XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ «Mualliflik huquqi» qonuni · 50–55-m.

Turdosh huquqlar (2/2)

Moddalar

50-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Qonunga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga bo‘lgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq to‘lamagan holda yo‘l qo‘yiladi.

50-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari (davomi)

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar o‘z huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

51-modda. Fonogrammadan foydalanganlik uchun haq to‘lash

Tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani tayyorlovchining va ijrosi shunday fonogrammaga yozilgan ijrochining roziligisiz, lekin ularga haq to‘lagan holda:

fonogrammani omma oldida ijro etishga;

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, shu jumladan uni retranslyatsiya qilish yo‘li bilan efirga uzatish yoki kabel orqali yuborishga yo‘l qo‘yiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haqni yig‘ish, taqsimlash va to‘lash ijrochilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot yoki fonogrammalarni tayyorlovchilarning mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot tomonidan shunday tashkilotlar o‘rtasidagi kelishuvga binoan amalga oshirilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq miqdori, shuningdek uni to‘lash tartibi haqni yig‘uvchi tashkilot bilan fonogrammadan foydalanuvchi shaxslar o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.

52-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Qonunga muvofiq mutlaq huquqlarga ega.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi);

kirish pulli joylarda ko‘rsatuv yoki eshittirishni barchaning e’tibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni retranslyatsiya qilish (retranslyatsiya huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi).

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

52-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari (davomi)

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishi yozuvini takrorlashga bo‘lgan mutlaq huquqi quyidagi hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi:

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning roziligi bilan amalga oshirilganda;

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash ushbu Qonunning 53-moddasi qoidalariga muvofiq tayyorlangan yozuv maqsadida amalga oshirilganda.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Qonunning 38, 39 va 42-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar o‘z huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ko‘rsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.

53-modda. Ijrochi, fonogrammani tayyorlovchi, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot huquqlarining cheklanishi

Ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lamagan holda ijrodan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan hamda ularning yozuvlaridan foydalanishga, shuningdek fonogrammani takrorlashga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

kundalik voqealar sharhiga ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan unchalik katta bo‘lmagan parchalar kiritish yo‘li bilan;

faqat o‘quv yoki ilmiy-tadqiqot maqsadlarida;

ilmiy, tadqiqiy, munozaraviy, tanqidiy yoxud axborot maqsadlarida iqtibos olinishi sharti bilan ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan uncha katta bo‘lmagan parchalarni iqtibos shaklida keltirish. Bunda tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish yoxud barchaning e’tiboriga yetkazish uchun har qanday takrorlash ushbu Qonunning 51-moddasi qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi;

ushbu Qonunda fan, adabiyot va san’at asarlari mualliflarining mulkiy huquqlarini cheklashga nisbatan nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Jismoniy shaxs tomonidan ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lamagan holda ijroning, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishining, shuningdek fonogrammaning yozuvini faqat o‘z shaxsiy maqsadlari uchun va daromad olishni ko‘zlamagan holda tayyorlashga yo‘l qo‘yiladi.

53-modda. Ijrochi, fonogrammani tayyorlovchi, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot huquqlarining cheklanishi (davomi)

Agar qisqa muddat foydalanish uchun yozuv yoki takrorlash efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan o‘z asbob-uskunalari yordamida hamda uning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishi uchun amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ijroning yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishning qisqa muddat foydalaniladigan yozuvlarini amalga oshirish, bunday yozuvlarni takrorlash va tijorat maqsadida chop etilgan fonogrammani takrorlash uchun ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining hamda efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ruxsatini olishga nisbatan ushbu Qonunning 47, 50 va 52-moddalarining qoidalari quyidagi shartlar bilan qo‘llanilmaydi:

efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot ushbu qism qoidalariga muvofiq qisqa muddat foydalaniladigan yozuv yoki bunday yozuvni takrorlash amalga oshirilayotgan ijroning o‘zini yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish uchun oldindan ruxsat olgan taqdirda;

qisqa muddat foydalaniladigan yozuv fan, adabiyot va san’at asarlarining ushbu Qonunning 31-moddasi qoidalariga muvofiq efir orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot tomonidan bajariladigan qisqa muddat foydalaniladigan yozuvga nisbatan belgilanadigan muddat doirasida yo‘q qilib yuborilgan taqdirda, o‘zining alohida hujjat xususiyatiga egaligi sababli arxivlarda va idoraviy arxivlarda saqlanishi mumkin bo‘lgan yagona nusxa bundan mustasno.

53-modda. Ijrochi, fonogrammani tayyorlovchi, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot huquqlarining cheklanishi (davomi)

Ushbu moddada muallifning, ijrochining, fonogrammalarni tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning yoki boshqa huquq egasining huquqlariga nisbatan nazarda tutilgan cheklashlar ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan, shuningdek ularga kiritilgan fan, adabiyot va san’at asarlaridan normal foydalanishga zarar yetkazmagan holda hamda ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning, mazkur asarlar mualliflari va boshqa huquq egalarining qonuniy manfaatlarini cheklab qo‘ymagan holda qo‘llaniladi.

54-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish muddati

Ushbu Qonunda ijrochiga nisbatan nazarda tutilgan huquqlar ijro birinchi marta ijro etilgandan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi.

Ijrochining ismi-sharifga bo‘lgan hamda ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqlari muddatsiz muhofaza qilinadi.

Fonogrammani tayyorlovchiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlar fonogramma birinchi marta chop etilganidan keyin ellik yil mobaynida yoxud, agar fonogramma uning birinchi yozuvidan keyin ellik yil ichida chop etilmagan bo‘lsa, shu muddat mobaynida amal qiladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishiga nisbatan ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlari bunday ko‘rsatuv yoki eshittirish birinchi marta efirga uzatilganidan yoki birinchi marta kabel orqali yuborilganidan keyin ellik yil mobaynida amal qiladi.

Turdosh huquqlar obyektlariga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilganda O‘zbekiston Respublikasi hududida turdosh huquqlarning amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat turdosh huquqlar obyektlari kelib chiqqan mamlakatda belgilangan turdosh huquqlarning amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt ro‘y bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

54-modda. Turdosh huquqlarning amal qilish muddati (davomi)

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarning qolgan qismi doirasida ijrodan, fonogrammadan, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishni amalga oshirish yoxud foydalanishga ruxsat berish va haq olishga bo‘lgan huquq ijrochining, fonogrammani tayyorlovchining, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning merosxo‘rlariga (yuridik shaxslarga nisbatan — huquqiy vorislariga) o‘tadi.

55-modda. Turdosh huquqlar obyektlarining ijtimoiy mulkka aylanishi

Ijro, fonogramma, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishiga bo‘lgan turdosh huquqlarning amal qilish muddatining tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida hech qachon muhofaza berilmagan ijrolar, fonogrammalar va efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari ijtimoiy mulk hisoblanadi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlaridan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin.

Bilimingizni sinang

«Mualliflik huquqi» qonuni — 50-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Turdosh huquqlar obyektlari
  2. Turdosh huquqlar subyektlari
  3. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari
  4. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

To‘g‘ri javob: Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari. 50-modda: Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari.

«Mualliflik huquqi» qonuni: «Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 46-modda
  2. 45-modda
  3. 50-modda
  4. 44-modda

To‘g‘ri javob: 50-modda. 50-modda: Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari.

Fonogrammani tayyorlovchiga fonogrammadan foydalanishda qanday huquqlar tegishli?
  1. Hech qanday huquq
  2. Faqat haq olish huquqi
  3. Mutlaq huquqlar
  4. Faqat shaxsiy nomulkiy huquqlar

To‘g‘ri javob: Mutlaq huquqlar. 50-moddaga ko‘ra fonogrammani tayyorlovchiga fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishli.

Quyidagilardan qaysi biri fonogramma tayyorlovchining mutlaq huquqlariga kiradi?
  1. Ismi-sharifga bo‘lgan huquq
  2. Fonogrammani buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqi
  3. Fonogramma nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish huquqi
  4. Asarni chaqirib olish huquqi

To‘g‘ri javob: Fonogramma nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish huquqi. 50-moddaga ko‘ra import qilish huquqi tayyorlovchining mutlaq huquqlaridan biri.

Chop etilgan fonogramma nusxalari qonuniy muomalaga kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishi qanday amalga oshiriladi?
  1. Tayyorlovchining roziligisiz va haq to‘lamagan holda
  2. Faqat tayyorlovchiga haq to‘lagan holda, roziliksiz
  3. Tayyorlovchining roziligi bilan va haq to‘langan holda
  4. Taqiqlanadi, tayyorlovchi roziligi bo‘lganda ham

To‘g‘ri javob: Tayyorlovchining roziligisiz va haq to‘lamagan holda. 50-moddaga ko‘ra bunday nusxalar tayyorlovchining roziligisiz va haqsiz tarqatilishi mumkin.

Fonogramma tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning qaysi turlari uchun haq olish huquqiga ega?
  1. Faqat prokatga berish turi uchun
  2. Faqat efirga uzatish turi uchun
  3. Foydalanishning har bir turi uchun
  4. Faqat sotish va tarqatish uchun

To‘g‘ri javob: Foydalanishning har bir turi uchun. 50-moddaga ko‘ra tayyorlovchi foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Fonogramma tayyorlovchi mutlaq huquqlari qanday boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin?
  1. Shartnoma bo‘yicha
  2. Faqat meros bilan
  3. Faqat sud qarori bilan
  4. O‘tkazilishi mumkin emas

To‘g‘ri javob: Shartnoma bo‘yicha. 50-moddaning davomiga ko‘ra mutlaq huquqlar shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin.

Fonogramma tayyorlovchisi o‘z huquqlarini qanday amalga oshirishi kerak?
  1. Foydalanilayotgan asarlar mualliflari va ijrochilarining huquqlarini hisobga olmasdan
  2. Faqat chet elda foydalanilayotgan asarlar mualliflari huquqlariga rioya etgan holda
  3. Foydalanilayotgan asarlar mualliflari va ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda
  4. Faqat davlat organining ruxsati bilan va mualliflar huquqlarini hisobga olmagan holda

To‘g‘ri javob: Foydalanilayotgan asarlar mualliflari va ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda. 50-moddaning davomiga ko‘ra tayyorlovchilar mualliflar va ijrochilar huquqlariga rioya etishi kerak.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiTurdosh huquqlar (1/2)Keyingi →Mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqarish