XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Mualliflik huquqi» qonuni · 34–42-m.

Mualliflik huquqi (4/4)

Moddalar

34-modda. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi

Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi.

Xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir.

Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun mualliflik haqi miqdori va uni to‘lash tartibi muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi.

Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda o‘z nomini ko‘rsatishga yoxud uni ko‘rsatishni talab qilishga haqlidir.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yo‘sinida ushbu Qonun 17-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlar, davriy va davomli ilmiy ishlar to‘plamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.

35-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.

Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Mualliflik huquqi, mualliflik ismi-sharifiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.

Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

36-modda. Mualliflik huquqining meros bo‘yicha o‘tishi

Muallifning mulkiy huquqlari meros bo‘yicha o‘tadi.

Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari meros bo‘yicha o‘tmaydi. Muallifning merosxo‘rlari ko‘rsatilgan huquqlarni himoya qilishga haqlidir. Merosxo‘rlarning ushbu huquqlari muddat bilan cheklanmaydi.

Muallifning merosxo‘rlari bo‘lmagan taqdirda, uning shaxsiy nomulkiy huquqlarini himoya qilish maxsus vakolatli davlat organi zimmasiga yuklanadi.

Agar asarga bo‘lgan mualliflik huquqi bir necha merosxo‘rga birgalikda tegishli bo‘lsa, asardan foydalanish tartibi ular o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Bunda merosxo‘rlardan hech biri boshqa merosxo‘rlarning asardan foydalanishini yetarli asoslarsiz taqiqlashga haqli emas.

37-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi

Asarlarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan asarlardan har qanday shaxs mualliflik haqini to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.

38-modda. Mualliflik shartnomasi

Ushbu Qonun 19-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, ushbu Qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.

Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.

Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.

Mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mutlaq bo‘lmagan huquqlar hisoblanadi.

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq emas.

Moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi.

39-modda. Mualliflik shartnomasi shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan konkret huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.

Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida bevosita nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi mavzusi bo‘lishi mumkin emas.

To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur mualliflik haqining eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

39-modda. Mualliflik shartnomasi shartlari (davomi)

Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shartnomada bevosita nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin.

Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Mualliflik shartnomasining ushbu Qonun talablariga zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas.

40-modda. Audiovizual asar yaratish va undan foydalanishga oid mualliflik shartnomasining o‘ziga xos xususiyatlari

Audiovizual asar yaratish va undan foydalanish uchun mualliflik shartnomasini tuzish, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu asar mualliflari tomonidan audiovizual asarni tayyorlovchiga takrorlash, tarqatish, prokatga berish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga takroran yuborish, audiovizual asarni barchaning e’tiboriga yetkazish, shuningdek audiovizual asarga subtitr qilish va matnni dublyaj qilish bo‘yicha mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga olib keladi. Ko‘rsatilgan huquqlar audiovizual asarga bo‘lgan mualliflik huquqi amal qiladigan muddat mobaynida amalda bo‘ladi.

Audiovizual asar tarkibiga kiradigan asarlardan foydalanish mualliflik shartnomasi asosida va qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda amalga oshiriladi.

Asarni audiovizual asar tarkibiga kiritishga o‘z roziligini bergan huquq egasi, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asardan foydalanishni taqiqlashga yoki biron-bir tarzda cheklashga haqli emas.

Audiovizual asarga tarkibiy qism bo‘lib kirgan, ham ilgari mavjud bo‘lgan, ham uning ustida ishlash jarayonida yaratilgan asarlarning mualliflari, agar audiovizual asarni tayyorlovchi bilan tuzilgan mualliflik shartnomasida boshqacha qoida shartlashilgan bo‘lmasa, har biri o‘z asariga nisbatan mualliflik huquqidan foydalanadi.

41-modda. Buyurtmaning mualliflik shartnomasi

Muallif buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asarni shartnoma shartlariga muvofiq yaratish va uni buyurtmachiga topshirish majburiyatini oladi.

Buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha yaratilgan asarga bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga tegishlidir.

Buyurtmaning mualliflik shartnomasi bo‘yicha asardan foydalanish uchun mulkiy huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda, ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalariga rioya qilinishi kerak.

42-modda. Mualliflik shartnomasining shakli

Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari nusxalarini sotishda mualliflik shartnomasi, agar uning shartlari (dasturdan va ma’lumotlar bazasidan foydalanish shartlari) dastur yoki ma’lumotlar bazasi nusxalarida tegishli tarzda bayon qilingan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.

Bilimingizni sinang

Xizmat asari muallifi ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, asar oshkor qilingandan qancha vaqt o‘tgach asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq qo‘lga kiritadi?
  1. yigirma yil
  2. besh yil
  3. ellik yil
  4. o‘n yil

To‘g‘ri javob: o‘n yil. Muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tgach foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda oladi.

«Mualliflik huquqi» qonuni — 34-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Shaxsiy maqsadlarda takrorlaganlik uchun haq to‘lash
  2. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi
  3. Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish
  4. Audiovizual asar yaratish va undan foydalanishga oid mualliflik shartnomasining o‘ziga xos xususiyatlari

To‘g‘ri javob: Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi. 34-modda: Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 40-modda
  2. 34-modda
  3. 30-modda
  4. 33-modda

To‘g‘ri javob: 34-modda. 34-modda: Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi.

Xizmat asariga bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari kimda saqlanib qoladi?
  1. Ish beruvchida
  2. Davlatda
  3. Noshirda
  4. Asar muallifida

To‘g‘ri javob: Asar muallifida. 34-moddaga ko‘ra xizmat asariga bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifda qoladi.

Shartnomada boshqacha qoida bo‘lmasa, xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar kimga tegishli?
  1. Kasaba uyushmasiga
  2. Muallifga
  3. Hammualliflarga
  4. Ish beruvchiga

To‘g‘ri javob: Ish beruvchiga. 34-moddaga ko‘ra xizmat asaridan foydalanishga mutlaq huquqlar ish beruvchiga tegishli.

Xizmat asari oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran qancha muddat o‘tgach muallif asardan foydalanish va mualliflik haqini olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi?
  1. O‘n yil
  2. Ellik yil
  3. Yigirma yil
  4. Besh yil

To‘g‘ri javob: O‘n yil. 34-moddaga ko‘ra muallif o‘n yil o‘tganidan keyin (ish beruvchi roziligi bilan ertaroq) to‘liq huquqni oladi.

Kazus: Dasturchi Sherzod kompaniyaning xizmat topshirig‘iga ko‘ra dastur yozdi. Shartnomada boshqacha qoida yo‘q. Dasturdan foydalanishga mutlaq huquqlar va shaxsiy nomulkiy huquqlar kimga tegishli?
  1. Barcha huquqlar, shu jumladan shaxsiy nomulkiy huquqlar ham Sherzodga
  2. Barcha huquqlar, shu jumladan shaxsiy nomulkiy huquqlar kompaniyaga
  3. Mutlaq huquqlar kompaniyaga, shaxsiy nomulkiy huquqlar Sherzodga
  4. Mutlaq huquqlar Sherzodga, shaxsiy nomulkiy huquqlar kompaniyaga

To‘g‘ri javob: Mutlaq huquqlar kompaniyaga, shaxsiy nomulkiy huquqlar Sherzodga. 34-moddaga ko‘ra xizmat asarida mutlaq huquqlar ish beruvchiga, shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga tegishli.

Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, mualliflik huquqi muallifning hayoti davomida va uning vafotidan keyin necha yil amal qiladi (umumiy qoida)?
  1. Ellik yil
  2. Yetmish yil
  3. Oltmish yil
  4. Yuz yil

To‘g‘ri javob: Yetmish yil. Mualliflik huquqi muallif hayoti davomida va vafotidan keyin yetmish yil amal qiladi, istisno hollar bundan mustasno.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMualliflik huquqi (3/4)Keyingi →Turdosh huquqlar (1/2)