etilmaydi.

«Mualliflik huquqi» qonuni — 26-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish
  2. Efir orqali ko‘rsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilotlar tomonidan qisqa muddat foydalanish uchun erkin yozib olish
  3. EHM uchun dasturlar yoki ma’lumotlar bazalarini erkin takrorlash va soddalashtirish
  4. Hamma bemalol bora oladigan joylarda doimiy joylashgan asarlardan erkin foydalanish

To‘g‘ri javob: Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish. 26-modda: Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish» qaysi moddada belgilangan?
  1. 32-modda
  2. 31-modda
  3. 28-modda
  4. 26-modda

To‘g‘ri javob: 26-modda. 26-modda: Asarlardan muallifning ismi-sharifini ko‘rsatgan holda erkin foydalanish.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMualliflik huquqi (2/4)Keyingi →Mualliflik huquqi (4/4)