XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Mualliflik huquqi» qonuni · 43–49-m.

Turdosh huquqlar (1/2)

Moddalar

43-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi

Ijrochining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb e’tirof etiladi:

ijrochi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsa;

ijrochining fuqaroligidan qat’i nazar, ijro birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilgan bo‘lsa;

ijro ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalariga muvofiq muhofaza qilinadigan fonogrammaga yozilgan bo‘lsa;

fonogrammaga yozilmagan ijro ushbu moddaning uchinchi qismi qoidasiga muvofiq efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning muhofaza qilinadigan ko‘rsatuv yoki eshittirishiga kiritilgan bo‘lsa.

Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari quyidagi shartlardan biriga rioya etilgan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq unga tegishli deb e’tirof etiladi:

fonogrammani tayyorlovchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yeriga ega bo‘lgan yuridik shaxs bo‘lsa;

fonogrammani tayyorlovchining fuqaroligi yoki joylashgan yeridan qat’i nazar, fonogramma birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari, agar tashkilot O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan yeriga ega bo‘lsa hamda efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishni O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan uzatgichlar yordamida amalga oshirayotgan bo‘lsa, ushbu Qonunga muvofiq mazkur tashkilotga tegishli deb e’tirof etiladi.

43-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi (davomi)

Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan turdosh huquqlari ham ushbu Qonunga binoan e’tirof etiladi.

44-modda. Turdosh huquqlar obyektlari

Turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.

45-modda. Turdosh huquqlar subyektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga yetkazishga bo‘lgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

46-modda. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga bo‘lgan mutlaq huquqlar egalari o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “P” harfi;

mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi-sharifi (nomi);

fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi-sharifi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

47-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:

ismi-sharifga bo‘lgan huquq;

ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;

ijrodan har qanday shaklda foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga bo‘lgan huquq.

Ijrochining ijrodan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ijro yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);

ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki ko‘rsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan bo‘lsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

47-modda. Ijrochining huquqlari (davomi)

ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan bo‘lsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).

Ijrochining ijro yozuvini takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqi quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

ijroning dastlabki yozuvi ijrochining roziligi bilan amalga oshirilganda;

ijro yozuvini takrorlash ijro yozib olinayotganda ijrochining roziligi qaysi maqsadda olingan bo‘lsa, shu maqsadda amalga oshirilganda;

ijro yozuvini takrorlash ushbu Qonunning 53-moddasi qoidalariga muvofiq tayyorlangan yozuv maqsadida amalga oshirilganda.

Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ijrochining roziligisiz va unga haq to‘lamagan holda ularning bundan buyongi tarqatilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 34-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.

48-modda. Ijrochining huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish

Ijrochining ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrolardan foydalanish uchun ruxsatnomalar ijrochi tomonidan, ijrochilar jamoasi ijro etganda esa ijrochilar jamoasining vakolatli vakili tomonidan yozma shartnoma tuzish orqali beriladi.

Ijrodan foydalanganlik uchun haq miqdori va uni hisoblab chiqarish tartibi ijrochining yoki ijrochilar jamoasi vakolatli vakilining foydalanuvchi bilan tuzilgan shartnomasida, bunday haqni yig‘ish ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan hollarda esa bunday tashkilotlar foydalanuvchilar bilan tuzadigan shartnomalarda belgilab qo‘yiladi.

Audiovizual asar yaratish to‘g‘risida ijrochi va audiovizual asarni tayyorlovchi o‘rtasida shartnoma tuzilishi ijrochi tomonidan ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ladi. Ijrochi tomonidan bunday huquqlarning o‘tkazilishi audiovizual asardan foydalanish bilan cheklanadi va, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, audiovizual asarda qayd etilgan ovoz yoki tasvirdan alohida-alohida foydalanish huquqlarini o‘z ichiga olmaydi.

49-modda. Ijro yozuvini prokatga berish huquqi

Tijorat maqsadlarida chop etilgan, ijrosi ijrochi ishtirokida yozib olingan fonogrammani prokatga berish huquqi ijroni fonogrammaga yozib olish to‘g‘risida shartnoma tuzilganda fonogrammani tayyorlovchiga o‘tadi. Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma nusxalarini prokatga berishda ijrosi fonogrammaga yozib olingan ijrochi bunday fonogramma nusxalari prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

Tijorat maqsadlarida chop etilgan audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda ijrosi audiovizual asarga kiritilgan ijrochi bunday audiovizual asar nusxalarining prokati uchun haq olish huquqini saqlab qoladi.

Tijorat maqsadlarida chop etilgan fonogramma yoki audiovizual asar nusxalarini prokatga berishda haqni yig‘ish va taqsimlash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Haq miqdori bunday tashkilot bilan prokatga beruvchi tashkilot o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.

Bilimingizni sinang

«Mualliflik huquqi» qonuni — 43-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Turdosh huquqlar obyektlari
  2. Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi
  3. Mualliflik shartnomasining shakli
  4. Ijrochining huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish

To‘g‘ri javob: Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi. 43-modda: Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 48-modda
  2. 43-modda
  3. 42-modda
  4. 44-modda

To‘g‘ri javob: 43-modda. 43-modda: Turdosh huquqlarning amal qilish sohasi.

Ijrochining huquqlari O‘zbekiston qonuniga muvofiq unga tegishli deb e’tirof etilishi uchun shartlardan biri qaysi?
  1. Ijrochi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa
  2. Ijrochi oliy ma’lumotli bo‘lsa
  3. Ijrochi 18 yoshdan oshgan bo‘lsa
  4. Ijrochi soliq to‘lovchi bo‘lsa

To‘g‘ri javob: Ijrochi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa. 43-moddaga ko‘ra ijrochi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsa, huquqlari e’tirof etiladi.

Ijrochining fuqaroligidan qat’i nazar, uning huquqlari qachon e’tirof etiladi?
  1. Ijro internetda tarqatilgan bo‘lsa, ijrochi qayerdaligidan qat’i nazar
  2. Ijro televideniyeda ko‘rsatilmagan va yozib olinmagan bo‘lsa
  3. Ijrochi chet elda doimiy yashagan va ijro boshqa davlatda bo‘lsa
  4. Ijro birinchi marta O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan bo‘lsa

To‘g‘ri javob: Ijro birinchi marta O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan bo‘lsa. 43-moddaga ko‘ra ijro birinchi marta O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan bo‘lsa, huquqlar e’tirof etiladi.

Fonogramma tayyorlovchining fuqaroligi va joylashgan yeridan qat’i nazar, uning huquqlari qachon e’tirof etiladi?
  1. Fonogramma birinchi marta bepul tarqatilgan, sotilmagan bo‘lsa
  2. Fonogramma ilk bor sotilmasdan, faqat shaxsan saqlangan bo‘lsa
  3. Fonogramma tayyorlanganiga besh yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa
  4. Fonogramma birinchi marta O‘zbekiston hududida chop etilgan bo‘lsa

To‘g‘ri javob: Fonogramma birinchi marta O‘zbekiston hududida chop etilgan bo‘lsa. 43-moddaga ko‘ra fonogramma birinchi marta O‘zbekistonda chop etilgan bo‘lsa, huquqlar e’tirof etiladi.

Efir yoki kabel tashkilotining huquqlari O‘zbekistonda e’tirof etilishi uchun nimalar talab etiladi?
  1. Tashkilot chet el sarmoyasi bilan ishlashi va uzatishni faqat chet eldagi uzatgichlar yordamida amalga oshirishi
  2. Tashkilot faqat davlat mulki bo‘lishi hamda ko‘rsatuvlarni faqat kabel orqali O‘zbekiston hududida uzatishi shart
  3. Tashkilot O‘zbekistonda joylashgan yerga ega bo‘lishi va uzatishni O‘zbekistondagi uzatgichlar yordamida amalga oshirishi
  4. Tashkilot O‘zbekistonda joylashgan yerga ega bo‘lmasligi, biroq ko‘rsatuvlarni sun’iy yo‘ldosh orqali uzatishi

To‘g‘ri javob: Tashkilot O‘zbekistonda joylashgan yerga ega bo‘lishi va uzatishni O‘zbekistondagi uzatgichlar yordamida amalga oshirishi. 43-moddaga ko‘ra tashkilot O‘zbekistonda yerga ega bo‘lib, uzatishni O‘zbekistondagi uzatgichlar bilan amalga oshirishi kerak.

Kazus: Xonanda Dilfuza O‘zbekiston fuqarosi emas, lekin kontsertini Toshkentda ilk bor berdi. Uning ijrochi sifatida huquqlari O‘zbekistonda muhofaza qilinadimi?
  1. Yo‘q, chunki kontsert yozib olinmagan va fonogrammaga tushirilmagan
  2. Yo‘q, faqat O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari muhofaza qilinadi
  3. Faqat chet elda muhofaza qilinadi, Toshkentdagi ijro esa muhofazasiz
  4. Ha, ijro birinchi marta O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan

To‘g‘ri javob: Ha, ijro birinchi marta O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan. 43-moddaga ko‘ra fuqarolikdan qat’i nazar ijro birinchi marta O‘zbekistonda bo‘lsa, huquqlar e’tirof etiladi.

Chet el shaxslarining turdosh huquqlari O‘zbekistonda qanday e’tirof etiladi?
  1. Faqat Prezidentning maxsus farmoni asosida muhofaza qilinadigan huquqlari e’tirof etiladi
  2. Chet el shaxslarining turdosh huquqlari O‘zbekistonda hech qachon e’tirof etilmaydi va muhofaza qilinmaydi
  3. O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza qilinadigan huquqlari e’tirof etiladi
  4. Faqat o‘zaro tenglik asosida har doim, xalqaro shartnomalardan qat’i nazar e’tirof etiladi

To‘g‘ri javob: O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza qilinadigan huquqlari e’tirof etiladi. 43-moddaga ko‘ra xalqaro shartnomalarga muvofiq muhofaza qilinadigan turdosh huquqlar e’tirof etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMualliflik huquqi (4/4)Keyingi →Turdosh huquqlar (2/2)